Maktab kutubxonalari ular zamon talablariga javob berayaptimi?

Zamonaviy maktab kutubxonasi qanday bo‘lishi kerak? 

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligining 2011 yil 19 avgustdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumta’lim muassasasi kutubxonasi to‘g‘risida”gi nizomda shunday deyiladi: “Kutubxona quyidagi vazifalarni bajaradi: foydalanuvchilarning intellektual, ma’naviy-axloqiy, madaniy va ta’lim olish ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish... Kutubxona-axborot madaniyatini tarbiyalash, foydalanuvchilarni axborotlar qidirishning zamonaviy metodlariga o‘qitish; homiy tashkilotlar, turli tashkilotlar va muassasalar, ayrim fuqarolarning yordamlari hisobidan kutubxona fondini to‘ldirib borish”. Qolaversa, “Elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi”.

 

Mazkur Nizomni o‘qigan kishining ko‘z oldida bolalarning yoshiga moslab taxlangan o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini, fanga doir ilmiy risolalar, qolaversa, davriy nashrlarni o‘zida jamlagan, elektron fondga ega, tashqi shovqindan himoyalangan shinamgina xona gavdalanishi turgan gap. Aslida bugungi davr talabi ham shu. Xo‘sh, bizning maktab kutubxonalarimiz bu talablarga nechog‘lik mos keladi?

Mazkur savollarga javob izlab, poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan 200-maktabga yo‘l oldik. Kutubxona maktabning ikkinchi qavatida joylashgan. Eshikdan kirganingiz hamono kichik xona baholi qudrat did bilan bezalgani, deraza tokchasi anvoyi gultuvaklar bilan to‘ldirilgani e’tiboringizni tortadi. Kitoblarga ko‘z tashlaymiz: ikkiga ajratilgan xonaning bir tomonidagi javonlar bo‘m-bo‘sh (bu joy ijara darsliklarni saqlash uchun mo‘ljallangan, ayni paytda darsliklar o‘quvchilar ixtiyorida). Old tomondagi javonlarda esa o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar, ilmiy risolalar bilan birga badiiy adabiyotlar ham bor. Ammo gapning po‘stkallasini aytganda, kitoblarning cho‘g‘i ancha past. Fikrimizni maktab kutubxona mudirasi Mavluda Ergashevaga bildirdik:

— Direktorimiz bilan birgalikda kitoblar sonini oshirish maqsadida tadbirlar o‘tkazayapmiz, — deydi mutasaddi. — Tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi, nashriyotlar, kitob do‘konlari bilan birgalikda kitob yarmarkasi uyushtirayapmiz. Lekin haqiqatan ham, kitoblarimiz soni kam. Siyosiy adabiyotlar 234 ta, o‘qituvchilar uchun o‘quv qo‘llanmalari 314 ta, bolalar adabiyotiga oid kitoblar 552 ta, badiiy adabiyotlar esa 400 dona.

Ushbu maktabda 1029 nafar o‘quvchi tahsil oladi, birgina badiiy adabiyotlarning o‘zi bolalar sonidan ikki yarim barobar kam. Shu asnoda, ko‘p bora ta’kidlanayotgan, “Yoshlarimiz kitob o‘qishmayapti. Bolalarimiz kompyuter, telefon o‘yinlari, internetga qiziqadi” degan gaplar xayolimga keldi-yu, “Hech kim kutubxona yaqiniga yo‘lamasa kerak-da” deb o‘yladim. Ammo men ham, o‘quvchilarni mutolaa bilan shug‘ullanmaslikda ayblovchilar ham chuchvarani xom sanabmiz. Tanaffus bo‘lganini bildiruvchi qo‘ng‘iroq chalinishi bilan bu kichkina xona bolalarning qiy-chuviga to‘ldi. 

