“MEN KO‘RGAN DUNYO”

Har bir davr, jamiyatning jurnalistlarga qo‘yadigan talablari bo‘ladi. Garchand bu talablar sohaga tegishli mumtoz qonuniyatlarni o‘zida ifoda etib, qabul qilingan va belgilangan me’yorlarga amal qilsa-da, unga yondashuv, jurnalistik vazifani bajarishga bo‘lgan intilish, ishtiyoq, maqsad va manfaat har kimda turlicha kechadi. Shuning uchun jurnalistning ijodi sof individual jarayondir. Uning ijtimoiy faoliyati jamiyat bilan, turli OAV, tahririyatlar bilan bog‘liq bo‘lsa ham, avvalo, inson sifatida, fuqaro sifatida, shaxs sifatida jamiyatdagi o‘rni, qolaversa, shu sohaning vakili sifatidagi mahorati ham uning ijodida namoyon bo‘ladi.

 

Ko‘p yillar “O‘zbekiston” telekanali “Axborot” dasturida ishlagan Muhammadjon Obidovning faoliyatiga havas bilan qarardik. U ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy sohalardagi muammolarni dadil ko‘tarib, ularda mavzuni keng va atroflicha tahlil qilar, muammoni keltirib chiqargan omillarni dalillar asosida ochib berib, butun jamoatchilik e’tiborini shu masalaga qaratardi. Uning bir-biridan qiziqarli lavhalari, tahliliy reportajlarini tomoshabinlar katta qiziqish bilan qarshi olardi. Xullas, Muhammadjon aka haqida gapirsa, gap ko‘p. Ammo biz e’tiboringizni “Men ko‘rgan dunyo” kitobiga qaratmoqchimiz. Bu kitob Muhammadjon Obidovning ko‘p yillar davomida o‘zbek jurnalistikasida olib borgan faoliyati mahsuli, ijodiy laboratoriyasining o‘ziga xos hosilasi, ta’bir joiz bo‘lsa, muallif ijodining “qaymog‘i” desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun yurtimizda mingga yaqin gazeta va jurnallar chop etilmoqda. Har kim xohlagan nashrini tanlab o‘qish imkoniyatiga ega. Bu yaxshi, albatta. Ammo jurnalistika sohasini tanlagan, shu maqsadda ta’lim olayotgan yoshlarning katta qismi sohada ko‘p yillar mehnat qilib, uning sir-asrorlari, zahmatiyu mashaqqatini besh qo‘lday biladigan jurnalistlarning ijodidan aytarli xabardor emas, ularning o‘ziga xos maktablari, tili, uslubi, mahoratlaridan bexabar qolayotgani ham sir emas. Bu esa mahoratli ijodkorlarning maktablarini o‘rganishga, mustaqillik davri jurnalistlari ijodi namunalaridan tuzilgan xrestomatiyalarga jurnalistika fakultetlarida ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Ana shunday ehtiyojga javob tariqasida ushbu kitobdan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov uzoq yillar davomida yozgan va turli yillarda mamlakatimiz OAVda e’lon qilingan materiallari, telestsenariylari o‘rin olgan. 

“Men ko‘rgan dunyo” kitobini o‘qish jarayonida, bugun xalqaro jurnalistika fakulteti talabalariga xuddi shunday amaliy qo‘llanmalar juda zarur ekaniga yana bir karra amin bo‘ldik. Negaki, talabalar darslarda ko‘proq nazariy bilimlarni o‘rganadi. Mazkur kitobda esa muallif jurnalistning jamiyatdagi muhim voqealarni yorita olishi, turli manbalardan, fakt va dalillardan foydalanish malakasi, xolis fikr, shaxsiy pozitsiyasini bildirishi uchun mantiqiy tafakkur zarurligi tajribalari misolida ko‘rsata olgan. Jurnalistika fakultetlari talabalari va OAVda faoliyat olib borayotgan yosh hamkasblarimiz uchun amaliy qo‘llanma sifatida chop etilgan “Men ko‘rgan dunyo”  kitobi olti bo‘limdan iborat. 

Birinchi bo‘lim “Xalq farovonligi mamlakat ravnaqi yo‘lida” deb nomlanib, unda mamlakatning turli hududlarida turli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy mavzulardagi dolzarb masalalar qalamga olingan tahliliy maqolalar o‘rin olgan. 

“Xorij safari taassurotlari” deb nomlangan ikkinchi bo‘limda asosan muallifning kasb taqozosi bilan chet elga xizmat yoki shaxsiy safarlar taassurotlari o‘rin olgan. Ularda davlatning o‘ziga xosligi, geografik joylashuvidan tortib, uning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy holati, madaniyati, aholisining turmush tarzi, milliy urf-odat va qadriyatlari aks etgan. 

Kitobning uchinchi bo‘limi “Munosabat” deb nomlanib, unda mamlakatimizga bot-bot axborot xuruji qilib turadigan xorij axborot kanallari, xususan “Bi-bi-si” hamda “Ozodlik” radiosining faoliyatiga munosabat bildirilgan. Ushbu maqolalar mazmunida jurnalistning haqiqiy fuqarolik va kasbiy pozitsiyasi namoyon bo‘ladi. Bo‘limda milliy jurnalistikaning jahon mediamakonidagi ishtiroki bilan bog‘liq masalalar o‘rtaga tashlanadi 

Kitobning to‘rtinchi bo‘limida muallifning turli shaxslar bilan suhbatlari aks etgan. 

Beshinchi bo‘limdan o‘rin olgan ochiq xatlarda esa M.Obidov aniq shaxslarga qaratilgan murojaati orqali sohada uchraydigan kamchiliklarga munosabatini bildiradi. 

Kitobning so‘nggi bo‘limi muallifning televidenieda ishlab yurgan davrlarida tayyorlagan va teletomoshabinlarning e’tiborini qozongan hujjatli filmlari, telereportajlari stsenariylariga bag‘ishlangan. 

Muhammadjon Obidov ayni paytda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari. Jurnalistlarning boshini bir maqsad sari qovushtirib, mahalliy OAVning ijtimoiy hayotdagi munosib ishtirokini ta’minlash borasida ko‘p xayrli ishlar qilmoqda. Tinib-tinchimas jurnalist “O‘zbekiston ovozi” gazetasining viloyat bo‘yicha maxsus muxbiri sifatida ham matbuotda faol ishtirok etib kelyapti.

 

Nazira TOSHPO‘LATOVA,

O‘zDJTU kafedra mudiri,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent