MARHUMANING MAKTUBI

Assalomu alaykum, azizim Sulton aka!..

Iltimos, o‘zingizni qo‘lga oling. Qo‘rqmang!.. Ha, men Nigoraman. Bir yarim yil avval Siz alvido aytgan, ko‘ksingizga oqqan ko‘zyoshlaringiz  selob bo‘lib so‘nggi yo‘lga kuzatib qolgan rafiqangiz Nigora!

 

Sezib turibman, ushbu xatni o‘qib, ko‘zlaringizga ishonqiramay, tek qotib qoldingiz. Yo‘q, taajjubga, tahlikaga tushmang! Yomon xayollarga bormang! Cho‘chimang! Mening foniy olamdan ketib, chin dunyoga yetganim rost. Jismi jonim O‘sha kuni hamdardlarimiz ustiga chim bostirib ketgan bir parcha zamin bag‘rida qolgani rost.

O‘lganligim rost!

Endi gapimning qaysi birini aytay, qaysi biridan boshlay. Avvalo, Sizdan — na oldimda, na ortimda, “kumush xotin — kunda kasal” deb zorlanmay, xastalik azobini o‘zim bilan teppa-teng tortgan oqibatli jufti halolimdan to abad minnatdorman! Dardimga malham bo‘lgan qo‘li yengil shifokorlar, jonachir jigarlarim, mehribon qo‘ni-qo‘shni, hamkasblarimdan — barcha-barchadan minnatdorman!

Ham mehr, ham sevinch, ham sog‘inch, ham ozgina o‘kinch bilan yo‘g‘rilgan ushbu maktubimni siz, jigarlarimga majolim boricha bitdim! Shifoxonaga qadam bosganimda derazamiz oldidagi daraxt bearmon gulga kirgan edi. Tiramohning rutubatli kunlari, yomg‘irlarga to‘la tunlari kelibdiki, dorilar ta’siridan hush-behush, vujudimni po‘lat iskanjasiga olgan ayovsiz og‘riqlardan ingranib yotganimda ham, Xudoyim menga shafqat nigohi bilan boqdi: o‘zim ham, dilim ham sag‘ir bo‘lib qolmadik.

Sultonim! 

Qiziq! Juda qiziq! Ushbu satrlarni bitayotganimda fasli za’faron qotirib-qovjiratib, sarg‘aytirib tashlagan xazonlar hovlida, o‘tgan-qaytganning oyoqlari ostida ezilib yotibdi. Daraxtlar ma’yus, gullar ko‘milgan. Lojuvard osmon bardoshimni sinamoqchi bo‘lganday haftalab rangini o‘zgartirmaydi. Bo‘zarib turaveradi, turaveradi... Oxiri chiday olmaydi, shekilli, ko‘z yoshlarini to‘kib yuboradi. Ayoz qisadi. Shunday  pallada ahvoli mendek g‘oyat omonat  bandasining ko‘ngli ayni ko‘klamni, Navro‘zni, sumalakni tusaganiga nima deysiz! Axir, hali oldinda — kech kuz, qahraton qish. Qorli-qirovli, ayozli-bo‘ronli kunlar, oylar ozmi!

Sultonim!

Ushbu maktubim sabab Sizni yana aziyat chektirib, oromingizni buzgan, endigina oroyish topa boshlagan ko‘nglingizga yana g‘am-anduh endirib, dilingizni xufton, izga tushayotgan turmushingizni yana parokanda qilgan bo‘lsam, men ojizani kechiring! Meni deb chekkan ranju alamlaringiz, mashaqqatlaringiz kammidi!.. Muborak oyoqlaringizga bosh urib, uzrlar so‘rayman. Kechiring. Hashoki, bandasining bu yorug‘ dunyodan umidini uzishi, chirtta ko‘z yumib ketishi, hatto ne bir azoblar ichida giryon to‘lg‘anayotgan, yonayotgan bo‘lsa-da, oson kechmas ekan! Men uchun yorug‘ dunyo esa — Siz, hali “temir qanot” chiqarishga ham ulgurmagan ikki polaponim, ikki gavharim — ikki go‘dagimiz!  

Men ojizangizni kechiring!

