MILLIY AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TIZIMI RIVOJLANISHDA


Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning “o‘zbek modeli” tamoyillariga asoslanib, davrning innovatsion talablariga har tomonlama mos javob bera oldi. Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida olib borilgan ustuvor siyosat sohaga zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, bu boradagi ehtiyojni to‘liq qondirish maqsadida soha rivojiga qaratilgan mukammal qonunchilik bazasini shakllantirishga zamin yaratdi. 

Read more...

REKLAMA AXBOROTMI YOKI SO‘Z SAN’ATI?

 ...Yangi ichimlikning ommalashib ketishiga hech kim ishonmasdi. Hatto Jon Pembertonning o‘zi ham bunga shubha bilan qaragan edi. AQShning Jorjiya shtati  dorixonalaridan birida suvning stakanini 5 tsentdan sotishni boshlagan Pemberton  kasodga uchramaslik uchun "Atlanta jornel" deb ataladigan gazetada e’lon berdi. Qarangki, "sifatli, alkogolsiz, xushta’m ichimlik" haqidagi xabar o‘quvchilar e’tiboridan chetda qolmadi. "Chanqoq vaqt bilmaydi" shiorini tanlagan gazeta xodimi adashmagan edi — odamlar dorixonaga yopirilib kela boshladilar...

Daromad manbaimi yoki ijod mahsuli?

Bugun odamlar o‘zlari bilgan va bilmagan holda har kuni radio, televidenie orqali, transportda, ko‘cha-ko‘yda, idora va muassasalarda — umuman, har yerda reklamaga duch kelishadi. Endilikda reklama savdo-sotiqning asosiy dvigateliga aylangan. Zero, reklamaning o‘zi ham tovar (mahsulot)dir degan qarash G‘arbda ommalashgan. Aslida ham shundaymi? Darhaqiqat, reklama bugun turli OAV uchun iqtisodiy foyda olishning yagona manbai hisoblanadi. Xorijiy mamlakatlar OAVda bu usul keng tarqalgan. 

Masalan, Germaniyada gazeta nashr etish va sotishning o‘zi foyda keltirmaydi. Shpringer nashriyoti (17 ta kundalik, 9 ta haftalik gazeta chop etiladi, 12 ming xodim ishlaydi) gazetaning bir nusxasi uchun 6 marka xarajat qiladi. Uni sotishdan esa 1 marka foyda olinadi. Qolganini reklamadan tushgan daromad to‘ldiradi. "Frankfurt Algemayne" gazetasida (tiraji 400 ming nusxa, 1200 xodim ishlaydi) esa reklamadan tushadigan daromad xarajatlarning 60 foizini qoplaydi. Bu ko‘rsatkich ommabop jurnallarda 80 foizni tashkil etadi. Agar reklama bo‘lmasa, xarajatlarni qoplash uchun, masalan, "Sayt" gazeta bahosini 2 baravar, "Velt" — 3 baravar, "Shtern"  — 3,5 barobar oshirishiga to‘g‘ri keladi. Bu holatda gazeta va jurnallar bozori kasodga uchrashi muqarrar.

Ommaviy axborot vositasi reklamaga faqat daromad manbai sifatida qarashi qanchalik to‘g‘ri? Umuman, reklamaning asosiy vazifasi nimalardan iborat? 

Reklamalar ma’lum bir mahsulot, xizmat, g‘oya haqida ma’lumot beradi. Demak, reklama mohiyatiga ko‘ra o‘ziga xos axborotdir. Iste’molchilarga mahsulot haqidagi ma’lumotni yetkazish reklamaning hal qiluvchi vazifasi bo‘lgan va bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining "Reklama to‘g‘risida"gi Qonuni 4-moddasida unga shunday ta’rif beriladi: "Reklama bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar, mahsulot, shu jumladan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va texnologiyalar to‘g‘risida har qanday vositalar yordamida qonun hujjatlariga muvofiq tarqatiladigan maxsus axborot"dir. Shunday ekan, reklama har doim axborot vazifasini ham o‘taydi.

Chuqurroq yondashsak, reklama axborotning boshqa turlariga qaraganda ancha kengroq vazifani bajaradi. U nafaqat ma’lumot beradi, balki targ‘ib qiladi, ishontiradi, iste’molchini aynan shu mahsulotni sotib olishga undaydi. Reklama OAVning qaysi turi orqali uzatilayotganiga qarab unga qo‘yiladigan talablar ham o‘zgarib boradi. Xususan, davriy nashrlarda o‘quvchi e’tiborini tortadigan reklamani yaratishning o‘z qonun-qoidalari bor. Qolaversa, bu turdagi reklamalar bir qancha afzalliklarga ega. Jumladan, matbaachilikning barcha turlari o‘zining moddiyligi, hujjatlilik xususiyatiga ega ekanligi bilan televidenie va radiodan ajralib turadi.

Tadqiqotchilar matbuot nashrlaridagi reklamalarni ishonchli va xolis axborot manbai sifatida baholaydilar. Aynan gazeta-jurnallar orqali reklama keng qamrovli auditoriyaga, ya’ni turli yosh, kasb-kor, qiziqish, millat, qatlam vakillariga yetib boradi. Shu bilan birga, matbuotda reklama berishning bir qator kamchiliklari ham mavjud. Bu davriy nashrlarda jonli tasvir va unga hamohang ovozning yo‘qligi bilan bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, matbuot boshqa ommaviy axborot vositalari bilan auditoriya va reklama daromadi uchun raqobatlashishga intilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Frantsiyada reklama beruvchilarning barcha xarajatlari 50 foizi aynan matbuotga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich AQShda 35,  Rossiyada 45 foizga teng.

Xo‘sh, milliy matbuot reklamasi-chi? Davriy nashrlarimizda reklamaning o‘rni qanaqa?

Janrlar palitrasi

Reklama biznesida faqatgina ikkita asosiy auditoriya mavjud. Bu — iste’molchilar va tadbirkorlardir. Shu ma’noda iste’molchilik e’lonlari — xaridorlar, ishbilarmonlik reklamasi — mahsulotni ulgurji sotib oluvchilar uchun mo‘ljallanadi. 

Tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, milliy matbuotimizda ishbilarmonlik e’lonlari asosan davlat gazetalarida yoritiladi. Buni "Xalq so‘zi" misolida oladigan bo‘lsak, reklamalar asosan e’lon shaklida beriladi. "Jamiyat", "Toshkent oqshomi", "Xalq so‘zi", "Nurli jol", "Ovozi tojik" gazetalarida iste’molchilik reklamalari deyarli uchramaydi. Biroq bu nashrlarda tijorat materiallari tez-tez berib turiladi. Masalan, "Jamiyat" gazetasida siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Markaziy banki, NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va boshqa bir qator tashkilotlarning reklama materiallari muntazam ravishda yoritiladi. Mushtarak aytganda, davlat nashrlarida jamoaviy e’lonlar, ishbilarmonlik reklamalari hamda tijorat maqolalari yetakchilik qiladi. Bu xulosamizni "Xalq so‘zi" gazetasi misolida asoslaymiz.  

Ushbu gazeta reklamalari asosan uchinchi va to‘rtinchi sahifalarda beriladi. To‘rtinchi sahifaning 30-40 foizi tijorat materiallariga ajratiladi.

Gazetada Respublika ko‘chmas mulk birjasi e’lonlari, "O‘zbekenergo" DAK tijorat materiallari, shuningdek, turli xildagi qurilish va sanoat mahsulotlari, avtoxo‘jalik transportlari, avtomobillar, maishiy texnika jihozlari, uyali aloqa xizmatlari, tariflari reklamalari sonma-son yoritiladi. Shuningdek, turli joylarda tashkil etilayotgan ko‘rgazmalar, auktsionlar, turli tanlovlarga  e’lonlar muntazam berib boriladi.  

Tijorat maqolalari va jamoaviy e’lonlarning sonma-son berilishi tarmoq nashrlari uchun ham xosdir. Xususan, "Qishloq hayoti", "Ma’rifat", "Eko hayot", "Sog‘lom avlod" singari nashrlar sahifalarida reklamani asosan e’lon va tabriklar ko‘rinishida uchratish mumkin. Tarmoq nashrlari orasida "Ma’rifat" gazetasida reklama ko‘proq beriladi. Nashrda reklamaning umumiy kontent (tarkib) ga nisbati — 3 foiz.  

 "Ma’rifat" gazetasi avvalambor ixtisoslashgan nashrdir. Bu jihat gazeta sahifalarida beriladigan reklamalarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan. Jumladan, gazetaning biz tahlilga tortgan sonlarida berilgan e’lonlarning aksariyati ta’lim muassasalariga tegishli bo‘lib, ular orasida yosh kadrlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari ochilgani yoki o‘qishga taklif qilish haqidadir. Iste’molchilik reklamalari ham bundan mustasno emas. "Mening shahrim" elektron tayyorlash testlari, "Qiziqarli psixologiya" to‘plami, "Yangi asr avlodi" nashriyoti va boshqa reklamalarda gazetaning yo‘nalishi anglashilib turadi.   

