Bir kunlik to‘y o‘tadi g‘avg‘osi yillarga yetadi!

“HURRIYAT”ning 41-sonida chop etilgan “Aytilayotganu amal qilinmayotgan GAPLAR” maqolasini o‘qib, o‘z fikr-mulohazalarimni bildirgim keldi.

 

Oilaliman, uch nafar farzandimiz bor. To‘yimiz bo‘lganiga 12 yilcha bo‘lib qoldi. Shahardan qishloqqa kelin bo‘lib tushganman. To‘yimiz odmiroq, kamchiqimroq o‘tgan, desam ham bo‘ladi. Qo‘sha-qo‘sha mashinalarda “ZAGS”ga bormaganmiz. “Qiz bazm”dan so‘ng bitta mashinada uzatib olib ketishgan. Yillar o‘tdi. Turmush o‘rtog‘imdan keyingi qaynukalarim yoshroq edilar. Mana bu yil qaynukam va qaynsinglimiz — egizaklarning to‘yini qildik. O‘zimizning to‘yimizdan xulosa yasay olganimiz sabab bu to‘ydan so‘ng qarzga botmaslik uchun avvaldan harakat boshlandi. Kelin tarafga beriladigan narsalar, to‘y kuni xalqqa beriladigan osh, kechki bazmda yoziladigan dasturxonga tortiladigan noz-ne’matlar — barchasini to‘ydan ancha vaqt oldin taxt qilib qo‘ydik. To‘yga ikki hafta qolganida qaynukamning mashmashasi boshlandi, deng.

— Kelinni olib kelishga “Malibu” gaplashaman. Dugonalari uchun sakkizta(!) qora “Lasetti” kerak, — deydi dabdurustdan.

— Oddiyroq yengil mashina bo‘lmaydimi? O‘zi shuncha xarajat qilayapmiz, ortiqcha chiqimning nima keragi bor?

— O‘rtoqlarim to‘yida shunaqa mashina qilgan, men qilmasam, kulguga qolaman, kelinoyi! Mayli, agar mashinaga pul yo‘q bo‘lsa, do‘stimga aytaman, o‘zi “ko‘taradi”. Mashinalarning barini atigi 850 ming so‘mga kelishdik, ertaga u ham uylanadi, shunda men ham mashinasini “ko‘taraman”.

— To‘yingizda o‘rtoq bo‘lib, guvohlik qilayotgan yigitning shunchalik puli oshib-toshib ketayaptimi? U ham bu pulni topguncha kimlardandir qarz so‘ragan bo‘lsa kerak?

Bu gaplarim qaynukamga kor ham qilmadi, o‘rtoqlariga kulgu bo‘lmaslik uchun o‘zi aytganidek “Malibu” hamda “Lasetti”larni ijaraga gaplashdi. Ikki soatgina yumshoq o‘rindiqda o‘tirish uchun 850 ming so‘m sarflash shartmidi?!

To‘g‘risi, o‘zim turmushga chiqayottanimda kuyovga “hali u kerak, hali bu kerak” deb, og‘irligimni solishga uyalganman. Qaynota-qaynonamning ko‘nglini og‘ritib qo‘ysam, erta-indin o‘sha xonadonga boraman, kim degan odam bo‘laman o‘shanda, deya istihola qilganman. Hozirgi qizlarga esa hayronsan kishi.

Afsuski, bu kabi fikr-mulohazalar barcha qizlarimizning xayolidan o‘tadi, deya olmayman. Aksincha, to‘ydan oldin zarur narsalarni oldirgin, deya qizlarimizni noto‘g‘ri yo‘lga solayotgan opa-singillarimiz, amma-xolalarimiz, dugonalarim oramizda yo‘q emas. To‘ydan oldin yigit va qiz deyarli har kuni gaplashishadi, jilla qursa, telefonda suhbatlashishadi. Ana shu suhbatlar orasida ikkalasi kelishib, “ZAGS”ga qator-qator mashinalarda bormaylik, kamchiqimroq bo‘laylik, ertaga to‘ydan keyin qarzga botmaylik ma’nosidagi gaplarni ham so‘zlashsalar yaxshi bo‘lardi. Kelin bo‘lmish kechagina turmushga chiqqan o‘rtog‘i kiygan 400 ming so‘mlik ko‘ylakni kiyishni istamayotgani, to‘yi bir marta bo‘lishi va u xotirasida bir umrga muhrlanib qolishi uchun kamida 800 ming yoki 1 million so‘mlik ko‘ylak, qolaversa, “qiz bazm”da ikkita-uchta boshqacha rangdagi, allambalo “vecherniy” ko‘ylak kiyishi va buning xarajatini ham yigit tomon ko‘tarishini bildiradi. To‘ygacha mardligini namoyish etishdan charchamagan yigit bunga ham rozi. Natijada to‘y qilayotgan xonadonga yana ortiqcha chiqim, xarajat “ilinadi”.