Qarang, hammasi o‘tar, hammasi sabil qolar ekan! Umr — ikki yutum suv, baxt – bahor yomg‘iridan so‘ng bir lahza jilvalangan kamalak. Shunchalik ham qisqa, shunchalik ham totli-sururli bo‘ladimi!..  Shunday o‘ylar o‘ylayapmanu, nohaq o‘kinishdan, o‘ksinishdan ham xavotirdaman. Abasligi uchun emas, go‘yo noshukrlik qilayotganim, kufr xayollarga borayotganim uchun.

Shifoxonaning yurakni ezuvchi nim qorong‘u, zahil palatasida sarg‘aygan shiftga tikilib, adog‘i yo‘q xayollar girdobida yolg‘iz yotganimda ham, Sizning qo‘llaringizga suyanib-tayanib tura olganimda ham, O‘ziga iltijolar qilishdan to‘xtamadim. Ko‘nglim ming bor buzilib, ming bor tuzaldi, lekin iltijodan to‘xtamadim! Bandasining ichida havasi ko‘p bo‘lar ekan. Otingdan aylanay, Yaratgan jabbor! Men osiyni kelgusi Navro‘zinggacha yetkaz. Yana bir martagina ko‘klam havosidan nafas olay. Mayli deraza ortidan bo‘lsa-da, oxirgi marta yashil yaproqlarni ko‘ray. Yorug‘ olamni yana bir martagina suqlanib-suqlanib, zavqlanib-zavqlanib, suyunib tomosha qilay. Sumalakdan bir qoshiqqina totinay. Bor-yo‘g‘i bir qoshiqqina!.. Keyin mayli... Roziman!

Nega Navro‘zga, uning tansiq taomiga bunchalar ilhaq, bunchalar intiq, bunchalar zor bo‘ldim? Nega tushimda ham, o‘ngimda ham — faqat sumalak to‘la doshqozon? Bilmayman! Bu balki, Navro‘zning ertasi – savrning birinchi kunida tug‘ilganimdandir. Balki, Yaratgan meni sumalak sog‘inchi, xayoli bilan andarmon qilib qo‘yganidandir! Bilmadim. Bilolmadim! Sumalak dasturxondan tushmaydigan sho‘rva bo‘lsa ekanki, opangga aytsang. Bir qozonini pishirib kelsa. Peshonang terla-ab ichsang...

Bu yog‘ini so‘rasangiz, gap faqat sumalakda ham emasga o‘xshaydi! Qo‘shiq esingizdami? “Sumalak bir bahona!” Ha. Ko‘nglimning tub-tubiga termulib qarasam, bir bezovtalik, xavotir borday.  Asl sababi zada yuragimdagi shu hadik, shu iztirobdamikin. Qishda “ketsam”, dadasining (Sizning, azizim!) “kuni sovuq”, ozor chekadi, deb cho‘chiganimdamikin. Shundayga o‘xshaydi. Shunday! Bahorginangga, iliq-issiq kunlaringga yetkazgin, Xudoyim! Bola-chaqamga, zavjimga, qarindosh-urug‘, xeshu aqroblarimga ketishim ham yotishimdek ortiqcha tashvish,  dahmaza bo‘lmasin, deb iltijolar qildim!

Lekin, sezardimki, ko‘klamga, Navro‘zga, sumalakka yetishim gumon! Demishlarki, o‘lim — shohga ham,  gadoga ham navbat. Mening navbatim ertaroq kelgan bo‘lsa, o‘kinishdan ne naf. Balki bunda ham bir hikmat bordir.

Shunday kunlarning birida Aziza sumalak ko‘tarib kelib qolsa deng. Yo‘q, sumalak emas, ko‘nglimni charog‘on qilgan quyoshni ko‘tarib keldi. Ko‘rib, qotib qopman. Qotib! Tiynati ham, siyrati ham toza, doim samimiy jilmayib turadigan, tabassumida na gidir, na kibr nishonasini ko‘radiganingiz shu singlimdan mingdan-ming roziman, minnatdorman.  Qish eshik qoqib turgan pallada sumalakni kim, qaerda pishirgan? Qanday pishirgan?  “O‘zim, — dedi ohistagina u. – Hovlimizda”. Dard va og‘riq azobida sumalak deb oh urganimni, alahsiraganimni shu mushtipar singlim, hamkasabam eshitgan ekan. Xudoyim mehr-oqibat bilan siylagan Azizaning baxti ochilishini tilab yotdim. Tilay-tilay yig‘lab yotdim.

