“Men istagan hayot olddadir”

 She’riyat insonning ichki dunyosi, qalbining tub-tubiga olib kiradigan sirli olam! Iztirob. Og‘riq. Bedorlik. Bedorlikdan olingan ruhiy quvvat. Ana shu kuchdan aqlimiz, xayolimiz, tafakkurimiz tiniqlashib boraveradi. Qaniydi, hamma ham dunyoga bir lahzagina shoir nigohi bilan qarasa, hayotdan zavqlanib yashardi. Tiriklik mo‘’jizasi ham aynan – shunda! 

 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Men o‘zim, o‘zim” nomli she’riy to‘plamini o‘qib chiqib, so‘z yo‘lining og‘irligini yana bir bor his qildim.

 Ustoz adibning tarixiy romanlarini o‘qiganman. Publitsistik chiqishlarini kuzatib boraman. “Men o‘zim, o‘zim”ni qo‘lga olishim bilan dastlab kitobning nomlanishi e’tiborimni tortdi. Nega endi – O‘ZIM? She’rlariga ko‘z yugurtirishim bilan «Bu dardli yurakka qayda davo bor...» misralaridan keyin angladimki, inson o‘zini topmasdan turib, boshqalarni anglashga ojizlik qilarkan? Shoir she’rlaridagi soddalik va samimiyat har qanday she’rxonni o‘ziga rom etadi. Aslida ham she’rda hamma narsa – ko‘z yoshidek tiniq, ko‘ngildek top-toza, dil izhoridek tabiiy bo‘lishi kerak.

Suvga tushgan tosh kabi beg‘am,

Beparvoman, koshki desam dod.

Qismatimiz shu ekan sanam,

Qoq ikkiga bo‘lingan hayot.

...QISMAT! Peshonaga bitilgan YORLIQ, bundan ortig‘ini bermagan HAYOT, ko‘ngilsiz yashashga ko‘nmagan KO‘NGIL va yerga tushishni istamagan RUH! U uchun qanchalar olovlarga kirsang ham yoningdan hissizgina o‘tayotgan va butun hayotingni qoq ikkiga bo‘lib yuborgan VAQT iztirobi. Buni shoir yurakdan his etgan sari qalbdan kechayotgan hissiyotlarni inkishof qila boshlaysan, kishi.

Bilolmayman ne bo‘ldi o‘zi,

Nechun endi biz boshqa-boshqa.

Nechun sening qizarmas yuzing,

Nechun men g‘arq bo‘lmayman yoshga? 

She’r topishmoq yoki masal emas, ko‘ngildan to‘kilgan izhor. Ikki kishining g‘oyibona suhbati. Ehtimol, nechun, nimaga degan savollar she’rning nozik tizmalariga og‘irlik qilar, aniqrog‘i, hayajonlarimizni sindirib yuborar. Lekin inson o‘z dunyosidan katta olamlarga chiqishi, qalbida kul bosgan hayratlarni alangalatishi, yurakdan yonishi, ha, shoirni yondirgan buyuk DARDlar bilan yonishi uchun bedorlik kerak. Ushbu she’rning beshinchi bandidagi satrlarni ham ichki bir g‘alayon, beozorgina iztirob, lekin ulkan bir isyon bilan o‘qiysiz:

Men yuragim zax yerga berib,

O‘rtansam-chi, qolgandek g‘amda!

O, qaniydi senga yolvorib,

She’r yozsaydim hech bo‘lmaganda!...

Adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev ijodiy uchrashuvlarning birida agar kitobning ichida o‘n-o‘n beshta yaxshi she’r bo‘lsa, demak, uni tortinmasdan o‘quvchilar hukmiga havola etish kerak, degandi. Rostdan yaxshi she’r har doim tug‘ilavermaydi. So‘zni teran his qilgan ijodkor qalbidagi tuyg‘ularni qog‘ozga to‘kish uchun necha tonglarni bedor o‘tkazadi, agar biror satri ko‘nglidagidek chiqmasa, qanchalab qog‘ozlarni g‘ijimlab tashlaydi. Qo‘limizni kuydiradigan ko‘pgina kitoblar ana shunday mashaqqatli mehnatlar evaziga dunyoga kelgan. “Men o‘zim, o‘zim”da ham ishtiyoq bilan o‘qiladigan she’rlar ko‘p. 