— Men sehrgarlar haqidagi ertaklarga qiziqaman, — deydi 5-sinf o‘quvchisi Azizbek Ummataliev qo‘lidagi “O‘zbek xalq ertaklari” rukni ostida nashr etilgan “Sehrli Shamchiroq”qa ishora qilib. — Uyimizda kompyuterim bor, lekin “Unda ko‘p o‘ynash zarar” deydilar oyim. Shuning uchun bo‘sh vaqtimda kitob o‘qiyman.

— Men esa o‘zbek yozuvchilari bilan birga jahon adabiyotini ham o‘qishni yoqtiraman. Misol uchun, yaqinda “Kichkina Shahzoda”ni o‘qib tugatdim, — deydi 4-sinf o‘quvchisi Samina Shodmonova. 

Kutubxona mudirasi Mavluda Ergashova xonaga bir necha o‘smirni boshlab keldi: 

— Bular sakkizinchi sinf o‘quvchilari, bizning kitobxon bolalarimiz. Misol uchun, Rahmatov Hojiakbar bu yil maktabimizda o‘tkazilgan “Eng kitobxon o‘quvchi” tanlovida g‘olib bo‘ldi.

— Biz, o‘qituvchilar kutubxona mudirasi bilan hamkorlikda ishlaymiz. Mavluda opa nafaqat bolalarga yoshiga mos kitoblarni tavsiya qiladi, balki ularning asardan chiqargan xulosalari bilan ham qiziqadi. Yosh kitobxonlar bilan dillashadi, — deydi maktabning ona tili va adabiyot fanlari uslub birlashmasi rahbari Dilshoda Mavlonova. 

Haqiqatan ham, ko‘zlari yonib turgan bu o‘g‘il-qizlarni ko‘rib, dil yayraydi. Ammo ularning ayrimlari kirill alifbosidagi kitoblarni qo‘llariga olib, o‘ylanib turishganini ko‘rdik... O‘zini Muslima deb tanishtirgan qizcha Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom”ini ushlab turibdi-yu, olishini ham, olmasligini ham bilmaydi. Undan buning sababini so‘radik. U “Kirillcha o‘qishga qiynalaman-da” deb qoldi. Kutubxonada lotin alifbosida chop etilgan yangi asarlar talaygina. Misol uchun, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Xudoyberdi To‘xtaboev, Shukur Xolmirzaev asarlari, Abdulla Oripov, Zulfiya kitoblari. Ammo ular sonini yanada ko‘paytirish ustida ish olib borish dolzarb masalalardan biridir.  

Xona o‘rtasiga to‘rtta parta va sakkizta stul qo‘yilgan. Mana shu o‘quv zali ekan... 

— Ha, mebellar masalasida ozgina qiynalib turibmiz, — deydi Mavluda Ergasheva, ko‘nglimizdan kechgan gaplarni anglagandek. — Avvallari o‘quvchilardan makulatura, metallom yig‘ib, undan tushgan mablag‘ hisobiga zarur ehtiyojlarimiz qoplanardi. Endi bu ishlar yo‘q. Maktab direktori bilan maslahatlashayapmiz. Sifatli va qulay mebellar xarid qilsak, kutubxonamiz yanada fayzli va kitobxonlarni o‘ziga jalb qiladigan bo‘lardi.

Kutubxona tarkibida kitob saqlash, kitob berish xonalari hamda qiroatxona bo‘lishi kerak, deyiladi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Umumta’lim muassasasi kutubxonasi to‘g‘risida”gi nizomda. 

Yana bir gap. Bugun bolalar elektron kitoblarni o‘qiyapti. Shu bois umumta’lim muassasalari tarkibida axborot-resurs markazlari tashkil etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilayapti. Ammo biz kirib borgan maktab kutubxonasida kompyuter (demakki, internet ham) yo‘q.

— Ha, axborot-resurs markazlariga ega, kutubxonalari elektronlashtirilgan, “Ziyonet” tarmog‘iga ulangan maktablarga havas qilamiz. Siz katta yo‘lning narigi tomonidagi 101-maktabga ham bir kirsangiz bo‘larkan, — deydi. M.Ergasheva suhbat orasida. 

