“Hurriyat” muxlislari qayerdasiz?

Yangi yilning birinchi oyi yarimlab qoldiki, ammo ko‘pchiligimiz uchun qadrdon bo‘lib qolgan “Hurriyat” gazetasi negadir ko‘rinmay turibdi. Bu muxlislarni tashvishga sola boshladi. Bozor munosabatlariga o‘tish davrida bunday uzilishlar bo‘lib turadi. Negaki, buyog’iga endi ko‘rpamizga qarab oyoq uzatamiz, daromad-buromadimizni hisoblab yuramiz. Dunyoning hamma joyida bor bu qoida.

 

 “Hurriyat” — istiqlolimiz mevasi. Bu gazetani nashr etish to‘g’risidagi hukumat qarorida uni muntazam chiqarish, keyinchalik rus va ingliz tillarida ham chop etish, mamlakatimizda kechayotgan demokratik jarayonlarning xolis ko‘zgusiga aylantirish ko‘zda tutilgan edi. Yangi nashrning nishona soniga katta umid bilan imzo chekkan muharrir sifatida bugungi holatdan boshqalarga nisbatan ko‘proq tashvishga tushayotganimning sababi shunda.

 O'tgan yigirma yildan ortiq vaqt ichida “Hurriyat” o‘z oldiga qo‘yilgan murakkab vazifani bajarish yo‘lida ko‘p ishladi, yaxshi natijalarga erishdi, tanqidiy-tahliliy maqolalari, jurnalistik surishtiruvlari, topilma ruknlari bilan mamlakatimizning o‘qiladigan (shunchaki varaqlab qo‘yiladigan emas), taxlam qilib saqlab qo‘yishga arzirli gazetalaridan biriga aylandi. Gazetaning ko‘psonli muxlislari bilan birga, qalami o‘tkir, so‘zi jur’atli, nigohi zukko mualliflari ham paydo bo‘ldi. Bugun milliy jurnalistikamiz, ijtimoiy publitsistika va boshqa janrlarning ko‘zga ko‘ringan vakillari bo‘lmish ko‘plab faol mualliflarning eng sara maqolalari, ocherk va esselari ayni shu gazetada bosilgan.

 Keyinga olti-etti oy ichida gazeta o‘zining jur’atli yo‘lini yanada mustahkamladi, ichki va tashqi qiyofasini o‘zgartirdi. Mavzularining qamrovi kengaydi. Bundan hammamiz xursand bo‘lib turganimizda, 2019 yilgi obunani tashkil etishdagi ba’zi anglashilmovchiliklar ishning beliga tepdi. Birgina “Hurriyat”chilarga emas, hammamizga tegishli saboq bu! Negaki, gazetxonning ham, jurnalxonning ham didi, talabi oshib bormoqda.Eski andozalar, amal kursisini qimirlatib qo‘yishidan cho‘chib, har jihatdan silliqlangan, tish-tirnog’i olingan, pati yulingan, o‘qisa ham, o‘qimasa ham bo‘laveradigan maqolalar bilan ish bitmaydi. Muhtaram Prezidentimizning har bir chiqishida tanqid va tahlilga, sog’lom raqobatga, fikr-mushohadaga, amaliy takliflar kiritishga, tashabbuskorlikka, bir so‘z bilan aytganda, ijodiy jur’at va ijtimoiy faollikka da’vat bor. Yozma matbuot faqat shu fazilatlari bilangina yashab qoladi, qolganlari safdan chiqadi. Umrining ko‘p va xo‘b yillarini ortiqcha ehtiyotkorlik bilan o‘tkazayotgan hamkasblarim buni, kech bo‘lmay turib, tushunib olishlarini xohlardim.

 “Hurriyat” — hammamizga birday tegishli, birday qadrdon, milliy matbuotimiz ro‘yxatini nomi bilan ham, mazmuni bilan ham bezab turgan gazeta. Uning taqdiriga befarq qarab tura olmaymiz. Unga yordam qo‘lini cho‘zaylik. “Hurriyat”ni o‘qiylik, gazetaga bugungi kunimizning jahon e’tiboriga tushgan yutuqlari haqida qiziqarli, o‘qishli maqolalar yozaylik. Shu ma’noda, eng avvalo, Yozbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga, boshqa ijodiy tashkilotlarga, jamg’armalarga, bevosita Ibrohim G’afurov, Saydi Umirov, Xurshid Do‘stmuhammad, Abdusaid Ko‘chimov, Yoqubjon Xo‘jamberdiev, Karim Bahriev, Umid Bekmuhammad, Mixli Safarov, Hakim Sattoriy, Bekqul Egamqulov, Murod Abdullaev, Farmon Toshev, Olim Toshboev, Isajon Sulton, Rahmon Qo‘chqor, Qo‘chqor Norqobil va yana boshqa ko‘plab peshqadam hamkasblarimga murojaat qilmoqchiman:“Hurriyat” atrofida birlashaylik, ijodiy jamoatni qo‘llab-quvvatlaylik. Obunachilar safini kengaytiraylik.

 Bugun O'zbekiston adolatli ijtimoiy siyosati, yaxshi qo‘shnichiligi, bag’rikengligi, ilm-fani, madaniyat va san’ati, sporti, tinch-totuv hayoti bilan dunyoga chiqmoqda. Bu ro‘yxatga erkin matbuot ham qo‘shilishi uchun qalamlarimizni qayraylik, aziz hamkasblar.

 Ahmadjon Meliboyev,

 “Jahon adabiyoti”

 jurnali bosh muharriri

 Uza 

 

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30

.