Xato topgan mukofot olsa-ya!

Dunyoda olti mingga yaqin til bor, lekin ulardan faqat qirqtasigina amalda ekan. Biz uchun eng quvonchlisi, sharaflisi, o‘zbek tili ham mukammallik kasb etgan  shu qirq tildan biridir. Mutaxassislar fikricha,  ona tilimizning to‘liq lug‘atini tuzsak, naq uch yuz ming teran so‘zdan oshishi mumkin. Bu shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek tili g‘oyat boy. Unda istagan fikr, tuyg‘uni, holatni ifoda etish mumkin. Bu esa dunyo madaniyati boyligi ham  hisoblanadi.

 

Ammo, ajabo... bugun — XXI asrning boshida Toshkent ko‘chalaridagi xohlagan bitta shiorga qarang, albatta xato topasiz. Lekin uning yonidagi ruscha  va inglizcha shior rosmana yozilganligi odamni hayratga soladi. Bu nima? Atayin qilishadimi yoki muammo shu reklamalar bilan shug‘ullanadiganlarning o‘zlaridami? O‘zbekcha so‘zlardagi imloviy xatolarni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. 

— Ko‘cha yuziga osiladigan, yopishtiriladigan reklamalardagi  xatolar uchun dizaynerni  ayblash noto‘g‘ri, — deydi reklama agentligi menejeri Yasharbek Rahimov. — Dizayner — ijodiy xodim. U reklamaning yorqinligiga, shakllarning chiroyli joylashuviga va hajmiga javob beradi, ammo undagi so‘zlarni buyurtma berayotgan odam o‘zi tekshiruvdan o‘tkazishi lozim. Buyurtmachining mahsuloti tayyor bo‘lsa, biz tayyor  dizaynni ularga ko‘rsatamiz va “Har bitta so‘zini diqqat bilan o‘qib chiqing. Bo‘ldi, chop etavering” desangizgina ishga kirishamiz deyman. Demak, banerlarda qanday imloviy xato ketsa, bunda reklama tayyorlovchi emas, aksincha reklama beruvchi aybdor bo‘ladi.  Ayni paytda hammaning ham savodi yetarli emas deb o‘ylayman.  Hatto davlat idoralarida yuqori lavozimlarda ishlaydigan buyurtmachilarimiz ham imlo xatolari bilan buyurtma beradi.  

Hamma muammodan o‘zini olib qochadi. Reklama sohasida ishlaydiganlar ham biroz savodli bo‘lishganida, tilimiz uchun jon kuydirishganida, quyidagi xatolarni “o‘tkazib” yuborishmagan bo‘lar edi.   

Katta ko‘chalarda minglab odamning ko‘zi tushadigan maskanlarda  ilingan reklamalarga qarang  va xulosa chiqaring. 

1. Xar kuni 11:00 dan Zigir oshi. “H” bilan “g‘”ning farqiga borilmaydi. (Chilonzor. “Integro” majmuasida); 

2. avto sugurta — Avtosug‘urta;

3. Somsa gushtli — Go‘shtli somsa.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ayni paytda qaysi ko‘chada bo‘lmang, qaysi savdo shoxobchasiga kirmang  o‘zingizni xorijda  yurgandek his qilasiz. Reklama va e’lonlar orasida yakkam-dukkam o‘zbekcha so‘zlar uchrab qoladi, xolos. Hujjatlarga fuqarolarning ism-familiyalari g‘ij-g‘ij xatolar bilan yozilayotganiga nima deysiz? Eng qizig‘i, beparvo xodimlarning bunday qonunbuzarliklar uchun mushugini hech kim pisht demayotgani hayron qolarli. 

Yaqinda O‘zbekiston Xalq artisti Sherali Jo‘rayevning kontserti bo‘lib o‘tdi. Ochig‘ini aytganda, tadbirning o‘zidan ham sahnada yozilgan ism-familiyaning noto‘g‘ri yozilgani   katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.  Hofizning ismi qanday yozilganiga e’tibor qarating:   Sherali Jo‘ravey.  Kontsertning mutasaddi tashkilotchilari bilan bog‘langanimizda, “Bu texnik xato. Ism aslida bir necha daqiqaga ekranga qo‘yilgandi” deya izoh berishdi. Bu “texnik xato” bo‘ladimi, ijodiy xatomi  o‘z nomi bilan xato. Kuni-kecha Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy oldidan o‘tdik va kino afishalarining  reklamasini, ulardagi xatolarni  ko‘rib, hafsalamiz pir bo‘ldi. Hatto film rejissyorining ismini to‘g‘ri yozishmagan: Azamat Axrorov. Aslida esa familiyadagi “x” emas, “h” shaklida yozilishi kerak edi. Yoshlarning bugun “x” bilan “h” harfini farqlay olmasligi bizning eng katta kamchiligimizdir. 

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z bayrami keng nishonlandi. Uning ham turlicha yozilishining guvohi bo‘ldik. 

«Navzur bayramigi muborak bo‘lsin».  Qanday talaffuz qilishsa, shunday yozib qo‘yish qaysi imlo qoidalariga kiradi? Yana biriga ko‘z tashlang “Navro‘zi olam «murak» azizlar! “Muborak” so‘zi sig‘magan bo‘lsa, shu yo‘sinda yozib qo‘yaqolgan shekilli. 

O‘qib qoldim. BAA davlatlari amirligi ko‘chada osilgan har qanday imloviy xatoni topgan insonni rag‘batlantirib borar ekan. Ras-Al-Hayma amirligi iqtisodiy rivojlanish departamenti rahbari Ahmad Ali Balushiy aholiga imloviy xatolarni smartfonlar yordamida qayd etib, boshqarmaga yuborishni iltimos qilgan. Xato topgan pul mukofoti bilan taqdirlanadi. 

Ibrat olsa arziydigan tashabbus. To‘g‘rimi?  

Feruza ZOYIR qizi.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.