«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa jurnalistning xotiralaridan

Jurnalistikaning eshigidan kirganimga, qalam ushlaganimga qariyb yarim asr bo‘lib qoldi. Bir vaqtlar bu mashaqqatli kasbning qattiq noniga goh cho‘chib, goh o‘yga botib qo‘l uzatgan yosh ijodkor sifatida ustozlar xizmatini ertalabdan kechgacha chopqillab bajarib yurgan, orzulari kurtak yozayotgan navqiron qalamkash endilikda sochi oqargan, qalam ushlaganda qo‘llari titraydigan mo‘ysafidga aylanib o‘tiribman.

QISMAT

Gohida do‘stlarim, tanish-bilishlar uchrashuvlarda menga: “Nega jurnalistikani tanladingiz, bu kasbni egallashingiz bolalikdagi orzu-havasning sharofatimi?” — deb so‘rab qolishadi. Ularga har doim bir xil javob qaytaraman: “Jurnalistikaga meni hayotning o‘zi boshlab kirgan. Qolaversa, bu Allohning buyurgani, peshonamga bitilgani shu bo‘lgan...”.
To‘g‘risi, jurnalistikani orzu ham, havas ham qilmaganman. O‘rta maktabni tugatganimdan keyin qishloq fuqarolar yig‘ini qoshidagi kutubxonada mudir bo‘lib ish boshladim. Taqdirimda bitilgani shu ekan, degan xayolga borib, Toshkentdagi Nizomiy nomidagi pedagogika institutining kutubxonashunoslik fakultetiga sirtdan o‘qishga kirdim. Ertalabdan kechgacha kutubxonada o‘tirib, odamlarga kitob tarqatish va ularni yana qaytarib olish bilan shug‘ullanardim. Bo‘sh vaqtlarimda badiiy kitoblarni varaqlardim.
Bir kuni qishlog‘imizda katta tadbir bo‘ldi. Tumonat odam to‘plandi. Taniqli san’atkorlar hayajonli tomoshalar ko‘rsatishdi. Tabriklar, olqishlar selday yog‘ildi. Jamoa xo‘jaligi raisi Yo‘ldosh Qayumov (rahmatli) ancha sevinib: “Bir muxbir bo‘lmadi-da, gazetaga yozib chiqarardi”, deb qoldi. Raisni xursand qilmoqchi bo‘ldim. Qo‘limdan kelgancha qog‘oz qoralab, viloyat gazetasiga yubordim. Haftaning oxirida gazetaning to‘rtinchi sahifasida “Qishloqda hayajonli tadbir” sarlavhali xabar bosilib chiqdi. O‘sha kuni rahbarlardan rahmat eshitib, kayfiyatim ancha ko‘tarilib yurdi. Shu xabardan keyin qo‘limdan qalam tushmay qoldi. Viloyat va tuman gazetalarining har ikki-uch sonidan birida tagiga “F.Haydarov, jamoatchi muxbir” degan imzo bilan maqolalarim bosilib turdi.
Badiiy asar qonun-qoidalaridan butunlay bexabar bo‘lsam-da, o‘zimni ancha savodli, oqu qorani tanigan odam hisoblab, hikoya yozishga kirishdim. Ikki kun ichida “Taqdir” degan narsa bino bo‘ldi. Bunday o‘qib qarasam, yoqmadi. Yirtib tashladim.

