«FOTOJURNALIST ODAMLARGA HAQIQATNI KO‘RSATISHI LOZIM»

Fotojurnalist Ernest Kurtveliev bilan zamonaviy fotojurnalistika xususida suhbat

 

— Sizning suratlaringiz o‘ziga xos, noodatiy ko‘rinishga ega. Masalan, musiqachilar daraxt shoxida o‘tirgan holda saksofon, pianinochi esa daryo bo‘yida fortepiano chaladi. Bu fotoshopmi?

— Albatta yo‘q. Fotosuratdagi musiqachilar taniqli shaxslar bo‘lib, ularni suratga olish uchun tabiat qo‘yniga chiqdik. Har bir musiqa asbobi biror-bir tabiat ko‘rinishi bilan mos keladi. Shu sababli suratning orqasidagi fon ham shunga mos ravishda tanlanadi. Yulduzlarni shaxs sifatida ko‘rsatishga harakat qilaman. Fotoshop masalasiga kelsak, odamlarni aldashni istamayman. Fotograf, fotojurnalist yolg‘on so‘zlamasligi, aksincha, odamlarga haqiqatni ko‘rsatishi lozim. Masalan, jurnalning muqovasiga surat tushirar ekanman, avvalo, u o‘quvchiga nima sodir bo‘layotganini ham ko‘rsatishi, ham so‘zlab berishi lozim. Sportchini stadionda suratga tushirish hech kimni hayratlantirmaydi. Ammo uni g‘aroyib bulutlar fonida suratga tushirish, uning shaxsini ko‘rsatishga yordam beradi. Men studiyada suratga tushirishni yoqtirmayman, tabiat qo‘ynida, erkinlikda ijod qilishni xush ko‘raman. 

— Fotoreportaj tayyorlash jarayonida qanday yo‘l tutasiz?

— Albatta, bu jarayonga jurnalist ham, fotosuratchi ham aralashishiga haqqi yo‘q. Chunki sodir bo‘layotgan voqea-hodisaning tabiiy rivojini ko‘rsatish lozim. Shundagina axborotdagi, u surat bo‘ladimi yoki matn, xolislik saqlanib qoladi.

— Fotosuratlaringizda harakat, dinamika bor...

— Yaxshi fotosurat avvalo o‘zida harakatni mujassamlashtirishi lozim. Sayohatni xush ko‘raman va qaerda bo‘lmay, aynan o‘sha hudud, xalq, mamlakatga xos, oddiy odam e’tibor bermaydigan detallarni ko‘rsatishga harakat qilaman. Yurtimizni deyarli to‘liq aylanib chiqdim. Ko‘hna shaharlarimiz, qadimiy obidalar, tengsiz ko‘llar, betakror tabiatini suratlarimga muhrladim. Indoneziyaga safarim jarayonida u yerdagi betakror urf-odatlarni, oddiy odamlarning hayotini, jungli o‘rmonlarining salobatini, Yevropa durdonasi Praga shahrining me’morchiligi, Barselonadagi flamenko raqsi, Shimoliy Amerika landshaftining o‘ziga xosligi va go‘zalligini suratlar orqali ko‘rsatishga intildim. Fotografiya dunyoga ob’ektiv orqali boshqa ko‘z bilan qarashga imkon beradi. Masalan, motokrossni olayotganimda, sportchidan kichkina ko‘lmakdan mototsiklini haydab o‘tishini so‘radim. Hosil bo‘lgan suv tomchilari esa suratdagi mototsiklchini boshqacha rakursda ko‘rsatdi. Albatta, harakatdagi jarayonni olish uchun mahorat va ozroq iqtidor kerak, deb o‘ylayman.

— Adashmasam, siz musiqachisiz. Nega aynan fotografiyaga qiziqish musiqadan ustun keldi?