Tim qora sochlarim, qalamdek qoshlarim, sixdan uzun kipriklarim, sadaflarning rashki keladigan tishlarim — hammasi meni tashlab ketdi. Ozurda vujudim saratonga taslim bo‘ldi!

Aslida, anduhga ne hojat. Axir, kelishni ham, ketishni ham chidaganga chiqargan. Yetkazganlari kammi. Yetkazganlari uchun shukr! Men ko‘rolmagan saodatli kunlarga Sizni, farzandlarimizni, yangi rafiqangizni, jigarlarimni, barcha tiriklarni yetkazsin, ilohim!

Hammalaringizga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin, azizlarim! 

Ushbu maktubimni konvertga solib, muhrlab, Azizaga tutqazar ekanman, nega aynan bugun, oradan bir yarim yil o‘tgandan keyin Sizga jo‘natishini iltimos qilganimni anglagandirsiz. Bu fursat ichida g‘am-tashvishingiz bir oz kamayib, bolalarimiz ham o‘zini  ancha tutib olganiga, Siz o‘zingizga munosib jufti halol topganingizga shubham yo‘q. O‘tkir qilich qinsiz qolmas! Tabriklayman! Yangi umr yo‘ldoshingiz bilan qo‘sha qarib, baxtli-taxtli, to‘q-farovon yashashingizni, farzandlarimizning rohatini ko‘rishingizni tilayman!

Meni desangiz, yangi rafiqangizdan ham mehringizni ayamang!

Nazarimda, u men umid qilgan ayol. Balki avvaldan sinamol, hamkasbim – muallima, dugonam, singlimdir. Zero, didingiz, talab-istaklaringiz, orzu-a’molingizni bilaman. Tanlaganingiz ziyoli, oqila, latif, mehribon ekaniga ishonaman. Yaratgandan umidi bor, farishtali ayol. Uning mendan ham yaxshiroq umr yo‘ldoshi, mendan ham mehribonroq Ona bo‘lishini naqadar  istayman! Bu gaplarimda zarracha ro‘yo, soxtalik, iddao yo‘q! Yodingizdami, ma’rakalarim o‘tgandan so‘ng Azizaga uylaning, degan edim. Yodingizdami? Har nechakim, kimligidan qat’i nazar, yangi rafiqangizni o‘zimning suyukli Singlim deb bilaman.

Singiljon!

Sizga yangi uy, yangi ro‘zg‘or va yangi oiladagi ilk Navro‘zingiz qutlug‘ bo‘lsin! Xushbaxt bo‘ling! Haq taoloning marhamatidan umidim shulki, bu fayzli xonadonda men bir ayol, ona  sifatida ko‘rolmagan yaxshi kunlarni, baxtni Siz ko‘ring!

Egachim! Haddi sig‘ib, Sizga ham qulluq, ham erkalik qilayotgan opangizning bir qoshiq qonidan keching! Endi shu uch go‘dakka (zavjingiz ham qirqdan oshganiga qaramay, bamisoli go‘dak – beg‘ubor, sodda, fe’li keng!) mehr-muruvvat ko‘rsating. Sizdan yagona o‘tinchim – shu, o‘rgilay!

Qizalog‘im!

