ULAR HAQIDA BILASIZMI?

Zofka KVEDER 

Sloveniyalik yozuvchi, tarjimon, jurnalist, feministik (burjuaziya sharoitida xotin-qizlarning erkaklar bilan teng huquqli bo‘lishi uchun kurashgan) harakat a’zosi.

 

Zofka 1878 yil 22 aprelda Lyublyana shahrida temir yo‘l xodimi oilasida tug‘ilgan. Otasi bu joyda uzoq ishlolmay, tushkunlikka tushib, oilasi bilan qishloqqa ko‘chib ketadi. Qishloq maktabini bitirgan Zofka Lyublyanadagi monastir qoshidagi maktabda o‘qiy boshlaydi. Har gal o‘qishdan uyga qaytganida esa yoqimsiz holatga duch keladi. Otasi butunlay ichkilikka ruju qo‘ygan, onasi esa najot izlab, dinga berilgandi. O‘n olti yoshli qiz ishlab pul topish uchun bir necha oy uyidan uzoqda bo‘ldi. Avvaliga tanobchiga kotiba bo‘lib ishladi. So‘ng uyiga qaytib, bir muddat yashagach, oila muhitidagi nochorlik, parokandalikdan siqilib, yana ish izlab ketadi. Endi uni Lyublyanadagi advokatlik idorasiga nusxa ko‘chiruvchi sifatida ishga qabul qilishadi. O‘sha yillardan u ijodiy ishga qiziqqan va hikoyalar yoza boshlagan. Uning ilk chiqishlari “Slovenka” ayollar gazetasida chop etiladi. Zofka xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, mehnatga haq to‘lash va oliy ta’lim olishda erkaklar bilan teng huquqli emasligi haqida ko‘proq yozardi. Uning iqtidorini hisobga olib, mazkur ayollar nashrining Triestdagi markaziy tahririyatiga ishga taklif qilishdi. Ammo Zofka Shveytsariyaning Bern universitetiga hujjat topshirish uchun Sloveniyadan chiqib ketayotgandi. Oliy dargohda o‘qiy boshlagan ilmga tashna qiz mablag‘ yetishmagani bois universitetni tashlashga majbur bo‘ldi. So‘ng Myunxen va Pragada bo‘lib, odamlar hayoti bilan tanishdi. Bu kuzatuvlar hosilasi sifatida 1900 yilda uning ilk hikoyalar to‘plami chop etildi. Afsuski, Sloveniya tanqidchiligi kitobni ayollar hayoti bilan bog‘liq muammolarga ortiqcha urg‘u berilganlikda ayblaydi. Biroq to‘plamdagi uchta hikoyani Venadagi «Dokumente der Frauen» jurnali chop etdi.

1906 yilda Zofka turmush o‘rtog‘i bilan Zagrebga ko‘chib bordi va «Agramer Tagnlat» gazetasi qoshidagi «Frauenzeitubg» ayollar ilova nashriga muharrirlik qila boshladi. 1914 yilda Kvederning ilk romani nashrdan chiqdi. Bu gal u asosiy e’tiborini faqat xotin-qizlar muammolariga emas, balki bu nazokat sohibalari hayotini keng qamrovda ochib berishga qaratdi. Uning eng mashhur romani «Hanka» 1917 yilda chop etilgan. Shu yildan boshlab u «Zenski svijet» jurnalini ham chiqara boshlaydi. Nashrda asosan slavyan davlatlaridagi feministik harakat haqida so‘z yuritiladi. Zofka ushbu harakatning liderlaridan biri edi. Bern universitetida o‘qib yurgan chog‘laridayoq Yevropaning taniqli feminist-lari bilan aloqa bog‘laydi. U Sloveniya ayollari assotsiatsiyasi yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlab, ayollar va erkaklar teng huquqliligi xususida so‘z yuritarkan, buni oilalarda targ‘ib qilish zarurligini ta’kidlaydi. 1915 yilda Gaagada bo‘lib o‘tgan Xalqaro ayollar kongressida ishtirok etish uchun delegatlar tayyorlaydi. O‘zi esa homiladorligi bois qatnasholmaydi. 

Taqdir ro‘baro‘ qilgan ikki erkak ham unga xiyonat qiladi va ajrashib ketadi. Turmush zarbalariga dosh berolmay, 1926 yil 21 noyabr kuni vafot etadi. Uni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ko‘plab davlatlardan safdoshlari keldi. Avstriyalik safdoshi Marta Tausk unga shunday ta’rif beradi: “U sobitqadam, jasur va samimiy inson edi. Har qanday yoshdagi xotin-qizlarning muammolari, ularning jamiyatdagi o‘rni uni doimo qiziqtirgan va shuning uchun kurashgandi...”. 

Zofka Kveder asarlaridagi feministik yo‘nalish Yevropa adabiyotining umumiy tendentsiyasida o‘z ta’sirini namoyon qildi. Buni Xedvig Dom, Frantsiski Reventlov, Gabriel Reyter va Ellen Key asarlarida ko‘rish mumkin.

 

X. FAYZIYEVA tayyorladi.