— Ha, ma’lumotim bo‘yicha musiqachiman. Ufadagi fagot sinfi bo‘yicha san’at bilim yurtini tugatgach, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini saksafonchi va dirijyor yo‘nalishida ham o‘qidim. 1988 yili fotoapparat sotib olmaganimda, balki taniqli musiqachi bo‘lib ketarmidim. 13 yosh edim. Tabiatni, jonivorlarni yaxshi ko‘rganim uchun biologiyani qiziqib o‘rganardim, surat chizishga harakat qilardim. Ammo mendan rassom chiqmadi, balki shuning uchun ham uning o‘rnini fotografiya egallagandir. Oliy o‘quv yurtida ta’lim olish jarayonida ham fotografiya qiziqishlarimdan biri bo‘lib keldi. Kursdoshlarim, talabalik hayotini suratga olar ekanman, ilk ijodim gazeta va jurnallarda chop etila boshlanishi, kelgusidagi hayotimni aniqlab berdi. Sinov va tajribalar, xatolar orqali to‘g‘ri rakurs tanlash, suratga olishni o‘rgandim. Bunda menga rangli jurnallar, taniqli fotosuratchilarning ishlari yordam berdi. Fotomodellarning yuzlariga tikilar ekanman, suratchi qaysi tomondan uning yuziga yorug‘lik tushirgan, o‘zi qaysi tomondan turib suratga olganini bilishga tirishardim. Qiziqish asta-sekin kasbiy faoliyatga aylandi. Bundan tashqari, fotografiya yangi bilimlarga ega bo‘lishga ham imkon beradi. Masalan, qushlarni suratga olar ekanman, keyin albatta ularning turi va yashash tarzi haqida ma’lumotlarni izlayman.

— Ko‘proq qaysi janrda ijod qilishni ma’qul ko‘rasiz?

— Fotojurnalistikaning har bir janri alohida fan. Fotojurnalistikaning barcha sirlaridan xabardorman, deya olmayman. Ayni paytda “Yosh kuch” jurnalida ishlayman. Shuning uchun ham sharoitga qarab u yoki bu janrda suratga olaman. Ammo aytishim kerakki, qaysi janrda suratga olmang, xoh u portret bo‘lsin, xoh reportaj, xoh peyzaj, doimo professional texnikadan foydalanish zarur. Menga ko‘proq uyg‘unlik va tabiylik mavjud bo‘lgan janrlar yoqadi. Men reklama yoki fashionni suratga olayotgan bo‘lsam ham, ularni real sharoitda bajarishga intilaman. “Musiqa” nomli loyihamda orkestr bo‘ylab o‘ziga xos “sayohat” uyushtirishni nazarda tutgan edik. Men yosh solistlar, xalqaro tanlovlarning sovrindorlarini turli fasllarda va tabiat qo‘ynida olishga harakat qildim. Masalan, naychini teraklar fonida, barabanchini qora bulut qoplagan, endigina yomg‘ir yog‘ib, ko‘lmaklar hosil bo‘lgan kuz fonida, pianinochimizni esa daryo bo‘yida suratga oldim. Buning uchun royal surat olish jarayoni boshlanguniga qadar o‘sha joyga olib borilgan edi. 

— O‘zbekiston bosma ommaviy axborot vositalarida chop etilayotgan suratlarda nima yetishmaydi, deb o‘ylaysiz?

— OAVda berilayotgan ko‘pgina suratlarda dinamika va yorqin ranglar, hissiyot yetishmaydi. Sobiq sho‘ro maktabining ta’siri hamon seziladi. Fotojurnalist ko‘z ilg‘amaydigan oddiy narsalarni ko‘rsata olishi lozim. OAV uchun olinayotgan har bir surat o‘zida foydali va zarur ma’lumotlarni aks ettirishi kerak. 2000 yili O‘zbekistonga frantsiyalik fotosuratchi Bruno Barbet kelgan edi. U reportajni albatta keng formatda olish kerakligini uqtirgandi. Faqat shundagina auditoriyaga atrofdagi voqea-hodisani to‘liqroq ko‘rsatish imkoni bo‘ladi.

— Kelajakda mahoratli fotograf bo‘lishga ahd qilgan yoshlarimizga nima maslahat bergan bo‘lardingiz?

— O‘qish, o‘rganish va tomosha qilish. Men shogirdlarim bilan muntazam ravishda muzeylarga, art galeriyalarga, fotoko‘rgazmalarga boraman. Ularga nur va soya hamohangligida yaratilgan suratlarning o‘ziga xos jihatlarini tushuntirishga urinaman. Insonning dunyoqarashi qanchalik keng bo‘lsa, ko‘p o‘qisa, o‘rgansa, u shunchalik estetikani yaxshi tushunadi. Suratga olishda axloqiy jihatlarga e’tibor beradi. Har bir kadrni qalban his etadi.

Nargis QOSIMOVA 

suhbatlashdi.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.