Iste’molchilik reklamalari asosan nodavlat nashrlarda ko‘proq kuzatiladi. "Darakchi", "Sug‘diyona", "Tasvir", "Bekajon", "Hordiq" gazetalarida iste’molchilik reklamasi umumiy kontent (tarkib) ning 20 foizini tashkil qiladi. "Oila davrasida", "Futbol-ekspress" singari gazetalarda  bu ko‘rsatkich 5 foizga teng. Ularda asosan xususiy e’lonlar berib boriladi (Davlat nashrlarida esa jamoaviy e’lonlar ustunlik qiladi). Tijorat maqolalari nodavlat nashrlarda deyarli uchramaydi. Buni "Darakchi" gazetasi misolida dalillash mumkin.     

"Darakchi" gazetasida iste’molchilik reklamalari ustunlik qiladi. Shunday bo‘lsa-da, ishbilarmonlik e’lonlarini ham oz bo‘lsa-da uchratish mumkin. Masalan, "MTZ Belarus" traktorlari, kombaynlari va boshqa qishloq xo‘jalik texnikalari, "KB-403A" ko‘tarma kran va avtotsisternalar hamda avtoyonilg‘i quygichlar haqidagi reklamalar ana shular jumlasidandir.  

Ushbu mavzu yuzasidan biz tahlilga tortgan aksariyat nashrlarda reklama janrlarining xilma-xilligi kuzatilmaydi. Xususan, "Xalq so‘zi", "Toshkent oqshomi", "Nurli jol", "Ovozi tojik", "Jamiyat" gazetalarida reklamalar faqat e’lon ko‘rinishida chop etiladi. Reklama janrlarining ayrim turlarini "Darakchi" gazetasida uchratish mumkin. Reklama-xabar, reklama-ma’lumotnomalarni berish gazetada an’anaga aylangan. Masalan, "Reklama" rukni ostida "Bo‘g‘imlar sog‘lom bo‘lsa, hayot ham go‘zal" (2015 y 24 sentyabr) sarlavhali matn joylashtirilgan. Unda "Xondroksid" dorisi reklama qilinadi. Matnda ushbu dori haqida batafsil ma’lumotlar berilib, turli o‘xshatishlar bilan mijoz ruhiyatiga ta’sir etishga harakat qilinadi. Buni reklama-xabar janridagi materiallar sirasiga kiritish mumkin. Umuman olganda, reklama janrlarining rang-barangligiga intilish gazetani bir xillikdan xalos qiladi.

 

Mahsulotning axboriy imiji kerakmi?

Reklama iste’molchiga ta’sir o‘tkazishning eng samarali usulidir. Biroq auditoriyani ishontirish osonmi? Bittagina reklama orqali u yoki bu mahsulotni sotib olishga undash mumkinmi? Umuman olganda, iste’molchining mahsulotni xarid qilishga bo‘lgan muayyan asos, sabab, psixologiyasini hisobga olish kerakmi?

Tadqiqotchilarning fikriga qaraganda, reklama samaradorligi ko‘p hollarda xaridorning mahsulot sifati va mazmuni haqida aniq axborot bilan ta’minlashga bog‘liq. Shu o‘rinda reklama matnining asosini ishonchli ma’lumotlar tashkil etishi lozim. Bunda, ayniqsa faktlar muhim o‘rin tutadi. Masalan, "shirin" va "ishtaha ochuvchi" kabi sifatlashlar oziq-ovqat mahsuloti xususiyatlarini ochib bera olmaydi. "Darakchi" gazetasining 39-sonidan joy olgan "Aktiv-plyus" fitochoyi reklamasida mahsulot haqida quyidagi ma’lumotlar beriladi: "Zamona-Ra’no" kompaniyasi ishlab chiqargan "Aktiv-plyus" fitochoyi inson organizmini himoya qiluvchi va mustahkamlovchi tabiiy vitaminlar va mikroelementlar manbaidir". Bu iste’molchini ishontirish uchun yetarli emas. "Mustahkamlovchi", "Himoya qiluvchi" singari mavhum sifatlar o‘rniga o‘sha mahsulotning afzalliklarini aniqroq ifodalab beradigan faktlarni keltirish ko‘proq samara beradi. Huddi shu singari "Nestle" bolalar ozuqasining reklamasi ham o‘quvchida mahsulot haqida tasavvurni shakllantirmaydi. Reklamada "Gippoallergen ozuqa va mustahkam immunitet" degan ta’rif beriladi, xolos. Unda birorta ham fakt keltirilmagan. Bu jihat iste’molchilik reklamalarining aksariyati uchun xos. 

Muvaffaqiyatli reklama mahsulotning o‘ziga emas, balki uning OAVda yaratilgan imijiga bog‘liq. Ya’ni iste’molchi ongida mahsulot haqida shakllantirilgan muayyan tasavvur — tovarning informatsion imiji bo‘lishi kerak. Biroq ko‘plab nashrlar reklama berishda shunchaki mahsulot nomi, unga ilova qilinadigan surat va umumiy mulohazalar asosida tuzilgan matn bilan cheklanib qolmoqda. Masalan, "Ma’rifat" gazetasida yoritilgan G‘afur G‘ulom nomidagi 

nashriyot-matbaa ijodiy uyi reklamasida ham faqat suratlar berilgan. Yoki  "Darakchi" gazetasidan o‘rin olgan "Dveri Lyuks" eshiklari reklamasi quyidagicha tuzilgan: brend nomi, surat va manzil. Mahsulot haqida hech qanaqa ma’lumot, fakt keltirilmagan. Boshqa ko‘plab tovarlar reklamalaridagi kabi bu mahsulotning ham informatsion imiji yo‘q. 

Matbuot reklamalarining muvaffaqiyati matnning aniqligi va uning dizayn ko‘rinishiga mos kelishi (yozuv turi, tinish belgilari, tasvir va h.k.) bilan bevosita bog‘liq. Matnga turli illyustratsiyalar, jadvallar, suratlarni ilova qilish orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin. Hozirgi sharoitda faqatgina matndangina iborat reklama o‘quvchi e’tiborini tortmaydi. Afsuski, matbuotda matn-reklamalar ko‘proq uchraydi. Bu fikr davlat, tarmoq hamda xususiy  nashrlarga nisbatan ham  birday taalluqli. 

Tahlillarimiz natijasida davlat, tarmoq va xususiy nashrlarda reklamalarni joylashtirishda quyidagi kamchiliklarni aniqladik:

· Obstruktsionizm, ya’ni uzun jumlalardan foydalanish. Reklamada bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mahsulot haqidagi axborot to‘liq, shu bilan birga, qisqa bo‘lishi lozim.

· Klishe (qoliplar) — siyqasi chiqqan jumlalar va obrazlar reklamaga faqat zarar keltiradi. Misol uchun "Darakchi" gazetasida berilgan "Status" fitochoyi reklamasida (2015 y 3 sentyabr) "Kun davomida yuqori mehnat samaradorligini oshirish uchun!" deyiladi. Bu jumla reklama matnlarida shu qadar ko‘p qaytarilganki, natijada uning o‘quvchiga ta’sir qilish darajasi tushib ketgan.

· Abstraktlik — mavhum so‘zlardan foydalanish o‘quvchiga mahsulotni baholash imkoniyatini bermaydi. Masalan, "Ma’rifat" gazetasidan joy olgan "Mening shahrim" elektron tayyorlov testlari reklamasining  sarlavhasi  — "Qulay, sodda va samarali dastak" — abstrakt sifatlardan tuzilgan. Bu mahsulotga aniq ta’rif bo‘lmaganiday, o‘quvchi e’tiborini tortmaydi ham. Xuddi shunday holatni "Darakchi" gazetasida berilgan "Ucell" rouming xizmati haqidagi  "Qulay va foydali" sarlavhasida ham ko‘rish mumkin. 

· Grafik imkoniyatlarni ishga solmaslik — milliy matbuot nashrlarining umumiy kamchiligidir. Bu reklamaning samaradorligini ta’minlamaydi.  

Reklama nafaqat axborot, mahsulot, balki so‘z qo‘llash san’ati hamdir. Ayniqsa, matbuot reklamalari haqida gap ketganda, bunga alohida to‘xtalish lozim va reklama matnlari tahliliga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shunday ekan, keyingi maqolamiz gazeta reklamasining asosiy komponenti  — matn tahliliga qaratiladi. 

***

...Matbuotda berilgan bittagina e’lon ichimlikni mashhur qilib yubordi. Keyinchalik, Jon Pemberton o‘zining barcha muvaffaqiyatlari uchun reklama matnini yozgan jurnalist oldida minnatdor ekanini aytdi. Pemberton reklamani san’at turi deb bilardi. Aniq, lo‘nda, ta’sirli, informativ, diqqattortar reklama haqiqiy mo‘’jizaga qodir ekanini tarix ko‘p bora isbotlagan. Agar shunday bo‘lmaganida, Pembertonning noyob ichimligi — "Koka Kola" dunyo bo‘ylab tarqalib ketmasdi. Shunday emasmi?