YARADAN KO‘TARILGAN HARORAT

Shu orada ko‘nglimni xira qiladigan voqea yuz berdi. Doim itlar bilan o‘chakishib yuradigan qo‘shnimiz “Yo‘lbars” laqabli kuchugimizga katta o‘roq otdi. Charxlanganmi yoki uchi o‘tkir ekanmi, jonivorning biqinidan bir qarich joyini uzib olibdi. “Yo‘lbars” yotib qoldi. Qon esa to‘xtovsiz oqayapti. Dodlab yuborishimga oz qoldi. Ikki hafta davoladik. Qonni to‘xtatdik, dori surtdik. Shu voqeadan ta’sirlanib, qo‘limga yana qalam oldim. Qog‘oz qoralab, teppasiga “Yo‘lbars” degan sarlavha qo‘yib, gazetaga jo‘natdim. Tahririyatdan: “O‘z ustingizda ko‘proq ishlang, izlaning...” degan mazmunda qisqa javob oldim.
Bu ish mening emas, faqat yozuvchilarning qo‘lidan kelarkan, degan o‘y-xayolga bordim. Ancha mahal qalam ushlamay qo‘ydim. Tushkun kayfiyat butun vujudimni egalladi. Faqat ko‘nglim qurg‘ur uyg‘oq. Yana qalam olgim kelaveradi. Yuragimning tub-tubida yaxshi hikoya chiqib qolishiga ishonch g‘imirlaydi. Nihoyat, kattaroq qog‘oz qoraladim. Har bir jumlani, har bir so‘zni “chig‘iriq”dan o‘tkazib, yana tuman gazetasiga yubordim.
Oradan uch hafta vaqt o‘tdi. Na og‘zaki, na yozma javob bor. Umidimni uzdim.
Kechga borib kutubxonaga kutilmaganda jamoa xo‘jaligi idorasi qorovuli Mustafo aka kirib keldi.
— Idoraga borarkansiz, — dedi u, — partiya tashkiloti kotibi Obloberdi Boboev xonasida sizni kutib o‘tiribdi.
— Mabodo melisa-pilisa yo‘qmi? — dedim hazillashib.
— Nega unday deyapsiz?
— Oldingizga solib bormoqchi bo‘layapsiz...
— Xudo asrasin.
Bir oz iymanib ichkariga kirdim. Obloberdi aka avval tilla tishlarini yarqiratib shirin jilmaydi. Keyin o‘rnidan irg‘ib  turdi-da, quchog‘ini katta ochdi.
— Chin dildan qutlayman, Gazetada juda katta hikoyangiz bosilibdi. Endi bir “yuvasiz”.
Butun vujudim ko‘zga aylanib, gazetaga tashlandim. Uchinchi sahifa to‘liq meniki. “Gunoh” sarlavhali hikoyam chiroy ochib turibdi. Xonadan qanday chiqqanimni bilolmadim. Oyog‘im yerga tegmaydi. Go‘yo, ikki tomonimdan ikkita qanot chiqqan.


ESHIK QOQQAN KIM O‘ZI?

Ertasi kuni kutubxonamiz eshigi ochilib, ostonada qora kostyum-shim, oq ko‘ylak kiygan salobatli bir odam paydo bo‘ldi. Ayvoni keng shlyapasi tagidan chiqib turgan qora jingalak sochi uning hali ancha navqironligini bildirib turardi. Quyuq kipriklariga ko‘milgan o‘tkir ko‘zlari sinovchan boqadi.
— “Gunoh”ning muallifimisiz? — dedi u salom-alikdan keyin.
— Ha.
— Men tuman gazetasining muharriri Ergash o‘ulomovman.
— Hush keldingiz.
— Sizni tahririyatga ishga taklif etgani keldim. Ertaga tahririyatda, xonamda kutaman. Rozi bo‘lsangiz...
Otam o‘quvchilik paytimda vafot etgan. Onam  menga, men onamga suyanib qolganmiz. Tuman markaziga ishga ketsam, mensiz ahvoli qanday kecharkan? Otamning o‘limi meni qaytadan larzaga soldi. Ko‘nglim buzildi. Ko‘zlarimdan yoshlar otilib chiqdi. Yetimlik qursin!
Bor gapni aytdim.
Birdan enamning ko‘zlari charaqladi. Kalta, ajin ancha barvaqt muhrini bosgan so‘lg‘in yuzlari bir-ikki silkinib qo‘ydi.
— Nima deyapsan? Nega qiynalib qolarkanman? Xudoga shukur, og‘aynilar, qo‘ni-qo‘shnilar bor. Yolg‘izlatib qo‘yishmas. Bolam, endi baxting ochilibdi. Qara, odamlarga kerak bo‘psan. Axir birovning eshigiga yalinib, yolvorib, ish so‘rab bormayapsan. Taklif etilgan joydan qolmagin. Hurmat-izzat bilan ishga o‘tishda xislat ko‘p...

