BIZ QANDAY JURNALISTMIZ?!

Gapning indallosi shuki, jurnalist uchun Vaqt hamisha qadrli bo‘lgan. Undan unumli foydalanilmagan soniyalar boy berilgan hisoblanadi. Xabarning xaridori ko‘p. Shuning uchun jurnalist daqiqalarni ham nihoyatda qadrlashi kerak. O‘z vaqtida yetkazilgan xabarning egasi bo‘lgan jurnalist maydondan g‘olib chiqqan pahlavonga o‘xshaydi. Bu bitta masala. Ikkinchisi — jurnalistikaning kuchi hamisha to‘g‘ri so‘zda. Hamma gap uni qanday aytishda. Quloqqa tosh tiqmaslik kerak. “Yaxshi gapga ilon ham inidan chiqadi” degani aynan jurnalistikaga taalluqli, desak xato qilmaymiz. So‘zni eshitgan odamning ko‘nglida insof, diyonat eshiklari ochiladigan darajada aytishga bugun ehtiyoj katta.

 

Milliy jurnalistikamizni jahon jurnalistikasi bilan solishtirganimizda ayblarimiz yaqqol ko‘zga ko‘rinib qoladi. Eng avvalo farqimiz yalqovligimizda. Ishxonada vazifasini o‘tab, uyga qaytgach, qaysi kasbga daxldor ekanini unutib yashaydigan hamkasblarimiz ham yo‘q emas. “Biz unday emasmiz”, deya oldindan bolta ko‘tarib chiqadigan hamkasblar shoshmay turishsin. Tan olishimiz kerak, biz haligacha sohaning ilg‘ori, tashabbuskori, uning himoyachisiga kerak darajada aylana olganimiz yo‘q. Har bir jurnalist kasbimizning obro‘sini oshirishga xizmat qilishi, lozim bo‘lganida uni himoya qilishi shart. Hozircha bizni boshqa kasb egalari nomigagina, davrasida ishtirok etayotganimizdagina hurmat qilishadi. Bunga o‘zimiz sababchi. Kasbimiz obro‘sini shu darajaga tushirib qo‘ydik. Aniqrog‘i, o‘z muxlislarimizni qanoatlantiradigan, izlab o‘qiydigan jurnalistik asarlarni yarata olayotganimiz yo‘q. Agar biz kasbimizni mukammal egallaganimizda jamiyatdagi bugungi nuqsonlar — poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, mahalliychilik, odam savdosi, fohishabozlik, giyohvandlik, bir so‘z bilan aytganda, korruptsiya tup qo‘yib, palak yoymagan bo‘lardi. Har bir jinoyatning ortida inson omili mavjud. Biz esa ularning basharasini ochib bera olmayapmiz. Jahon jurnalistikasida bunday emas. Qo‘lidan mikrofonini yulib, otib yuborishgan taqdirda ham vazifasini bajarishdan qaytmaydi. Yoki jonini tahlikaga qo‘yib bo‘lsa-da, burchini o‘tab qaytadi. Bularning barchasidan shu paytgacha ko‘z yumib kelayotganimiz bizning murosasozligimizning achchiq mevalaridir.

Kasbiy no‘noqligimiz bois milliy jurnalistikamizda barcha janrlarni o‘ldirib, ustidan qalin tuproq tortib yuborildi. Jurnalistika ilmi inqirozga uchragan. Bori ham nochor. Ilmiy unvon uchun amalga oshirilgan tadqiqot ishlaridan nariga o‘tilmayapti. Ustoz jurnalistlarning ijod laboratoriyalari o‘rganilmayapti. Axir ularning turgan-bitgani tajriba-ku! Tayyor darslik. Men janrlarni dasturxondagi shirindan-shakar nozu ne’matlarga qiyoslayman. Tasavvur qiling, har kuni, ertayu kech dasturxonda nondan boshqa narsa bo‘lmasa, qanday holatga tushasiz. OAV ham ma’naviy dasturxon. Unda noz-ne’matlar qancha ko‘p bo‘lsa, matbuot shuncha farovonlashadi. Hali ham kech emas. Janrlarni tiklash, ularning har birida qalam tebratib ko‘rishimiz nihoyatda zarur. Bu jabhada jurnalistik janrlarni yaxshi o‘zlashtirgan ustoz hamkasblar namuna ko‘rsatishsa yaxshi bo‘lardi. Qolaversa, bosh muharrirlarimiz tashabbuskor bo‘lishlari bu muammolarni tezroq bartaraf etishga olib kelardi. Jurnalistikada janrlarning vaqti o‘tgan, degan gaplar quruq bahona. Janrlar jurnalistikaning quvvati, joni, fayzi hamdir. Bugungi OAVga nazar tashlab ko‘ring. Birinchi sahifadagi material bilan ikkinchi sahifadagisining farqi yo‘q. So‘nggi sahifalar ham shunday. Bir xil qolipdagi materiallar... Demak, yozish uslubimizda ham qusurlar ko‘p. Jurnalistika, avvalo badiiy ijodning bir ko‘rinishi. Havas uchun ham lavha, reportaj, ocherk kabi dilkash janrlarda qalam tebratib ko‘raylik, axir. Ana unda ko‘rasiz, muxlislarning ortishini. O‘zlari sizga qo‘ng‘iroq qilib yoki xat yozib, minnatdorlik bildirishadi. Ommaga yetkazmoqchi bo‘lgan muhim xabar yoki axborotni aynan boshqa janrlar orqali ham yetkazsa bo‘ladi. Janrsizlik gazetalarimizning hammasini og‘ir anemiya holatiga solib qo‘ygan. Bu darddan tezroq qutulish kerak. 