             

Mohlaroyim QAYUMOVA,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

 

 

O‘QISH VA IJODIY IZLANISH — ZARURAT

Gulnora  Bobojonova  1971 yilda Toshkent davlat  universiteti (hozirgi O‘zMU)ning  roman-german  fakultetini  tugatgan. Mehnat  faoliyatini  Toshkent xalqaro radiosida boshlagan. Bosh muharrir, direktor  o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, radiojurnalistika  sohasida  ilmiy-tadqiqot  ishlari bilan ham  shug‘ullangan. 1997 yildan  hozirga  qadar  O‘zbekiston  jurnalistlarni  qayta  tayyorlash  markazi direktori  lavozimida ishlab kelmoqda. U  ommaviy  axborot  vositalari  bo‘yicha  dasturlarning  koordinatori va  eksperti  hisoblanadi. Gulnora  Bobojonova  2010 yildan O‘zbekiston  Respublikasi  Oliy  Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining, shuningdek Fuqarolik jamiyatini shakllanishini  monitoring qilish mustaqil  institutining  OAV  bo‘yicha  loyihalarining  ekspertidir. Quyida jurnalist-tadqiqotchi Gulnora Bobojonova markaz faoliyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

Read more...

SO‘Z ERKINLIGI MAS’ULIYATI

Bugungi globallashgan zamonda gazetxon, tomoshabin yoki tinglovchining tezkor va xolis axborotlarga ehtiyoji tobora ortib bormoqda. CHunki har bir inson — keksayu yoshning kundalik hayoti, turmushi shiddat bilan rivojlanib, taraqqiy etib borayotgan axborot-kommunikatsiya sohalari, xususan matbuot, ommaviy axborot vositalari bilan uzviy bog‘liq. Zero, mustaqillik yillarida sohada tub islohotlar, ulkan o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Boshqacha qilib aytganda o‘tgan yillar mobaynida milliy jurnalistikamiz, matbaachiligimiz son va sifat jihatidan tobora takomillashmoqda.

Read more...

PUBLITSISTIKA - IJOD BINOSINING SO‘NGGI SAYQALI

Jamiyatda kechayotgan demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy hayotida faol ishtirok etishiga zamin yaratish uchun, avvalo, axborot erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini odamlar o‘z fikr-mulohazalarini emin-erkin ifoda etadigan xolis minbarga aylantirish masalasi, davlatimiz rahbari taklif etgan Konsepsiyada ko‘rsatilganidek, "insonning axborot olish, axborotni va shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim sharti, ta'bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblanadi".

Istiqlol yillarida bu borada samarali ishlar qilindi. Ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyatini ta'minlaydigan, demokratik talab va standartlarga mos keladigan milliy qonunchilik bazasi yaratildi. "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning qabul qilinishi odamlarning o‘zlari istagan axborotni hech bir moneliksiz olish, ayni chog‘da, axborotni muhofaza qilish, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta'minlash imkonini berdi. Buning natijasida matbuotimiz sahifalarida sobiq tuzum sharoitida mutlaqo qo‘l urilmagan, rasman ta'qiqlab qo‘yilgan mavzular, tanqidiy mushohadalar, qiyosiy tahlillar, ijtimoiy-siyosiy sharh­lar paydo bo‘ldi.

Mustaqillikning dastlabki kezlaridayoq milliy matbuotimiz zimmasiga jamiyatda kechayotgan murakkab jarayonlarni xolis va haqqoniy yoritish, istiqlol g‘oyalarini izchil targ‘ib qilish, ayni paytda, mustaqillik manfaatlarini himoya qilish, o‘quvchilarni mamlakatda, yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan voqyealardan o‘z vaqtida xabardor qilish, jamiyat a'zolarini yangi demokratik davlat qurishdek yagona maqsad atrofida birlashtirish vazifasi yuklandi. Buning boisi shuki, jurnalistika, ayniqsa, ijtimoiy-badiiy publitsistika o‘tish davrida voqyea-hodisalar rivojini kuzatish va tahlil etishning samarali vositasiga aylanadi, jamiyatning fikrlovchi ilg‘or qatlami bo‘lmish ijodkor ziyolilarning fikrini ifoda etadi.

Aytish zarurki, matbuot shu choqqacha bunday zalvorli jarayonga duch kelmagandi. Shu boisdan ham uning dastlabki qadamlari sust kechdi, ikkilanish kuchli edi. Chunki yangi sharoitda ishlashning "andoza"lari hali ishlab chiqilmagan edi, o‘tgan yillar davomida ommaviy axborot vositalari tarix haqiqati va ijtimoiy adolatni tiklash, tarixni o‘rganishdagi biryoqlamalik va noxolislikka chek qo‘yish, sobiq tuzum mafkurasi tamoyillaridan xalos bo‘lish, yangi avlodning yangicha dunyoqarashini shakllantirish borasida muayyan vazifalarni bajardi. Xususan, badiiy publitsistika o‘zining jangovar so‘zi, jur'ati, kuchli badiiy va hissiy ifodasi bilan munosib nufuzga ega bo‘ldi. Shoir va yozuvchilar, olimlar, ijodiy tafakkurga ega boshqa kasb egalarining ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy chiqishlari jamoatchilikning o‘tish davri muammolari va ularni hal etish yo‘llari xususidagi fikrini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi. Ilg‘or, jur'atli nashrlar yangi g‘oya va yangi mafkura targ‘ibotchisiga aylandi. Odamlarda jamiyat hayotida yuz berayotgan muhim o‘zgarishlarni matbuot orqali bilishga qiziqish kuchaydi. Ayni chog‘da, yaqin o‘tmishda matbuot faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni takrorlamaslik, ommaviy axborot vositalarini sobiq tuzum sharoitidagi mafkuraviy "ur to‘qmoq"dan jamoatchilik fikrining xolis ifodachisiga aylantirish zarurati yuzaga keladi. Bu vazifani bajarishda ijtimoiy-badiiy publitsistika, ayniqsa, faollik qildi.

Publitsistikada muallifning u yoki bu voqyea-hodisaga, jamiyat hayotidagi biror bir muammoga nisbatan munosabati aniq ko‘rinadi. Publitsist­lar o‘z asarlarida davrning ruhi va ma'naviy-axloqiy manzarasini juda aniq aks ettiradilar. "Dunyoda biror muqaddas mulk mavjud bo‘lsa, agar u chindan ham inson tasarrufiga tegishli bo‘lsa, bu - inson yeru osmon o‘rtalig‘ida barpo etadigan, aqliy faoliyat samarasi o‘laroq maydonga keladigan, odamlarning qalbida gullab-yashnaydigan ijodkorlik asaridir" deydi Balzak. Jon Golsuorsining "Adabiyot va hayot" maqolasida yozuvchining jamiyat, adabiyot oldidagi burchi quyidagicha ifodalanadi: "Yozuvchining burchi hamma narsani loaqal to‘la darajada bo‘lmasa hamki, to‘g‘ri tushunish, o‘tkir nigohga ega bo‘lish, o‘zimiz ko‘rib turgan, his qilayotgan, o‘ylayotgan narsalarimizni boshqalarga qaraganda teranroq his qilmoq, mulohaza yuritmoq va ifodalab bermoqdir".

Tanqidchi va publitsist Hyerman Hyesse shunday yozadi: "Men butun odamzotni ma'naviy jihatdan bir qolipga tushirib qo‘yish maqsadida milliy xususiyatlarni dazmoldan o‘tkazish tarafdori emasman. Yo‘q, bu go‘zal va betakror zaminda turfa xil ranglar, xilma-xillik, izchil yuksalish bo‘lsin. Turli irq va elatlarning, turli tillarning, son-sanoqsiz dunyoqarashning mavjudligi - buyuk hodisa". Publitsistikaning asosiy vazifasi - ana shu buyuk hodisa - bir-birini to‘ldiruvchi, bir-biriga suyanuvchi fikr va qarashlarni ifodalab berishdir.

Istiqlolimiz arafasi va uning dastlabki yillarida matbuotimizda ijtimoiy-siyosiy publitsistika g‘oyat kuchaydi, jamiyatda jo‘shqin fikr to‘lqini yuzaga keldi, publitsistik ruh she'riy, dramatik, kino va tasviriy san'at asarlariga ham ko‘chdi. Endilikda esa bu yo‘nalishda bir qadar sokin badiiy publitsistik asarlar, xususan, ijtimoiy mazmun bilan boyi­tilgan esse va epis­tolyar janri ustivorlik qilmoqda. Esse - publitsistikaning g‘oyat muhim, ta'sirchan, keng qamrovli janrlaridan biri. Shu ma'noda u jurnalistika va badiiy adabiyotning naqd o‘rtasida, har ikki tomonni belidan mahkam tutgan holda qaddini g‘oz tutib turadi, birini ikkinchisiga bog‘laydi, fikrni charxlab, yozilajak yangi asarlarga xamirturushlik qiladi. Mashhur romanlar, qissalar yozib, jahonga tanilgan adiblar kutilmaganda publitsistik asarlar yoza boshlagani va, aksincha, ijod suyagi jurnalistikada qotgan hamkasblarimiz vaqti kelib, pishiq-puxta badiiy asarlar yoza boshlaganining sababi ham shunda. Adabiyotshunoslar so‘nggi yuz yillikda inson ruhiy-ijtimoiy olamini tadqiq etish bilan bog‘liq yangi "uyg‘onish" faslining yuzaga kelishida esse o‘ziga xos katalizator rolini o‘ynaganini, XXI asr bo‘sag‘asiga kelib, "mediaborliq essechilik dardiga chalinganini", bu janr olam va odamni anglashning g‘oyat samarali vositasi bo‘lib qolganini ta'kidlashadi.

