OSHING HALOL BO`LSA, KO`CHADA ICH! AMMO... O`zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi (“Hurriyat”, 2019 yil 22 may) hamkasblarimiz muhokamasida

O`zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi bugun nafaqat mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan OAV vakillari va media ekspertlar, balki keng jamoatchilikning qizg`in muhokamasida turibdi.

 

    Hozir media maydonda istalgan hudud yoki davlatga oid ma’lumotlarni olish unchalik katta muammo emas. Lekin o`sha ma’lumotlar qay tariqa tarqatilmoqda? Kimlar tomonidan tarqatilmoqda? Eng muµimi, xoh u rivojlangan davlat bo`lsin, xoh endi taraqqiyot yo`liga tushgan va tushayotgan yosh mustaqil mamlakat bo`lsin, tarqatilayotgan ma’lumotlar nechog`li xolislik bilan ommaviy nashrlar orqali yoyilmoqda?

Savollar ko`pligi tabiiy. Zero, hozirgi zamonda insoniyat axborot dunyosi, ommaviy kommunikatsiya tushunchalari mutlaqo yangi voqelikka aylanib ulgurgan bir pallada yashamoqda.

Xolislik – jurnalist etikasining bosh talablaridan hisoblanar ekan, shiddatli o`zgarishlar sharoitida mazkur masalaga mumkin qadar oydinlik kiritish zarurati ham mavjud. Chunki real hayotimiz mutaxassislar oldiga qo`yayotgan g`oyat dolzarb muammolar o`z vaqtida o`rganilmas, yechilmas ekan, bunday sustkashlik ham amaliyotda, ham jurnalistika fanida jiddiy asoratlar qoldirishi hech gap emas.

Xususan, xorijiy media maydonida tarqatilayotgan har bir katta-kichik xabar, yangilik, mulohaza mustaqil davlat taqdiri uchun tahdidga aylanishi xavfi yo`q emas. Ommaviy axborot vositalari, axborotni ommalashtirish hamda ommaviy kommunikatsiya vositalari shu qadar xilma-xillashib ketdiki, mavjud holatlar va muammolar yuzasidan maxsus tadqiqotlar yaratish va shu orqali umumiy xulosalar chiqarishga to`g`ri keladi.

To`g`ri, jurnalistika va jurnalistlar uchun ommaviy axborot tarqatish, muloqotga kirishish kabi holatlarda axborot tarqatish odobi mezonlari azal-azaldan mavjud. Jumladan, jurnalistikada haqqoniylik tushunchasi hech bir zamonda, hech bir mamlakatda va holatda o`zgarmaydi. Jurnalist yuksak saviyada ijod qilishi mumkin, lekin haqqoniylikka xilof yo`l tutsa, uning barcha sa’y-µarakati chippakka chiqishi muqarrar.

Kezi kelganda, nimani ochiq aytish va nimani oshkor etishga shoshilmaslik ham jurnalistdan muayyan tajriba, vazminlikni taqozo etadi. Aytaylik, jamiyatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlarni jamoatchilikka yetkazayotgan jurnalist ma’lum ma’noda siyosiy kuch hisoblanadi. Uning talqinida yoritilayotgan voqea keng omma tomonidan qabul qilinar ekan, o`sha voqeaga bevosita guvoh bo`lmagan kishilar jurnalistning axboroti orqali ma’lum tushuncha oladilar, unga ishonadilar. Jurnalist qanday maqsadlardan kelib chiqib axborot tarqatmasin, eng avvalo mazkur ishonchni oqlamog`i zarur.

Shu jiµatdan, internet imkoniyatlari tufayli vujudga kelgan va tobora ommalashib borayotgan «Fuqarolik jurnalistikasi» haqida to`xtalib o`tish darkor. Uning afzalliklari alohida mavzu, lekin axborot etikasi nuqtai nazaridan qaralsa, «fuqarolik jurnalistikasi» jiddiy tashvish tug`diradi. Istagan shaxs istalgan mavzuda va istalgan vaqtda axborot tarqatish vositalariga ega bo`lishi butun dunyoda favqulodda erkin muhitni yaratmoqda. Biroq, bu axborot tarqatgan har qanday shaxs jurnalist degani emas, jurnalistikani soha, kasb sifatida obro`sizlantirishga yo`l qo`yish mumkin degani ham emas.

Ijtimoiy tarmoqlar yoki mobil telefonlar orqali tarqatilgan har bir xabar yoki raqamni jurnalistikaga taalluqli deb tan olish kam deganda, professional darajadagi ijodiy jarayon mahsulini kamsitish bo`lar edi. Zero, olimlar to`g`ri ta’kidlashayotganidek, “internetning vujudga kelishi tufayli ommaviy axborot bilan ishlovchi an’anaviy va professional sub’ektlar – jurnalistlar qatoriga ushbu mashg`ulotning minglab va millionlab ishqibozlari kelib qo`shildilar. Ularning juda ko`pchiligi jurnalist kasbining an’analari va normalari haqida zarracha ham tasavvurga ega emas».