Shu gap turtki bo‘ldi-yu, Chilonzor tumanidagi 101-umumta’lim maskaniga bordik. Afsuski, kutubxona eshigi yopiq, payshanba — kutubxonachi opaning dam olish kuni ekan. Axborot-resurs markazi deb yozilgan eshikni taqillatdik. U yerda dars o‘tilmoqda. Uzr so‘rab ichkariga mo‘raladik: chekkaga surib qo‘yilgan bitta televizor va kompyuterdan bo‘lak “Axborot-resurs markazi” deyishga arzigulik hech narsa yo‘q. 

Shu maktab kutubxona mudirasi Feruza Sodiqova bilan telefon orqali bog‘landik: 

— Bizga resurs markaz tashkil etish uchun ikkita kompyuter, kserokopiya, televizor berilgan edi. To‘g‘ri, hozir bu xonada dars o‘tilayapti. Chunki kompyuterlarni direktor o‘rinbosarlaridan biri o‘z xonasiga olib borib, foydalanayapti. “Ziyonet” internet tarmog‘i esa informatika xonasidagi kompyuterga ulangan, — deydi u.

Mudiraning javobidan ma’lum bo‘ldiki, hujjatlarda tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgani aks ettirilgan bo‘lsa-da, aslida bu resurs markaz amalda mavjud emas.

Biz kutubxona fondi haqida ham bilmoqchi bo‘ldik:

— Maktabimizda ta’lim rus va o‘zbek tillarida olib boriladi. O‘quvchilar soni 2560 nafar. Kutubxonamizda 2780 badiiy adabiyot va 706 ta metodik qo‘llanmalar bor, — deydi F.Sodiqova.

Tahlil va xulosa hukmingizga havola. 

Xo‘sh, bu borada viloyatlarimizdagi ahvol qanday? 

Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 3-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi kutubxona fondi bilan qiziqdik. 

— 258 nafar o‘quvchimiz bor. Ilmiy-metodik qo‘llanmalar, fanga doir qo‘shimcha adabiyotlardan tashqari 876 ta badiiy asarlar bor. Bundan tashqari, har bir sinfning o‘z kutubxonasi bo‘lib, unda ham bir qancha adabiyotlar saqlanadi. Toma-toma ko‘l bo‘lur deganlariday, biz homiy ota-onalar ko‘magi va maktab hududida tashkil etilgan “Makulatura qutilari” ( o‘quvchilar to‘lgan daftarlarini unga tashlashadi)dan tushgan mablag‘lar evaziga fondni yangi adabiyotlar bilan to‘ldirib borayapmiz, — deydi maktab direktori Mavluda Hojieva. — Hozircha og‘riqli muammomiz boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun rasmli ertak kitoblarimizning kamligi bo‘lib turibdi. Yil davomida o‘tkaziladigan “Kitobxonlik bayrami” tadbirlari doirasida bu muammoga ham yechim topish umididamiz.  

Jizzax shahridagi 10-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Gulnora Ahmedova bilan bog‘landik.

— Bizda elektron kitobxonlik joriy etilgan. Kutubxonamizdagi ikkita kompyuterda o‘quvchilarimiz “Ziyonet” internet tarmog‘idan foydalanishlari mumkin. Badiiy asarlarimiz soni 2460 ta bo‘lib, shundan 1080 tasi lotin alifbosidagi kitoblar. Kutubxona fondini asosan “Kitobxonlik bayrami” tadbirlarida yarmarka uyushtirib, homiy ota-onalar hisobidan boyitib borayapmiz, — deydi suhbatdoshimiz.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: “Maktab ota-onalar ko‘magiga suyanadi, ammo ular farzandining kitob o‘qishiga befarq bo‘lsa-chi?” 