Esseda muallif badiiy tal­qin va ifoda usullaridan g‘oyatda unumli va erkin foydalanadi: ijodkorning obrazli mushohadasi, hissiy, emotsional tuyg‘ulari, ijtimoiy-estetik qarashlari, konkret voqyelikka nisbatan ijobiy yoki tanqidiy munosabati bu janrda o‘zining tiniq ifodasini topadi. Chinakam publitsistik asar o‘quvchini fikrlashga, ijtimoiy faollikka, bahs-munozaraga da'vat etadi, muallifning ichki "men"i yanada jur'atlashadi. Buni taniqli yozuvchi Abdusaid Ko‘chimovning "Sayohat" nomli essesida ham ko‘rish mumkin. Mavzu oddiy: bir guruh ijodkorlar Toshkentdan Qoraqalpog‘istonning Mang‘it tumaniga safar qilishadi, kuzning yengil izg‘irinida olov yoqib, cho‘pon-cho‘liqlar, baliqchilar, bilan ko‘l bo‘yida, daryo qirg‘og‘ida dilkash suhbatlar qurishadi. Muhimi bu emas, bahs-munozara, beg‘araz bellashuv rasmiy uchrashuvlar chog‘idan ko‘ra ko‘proq sayohatchilar o‘zlari bilan o‘zlari qolib, gapning indallosiga o‘tishganida sodir bo‘ladi. Gurungni o‘zlari qizitishadi. CHo‘lning yoqimli havosi, suvning mavjlanib, orolanib oqishi, qushlarning chug‘uri, jiyda daraxtlarining yoqim­li epkini mehmonlarning dil qulflarini ochib yuboradi, ko‘ngil tubiga cho‘kib yotgan qayroqi, tishli-tirnoqli, ehtirosli fikrlar yuzaga qalqib-bo‘rtib chiqadi.

Esse muallifi bu holatlarning har lahzasini, suhbatlar chog‘i aytilgan har aytim, har ibora, har qochirma-yu uchirmani butab-taramay, silliqlamay qog‘ozga tushirgan. Shu bois, "Safar"ni mutolaa qilgan kishi beixtiyor sayohatchilar safiga qo‘shilib ketganini, bahs ichida yurganini bilmay qoladi, ko‘nglida o‘zini ko‘l bo‘yida chordona qurib, gapni gapga, maqolni matalga, olis moziyni bugunga ulayotgan safardoshlar safida ko‘rish istagi uyg‘onadi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev esse janri rivojiga salmoqli hissa qo‘shib ketdi. Otaxon yozuvchilarmizdan biri Nosir Fozilov qalamiga mansub esselar to‘g‘risida ham shu fikr­ni aytish mumkin. Adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar Obidjon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Tursunoy Sodiqova, adiblar Erkin A'zamov, Xurshid Do‘stmuhammad, Zuhriddin Isomiddinov, Qutlibeka, Nazar Eshonqul, Eshqobil Shukur, Ashurali Jo‘rayev kabi bir qator taniqli qalam sohiblari ijodida esse janri ancha muhim o‘rin tutadi. Bugun ko‘plab yosh qalamkashlar badiiy publitsistika janrlariga dadil murojaat etayotganlari quvonarli holdir.

Publitsistik asar jurna­listik mahoratni yillar davomida oshira borish, tinimsiz izlanish, so‘z san'atini egallash, hayotning bevosita ichida bo‘lish va uni ijodkor ko‘zi bilan kuzatish, boshqalarga nisbatan oldinroqda yurish, ijtimoiy faollik, ma'naviy-axloqiy ibrat, voqyea-hodisalar mohiyatini to‘g‘ri anglash, ulardan tegishli xulosalar chiqarish, buning uchun o‘zida qat'iyat va jur'at topa olish natijasi sifatida yuzaga keladi.

 Ahmadjon MELIBOYEV

DO‘STLIK MASOFA BILMAYDI

O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar mustahkamlanib, hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Hozirga qadar ko‘plab sohalarda hamkorlik loyihalari amalga oshirildi. Xususan, shu yilning may oyida Farg‘ona viloyatidagi OAVlarida faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblarimiz Shandun provintsiyasi jurnalistlar assotsiatsiyasi taklifiga binoan o‘zaro tajriba almashish maqsadida Chin yurtida bo‘lib qaytdi.

Read more...

YASHIRIN REKLAMADAN MAQSAD NIMA?

Jamoat transportida, ko‘cha-ko‘yda, televizor ko‘rib o‘tirganimizda, gazeta o‘qiyotganimizda albatta qandaydir reklamaga ko‘zimiz tushadi. Ularning ayrimlari kulgimizni qistatsa, ba’zilari o‘yga toldiradi. Reklama syujetidagi jumla va kadrlar ongimizga o‘rnashib, yurgan yo‘limizda o‘ylashga undayveradi. Reklama turli obrazlar, hayratomuz kadrlar, serjilo so‘zlar va ranglar hosilasidir. Balki shu bois u ongimizda uzoq vaqt saqlanib qolar. Aslida reklama beruvchilarning maqsadi ham shu.

Read more...

KO‘Z-KO‘ZGA TUSHGANDA...

Matbuot xodimlarining gazetxonlar bilan yuzma-yuz muloqoti ikki taraf uchun ham foydali

Matbuot – jamiyat ko‘zgusi, axborotni ommaga yetkazuvchi vosita. Bugungi shiddatkor zamonda uning hayotimizdagi o‘rni, ta’siri katta. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining mislsiz taraqqiyoti, internet tarmog‘i va mobil aloqa vositalari imkoniyatining aql bovar qilmas darajada kengayib borishi insoniyatni shoshirib qo‘ymoqda. Axborot maydonidagi raqobatda matbuot o‘z mavqeini qanday saqlab qolishi kerak?
Nazarimizda, har qanday nashr birinchi galda o‘z o‘quvchilari bilan yuzma-yuz muloqotni yo‘lga qo‘yishi talab etiladi. Telefon, xat-xabar, faks yoki elektron pochta orqali virtual aloqalarda cheklanib qolmasdan, joylarda jonli uchrashuvlar tashkil etib, dildan suhbatlar uyushtirish lozim. Axir, aytishadiku, mehr – ko‘zda deb. Bir paytlar ommaviy bo‘lgan bu an’ana keyingi paytlarda negadir unutilib borayotganday...

Read more...

IFODALASH SAN’ATI

 