Onang bo‘ylaringdan, o‘ylaringdan o‘zi girgitton! O‘n beshinchi Navro‘zing muborak bo‘lsin, aylanay! Senga aytmoqchi bo‘lganlarimni — aytaversam, yozmoqchi bo‘lganlarimni yozaversam, ado bo‘larmi! Faqat ikki iltimosim, ikki vasiyatimni tag‘in zikr etdim. Unutma, bolam. Birinchisi — onam o‘lgan, onam yo‘q, deb ko‘ngling buzilmasin. Yana — otangga va ukangga mehribonlik ko‘rsatishdan aslo to‘xtama. To‘xtama, qizim! Ayniqsa, otangga oson emas. O‘zini g‘amga oldirib qo‘ymasin. Ikkinchisi – yangi jufti halolining hurmatini doim joyiga qo‘y! Bilginki, u endi mening, ya’ni onang sho‘rlikning o‘rnida senga, ukangga — Ona. Mayli, uni “opa” denglar. Opangni zinhor ranjitma, qizim! Ukangni ham shunga o‘rgat! Mudom qanoatli, mudom og‘ir bo‘l! Onang, ya’ni opang farzandli bo‘lsa, unga ham mehringni ber! Pok ko‘nglingga hech qachon yomon xayollarni yo‘latma. Mabodo, otang, opang bilib-bilmay qattiq gapirsalar, og‘ir olma, qizim! Ota-onangning sharmli qizi, yordamchisi bo‘lgin! Agar muztar bo‘lib qolsang, meni — seni jonidan ortiq sevuvchi Onangni esla!

O‘g‘ilginam!

Kelbatidan beklik, bahodirlik belgilari balqib turguvchi, shahzodam! Sening ham Navro‘zing, istiqbolingdagi barcha Navro‘zlaring muborak bo‘lsin, bolaginam! Katta yigit bo‘lib, ovozlaring do‘rillab qolgandirsan, aylanay. Qaddingdan ketayin, bo‘talog‘im! Bosgan izlari ko‘zlarimga malhamim! O‘nga kirgan davlatim, savlatim, suyunchixo‘rim, duogo‘yim o‘zimning! Mening bir emas, ming jonim senga qurbon bo‘lsin, aylanay! Sendan ham iltimosim, jon bolam, otangning, opalaringning so‘zini ikki qilma. Yumush buyursalar, hayallamay qilgin. Zinhor taysallama. Xo‘pmi, bolajonim?..

Gapim tushkurning ko‘pligini qarang, Sultonim!

Dardu anduhlarimdan dasturxon yozib, dillaringizni yana vayron qilish xayolimda yo‘q edi. Netayki, qalamimning bu kun iztirobga moyilligi kuchli. Bitiklarim tabriknoma emas, o‘zimga marsiya, vasiyatnomaga tortib ketayotir. Ketsa ketsin! Ketsa ham aytaman, aytgim kelyapti. Gaplarim poyintar-soyintar chiqayotgan bo‘lsa, xastaligimga yo‘ying. Kechiring! Netay, Sizlarni o‘ylasam, ko‘zimga o‘lim ko‘rinmay qoladi. Sizlarni ko‘zginam qiymaydi! Endi yana bir andisham borki, iddaoga yo‘ymang! Qani endi, bayram kunlari jiddu jahd qilib, Burchmulla tomonlarga, toqqa chiqsangiz. Oftobshuvoqda, maysalar ustida davra qurib, hammangiz jamuljam,  shodu xurram bo‘lsangiz. Siz esa, Sultonim, dutoringizni o‘ynatib-o‘ynatib, sayratib-sayratib chalsangiz! Men bo‘lsa uning sho‘x-shodon navolaridan, sizlar tomondan kelayotgan xayrli payg‘omlaru duolardan quvonib-quvonib yayrasam! Balki kamalakrang kapalak, balki chug‘urlagan qaldirg‘och, balki beozor qumri bo‘lib sizlarni to‘yib-to‘yib tomosha qilsam! Balki maysa bo‘lib unib chiqarmanu poylaringizdan o‘parman!..

Mehribonlarim! 

Bo‘lgan-bo‘lmagan ishlar, muammolar, ushalmagan orzular uchun diltanglikdan keching. Ma’yuslikni quving. Hammasi o‘tadi. Hammasi qoladi. O‘tayotgan har bir kun, har bir lahza uchun shukronalar aytib, maza qilib, baxtga cho‘lg‘anib yashang!

Men boqiy dunyo ostonasiga yetdim. Dardlarga, quvonchlarga, hayratlarga to‘la foniy dunyoni sizlarga tashlab ketyapman. Taskin shuki, hammangizni yolg‘iz Ollohning hifzu himoyasiga topshirdim!

Navro‘zingiz muborak bo‘lsin!

Eh! Hayot naqadar go‘zal, yashash naqadar shirinligini bilsangiz edi!..

 

Jonqobil JUMA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.