FORBES

Dunyoda shunday nashrlar borki, ularning muvaffaqiyatlari aqlingizni shoshiradi, minglab, millionlab muxlislarga ega. Katta nusxalarda ko‘plab mamlakatlarga tarqatiladi. Shunday jurnal yo gazetada maqolasi chiqishini istamaydigan jurnalist bo‘lmasa kerak.

   

“Forbs” (“Forbes”)  — ana shunday nufuzli nashrlardan biri, Amerikaning moliyaviy-iqtisodiy jurnali. Unga 1917 yilda Berti Charlz Forbs asos solgan. 

Jurnalning shiori – “Kapitalist instrumenti”. Uning shtab-kvartirasi Nyu-York shahri markazidagi Beshinchi avenyu (ikki chekkasiga daraxtlar o‘tqazilgan katta ko‘cha)da joylashgan. Jurnalning ayni paytdagi bosh muharriri nashr asoschisining nabirasi Stiv Forbs, noshiri esa Richard Karlgaard.

Berti Forbs hayotligida u asos solgan jurnal hali nashrlar lideri bo‘lib ulgurmagandi. Negaki, uning “Biznes Veek”, “Fortuna” singari bir qancha yirik raqobatchilari bor edi. Berti Charlz tahririyat xarajatlarini boshqa nashrlar to‘lagan qalam haqidan qoplagan vaqtlari ham bo‘lgan. O‘sha paytlarda “Forbs”ning adadi 100 mingdan oshmagan. Bu esa AQShdek yirik mamlakat uchun kichik tiraj sanalardi. 1928 yilda amerikalik mediamagnat Uilyam Rendolf Xerst ushbu jurnalni 10 million dollarga sotib olish taklifi bilan chiqadi. Berti esa Amerikadagi yagona mustaqil jurnalni saqlab qolishga urinib ko‘rishini aytib, uning taklifini rad etadi. Ha, u bir kun kelib, o‘z nashrining dunyo o‘quvchilari e’tiborini torta olishiga ishongan edi. Sobit e’tiqodi tufayli uning orzusi amalga oshdi... 

“Forbs”, haqiqatan, uzoq yillardan buyon o‘zining muvaffaqiyatli loyihalari bilan mushtariylar diqqatini tortib kelmoqda. Unda biznes yangiliklari, eng yaxshi loyihalar va mahsulotlar, kasod bo‘lgan yetakchi ishbilarmonlar va buning sabablari, taniqli ishbilarmonlarning hayoti va faoliyati, dunyoning eng badavlat kishilari ro‘yxati, eng katta gonorar oladigan shou-biznes vakillari va sportchilar, ularning daromadi va xarajatlari, biznes-nayrangbozlar va PR-tryuklar xususidagi shov-shuvli maqolalar berib boriladi. 

Jahonning korchalon nashrlaridan biri bo‘lmish “Forbs” ushbu mavqega shunchaki erishmagan, albatta. Kuchli kuzatuv, eng qiziqarli va dolzarb mavzular, voqea-hodisalarga bo‘lgan ob’ektiv yondashuv uning reytingi yuqori bo‘lishiga asosiy omildir. Dunyo biznesining har bir yangiligidan doimiy xabardorlik, turli yo‘nalishlardagi reytinglar, ayniqsa, jahon milliarderlari ro‘yxati nashr o‘quvchilarining asosiy e’tiborida turadi. 1918 yili ilk bor yetakchi biznesmenlar ro‘yxati mazkur nashr sahifalarida berilgan. 30 nafar eng boy amerikalik ro‘yxatida Jon Rokfeller o‘zining o‘sha paytdagi 1,2 milliard dollar mablag‘i bilan lider sifatida namoyon bo‘lgan. 

AQShda chop etiladigan auditoriyasi eng katta jurnal “Bloomberg Businessweek” sanaladi. “Forbs” esa undan keyingi o‘rinni egallaydi. Uning har sonida turli kompaniyalar, ularning asoschilari va rahbarlari to‘g‘risidagi 60 dan ziyod tahliliy maqola chop etiladi. Nashrning ingliz tilidagi nusxalarini dunyo bo‘yicha 5 millionga yaqin kishi o‘qiydi. Bundan tashqari, “Forbs” Rossiya, Ukraina, Yaponiya, Braziliya, Polsha, Gruziya, Qozog‘iston, Estoniya, Janubiy va Shimoliy Koreya va Xitoyda mahalliy tilda chop etiladi.

 

X.FAYZIYEVA tayyorladi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.