Vaqt va Biz... 
Soniyalar va daqiqalar, kunlaru oylar, asrlar bilan o‘lchanadigan million yillarga teng vaqt orasida insoniyat ibtidoiylikdan sizu biz guvohi bo‘lib turgan davrga yetib keldi. Kechagina ertaklarda tasvirlangan aql bovar qilmas voqeliklar bugun ko‘z o‘ngimizda ro‘y bermoqda. Bularning barchasi, albatta inson tafakkuri mahsulidir.
adiiyatni olaylik. U dastlab og‘zaki shaklda, tog‘-toshlarga naqshlangan tasvirlarda namoyon bo‘ldi. Vaqt o‘tib, tosh o‘rniga hayvon terisi, papirus yoki daraxt po‘stlog‘idan foydalanildi. Ijod mahsullari kitobat qilina boshlangach, qo‘lyozma va toshbosma asarlar yuzaga keldi. Borib-borib bunday izlanishlar natijasida bosmaxonalar – tipografiyalar paydo bo‘ldi.
Bugun barchamiz sevib o‘qiydigan gazeta va jurnallar, umuman, matbuot tarixi aynan o‘sha davrlarga (balki undan ham oldinroqqa) borib taqaladi.
Gazeta – bu davriy bosma nashr. Uning vazifasi mushtariylarni olamda yuz berayotgan o‘zgarishlar, iqtisodiyot, madaniyat va sport, kundalik yangiliklardan xabardor qilishdir. Ular talabga va o‘z vazifasiga ko‘ra turli hajmda, kunlik va haftalik ko‘rinishda chop etiladi.
Gazetaning insoniyat hayotiga kirib kelishi XVI asrga borib taqaladi. O‘shanda Venetsiyada yirik savdo markazi faoliyat ko‘rsatgan. Burjuaziya hukmronlari, xorij savdogarlari, kema darg‘alari ushbu markaz savdogarlaridan ko‘plab mahsulotlar xarid qilib, ayirbosh qilganlar. Shu sababdan ular bu yerdagi narx-navo, kema qatnovlari hamda siyosiy hayot bilan doimo qiziqib turgan. Mazkur markazda bunday qiziqishlarni ta’minlash maqsadida “yangilik yozuvchilar” tsexi tashkil etiladi. Ushbu tsex savdo markazi hayotida yuz berayotgan yangiliklardan iborat qo‘lyozma xabarnomalar tayyorlash va ularni tarqatish bilan shug‘ullanadi. Xabarnoma qog‘ozlari o‘sha davrning arzimagan chaqa-tangasi narxida sotiladi. Bu tanga “gadzetta” deb yuritilgan. Xullas, gazetalar shu zayl hayot oralay boshladi...
O‘z davridagi dastlabki gazetalar sahifalari illyustratsiyasiz, faqatgina xabarnomalar bilan to‘la bo‘lardi. Keyinchalik sahifalarda musavvirlarning turli mazmun va ko‘rinishdagi grafik chizma rasmlari aks etdi. Illyustratsiyalarga boy gazetalarning o‘quvchisi ko‘paydi.
“Illyustratsiya” lotincha so‘z bo‘lib, yuz bergan yoki yuz berayotgan voqelikni tasvirlash, aks ettirish, ifoda etmoq degan mazmunni anglatadi.
Jurnalistik nuqtai nazardan ta’riflaganda, maqolani rang-tasvir va grafika, suratlar yordamida to‘ldirish, aniqrog‘i, mazmunni boyitish, mushtariyga mavzuning mohiyati haqida to‘liqroq tasavvur berish, ma’lum ma’noda izohlash tushuniladi.
Illyustratsiya rivojida, ayniqsa fotografiyaning kashf etilishi katta voqelik bo‘ldi. Bundan taxminan 130 yil avval bosma kitoblarda fotografiyadan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bunda zamonaviy tsinkografiya usuli qo‘llanildi. Albatta, kitoblarda fotografiyadan foydalanish gazeta va jurnallarga nisbatan avvalroq kirib kelgan edi.
Jahon ommaviy axborot vositalari hayotida illyustratsiyadan mavjud bo‘lgan har bir gazeta va jurnalning amaldagi vazifa-maqsadiga qarab foydalaniladi. Masalan, siyosiy mazmundagilari ko‘proq olamda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy yangiliklar – joylardagi namoyishlar, xalqlar o‘rtasida buzg‘unchilik va vahima keltirib chiqarishni maqsad qilgan oppozitsion kurashlar, jamiyatlararo gij-gijlashlarga hissa qo‘shadigan ko‘rinishlar aks ettirilgan fotosuratlarni o‘z sahifalarida ko‘proq chop etishadi. Ayniqsa, turli shov-shuvlarga asos bo‘ladigan oldi-qochdi mazmundagi fotosuratlarni xushlashadi. Bunday fotosuratli maqolalarni berib borishdan maqsad, o‘sha gazeta-jurnallar egalarining moddiy manfaatdorliklari evazidan kelib chiqadi.
Fotosuratlarning sifati qandayligidan qat’i nazar, o‘quvchi uchun unda aks etgan voqelik ilk tasavvurga o‘tadi. U suratga o‘z nuqtai nazaricha baho beradi va uni boshqalarga ham tezlik bilan yetkazishga urinadi. Bunday shov-shuvli fotosuratlardan, ayniqsa, hozir – internet tarmog‘ida ko‘proq foydalanilayapti. Bitta fotosurat ming-minglab odamlarning ongini zaharlashi yoki chalg‘itishi mumkin.
O‘quvchi gazeta-jurnallar yoki internet saytlarida aks etayotgan fotosuratlarga tez ishonadi. Bunga sabab, ularda “voqelik yuz bermaganida suratkash bu suratni olmagan bo‘lardi” degan tushunchaning hosil bo‘lishidir. Ammo suratchining va uni chop etuvchining asl maqsadi nima ekani bilan deyarli hech kim qiziqmaydi. Matbuot va internet sahifalarida chop etilayotgan xabar va suratni mushtariylar so‘zsiz haqiqat deb tushunadi. Insoniyatni chalg‘itayotgan bunday “jurnalist” yoki “fotojurnalist” nigohida ezgulik tuyg‘usi so‘nib bo‘lgan...
Aslida, chinakam muxbir va fotojurnalist o‘z zimmasida ezgulikka xizmat qilmoq, mamlakati va jahonda yuz berayotgan yutuqlardan ruhlanib ijod qilishi, o‘rni bilan kamchiliklarni tuzatish yo‘llarini aniq-tiniq ifoda etishi lozim.
Ko‘z o‘ngimizda ulkan bunyodkorliklar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz sarhadlarida yuz berayotgan yangiliklar hadsiz-hisobsiz. Ular haqida, ularning mazmun-mohiyati haqida biz, fotojurnalistlar xalqimizga o‘zimiz tayyorlagan mazmunli fotosuratlarimiz orqali yetkazishimiz kerak. Buni ularning ko‘z o‘ngida yanada yaqin gavdalantirish uchun esa bir-biridan sifatli, rango-rang va mazmundor suratlar tayyorlashga harakat qilishimiz zarur. Har bir tayyorlangan fotosurat o‘sha bunyodkorlikni xalqimiz ongida butun borlig‘i bilan gavdalantira olsagina o‘z vazifamizni ado etgan bo‘lamiz. Aynan fotojurnalistlarning bir xillikdan qochishi, o‘zini o‘zi takrorlab qo‘ymasligi mushtariylarni gazeta o‘qishdan zeriktirmaydi.
Bugun chop etilayotgan aksar gazeta va jurnallarning illyustratsiyasi va dizayni o‘quvchini o‘ziga jalb etuvchi boshlang‘ich omildir. Matbuot illyustratsiyasi o‘z mazmun-mohiyati bilan turli vazifalarni bajaradi. Masalan, ular voqeiy-axborot xarakterida ifoda etilishi, hujjatli shaklda namoyon bo‘lishi, satira va yumorga boy bo‘lishi mumkin. Shunisi bilan ular mushtariy tafakkuriga singadi.
Qayd etish joiz, voqeiy-axborot xarakteridagi va hujjatli voqeliklarni aks ettiradigan fotosuratlar matbuotda ko‘proq foydalaniladi. Bunday fotosuratlar orqali mamlakat hayotida yuz bergan kundalik voqealar, yangiliklar, qurilishi boshlangan va yangi ishga tushirilgan ishlab chiqarish inshootlari, avtomobil va temir yo‘llar, yirik anjumanlaru sport musobaqalari haqida xabardor etiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi ishlab chiqarish ilg‘orlarining ish tajribalarini ommalashtirishda ham ushbu xarakterdagi fotoillyustratsiyalarning xizmati beqiyosdir.
Bilim orttirishga xizmat qiladigan fotoillyustratsiyalar asosan ilmiy-tadqiqot ishlarida – qadimshunoslik, kosmonavtika, geodeziya, tibbiyot kabi ko‘plab fan sohalarida foydalaniladi. Masalan, fazogirlar kosmik apparatlar yordamida quyosh sistemasidagi sayyoralar va kometalar yuzasini, okeanologlar esa suv osti o‘simlik va hayvonot dunyosini suratga olib, ular asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirishadi. Tibbiyot olimlari uchun ham fotoillyustratsiyaning ahamiyati juda kattadir.
Satira va yumorga boy fotoillyustratsiyalar gazeta va jurnal sahifalarini bezash bilan birga o‘quvchi labida yoqimli tabassum zohir etadi. Bunday ko‘rinishdagi suratlarda fotojurnalistning kuzatuvchanlik va ziyraklik qobiliyati bo‘y ko‘rsatadi. Masalan, it mushukni erkalatayotgan ko‘rinish (aslida, it bilan mushuk aslo kelisha olmaydi), tuya jo‘mrakdan oqayotgan suvga lablarini bosgancha huzurlanib chanqog‘ini qondirishi...
Faktlarga asoslangan fotosuratlar doim ham qadrlidir. Voqelikni bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka harakat qilish zarur. Haqiqiy go‘zallik tabiiylikdadir.
Mavzu dolzarb bo‘lgani bilan fotosurat mazmunsiz “quruq” chop etilsa, o‘quvchida yaxshi taassurot qoldirmasligi mumkin. Sababi – suratda ma’no va harakatning yo‘qligi. Har bir surat jonli, ma’noli va tushunarli bo‘lishi kerak. Fotoillyustratsiyaning mazmunini o‘quvchi qo‘shimcha tushuntirishsiz anglab yetgandagina u voqelikni jonli va haqiqiy aks ettirgan hisoblanadi. Buning uchun fotojurnalist suratga olayotgan ob’ektning ish faoliyati va maqsad-mohiyatini hijjalab o‘rganmog‘i, gazetxon uchun eng zarur nuqtalarni aks ettirmog‘i shart. Buning uchun undan yuksak salohiyat va tajriba talab etadi. Fotojurnalist oldiniga shunchaki surat olgan bo‘lsa, endilikda kompozitsiya va syujetni to‘liq ifodalashga harakat qiladi. Ob‘ektning ikkinchi darajali qismlarini chetga qoldiradi. Olayotgan suratni iloji boricha fikran ko‘z o‘ngida gavdalantiradi. Shu tariqa jonli, ma’noli va sifatli surat yuzaga keladi.