Endi kasbga tayyorlash haqida ikki og‘iz so‘z. Biz o‘quv yurtida tahsil olganimizda mantiq, falsafa, etika-estetika fanlaridan saboq berilardi. O‘shanda kasb odobi haqida tasavvurimiz boyitilardi. Bo‘lajak jurnalistni ruhan kasbga tayyorlash (faqat yozishga emas), jamoat joyida qanday kiyinish, o‘zini qanday tutish, respondent bilan qanday muloqot o‘rnatish, axborot olish usullari masalasida bahs va munozaralar ko‘p bo‘lardi. Nazarimda, kasb axloqi degan birikma juda qo‘pol. Kasbga nafosatdorlik nuqtai nazaridan yondashgan ma’qul. Go‘yoki axloqimiz shu darajada pastu kimlardir o‘z qarashlari bilan bizni tarbiyalamoqchiday. Shu bois ham kasb axloqi kodeksini jurnalistni chegaralovchi, qolipga soluvchi vosita deb hisoblayman. Uni Kasb etikasi deb atagan ma’qul. Bu bilimni qancha bo‘lsa, o‘quv jarayonida berish kerak. Qolaversa, Kodeks so‘zi huquqiy termin bo‘lib, o‘ziga xos taqiqlovchi ottenkaga ega. Jurnalistga uni qilma, buni qil, degandek vazifalar qo‘yadi. Ogohlantiradi. Yaqinda jurnalistlarni huquqiy jihatdan himoya qilishi kerak bo‘lgan bir hujjatda “Jurnalist o‘z faoliyati davomida amaldagi qonunlarni buzgan taqdirda jazolanadi” degan mazmundagi jumlaga ko‘zim tushdi. Vaholanki, ushbu hujjat jurnalistni huquqiy jihatdan himoya qilishi kerak edi. Qo‘rqitish, ko‘zining o‘tini olib qo‘yish emas. “So‘zdan so‘zning farqi bor” degan iborani unutmaylik. Har qanday ogohlantirish chegaralashdir. Professional jurnalistni cheklab bo‘lmaydi. Qancha saboq berilsa, partalar ortida bo‘lgani ma’qul. 

Keling, yozganlarimiz o‘quvchilarni qiziqtiradimi-yo‘qmi, buni o‘ylab ham ko‘rmayotganimizni tan olaylik. O‘zimiz sezmagan holda “tepa”ga yoqadigan material yozishga moslashib qolganmiz. Endi esa, yozganlarimiz hayot haqiqatidan shunchalik uzoqlashib ketdiki, nafaqat tepa, hatto o‘zimiz ham bunga ishonmay qo‘ydik. Shunday ekan, albatta o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtiradigan boshqa narsalarni izlashga majbur bo‘ladi. Vaholanki, o‘quvchilarda ham qalb bor. Ular bilan aloqa o‘rnatilmagan. Gazetalar esa savdo do‘konlarida xirmon-xirmon bo‘lib yotibdi. Katta yo‘qotishimiz shunda. Bu kamchiliklarni qancha tez anglasak, shuncha yaxshi bo‘lardi.  

Bu holatlardan chiqib ketishning yo‘llari topilgani rost bo‘lsin. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Oliy Majlisi parlamenti va xalqimizga qilgan tarixiy murojaatida Milliy media makonda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy axborot vositalari universitetini tashkil etish, uni zamonaviy kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlash, sohada ta’lim oladigan bo‘lajak jurnalistlarni dunyo standartlari darajasida tahsil olishlarini ta’minlashni vazifa qilib qo‘yganlari soha xodimlariga katta quvonch, kelajakka ishonch bag‘ishladi. 

