INTERNET JURNALISTIKAMI?

 

Ommaviy axborot vositalari deganda, gazeta, jurnal, televidenie, radio tushuniladi. Ammo XXI asrga kelib, yangi texnologiyalarning ijtimoiy hayotga kirib kelishi va ommalashuvi OAV turlarining kengayishiga sabab bo‘ldi. Endilikda matbuot, televidenie, radio qatorida “internet” tushunchasi ham keng qo‘llana boshladi.

Internet axborotlarni keng jamoatchilikka yetkazish borasida boshqa OAVdan ildamlab ham ketdi. Albatta, bunda uning barcha turdagi – tasviriy, yozuvli, grafik, audio axborotlarni o‘zida jamlash xususiyati hamda jarayonning tezkorligi nazarda tutiladi.

www.wikipedia.ru saytida ommaviy axborot vositalari atamasi shunday izohlanadi: “Omma­viy axborot vositalari – texnik vositalar yordamida ommaviy informatsiyalarni uzatuvchi tizim”. Bu jihatdan olib qaraganda, internetni mana shunday vositalardan biri sifatida e’tirof etish noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Ammo bugungi kunda to‘laligicha o‘z yechimini topmagan masala bor, ya’ni internetni jurnalistikaning bir ko‘rinishi, deya olamizmi? Ayrim mutaxassislar bu savolga ijobiy javob berishgan. Masalan, tadqiqotchilar A.Kalmikov, L.Koxanovalarning “Internet jurnalistika” asarida bu tushunchaga shunday ta’rif bera­di: “Internet-jurnalistika – bu – yangi, sifatli madaniy hodisa bo‘lib, u o‘zida dolzarb informatsion obrazlarni namoyon etadi hamda bu obrazlarni nafaqat so‘z, balki rasm, surat, kino, video, ovoz, veb-sahifa orqali yetkazib beradi”. Ammo bu ta’rif ko‘proq internetning OAV turi sifatidagi o‘rnini ko‘rsatadi. Chunki jurnalistika atamasining o‘zi ancha keng ma’no-mazmunga ega.

“Jurnalistika (fr. journal – kundalik, jour – kun) – zamonaviy hayotning eng muhim ijtimoiy hodisalaridan biri, ommaviy-informatsion faoliyatning ko‘rinishi bo‘lib, u shaxs­lar, jamoalar va butun jamiyat, shuningdek, turli ijtimoiy sohalar va hattoki avlodlar o‘rtasidagi uzluksiz o‘zaro ta’sirni ta’minlaydi. Jurnalistik faoliyat jarayoni omma uchun muhim bo‘lgan dolzarb axborotlarni to‘plash, qayta ishlash, saqlash va davriy tarqatishdan tashkil topadi”, deb yozadi tadqiqotchi V.Svik.

Internetni jurnalistikaning ko‘rinishi ekanini e’tirof etish-etmaslik masalasidan oldin uni bir necha jihat bo‘yicha tahlil qilib chiqish lozim. Eng avvalo, jurnalistika sohasi o‘z faoliyati davomida bajaradigan vazifalarning internetda qanchalik amal qilishini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Jurnalistikaning eng asosiy va birinchi vazifasi – axborot berish, ya’ni dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida jamoatchilikni boxabar qilish. Matbuot, televidenie, radio orqali uzatilayotgan axborotlar zamirida ushbu vazifaning amalga oshirilishini kuzatish mumkin. Bu jihatdan internet ham ommaga axborotlarni yetkazish bo‘yicha ortda qolmayotganini e’tirof etish lozim. Ayniqsa, yirik axborot agentliklarining internet saytlari – cnn.com, reuters.com, ap.org, upi.com kabilar ancha faoldir.

Jurnalistikaning mafkuraviy vazifasi bajarilishi orqali omma fikri shakllanadi, muayyan voqea-hodisalarga nisbatan munosabat uyg‘otadi. Bu jihatdan olib qaraganda, internetdagi axborotlar ham ushbu vazifani amalga oshirishga xizmat qilayotganini ko‘rish mumkin.  Zero, veb-saytlarda e’lon qilingan yangiliklar, xabarlar qatorida jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan munosabat, fikr, mulohazalarni o‘zida mujassam etgan materiallar ko‘plab kuzatiladi. Shuningdek, internetda jurnalistikaning rekreativ, kommunikativ va shu kabi bosh­qa vazifalari ham bajarilayotganini ko‘rish mumkin. Ammo u jurnalistika sohasi amal qiladigan tamoyillarga bo‘ysunadimi? Tamoyillar nafaqat jurnalistikada, balki barcha jabhalarda muhim. Ular har bir soha faoliyatini tartibga solib turishga xizmat qiladi. Printsip lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, ibtido, boshlanish degan ma’nolarni anglatadi. “Jurnalistning printsipliligi uning faoliyatidagi eng muhim yo‘naltiruvchilardan biri hisoblanadi”, deyiladi “Jurnalistika nazariyasiga kirish” kitobida. Shu tufayli internet faoliyatini bu jihatdan ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