Shomurat ShARAPOV,
“Xalq so‘zi” va  “Narodnoe slovo” gazetalari fotomuxbiri

IJODIY IZLANISHGA UNDAYOTGAN TANLOV

 

“Oltin qalam” X Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasidagi e’tibor va g‘amxo‘r­lik soha xodimlarini yangi ijodiy marralar sari ilhomlantirmoqda.

“Turkiston” saroyida 1 may kuni “Oltin qalam” X Milliy mukofotining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

3 may — Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu tadbirda senatorlar, deputatlar, turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi I.Halimbekov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini yanada kuchaytirishning muhim vositasi sifatida  milliy jurnalistikani izchil isloh etish, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini to‘la ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid milliy qonunchilikni davr talabiga mos ravishda takomillashtirish, media tuzilmalarni jadal rivojlantirish, axborot sohasining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilingani  fuqarolarning axborot sohasidagi huquqlarini yanada izchil ta’minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish, ular faoliyati haqida jamoatchilikni keng xabardor etishda yangi imkoniyatlar ochib berdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Mustaqil bosma omma­viy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy as­sotsia­tsiyasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tan­lovlar, ijodiy loyihalar jurnalistlarning kasb mahoratini yuksaltirish, tahririyatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tahliliy yondashuv asosida tayyorlanayotgan rang-barang materiallar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tanlovning Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangani ham uning nufuzini oshirishda katta ahamiyatga ega. Tanlov O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Milliy teleradiokompaniya, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekis­ton Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Uzreport” axborot agentligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Tanlovning asosiy maqsadi jurnalistikaning eng ilg‘or yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishi hamda jurnalistlarda tanqidiy fikrlash, o‘z faoliyatiga yangicha yondashuvni shakllantirishdan iborat. Tanlovda o‘tgan yillar davomida 4 ming nafarga yaqin jurnalist 51 mingdan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. Hozirgacha o‘tkazilgan to‘qqizta tanlovda 207 nafar jurnalist “Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibi bo‘ldi. 60 nafarga yaqin jurnalist xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari tomonidan ta’sis etilgan mukofotlar bilan taqdirlandi.

“Oltin qalam” X Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 676 jurnalist  15 mingga yaqin materiali bilan qatnashdi. Ular safida  bosh Milliy mukofot sohibi, televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar, shuningdek, “Eng yaxshi  matbuot xizmati” va “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” rag‘batlantiruvchi  mukofotlar sohiblari  aniqlandi.  

Tanlov g‘oliblarini mukofotlash hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirildi.

«Uzreport TV» telekanali «Oltin qalam» X Milliy mukofoti uchun o‘tkazilgan xalqaro tanlovda Bosh mukofotga loyiq deb topildi. Telekanal jamoasi maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va mamlakatimizda belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik, mamlakatimizdagi tinch-osoyishta, ijtimoiy barqaror muhit barcha sohalar qatorida milliy jurnalistikani ham jadal rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, — deydi «Uzreport TV» telekanali bosh direktori Ravshan Jo‘raev. — Yurtimizda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan xalqimizni bahramand etish, vatandoshlarimizda yurt taqdiri, uning kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib kamolga yetkazish, ularni turli mafkuraviy tahdidlardan ishonch­li himoyalash zimmamizdagi mas’uliyatli vazifadir.

Ijodiy bellashuvning televidenie, radio, matbuot va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblariga diplom, «Oltin qalam»  ko‘krak nishoni, statuetkasi hamda pul mukofotlari topshirildi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, «Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazining ham mukofotlari topshirildi.

Tanlovda BMT, YuNYeSKO, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, «Mintaqaviy muloqot» (Sloveniya) kabi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekis­tondagi vakolatxonalari ham o‘z mukofotlari bilan ishtirok etdi. Bir guruh jurnalistlar ushbu tashkilotlarning rag‘batlantiruvchi mukofotlari bilan taqdirlandi.

San’at ustalari va ijrochi yoshlarning kontserti namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova so‘zga chiqdi.

Nazokat USMONOVA,

O‘zA muxbiri

 

“XXI ASR TEXNOLOGIYALARI” – O‘YLATADI VA O‘RGATADI

 “Bolam, bu matohdan qanday foydalanishni o‘rgatasanmi?”. Smartfon reklamasida yangraydigan ushbu so‘zlar kundalik hayotda ham tez-tez quloqqa chalinadi. Odatda oilada har bir narsani kattalar kichiklarga o‘rgatadi. Kompyuter, telefon kabi zamonaviy texnika vositalaridan foydalanishni esa, aksincha, kichiklardan o‘rganishadi. Ana shu kichiklar – yosh avlodning yangi asr texnologiyalariga qiziqishi ilm-fanga bo‘lgan qiziqishga aylantirilsa, qanday yaxshi!  

Read more...

ELEKTRON TIJORAT SOHASIDA YANGI QADAM

Istiqlol yillarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimizda yetakchi kuchga aylandi. Tadbirkorlik faoliyatini emin-erkin yuritish uchun sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Shu maqsadda samarali tadbirlar amalga oshirildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida savdo va xizmat ko‘rsatish turlarining keng joriy etilishi qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish bilan bir qatorda biznesni rivojlantirishda ham muhim omil bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotlar va ko‘rsatayotgan xizmatlarning jahon bozorida yanada raqobatbardoshligi hamda sifatining oshishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi (yangi tahrirda) elektron tijoratni rivojlantirish uchun huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy va texnik sharoitlar yaratib beradi. Shuningdek, elektron shartnomalarni rasmiylashtirish va ijro etish jarayonlarini yengillashtiradi.

Elektron tijoratni qonunchilik asosida tartibga solish maqsadida 2004 yilda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi, 2005 yilda “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan.

O‘tgan vaqt mobaynida axborot texnologiyalari, iqtisodiy jarayonlar rivojlandi. Elektron tijoratning yangi-yangi imkoniyatlari ochildi. Shuning uchun mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, yanada takomillashtirish zarurati paydo bo‘ldi. Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi shu maqsadda ishlab chiqilgan. Ushbu hujjat parlamentda deputatlar, mutaxassislar tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda, turli fikr-mulohaza va takliflar bildiril­yapti.

Shunga alohida e’tibor qaratish kerakki, elektron tijorat tizimida mablag‘lar tez aylanadi, moliyaviy operatsiyalar qisqa fursatda bajariladi. Bu esa korxona-tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari, umuman, mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlaydi. Ishchi-xodimlarning moddiy ta’minoti yaxshilanadi, pul mablag‘lari aylanishining tezlashuvi esa aholi ish haqi, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lanishiga imkon beradi. Bir so‘z bilan aytganda, elektron tijorat rivoji naqd pulsiz hisob-kitoblar, to‘lov tizimi samaradorligini ta’minlaydi. Bundan aholi katta naf ko‘radi, albatta.

Qonun loyihasida elektron tijorat istiqboli bilan birga, axborot sohasini rivojlantirish ham e’tiborga olingan. Jumladan, unda telekommunikatsiya tizimi operatorlari, bank elektron tanlov, auktsion va yarmarkalar tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar istiqboliga oid normalar o‘z aksini topmoqda. Qonunning yangi tahriri, birinchi navbatda, elektron shartnomalarni tuzish mexanizmlarini soddalashtirishga qaratilgan. Uning qabul qilinishi qo‘shimcha mablag‘lar sarf etilishiga, davlat daromadlari xarajatlarining ortib ketishiga olib kelmaydi.

Ushbu qonun loyihasi mamlakatimizni  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, iste’molchilar bilan ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar xususan, kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida elektron tijorat imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ularning raqobatbardoshligini oshirish va yuqori iqtisodiy natijalarga erishishda mustahkam asos bo‘ladi.

Qonun loyihasi qabul qilinganidan so‘ng, elektron tijoratda bitimlarni tuzish, ijro etish, hisobini yuritish va nazorat qilish ishlari soddalashtiriladi. Jumladan, shaxsiy imzoning muqobil turlarini qo‘llash, elektron tijoratda tuziladigan bitimlar bo‘yicha elektron hujjatlar va boshqa axborotlarni saqlash, muomalada bo‘lish qoidalari, bitimlarni ijro etishda hisob varaq-fakturalar, yuk xatlari, dalolatnomalarga doir elek­tron hujjatlarni rasmiylashtirish mexanizmlari bo‘yicha me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilishi, shuningdek, ayrim qonunosti hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Xalqaro amaliyotga mos ravishda ishlab chiqilgan qonun loyihasi elektron tijoratning asosiy yo‘nalishlarini huquqiy tartibga soluvchi barcha sohalarni qamrab olgan. Unda elektron tijorat sohasida davlat siyosati, mahsulot savdosi va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchilarning ichki korporativ munosabatlari, ularning iste’molchilar va hamkorlar bilan o‘zaro aloqalari o‘z aksini topgan.

