ISTIQLOL MADHI — IJOD VA G’OLIBLIK NASHIDASI

Bugungi tinch-osoyishta zaminda Vatan haqida so‘z aytmoq baxti har bir ijodkorga zavq-shavq, ilhom beradi. O‘tayotgan har bir kunda tarix zarvaraqlariga muhrlashga arzigulik bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarining izi bor. Bularning barchasini bor bo‘y-basti bilan qalamga olayotgan ijodkorlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilingan qutlug‘ sana arafasida munosib taqdirlanib, mehnatlari samarasidan mamnun bo‘ladilar.

 

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovi Vatanimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lining zalvorli yutuqlarini keng targ‘ib etish, ularning mohiyatini oddiy, hayotiy misollarda ochib berish, faol ijodkorlarni rag‘batlantirishga xizmat qilayotir. 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu yilgi tanlovga taqdim etilgan ishlarda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oya o‘z aksini topgan.

19 avgust kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan mazkur tanlovning joriy yilgi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyot va san’at namoyandalari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, jurnalistlar ishtirok etdi. 

Tantanada so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahnamoligida ijodkorlarning erkin va samarali mehnat qilishi, iqtidorini to‘la namoyon etishi, odamlar qalbiga yetib boruvchi, ularning tafakkurini boyituvchi yuksak badiiy asarlar yaratishi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini alohida ta’kidladi.

Ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy chora-tadbirlar, qabul qilingan qonunchilik hujjatlari jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi, axborot olishi, matbuotimizning mustaqil bo‘lishini ta’minlamoqda. 

Milliy adabiyot, madaniyat va san’atimizni ravnaq toptirish, uning o‘ziga xos maktab va an’analarini rivojlantirish yo‘lida ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rlik xalqimiz, ayniqsa, navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirish, istiqlol yillarida ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda erishgan yutuqlarimizni jahonga namoyon etishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “O‘zbekkino” milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanloviga taqdim etilgan ijodiy ishlarda yuqoridagi fikrlar yaqqol ifodasini topgan.

— Jannatmonand yurtning qalamkashi bo‘lishning o‘zi bir baxt, — deydi tanlov g‘oliblardan biri, “Urganch haqiqati” gazetasi bosh muharriri Sotimboy Avezov. — Prezidentimiz rahnamoligida xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, matonati tufayli qo‘lga kiritilayotgan, butun dunyoda e’tirof etilayotgan ulkan yutuqlardan har birimiz faxrlanib, boshimizni baland ko‘tarib yashashga haqlimiz. Boshqa viloyatlar qatori Xorazmda ham bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari davom etmoqda. Qaysi go‘shaga qaramang, mamlakatimizning 25 yillik to‘yiga tayyorgarlik avjida. Odamlarning kayfiyatida ko‘tarinkilik, ishonch tuyg‘ulari yaqqol namoyon bo‘layotir. Yurtimizda ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik to‘lib-toshib ijod qilish uchun bir imkoniyat, deb o‘ylayman. Bunday shart-sharoit va bugungi tanlov zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi, yangi ilhom beradi. Har bir qalamkash o‘zi mehnat qilayotgan hudud bilan cheklanib qolmay, butun mamlakat miqyosidagi o‘zgarishlar, voqea-hodisalar haqida so‘z aytmog‘i kerak. “Tolening kulgan davri”, “Bir umrlik quvonch", "Gullab-yashnayotgan shahar”, “Shovotning chinakam fayzli davri”, “Sarbaland bog‘lar” singari tahliliy maqolalarim respublika nashrlarida chop etildi. Ushbu ijodiy ishlarim tanlov hay’atining e’tirofiga sazovor bo‘lganidan mamnunman.  

Tanlovning respublika bosqichiga adabiyot, bosma va elektron ommaviy axborot  vositalari, tasviriy san’at, fotografiya, dizayn, kino yo‘nalishlari bo‘yicha 390 ga yaqin ijodkordan to‘rt ming ish qabul qilingan. Taqdim etilgan asarlarni baholash jarayonida mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochgan Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik ayyomi shukuhi, o‘tgan davr mobaynida shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tobora o‘zgarib, go‘zal bo‘lib borayotgani, shu zaminda yashayotgan insonlarning kayfiyati, ertangi kunga ishonchini, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati va ahamiyatini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga hayotiy, ta’sirchan, sodda va ayni damda samimiy, o‘ziga xos ijodiy yondashuv asosida ochib berilganiga e’tibor qaratildi.

— Mamlakatimiz mustaqilligining 25 yillik shodiyonasi arafasida mana shunday mukofotga sazovor bo‘lish, albatta, har qanday insonga faxr bag‘ishlaydi. Istiqlol yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz hayoti, shu bilan birgalikda, yurtdoshlarimizning taqdirida o‘z aksini topmoqda, — deydi O‘zbekiston teleradiokanali “Madaniy-ma’rifiy va badiiy dam olish dasturlar” muharririyati bosh muharriri, televidenie va radio yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib Shuhrat Hayitov. — Shu haqda yozish, ko‘rsatuvlar, eshittirishlar tayyorlash jurnalistdan alohida mas’uliyat talab qiladi. Bugun ijod ahliga e’tibor yuksak, erkin va samarali ijod qilish uchun sharoit yetarli. Buni birgina telejurnalistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar misolida ham aytishimiz mumkin. Keyingi yillarda yangi teleradiokanallar faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani, ularning moddiy-texnik bazasi zamonaviy tarzda ta’minlanayotgani soha xodimlarini ilhomlantiradi, keyingi faoliyatlarida ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. 

Tanlovning turli yo‘nalishlarida ishtirok etgan g‘oliblarning har biri OAV xodimlarining savollariga javob berarkan, o‘z minnatdorligini, mamnunligini izhor etdi:   

— Foto va dizayn asarlari yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Kamtarona mehnatim yuksak taqdirlanganidan xursandman, — deydi Navoiy viloyati “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi dizayneri Rashid Ahmedov. — Ish faoliyatimni 2010 yilda boshlaganman. Respublikamizda qurilayotgan inshootlar, bunyodkorlik ishlari, turli tantanalar munosabati bilan tashqi dizayn ko‘rgazmalarini yaratishda ishtirok etib kelmoqdaman. Tanlovga 80 ga yaqin asarlarimni taqdim etdim. Ularda jannatmonand yurtimizning go‘zalligi, Istiqlolimizning 25 yillik tantanasi oldidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xalqimizning mamnun chehrasi, ko‘taringki kayfiyati o‘z aksini topgan. Menga bildirilgan bu ishonchni yanada sermahsul ijod orqali oqlashga harakat qilaman...

Tadbirda g‘olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz oldidan ijod ahliga bir olam quvonch hadya etgan ushbu tantana Vatanimizning katta shodiyonasiga ulanib, barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

 

Xolida FAYZIУEVA,

Shohsanam KOMILOVA,

"Hurriyat" muxbirlari

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.