Kasb-korning sir-asrorlaridan bexabar odamni qanday qilib professional deya olamiz yoki u tarqatgan axborotning to`laqonli ishonchli ekaniga umid bog`laymiz? Gap muayyan davlatdagi ajabtovur voqealar haqida bo`lsa-chi? Davlat yoki xalq taqdiri, imijiga ta’sir ko`rsatuvchi yangilikni havaskorlik darajasidagi axborotlardan olishning oqibati nimalarga olib kelishi esa ma’lum.

Onlayn nashrlarning axborot tarqatishdagi tezkorligi zamon va davr talabiga mos. Biroq bunday tezkor rejimda faoliyat yuritish ayni elektron nashrlar jurnalistlaridan yuqori professionallikni talab qiladi. Afsuski, ulardagi barcha materiallar ham matnning ishlanishi til va uslub jihatdan professional darajada tayyorlanmoqda deya olmaymiz.

Shu o`rinda jahon jurnalistikasida xolislik kategoriyasi mustahkam kuchga ega ekanligini alohida ta’kidlab o`tishimiz joiz. 1983 yil 20 noyabr kuni Parijda professional jurnalistlarning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlari a’zolari tomonidan qabul qilingan Jurnalistlarning xalqaro etika prinsiplarining ikkinchi tamoyilida jurnalistning ob’ektiv reallikka sodiqligi, ya’ni, voqea-hodisalarni yoritishda xolislik prinsipini buzmasligi kerakligi qat’iy belgilab qo`yilgan. Demak, hozirgi davrda ham xalqaro media makonda o`zini professional muxbir deb biladigan har qanday shaxs xolislik kategoriyasiga bo`ysunishi shart.

Qayd etilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, “Hurriyat” gazetasida muhokamaga qo`yilgan O`zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi bo`yicha quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin:

 “Milliylik va milliy ma’naviyat” nomli 6-moddaga “jurnalist mamlakatning axborot makondagi nufuziga, uning media imijiga putur yetkazmaydi” deb qo`shib qo`yish maqsadga muvofiq bo`lar edi;

 Kodeksning 8-bo`limida Plagiat kabi dolzarb masalaga alohida e’tibor qaratilgani yaxshi albatta. Bas shunday ekan, ayni paytda ko`chirmakashlikka qarshi kurashishning texnik tomonlarini ham o`ylashimiz lozim. Ya’ni o`zbek tilidagi jurnalistik matnlarni plagiatga tekshiruvchi dasturlarni yanada takomillashtirish va ularni ochiq internet kanallariga joylashtirishimiz zarur;

 Ko`pchilikka taniqli muxbirmi, oddiy jurnalistmi — turli ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum bir voqeaga o`z fikrini bildirar ekan, buni o`zi mehnat qilayotgan OAV tahririyat pozitsiyasi bilan chalkashtirmasligi kerak. Frans-Press va Reyters singari yetakchi OAV muxbirlari ijtimoiy tarmoqlarda aynan shunday prinsipga amal qiladi. E’tiborli jiµati shundaki, G‘arb jurnalistlarining aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda qaysi tahririyatda ishlashini ochiq aytmaydi ham;

 Nazarimizda, Kodeksning tegishli qismiga “asossiz balandparvoz so`zlarni ishlatish, haddan ziyod maqtovlarga berilish, maddohlik va yaltoqlik elementlariga chek qo`yish kerak”ligini ham kiritish foydadan holi bo`lmas edi;

 O`zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi mamlakatimizda jurnalistika ta’limi yo`nalishi bo`yicha faoliyat olib borayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari o`quv dasturlarida to`liq qamrab olinishi hamda talabalar, ya’ni bo`lg`usi jurnalistlar tomonidan atroflicha o`rganilishi kerak;

 Jurnalist kasbining o`ziga xosligi, bir qarashda ilg`ash qiyin bo`lgan nozik talab hamda tamoyillari borki, biz o`zimiz aytayotgan so`zning haqqoniyligi va yeyayotgan oshimizning halol ekanligiga har doim yuksak ishonch bilan yashashimiz zarur.

Shunda, xalqimiz topib aytganidek, halol oshimizni ko`chada ichsak arziydi.

Beruniy ALIMOV,

O`zbekiston Davlat jahon tillari

xalqaro jurnalistika 

fakulteti dotsenti, filologiya

fanlari bo`yicha falsafa doktori.