Mazkur qonunning qabul qilinishi hamda respublikada elektron tijoratni yanada keng joriy etilishi quyidagilarga imkon yaratadi:

— savdo operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar (tranzaktsion xarajatlar)ning kamayishiga, elek­tron tijorat sub’ektlarining bir-biridan geografik uzoqligi bilan bog‘liq muammolar hal etilishiga;

— sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tezkor ravishda shartnomaviy munosabatlarni o‘rnatish uchun sharoit yaratishga, shu jumladan, bozorda yangi ishtirokchilarning paydo bo‘lishiga (bunday sharoitda kichik biznes sub’ektlari xalqaro bozorda ham samarali raqobat qilishlari mumkin);

— axborot tarmoqlari vositasida elektron savdo qilishda operatsiyalarning shaffofligi oshishiga, bu esa sotuvchilar va xaridorlarga qisqa fursatda narxlar, sifat va tovarni yetkazib berish bilan bog‘liq har xil raqobatchilar taklif etgan ma’lumotlarni olish imkonini beradi;

— elektron tijoratda  bitimni ijro etish mexanizmlarini takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish hamda tuzilgan bitimlar doirasida sotib olinadigan tovar mahsulotlari haqini yetkazib berilgan manzilda to‘lash imkoniyatlarini beradi;

— elektron tijoratda eksport-importga qaratilgan bitimlar tuzilishini nazorat qilish va hisobini yuritish mexanizmlarini takomillashtirish va tartib-taomillarini soddalashtirish orqali xal­qaro bitimlarni tuzishda elektron kontent va tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartiblarini soddalashtirish;

— elektron tijorat hajmini oshirish maqsadida ushbu sohadagi tadbirkorlik faoliyati uchun soliq yuklarini kamaytirish orqali davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish.

O‘tgan vaqt mobaynida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan mazkur qonun loyihasini takomillashtirish       maqsadida o‘ndan ortiq yig‘ilishlar o‘tkazildi. Ularda vazirlik va idoralardan kelib tushgan taklif va mulohazalar o‘rganildi. Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga ikkinchi o‘qishga tayyorlash uchun “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va qonunchilik texnikasi talablariga muvofiqlashtirib borildi.

Qonun loyihasi jahonning bir qator mamlakatlari qonunchiligi bilan  qiyoslangan holda ishlab chiqilib, elektron tijorat faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Yangi tahrirdagi qonun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining bozor islohotlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish borasidagi dasturiy maqsadlarida aks ettirilgan ustuvor vazifalarga hamohangdir. Uning qabul qilinishi saylovoldi platformamizdagi vazifalarning bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishidagi amaliy ishlarimizdan biri bo‘ladi.                                                                           

 

Bekzod ORTIQOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi,

O‘zLiDeP fraktsiyasi a’zosi

KARVON KO‘P, RIZQI BO‘LAK...

Matbuotni jamiyat va davr ko‘zgusi deyishadi. Darhaqiqat, o‘z fikr-mulohazalarimizni erkin ifoda etadigan minbar aynan ommaviy axborot vositalaridir. Bugun yurtimizda ming­lab OAV faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, viloyatimizda ham ular safi kengaymoqda. “Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak” deganlaridek, bugun axborot asrida tashkil topayotgan har bitta ommaviy axborot vositasining o‘z o‘rni, o‘z ovozi bor. Ularning har biri o‘ziga xos uslubda keng ommani zarur axborotlar bilan ta’minlamoqda. Bu borada mahalliy nashrlar faoliyatini alohida ta’kidlab o‘tish joizdir.

Read more...

HUQUQ VA BURCH UYG‘UNLASHGANDA...

“O‘z burchini bajarishdan mamnun odamgina erkin yashaydi”, - degan edi Sitseron. Burch bilan huquq bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularni ayro tasavvur etish qiyin. Chunki huquqini yaxshi bilgan odam burchini ham ado eta oladi. Shu orqali hayotda o‘z o‘rnini topadi, jamiyat uchun xizmat qiladi.

Huquqiy madaniyat rivoji har qanday muammo yechimining asosiy mezonidir. Jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va qonuniylikni mus­tahkamlashga yo‘naltirilgan targ‘ibotga alohida e'tibor qaratilayotganining asosiy sababi ham shunda.

Read more...

TOSHKENT TELEKANALI: QIYOFA VA MAZMUN

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, umuman, televideniyemiz taraqqiyotning ajralmas bir bo‘lagi sifatida istiqlol yillarida jadal rivojlandi, rivojlanmoqda. O‘zbekistonda televideniye ish boshlaganida birgina kanal bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib o‘ndan ortiq kanal faoliyat ko‘rsatmoqda. Kompaniya zamonaviy texnikalar bilan dunyodagi eng rivojlangan davlatlar televideniyesidan qolishmaydigan darajada jihozlangani ko‘rsatuvlar saviyasida o‘z ifodasini topmoqda. Talantli, izlanuvchan telejurnalistlarning safi ortib, kanallarning ijodiy xodimlari o‘rtasida izlanish, sog‘lom raqobat kuchaydi. Buni teletomoshabin e'tiborini tortadigan, biri ikkinchisini takrorlamaydigan ko‘rsatuvlardan ham bilsa bo‘ladi. Hamma kanallarda yuqori saviyada tayyorlanayotgan ko‘rsatuvlar ko‘p. Ammo biz «Toshkent» telekanalidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalishni maqsad qildik.

Read more...

JURNALIST SIYOSATCHI...MI?

Globallashuv jarayonida mamlakatlar, mintaqa, hudud va xalqaro tashkilotlar manfaatlari doirasi tobora kengayib borayotgan bir paytda axborot olish, undan to‘g‘ri va samarali foydalanish mas'uliyati ham kun sayin ortib bormoqda. Mafkura poligonlarining xurujlari yadro poligonlariga nisbatan tobora kuchayib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, masalaning naqadar dolzarbligi yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Read more...

BUGUNGI «ZARAFSHON», UNING IZDOSHLARI

Kasb taqozosiga ko‘ra «Zarafshon» - «Samarkandskiy vestnik», viloyat, shahar, ba'zi tuman gazetalarining o‘tgan yil oxirlari, yangi yil boshlaridagi ayrim taxlamalarini ko‘zdan kechirish, materiallar bilan tanishish imkoni tug‘ildi. Kam sonli materiallarni o‘qib nashrlar haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish, tugal xulosalar chiqarish qiyin, albatta. Lekin muhim tamo­yillarni aniqlash, yetakchi tendensiyalarni tanish mumkin, albatta.

Birinchi tamoyil nashrlar viloyat hayoti ko‘zgusi vazifasini bajarib, jamoatchilik fikrini shakllantirib, omma ongi, shuuriga ta'sir ko‘rsatib kelmoqda. «Zarafshon» gazetasi tahririyati tomonidan nashr etilgan «Samarkand viloyati 2014 yilda» nomli 58 betlik kitobchada bir yilda bo‘lib o‘tgan muhim voqyealar oyma-oy, kunma-kun muntazam qayd etib borilgan. Ushbu ma'lumotnomaga qarab ham vohaning nafasi, tomir urishini anglash, his etish mumkin.

Read more...

INTERNET VIDEOKONTENTI:MUAMMO VA YECHIMLAR

Internet - reallikning ko‘zgudagi aksi, raqamli in'ikosi. U ijtimoiy hayotga yangicha shakl va mazmun bag‘ishladi. Davlat boshqaruvi, ishlab chiqarish, ijod, ta'lim, muloqot singari hodisalar qatorida OAV tizimi ham virtual kenglikdan joy oldi. Ular alohida axborot vositalaridan tarkib topgan ko‘p tarmoqli mexanizm emas, balki tipologik jihatdan qorishiq, uyg‘un mediatuzilmalar sifatida qayta shakllandi. Avval matbuot nashrlaridan boshlangan jarayon keyinchalik radio va televideniyeni ham qamrab oldi.

Ayni vaqtda milliy axborot makonida barcha ommaviy axborot vositalari o‘z veb-saytiga ega bo‘lib, bu resurslardan kontent tarqatishning qo‘shimcha kanali sifatida foydalanmoqda. Shuningdek, faqat veb-kenglikda faoliyat olib boruvchi elektron matbuot nashrlari auditoriyasi ham kengayib bormoqda. Global tarmoq foydalanuvchilariga moslashtirilgan internet-radiokanallar shakllanmoqda. An'anaviy televideniyega muqobil va raqobatchi tuzilma internet-telekanallar OAVning virtual makonga ko‘chish jarayo­nida yakuniy nuqta bo‘lishi kutilmoqda.

Mazkur vaziyatda internet-jurnalistika, veb-dizayn va dasturlash sohalariga ixtisoslashgan yuqori malakali kadrlar taqchilligi sezilayapti. Bu borada asosiy mas'uliyat oliy ta'lim muassasalari zimmasiga tushadi. Shuningdek, jurnalistika ta'limi jarayonida OAV tiplariga ko‘ra ixtisoslashuv bilan bir qatorda virtual makonda ishlab biladigan, universal kadrlarni tayyorlashga ham e'tibor qaratish lozim.

