BIR QADAM OLDINDA

Jasur o‘qituvchilar oilasining to‘ng‘ich farzandi. U sportda ham, ilm-fanni o‘zlashtirishda ham yetakchilardan. Yoshi yigirma beshda – Istiqlolga tengdosh.

 

Tengdosh bo‘lganda ham qutlug‘ sana – 1 sentyabr – Mustaqillik kuni, deya e’lon qilinganidan ikki kun keyin tavallud topgan. Ha, o‘shanda hurlik nafasi xalqimizga bir olam xursandchilik ulashdi. Yo‘ldoshevlar oilasi uchun esa ikki karra quvonchli bo‘ldi.

Mustaqillikka tengdoshlik baxti qahramonimizning bugungi yuksak marralarni baland olib yashashida, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi tomon dadil odimlashida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Bugun u tengdoshlaridan bir qadam oldinda, deyishimizga yetarli asosimiz bor. Ayni paytda Namangan davlat universitetining Amaliy matematika kafedrasida faoliyat olib bormoqda. 

Jasur maktab chog‘laridan kompyuterga qiziqqani bois axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishga intildi. O‘rganish, harakat bilan cheklanib qolmay, bir necha bor shahar, viloyat fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari jadal sur’atlarda rivojlanishi uni bu yo‘nalishda jiddiy izlanishga undadi. 2008 yili Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali talabasi bo‘ldi. U talabalik chog‘idanoq tanlagan sohasini puxta o‘rganishga bel bog‘ladi. Ustozlari, professor-o‘qituvchilar ko‘magida ilmiy izlanishlar olib bordi. Universitetda o‘qib yurgan kezlari Farg‘ona shahridagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabida olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamladi – informatika fanidan o‘quvchilarga saboq berdi. Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, Uchqo‘rg‘on tumanidagi Yangier qishloq xo‘jaligi kollejida ishni davom ettirdi. 

Bugungi davr har bir yoshdan xorijiy tillarni puxta bilish, bilganda ham ikki-uch tilda ravon so‘zlashishni talab etadi. Jasurning ingliz tilini puxta o‘zlashtirgani kollejdagi faoliyati davomida O‘zbekiston va Shveytsariya davlatlari o‘rtasida ishlab chiqilgan “O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasida kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasi a’zosi bo‘lishiga imkon berdi. Seminar-treninglarda ishtirok etishi va sohadagi yangi yutuqlarni o‘rganishida muhim ahamiyat kasb etdi. 

Izlanishdan zavq oladigan, tinim bilmas Jasur Isroilov 2013–2015 yillarda TATU Farg‘ona filialining kompyuter injiniringi yo‘nalishi magistratura bosqichida o‘qidi. U sohaning eng e’tiborli va dolzarb jihatlarini ustozlari Durbek Xalilov, Shuhrat Umarov ko‘magida chuqurroq o‘rgandi. Ushbu davr mobaynida Namangan muhandislik-pedagogika instituti informatika va axborot texnologiyasi kafedrasi mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi Odiljon Jakbarov rahbarligida “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish tizimlarining qiyosiy tahlili va umumlashgan masofaviy dasturiy ta’minotni yaratish” mavzusida ilmiy izlanish olib bordi. Izlanish davomidagi ilmiy maqolalaridan uchtasi respublika hamda bittasi xalqaro miqyosdagi jurnallarda e’lon qilindi.

Jasur hayotimizda axborot texnologiyasiga bo‘lgan ehtiyoj muammolarini bartaraf etish borasida universitetdagi ustozlari, hamkasblari ko‘magida yangi loyihalar ustida jiddiy ish olib bormoqda. Respublika va xalqaro darajadagi ilmiy to‘plam, jurnallarda maqolalari e’lon qilindi.

Yosh tadqiqotchi faqat ilm bilan band bo‘lmay, o‘zini sportga ham baxshida etgan. U shotakan karate-do bo‘yicha 1-dan qorabelbog‘ sohibi. Sportda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan Jasur Isroilov endilikda tuman, viloyat, mintaqa miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda hakamlik ham qilmoqda. 

Fan doktori bo‘lishni astoydil niyat qilgan qahramonimiz kelgusida ortidan o‘zi kabi minglab iqtidor egalarini ergashtira oladi, deya umid qilamiz. 

Jasur va u singari yoshlarning chaqnoq ko‘zlariga boqib, ahdi baland, maqsadi aniq ekanini ko‘rib, Yurtboshimizning yoshlarga qaratayotgan otalarcha g‘amxo‘rliklari meva berayotganiga amin bo‘lasan, ularning shunday xush kayfiyatda kamol topayotganiga boqib, saodatli damlarga ko‘z tegmasin, deya shukronalar aytasan, kishi!

 

Ulug‘bek RO‘ZIMATOV

Namangan viloyati