KITOBNING ORASIDAN CHIQQAN ODAM

Ertasi kuni tahririyatning ikki tabaqali ko‘kimtir darvozasidan kirib bordim. Bir uchi darvoza oldidan boshlanib, ikkinchi uchi to‘g‘ridagi baland binoning tagiga kirib, ko‘zdan yo‘qoladigan uzun, suvlari sharqirab oqadigan beton ariqcha atrofga salqinlik taratib turibdi. Hovli chetidagi ikki ulkan chinor shoxlari eshitilar-eshitilmas shtirlaydi. Kun chiqar tomonda devorlari pishiq g‘ishtdan tiklangan uzun bino ancha uringan, lekin salobatli. Muharrir xonasiga kirib borganimda “T” shaklidagi qalin zangori mato tortilgan stol to‘rida Ergash o‘ulomov savlat to‘kib o‘tirgan ekan.
— Kelishingiz yaxshilikdan darak, — dedi u. — Demak, rozi bo‘libsiz. Bu yerda nimanidir o‘rganasiz, nimanidir o‘rgatasiz. Qalamingiz charxlanadi. Elga tanilasiz... Ketdik, partiya qo‘mitasiga boramiz. Mafkura kotibasi Atomist Ahadovnaga uchrashamiz. Shu kishining chig‘irig‘idan o‘tib, oq fotihasini olsangiz... Tartib-taomil shunaqa.
Tahririyatdagi bo‘sh ish o‘ringa mendan boshqa yana bir kishini taklif etishgan ekan. Ikkalamiz Ergash o‘ulomov boshchiligida kotibaning xonasiga birin-ketin kirdik. U yo‘g‘on gavdasi o‘ziga yarashgan, jilmayib turadigan, istarasi issiq ayol ekan.
Atomist Ahadovna ikkalamizning qisqacha tarjimai xolimiz bilan tanisharkan:
— Bu kishini ishga qabul qilasiz, — dedi Ergash o‘ulomovga meni ko‘rsatib. — Institutda o‘qirkan, kutubxonada ishlarkan, kitoblar ichida yurgan odam...
Yuragimning urishi tezlashdi. Qalbimning eng chuqur tubidan ko‘zimga dunyodagi barcha ayol zotining eng ulug‘i, eng aqllisi bo‘lib ko‘rinayotgan Atomist Ahadovnaga tashakkur tuyg‘ulari yog‘ildi. Uning pastki labining bir chetidan osilib turgan no‘xatday qora xoli, uzun, bug‘doy rang yuziga yarashgan va peshonasida to‘zg‘ib turgan sochlari, hatto, qisib bog‘langan qizil gulli zangori ro‘moli ham ko‘zlarimga muqaddas ko‘rindi.
— Tabriklayman, — dedi Ergash o‘ulomov tashqariga chiqishimiz bilan. — Adabiy xodim vazifasiga qabul qiladigan bo‘ldik. Ertadan ishga kirishing...
O‘sha tong otishini poylab chiqdim. Boshimni uyqu emas, orzu-xayol, o‘y egalladi. Goh muharrirga, goh Atomist opaga ich-ichimdan rahmat aytaman. Ular g‘o‘r bir yetimga nega bunchalik g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi? Ularning yaxshiligini qachon qaytaraman? Bu Allohning inoyatimi? Otam arvohi boshimda charx urib turibdimikan? Meni o‘z bag‘riga tortayotgan omad, muvaffaqiyat uning ruhan qo‘llab-quvvatlashining sharofatimikan?
Ertasi meni yana muharrirning o‘zi kutib oldi. Jamoa bilan tanishtirdi. Devori darvoza bilan tutashgan birinchi xonaga boshlab kirib, ish stolimni ko‘rsatdi.
Xonada bo‘lim mudirlari Rahmon Jo‘raev, Asad Dilmurodov o‘tirarkan. Ularning yonida, uchinchi stolda adabiy xodim bo‘lib ish boshladim. Rahmon aka ancha keksayib qolgan. Ko‘zi ancha ojizligidan bir varaq qog‘ozni katta harflarda besh-olti qator jumla bilan to‘ldiradi. Ko‘pincha materiallarni avval qog‘ozda pishitib yozmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashinkachi qizga aytib ham turadi. Asad Dilmurodov esa qirchillagan yigit. Bir yil muqaddam Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. Kutganimdek, birinchi materialim bo‘lim mudiri, mas’ul kotib va muharrir “chig‘irig‘i”dan yaxshi o‘tmadi. Jumlalarni chizib, o‘zgartirib, qo‘limga qaytarib berishdi. Uni qaytadan ishlashga majbur bo‘ldim.
Bir kuni Beshkon qishlog‘ida yashayotgan mashhur makkajo‘xorikor Hamro Ochilov haqida “Kaftdagi tuproq” degan ocherk yozdim. Ergash aka erinmasdan o‘qidi.
— Ocherkingizdan haqiqiy publitsistikaning hidi kelib turibdi, — dedi quvonib. — Qahramoningizning ichki, tashqi qiyofasini yaxshi chizibsiz. Tasvirlar ham ishonchli. Yaxshi berilgan. Quyosh inson chehrasini yoritadi. Ilhom esa ijodkor qalbiga nur bag‘ishlaydi. Endi
g‘ayrat qiling. Bo‘shashmang...
(Davomi bor.)

Fayzi HAYDAROV

Sarvar MAMBETOV (foto)

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31

.