2013 yil may oyida O‘zbekiston hududida internet-foydalanuvchilar soni (mobil Internet foydalanuvchilari bilan birgalikda) 10 milliondan oshdi. Bu mamlakat aholisining 1/3 qismi bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich jadal sur'atlarda o‘sib bormoqda. Demak, kelgusida tashkil etilishi kutilayotgan internet-telekanallar mediamahsulotiga qiziquvchi auditoriyani barpo etish borasida muammoga duch kelinmaydi.

Internet-telekanallar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yana bir to‘siq moliyalashtirish bilan bog‘liq. Shu jihatdan on-line telekanalni tashkil etishda dastlab g‘alati vaziyat vujudga kelishi mumkin. Reklama beruvchilar ishonchini qozonish, kapital jalb qilish uchun resursning ko‘p sonli auditoriyasini asos qilib olish eng samarali usuldir. Biroq bu auditoriyani yig‘ish, saytni “aylantirish” uchun, avvalo, mablag‘ kerak. Bunday vaziyatda dastlabki sarmoya qayerdan topiladi? Boshlang‘ich kapitalsiz ham on-line telekanal faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkinmi? Ha, mumkin. Buning uchun mediaresurs kontentini dastlab videoxostinglar orqali tarqatish va shu orqali doimiy auditoriyani qamrab olish maqsadga muvofiqdir.

Uznet miqyosida tele ham­da videotranslyatsiyalar borasidagi muammolardan yana biri www.mtrk.uz saytining milliy professional televizion kontent tarqatish borasida yagona vakillik resursi ekani bilan bog‘liq. Albatta, O‘zMTRK tarkibidagi telekanallarning umumiy manbaga birlashtirilganligi ko‘p jihatdan ijobiy holat. Jumladan, barcha markaziy teleradiokanallar mazmun-mundarijasi bilan yagona veb-saytda tanishish imkoniyati foydalanuvchilar uchun ancha qulay. Bu vaziyatda teledasturlarni on-line rejimida tomosha qilish yoki videoarxiv materiallarini ko‘zdan kechirish uchun turli resurslarga murojaat qilish shart emas. Biroq mazkur vaziyatda teleradiokanallar ijodiy faoliyatiga oid kamchiliklar yaqqol seziladi. Kontent va uslubning o‘xshashligi, raqobat munosabatlari shakllanmagani singari muammolar shular sirasiga kiradi.

Mazkur sharoitda, eng avvalo, veb-sayt “tashrif qog‘ozi”ga aylanib qolmasligi lozim. Buning uchun esa uni virtual kenglik qonuniyatlariga rioya qilgan holda yuritish, ushbu jarayonga professional veb-dizayner, IT-mutaxassislar, internet-jurnalistlarni jalb qilish darkor.

Uznet videokontentida keng tarqalgan yana bir muammo mualliflik huquqi bilan bog‘liq. Bu ayniqsa, videoxosting hamda kollektor saytlarda keng tarqalgan va quyidagi ko‘rinishlari uchraydi:

Âtelevizion efirdan yozib olingan, boshqa veb-resurslardan yuklab olingan veb-videoning joylashtirilishi;

Âsaytga joylashtirilgan videomateriallarga resurs logotipining qo‘yilishi;

Âvideofayllarni yuklab olish imkoniyatining mavjudligi.

Umuman olganda, mualliflik huquqi masalasi internet miqyosida dolzarb muammolardan biri bo‘lib, huqu­qiy jihatdan uning maqbul yechimini topish ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. O‘zbekiston sharoitida global tarmoq, telekommunikatsiyalar taraqqiyoti va faoliyatining prinsiplariga oid qator qonun hujjatlari qabul qilingan, biroq internet-translyatsiyalarning aynan ijodiy aspektlari milliy qonunchilikda e'tibordan chetda qolmoqda. Shunga ko‘ra, internetda taqdim etilgan mualliflik videokontenti O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 20 iyulda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunidagi audiovizual asarlarga bag‘ishlangan bandlar or­qali tartibga solinadi. Biroq Qonunning 15-moddasida bunday tipdagi asarlarga berilgan ta'rif veb-videoning barcha jihatlarini qamrab olmagani seziladi:

“Audiovizual asar mualliflari (hammualliflari) quyidagilardan iboratdir:

Âsahnalashtiruvchi rejissyor;

Âssenariy muallifi;

Âmuayyan audiovizual asar uchun maxsus yaratilgan matnli yoki matnsiz musiqa asari;

Âsahnalashtiruvchi operator;

Âsahnalashtiruvchi rassom...”

Bu mezonlar jamoaviy ijodiy faoliyatga asoslangan televizion hamda kinokontentga mos bo‘lib, veb-videoning ayrim ko‘rinishlarinigina qamrab oladi. Videoxostinglarga joylashtiriladigan mualliflik materiallarini huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi ochiqligicha qolmoqda. Shuningdek, UTube, Mover hamda MyTube portallaridan video yuklab olish xizmati ham mualliflik huquqi jihatidan muammolidir. Ammo UTube mazkur holatda yuqorida nomi keltirilgan Qonunning 26-moddasini asos qilib, o‘z faoliyatini yuklab olingan materiallarni ta'lim-tarbiya jarayonida ko‘rgazmali vosita sifatida qo‘llash imko­niyati bilan izohlashi mumkin. Shuningdek, MyTubedagi barcha videomateriallarni portal logotipi bilan belgilash mualliflik huquqining ham buzilishi, ham muhofazalanishi sifatida baholanishi ahamiyatlidir. Ya'ni portalni bu o‘rinda ma'lum ma'noda turdosh huquq sub'­yekti sifatida o‘z huquqini himoyalayotgan sanash mumkin. Biroq kontentda mualliflik huqu­qiga zid keluvchi jihatlarning mavjudligi resursni muammoli vaziyatga solib qo‘yadi.

Xullas, Uznet videokontenti qisqa vaqt mobaynida shiddatli tadrijiy taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tib, bugungi kunda unda televizion va videokontent rang-barangligini kuzatish mumkin. YAqin besh yilda mavjud muammolar o‘z yechimini topishi kutilmoqda. Bu borada esa internet audiovizual kontentining huquqiy kafolatlarini yaratish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

 

Gulnoza NAJMIDDINOVA,

O‘zMU jurnalistika fakulteti o‘qituvchisi

DAXLDORLIK HISSI

Jurnalist - jamiyatda kechayotgan voqyeliklarga xolis munosabatchi, mavzuga yondashuvda o‘z qarashlariga ega shaxs. Uning jamiyatga daxldorligi boshqalarga nisbatan ko‘proq hamdir. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda: “Bugungi kunda siyosat haqida gapirganda - siyosatchi, iqtisodiyot haqida - iqtisodchi bo‘lib fikr yuritishni, ma'naviyat va ma'rifat haqida ma'rifatchi, hayotiy-falsafiy muammolar xususida faylasuf bo‘lib bahsga kirishishni - mana shunday yuksak qobiliyat va mahoratga ega bo‘lishni hayotning o‘zi jurnalistlarimiz oldiga eng muhim vazifa qilib qo‘ymoqda”.

Read more...

IJOD HAM BIR SAODATDIR

Yaqinda jurnalistika sohasida “Oltin qalam” X Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov shartlari matbuotda e'lon qilinganini o‘qib, hayajonlanib ketdim. Ikki yil oldin men ham o‘sha tanlovda qatnashib, g‘oliblar qatoridan joy olarmikanman, deb yurgan edim. Nasib etgan ekan, tanlovning matbuot yo‘nalishida mening ishlarimga ijobiy baho berildi.

O chig‘i, oramizda faqat tanlov uchun yozishga o‘rganib qolgan hamkasblar ham yo‘q emas. O‘zini va kasbini hurmat qilgan jurnalist tanlov uchun deb yoki shunchaki o‘tirib yozolmaydi. Ko‘rganiyu ko‘nglidan kechirganini qog‘ozga to‘kmasa, yuragi yozilmaydi uning. Kasbga mas'uliyatni men shunday tushunaman. Bunda jurnalistning hamrohi - qalam, e'tiqodi - so‘z, vijdoni - haqiqat. Bu qalamga “oltin” maqomning berilishi esa jurnalist uchun katta baxt. Bugun men ana shunday baxtiyor jurnalistlar safida ekanimdan xursandman. “Oltin qalam” milliy mukofoti zimmamizga ulkan mas'uliyat yuklashi bilan birga so‘z aytmoq bilan aytmoqning far­qini ham bildirib o‘tyapti.

Read more...

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASLNI SOXTADAN AJRATISH FURSATI KELDI

2017-12-14 12:02:58

FAXRIYLAR E’TIBORDA

2017-12-14 11:54:51

“MUSTAQIL JURNALIST” KIM O‘ZI?

2017-12-14 11:56:37

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.