Men istagan hayot hali olddadir,

Mehri bilan, qahri bilan jambuljam.

Ba’zan yurak qurg‘ur o‘zni aldaydi,

Deydi: “Mana, o‘sha hayot, o‘sha dam!”

Yo‘q... Hislarim yana olis yo‘ldadir,

Birga yurak qo‘rquvi ham daldasi.

Men istagan hayot hali olddadir,

Bugunisi faqat uning va’dasi.

Nega orzular ushalmasa ham hayotimizni to‘ldirib turadi? Nima uchun undan umid uzolmaymiz? U qanday ilohiy tuyg‘uki, his qilgan sari ruhimiz balandlab boraveradi, yorug‘ kunlarga intilamiz, ilk nafasimizdan to qabrgacha biz bilan birga bo‘ladi. Shoirning “Men istagan hayot...” satrlari bilan boshlanadigan “Yuragim” turkumi ham o‘z kechmishlarimiz bilan yuzma-yuz qoldiradi. 

Sen bir sharob – 

qadahdagi lolagun,

Lim-lim to‘lgan, 

to‘kilmoqni bilmagan.

To‘kilsa ham to‘kilmagan 

men uchun,

Qatrasi ham menga nasib qilmagan.

Yoki:

Ul parivash bu chamanning 

bir guli xandonidir,

Ko‘zlari yulduz esa, 

zangor ro‘mol osmonidir.

Mahbus o‘lmoq istasang gar, 

kel, anga ko‘ngilni ber,

Vah, aning qalbi 

Buxoro Arkining zindonidir!  

Bu satrlar sharhsiz ham tushunarli, ko‘nglimizdan munosib o‘rin olishga haqli, deb o‘ylayman. Adabiyotga butun umrini bag‘ishlagan, barcha ijodini ma’naviyatimizni boyitishga qo‘shayotgan hissam deb bilgan ijodkor Muhammad Alining she’rlari qalbimizga nur, ruhimizga quvvat beradi.

Xulosa o‘rnida, muallifning kitob so‘zboshisida keltirgan so‘zlaridan bir iqtibos keltirib o‘tishni o‘rinli bildim: “...Ba’zan o‘ylab qolasan, kishi. Nima uchun she’r yoziladi yoki kengroq yondashilsa, umuman, ijod qilinadi?  Bunga qanday ehtiyoj bor? Ko‘p mavjud aniq fanlar insonning mehnat faoliyati, moddiy hayoti bilan bog‘liq, ularni chuqur o‘qib-o‘rganib bo‘ladi, turli tansiq va mo‘’tabar kasb egasi maqomida to‘kin-sochin hayot kechirish mumkin. Lekin ijod ruhi bilan bog‘liq narsa, ruh moddiy emas, uning olami boshqadir, shu sababdan ham uni o‘qib-o‘rganish mushkul, uni faqat his etish mumkin. Ijod qilish salohiyati insonning zuvalasida bo‘lmog‘i lozim. Xudo bergan salohiyatiga beparvo qarab, vaqtni bekor o‘tkazish inson uchun kechirib bo‘lmas gunohdir... Odatda biron asar yozish fikri paydo bo‘lsa, o‘sha fikr, g‘oya yozilajak asarning shaklini ham o‘zi bilan olib keladi. Biri she’r bo‘ladi, boshqasi roman yoki publitsistik maqola... Tariximiz, hayotimizning dolzab muammolari haqida qalam tebratishni yaxshi ko‘raman. Xalqimizni hamisha ko‘ksi baland bo‘lib yurishini, hech narsadan kam emasligini ko‘rsatishni istayman...”.

Adiba UMIROVA