O‘zbek jurnalistikasida bir qancha printsiplar ajratib ko‘rsatiladi. Masalan, xolislik va haqqoniylikka rioya qilish har bir jurnalist uchun majburiydir. Haqqoniylik deganda, auditoriyaga uzatilayotgan axborotlarning faktlar asosiga qurilgani  nazarda tutiladi. Ya’ni bunda yolg‘on, to‘qima, g‘iybat, mish-mish, tuhmatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar jurnalist o‘z faoliyatida bularga yo‘l qo‘ysa, u kasbiy burchini ado etmagan bo‘ladi. Bugungi kunda internetda sayt ochish va u orqali axborot uzatish qiyin ish emas. Shu sababli veb-saytlardagi turli axborotlar orasidan haqqoniylarini ajratib olish murakkablashib bormoqda. Masalan, shou-biznes olamidagi yangiliklarni berib boradigan © Shok.uz saytining faoliyatida bunday holatlarni ko‘plab kuzatish mumkin. “Nilufar turmush qurgani rostmi?” nomi ostida e’lon qilingan matnda shunday jumlalar uchraydi: “Gap-so‘zlarga ko‘ra xonanda hech kimga oshkor qilmasdan nikoh to‘yini o‘tkazib, turmush qurgan emish. Ijodda kamnamo bo‘lib qolganining sababini shunga yo‘yishmoqda”. Saytda bu kabi mish-mish ma’lumotlarning berilishi uning jurnalistika sohasi printsiplariga zid ekanini isbotlaydi. Bu saytni OAV turi sifatida ko‘rsatish mumkindir, ammo jurnalistikaning bir ko‘rinishi deya e’tirof eta olamizmi?

Yoki umuminsoniylik printsipi haqida gap ketganda, inson, uning qadrlanishi kamsitish, kesatiq, haqoratlarga yo‘l qo‘yilmaslik kabi qoidalar nazarda tutiladi. Ammo bugungi kunda buzg‘unchi g‘oyalarni tashuvchi, insoniyat, uning qadriyatlarini tahqirlovchi saytlarni mavjud emas deya olamizmi? Yoxud yana © Shok.uz saytidagi “Jasur Gaipov o‘zi yosh bolayu, lekin qiz farzandlik bo‘ldi... Tabriklaymiz!” nomli yangilikda umuminsoniylik printsipining buzilish holatiga guvoh bo‘lish mumkin. Bunday sarlavhani o‘qigan internet foydalanuvchilarida yangilikka qoldirilgan izohlar orqali ushbu xonandaning yoshi borasidagi taajjublar paydo bo‘lgani kuzatiladi. Aslida esa Jasur Gaipov 1988 yilda tug‘ilgan bo‘lib, uning “yosh bola” deya atalishi ham kamsitish, ham haqorat sifatida qabul qilinishiga olib keladi.

Bundan tashqari, jurnalistikada xolislik (ob’ektivlik) printsipi ham mavjud bo‘lib, bunda har bir voqea-hodisaga nisbatan uning barcha tomonlarini o‘rgangan holda yondashish, shaxsiy xusumat, his-tuyg‘ularga berilish natijasida sub’ektiv qarashlarni omma ongiga singdirmaslik kabi qoidalar nazarda tutiladi. Jumladan, so‘z yuritilayotgan veb-saytda “ Ucellga nima bo‘lgan o‘zi?!” nomli matnda ushbu tarmoq faoliyatidagi kamchiliklar tanqid qilingan, ammo bu tanqidiy fikrlar sub’ektiv bildirilgan bo‘lib, hech qanday fakt va dalillar keltirilmagan.

Internetda bu kabi jurnalistik printsiplarning buzilish holatlarini tez-tez kuzatish mumkin. Jurnalistika o‘z faoliyatini amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalari hamda ularni bajarish jarayonida amal qiladigan printsiplar asosiga qurar ekan, bunday holatlar internet jurnalistikaning bir ko‘rinishi bo‘la olish-olmasligi borasida aniq fikrni aytishga to‘siq bo‘lmoqda. Umuman olganda, veb-saytlarni yaratish, ularni yuritish borasida ma’lum qonun-qoidalar ishlab chiqilmasa, internet faqatgina OAV turi bo‘lib qolaverishi ham mumkin.

 

Kumushbibi ERMAMATOVA,

O‘zDJTU talabasi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.