Haqiqatan, Jurnalist kim? U qanday bo‘lishi kerak?! Mening nazarimda, jurnalist mamlakatimiz mudofaa tizimida chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlab turgan askarlarimiz kabi, postida doim hushyor ma’naviyatimiz qo‘rg‘oni qo‘riqchilaridir. Shunday ekan, bu oliy dargohni tashkil etish jarayonida ana shu me’yorlardan kelib chiqib, soha oldida turgan barcha muammolarni hal etish choralarini ko‘rishga ko‘p narsa bog‘liqdir. Bunda ko‘pgina jihatlar hisobga olinishi kerak, albatta. Masalan, mamlakatimizda tezkorlik bilan rivojlanayotgan internet jurnalistikaning ayrim unsurlarini, deylik, oshkoralik, dadilligini o‘ta aniqlik va xolislik bilan boyitgan holda rivojlantirish, ta’lim tizimini sohani chuqur o‘rgatishga qaratilgan darsliklar, qo‘shimcha adabiyotlar, texnik jihozlar bilan ta’minlashga qaratilgan loyihalar asosida takomillashtirish, xorij tillarini yaxshi o‘zlashtirishga erishgan talabalarni birinchi, ikkinchi kurslardanoq kamida bir oy xorij OAVda, o‘quv muassasalarida malakasini oshirishni qat’iy amalga oshirish va uning natijadorligini nazorat qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish qisqa muddatda o‘z samarasini beradi, albatta. Qolaversa, talabalarni bir xonaga jamlab, ulardan “ixtisoslashgan” jurnalist yasashdan ko‘ra, sohalarda ishlab tajriba orttirgan yozarmanlarni faoliyatga jalb etish ko‘proq samara berishiga ishonishimiz kerak. 

Bo‘lg‘usi hamkasblarimizni sohalarda amaliyot o‘tashga ko‘niktirish kerakdir, balki. Hozir hamma tashkilot va idoralarda axborot xizmatlari mavjud. Amaliyot ishi uchun mas’uliyatni oshirish judayam zarur. Bu ham natijadorlikka erishishning bir yo‘li. Iqtidorlilar ko‘chada qolmaydi. Ularning xaridori ko‘p. Jurnalistika sohasida malaka to‘plash uchun uzoq vaqt kerak bo‘ladi. Ba’zan talaba yetarli darajada shakllanmagan ijodiy muhitga tushib, ko‘p vaqt yo‘qotishi mumkin. Yana bir muhim jihat — ustoz-shogirdlik an’analari bilan bog‘liq. Bu qadriyatni davom ettirishda “Ustoz-shogird” klublari qo‘l kelishi, shubhasiz. Masalan, men ustozlarimning faqat kasb sir-sinoatinigina o‘rganish maqsadida emas, balki insoniy fazilatlari yuqori bo‘lgani uchun ham baridan tutganman. Talabalik davrimizda, tahsil davomida Ochil Tog‘aev, Boybo‘ta Do‘stqoraev, Tohir Pidaev, Muxtor Xudoyqulov, Saydi Umirov kabi o‘z ishining fidoyilaridan saboq olib, kasb egallagan bo‘lsam, keyinchalik, faoliyatga kirishganimdan so‘ng, taniqli noshir, professor Naim o‘oyipov, Xalq yozuvchisi Mirmuhsin, Oqiljon Husanovlar, Murod Muhammad Do‘st, Mamatqul Hazratqulov, Erkin A’zam kabi zabardast qalam sohiblaridan ko‘pgina xislatlarni orttirib qad rostladim. Ulardan behad minnatdorman. Bu insonlarning yuzlariga tushgan ajinlarni ko‘rganimda, ulardan bittasini no‘noqligim bois, men orttirganimdan afsusdaman. Endilikda ustozlarimning egniga gard qo‘nsa, qoqishga tayyorman. O‘tganlarining oxirati obod, borlarining aziz boshlari omon bo‘lsin.

Kasbimiz sururli. Hatto o‘zimizning bayramimiz bor. Bu juda katta gap. Ana shu kasb meniki deb e’zozlaganlarga, uni yanada rivojlantirish va takomiliga hissa qo‘shayotganlarga olqishlar bo‘lsin!

 

O‘.MIRZAYOROV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.