— Farzandim tahsil olayotgan maktabda ajoyib an’ana bor. Birinchi sinfga qabul qilingan bolalar kutubxonaga yangi nashr etilgan eng sara adabiyotlardan sovg‘a qiladi. Shuning uchunmi, kutubxona adabiyotlarga boy. O‘quvchilar uchun ertaklar, sarguzasht asarlar, jahon adabiyoti durdonalari bor. Men bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman, — deydi farzandi poytaxtimizdagi Yunusobod tumaniga qarashli  274-maktabda ta’lim oluvchi Dilfuza Kamoljonova. — Ota-ona farzandidan borini ayamaydi. Gohida, shu mablag‘ni bir soatlik ovunchoq-o‘yinchoqqa yoki shirinlikka ham sarflaymiz. Biz kutubxona fondi uchun olib bergan bitta kitobdan yuzlab o‘quvchi ma’naviy ozuqa oladi.

To‘g‘ri, mamlakatimizda kutubxonasi axborot-resurs markazlariga aylantirilib, zamonaviy texnika bilan ta’minlangan, turli adabiyotlarga boy o‘quv muassasalari yo‘q emas. Ammo biz yuqorida tahlil etgan maktablarning to‘rtdan uch qismida muammolar yetarli ekan, aslida boshqa o‘quv muassasalaridagi ahvol bulardan  pesh bo‘lmasa kerak. Demakki, soha e’tiborga muhtoj.

Yana ko‘z oldimizga jajji barmoqchalari bilan kitob varaqlayotgan, ko‘zlarida o‘t chaqnab turgan murg‘ak o‘quvchilar keladi. Kutubxonachi opasi “O‘qidingmi o‘zi? Qani, gapirib ber-chi” deyishi bilan uni ham eshitadigan odam borligidan xursand bo‘lganday bolakaylar birma-bir hikoya qila boshlaydi. Ularga qarab, necha ming yilliklardan beri xalqimizning qon-qoniga singib ketgan kitobxonlik davom etishini yurakdan his qilasan, kishi. Ammo ko‘ngilni xira qiladigani, biz kattalar farzandlarimiz ochman desa, yegulik beramiz, usti yupun bo‘lsa, kiyim kiydiramiz-u, mutolaaga ishtiyoqi paydo bo‘lganida ehtiyojini qondira olayapmizmi? 

Mazkur mulohazalardan kelib chiqib, bir necha muhim masalalarni o‘rtaga tashlash va ularning yechimini birgalikda topishga urinib ko‘raylik.

Birinchidan, nashriyotlarimizda har yili yuzlab sara asarlar lotin alifbosida nashr etilmoqda, ammo ular mutasaddi tashkilotlar tomonidan sotib olinib, maktab kutubxonalariga yetkazib berilmayapti. To‘g‘ri, bugungi o‘quvchilar kirill yozuvini (rus tili fani orqali) ham biladi, ammo o‘zlari savod chiqargan alifboda o‘qish ular uchun qulay-da. Shu bois davlat nashriyotlarining maktablar fondi uchun yiliga ma’lum miqdorda kitob ajratishini yo‘lga qo‘yish muhim masala.

Ikkinchidan, o‘quvchilar orasida elektron kitoblardan foydalanish tobora ommalashayotganini hisobga olib, resurs markazlari faoliyatini tubdan yangilash va rivojlantirishni davr talab qilmoqda.

Uchinchidan, maktab kutubxonalari tarkibidagi o‘quv zali zarur mebellar bilan ta’minlanishi, tashqi shovqindan himoyalanishi, xonaning yorug‘ va shinam bo‘lishi ham ahamiyatli.

Bunday deyishimizga sabab bor. Axir ta’lim sohasini takomillashtirishga ozmuncha e’tibor qaratilyaptimi?! Qonunlar, qarorlar, mablag‘lar... Ular o‘z samarasini berishiga ishonamiz. Gap faqat soha mutasaddilarining hafsalasiga bog‘liq. Shunday emasmi? Fikrlaringizni kutamiz.

 

Sitora TOJIDDINOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.