...Bunisi ham mayli, “unashtirish”, “non ushatish”, “belgili qilib qo‘yish” uchun ikki taraf yig‘ilgan vaqtda turmushga chiqayottan qizning ota-onasi, qarindosh-urug‘lari orasidan og‘zi botirrog‘i chiqadi-da, “erta-indin qizimizga tilla zanjir yoki uzuk-sirg‘a taqib ketinglar” deya talab qo‘yadi. Xo‘p, sizning talabingizni bajara oladigan, cho‘ntagi ortiqcha chiqimga tobi yo‘q oilalar bor. O‘zi to‘yga ketadigan xarajatlarni o‘ylab xunobi oshib yurgan ota-onaga bu talabingiz endi ortiqcha emasmi? Qizingiz yangi xonadonga borsin, xizmatini qilsin, shunga qarab lozim topishsa, o‘zlari bilib biror bayrammi, tug‘ilgan kunidami siz aytgan narsalarni olib beraverishadi.

Siz kelinoyi bo‘lganingiz uchun shunday fikrlar bildirayapsiz, deyishingiz mumkin. Biroq uylanayotgan o‘g‘lingiz bilan to‘yning xarajatlari xususida, turmushga chiqayotgan qizingiz bilan esa kuyovning hisobidan nima oldirish uchun katta-katta talablar qo‘yishni emas, balki borayotgan xonadonida yashashini va buning uchun ularning qarzga botmay to‘y qilishlari qiz uchun ham ayni muddao bo‘lishini uqtirsangiz, biz kabi kelinoyilarga gapirishga o‘rin qolmas edi.

Darvoqe, maqolada aks etgan holat, ya’ni kelin-kuyovning vals tushishlari go‘yoki epidemiya singari tumanlardagi chet qishloqlarga yoyilayotganini ham alohida ta’kidlash lozim. Vals tushish bilan go‘yo bizning kelin-kuyov madaniyatli bo‘lib qolayotgandek tutishmoqda o‘zlarini. O‘nlab erkagu ayollar, yosh-yalang, qariya otaxon-u, nuroniy onaxonlarimiz bor bo‘lgan davralarda kelinning belidan ushlab olgan kuyov viqor bilan valsga tushayapti. Umrida biror marotaba: aniqrog‘i, maktabmi, kollejmi yoki biror ta’lim maskanida tashkil etilgan tadbirlarda o‘zbekcha raqsni maromiga yetkazib tusha olmagan yoshlarimiz valsni “qotirib” ijro etishayotgandek mag‘rurlanishmoqda. Atrofda turgan, to‘y-tomosha qilishga kelgan bolakaylarning og‘zi lang ochiq — biram havaslari ortganki, asti qo‘yaverasiz. Qishlog‘imizda ham bitta to‘yda shunday bo‘ldi, deng. Bir oydan keyin mening qaynukam uylanishi kerak. “Siz ham kelinni valsga taklif kilib yurmang. Ota-bobolaringiz qilmagan ishni qilishga nima bor?” deya takror-takror qulog‘iga quyaman. Qaynukamning uyali telefoniga yozib olingan o‘sha vals tomoshasini ko‘rib, valsga kelin-kuyov emas, go‘yoki men tushayotgandek uyalib ketdim.

To‘y qilishning, elga osh-non berishning o‘zi bo‘lmaydi. Mana shunday baxtiyor kunlarimiz yodimizga bir umr muhrlanishi uchun nimalar qilishimiz lozim va nimalardan voz kechishimiz shart, degan savollarni oila a’zolaringiz orasida muhokama kiling, aziz ota-onalar. Farzandingizni so‘zingizga, maslahatlaringizga amal qilishiga erishing. Ana shundagina to‘ylarimizdan ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi.

2014 yidda chop etilgan Abdulla Qodiriyning “Tanlangan asarlar”ida berilgan hikoya, she’r, sahna asarlari, hangoma, feleton va maqolalarini o‘qir ekanman, bundan 100 yil avval ham to‘y mavzusi dolzarb sanalganligiga guvoh bo‘laman. Shu o‘rinda e’tiboringizga Abdulla Qodiriyning 1915 yilda “Sadoyi Turkiston”ning 64-sonida bosilgan “To‘y” she’rini havola qilmoqchiman.

TO‘Y

Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,

Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.

Bir-biridin oshurdilar to‘yni,

Topdi ravnaq, g‘ayrat ila boyon to‘y.

Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin,

Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.

Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab

Etdi sarf toki tandagi jon to‘y.

Ey g‘aniylarimiz, ey faqirlarimiz,

Amr etubdurmu bizg‘a Qur’on to‘y?

Mundayin ishlar shar’imizda yo‘q

Kori ma’jus, kori shayton to‘y.

Ishlamas shunday aqllik kishi

Yo‘lamas aslo ahli vijdon to‘y.

O‘tsa to‘y birla yozu qishimiz,

Aylagay bizni yerga yakson to‘y.

Kelingiz do‘stlar, din qarindoshlar,

Tashlasun bo‘lsa gar musulmon to‘y.

Xulosa chiqarish esa o‘zingizga havola, muhtaram gazetxon!

 

Shohista MAQSUDOVA 

Olmaliq shahri