O‘G‘RINING HIKOYASI

O‘shanda o‘n ikki yoshda edim. Sinfdoshim Rasul bilan maktabdan qaytayotgandik. U o‘qishga qiziqmas, qayoqdagi oldi-qochdi gaplarga, afsonaviy, favqulodda narsalarga ishonar, tasavvuridagi mo‘’jizalarga qiziqar, bo‘lgan-bo‘lmagan voqealarni gapirib yurardi. Bezoriligi ham bor edi. Mening fe’lim unikiga umuman o‘xshamasa ham, u bilan doim birga maktabga borib-kelardik.

 

 Balki, menga har xil mo‘’jizalar haqidagi gaplari yoqqandir. Shu sababmi bu oddiy odat ko‘nikmaga, ko‘nikma esa istakka aylanib qolgan edi. Xullas, uning suhbatiga qiziqardim. To‘g‘ri, gaplarining ichida yolg‘oni ko‘p edi. Lekin baribir ich-ichimdan ishonardim. Men ustozdan besh olsam, u hech qachon menga ichiqoraliq qilib, yomon ko‘rmagan. O‘zi ikki olsa, xafa ham bo‘lmas edi. Menga uning toza ko‘ngilligi yoqardi. U ayni damda jag‘i tinmay har xil uydirmalarni so‘zlasa-da, o‘zi ham juda ishonuvchan edi. Qolaversa, men uning hikoyalarini tinglashga majbur edim: uyimiz qo‘shni, maktabda birga o‘qiymiz, birga yurishga mahkumman.

Maktab bilan uyimiz orasi ancha uzoq edi. Bu oraliqda unchalik uylar yo‘q. Faqat, atigi uch joyda juda katta chinor daraxti bo‘lardi. Shu daraxtlar soyasida ozroq soyalab, so‘ng yo‘lda davom etardik. 

Bir kun maktabdan qaytayotgan edik. Kun issiq, quyosh odamni yondiraman deydi. Rasulning dadasi katta ishda ishlaydi. Ko‘p xizmat safariga ketar, qaytishida o‘g‘liga yo shim, yo tufli olib kelardi. Rasul esa ularni maktabga kiyib borar va hammaga maqtanardi. O‘ziga to‘q xonadonning bu arzandasini dimog‘dor deb bo‘lmas, shunchaki bir qop yong‘oqdek beg‘araz, maqtanishni yaxshi ko‘radigan bir bola edi. 

Mana, kecha dadasi xizmat safaridan o‘g‘liga shim olib kelgan, maqtanib: 

– Qara, dadam olib keldi. Bu juda qimmat, — derdi Rasul. Men ham gapini ma’qullab: 

– Chiroyli ekan, – deb qo‘ygandim. 

Shunday yo‘lda ketayotib, birinchi chinordan o‘tdik. Ikkinchi chinorga yetganimizda, soyada bir keksa chol oppoq kiyimda turardi. U bizni anchadan buyon kutayotganini aytdi. O‘tirgan joyidan hassasiga suyanib zo‘rg‘a turib, daraxtdan ushlab, bizga qaradi. 

– Eh, bolajonlarim, qismatlaring shul ekan-da, ikkalang ham kelajakda o‘g‘ri bo‘lasizlar. Inson taqdirini o‘zgartirib bo‘lmaydi, – deb daraxt orqasiga o‘tib ketgandi. 

– Yo‘q, men o‘g‘ri bo‘lmayman. Shifokor bo‘laman. Siz kimsiz? Nega unday deyapsiz? – dedim va izidan daraxt orqasiga o‘tsam yo‘q edi. Uchib ketdimi, yerga kirib ketdimi bilmay qolgandik. Rasul joyida turib, qimirlay olmay qolgandi. Hali-hanuz o‘ylayman, nega Rasul ikkalamizga ham bir gapni aytdi, «o‘g‘ri bo‘lasan» dedi-ya. Ha, qari chol valdirayveradi, deb ham bo‘lmasdi. Nega birdan g‘oyib bo‘ldi? Rasul ishonuvchan emasmi, o‘z taqdirini oldindan bilganidan keyin haykaldek qotib qoldi. Uning ko‘zlari bir nuqtaga tikilib qolgandi. Mening yig‘lagim kelib, o‘pkam to‘lib-toshardi. So‘ng bor ovozim bilan baqirdim. 

– Yo‘q, men o‘g‘ri bo‘lmayman. Mana ko‘rasiz, shifokor bo‘laman! 

So‘ng Rasulga qarab, “ketdik” dedim. Men oldinda, u esa ortimda yurishga madori yo‘q bemordek asta yurib borardik. Ikkalamiz uyga borguncha bir-birimizga bir og‘iz ham gapirmabmiz. Ikkalamiz ham uy-uyimizga kirib ketdik. Men uyga kirib o‘ylab o‘yimga yetolmasdim. Yo‘q, bunday bo‘lmaydi, deb o‘zimni ishontirar edim. Men kelajagimni o‘zgartiraman deb o‘zimga va’da berdim. Uydagi kitoblarning hamasini bir joyga yig‘dim va o‘qishga kirishdim. Kun uzog‘i kitob o‘qidim. Kechqurun ham sham yorug‘ida kitob o‘qidim. Ota-onam bu holatimdan hayron edi. Ertasi kuni maktabga bordim. Ammo Rasul bormadi. Ustoz mendan nega uning kelmaganini so‘radi. “Bilmayman” deb aytdim. Keyin bilsam, dadasining ishi bois Buxoroga ko‘chib ketishibdi. Shu voqeadan keyin Rasulni umuman ko‘rmadim. Xat ham yozmadi. Men ham manzilini bilmasdim, yozmadim. 

Shunday qilib, uydagi kitoblarni bir haftaga qolmay o‘qib tugatdim. So‘ng maktab kutubxonasidagi kitoblarga o‘tdim. Ularni ham o‘quv yili tugaguncha o‘qib tugatdim. Kitob olamiga shu qadar kirib ketgandimki, usiz yashay olmasdim. Ta’til boshlangandi. O‘qigani kitoblar ham qolmagandi. Kitob o‘qimasam turolmay qolgandim. Qaerdan kitob axtarishni bilmasdim. Onamdan kitobga deb pul ololmasdim. Chunki meni kitob jinnisi bo‘lgan derdi. Keyin o‘zi shundog‘am oilaviy ahvolimiz tang edi. Men esa taqdirni o‘zgartirishga qattiq bel bog‘lagandim. Shifokor bo‘lib o‘g‘ri emasligimni isbotlashga jon-jahdim bilan kurashardim. 

Bir kuni onam bilan qishlog‘imizning nuroniy onaxoni Fotima ayanikiga o‘tin ko‘tarib bordik. O‘tinni yerga qo‘yib ichkariga kirdik. Onam menga uyga qaytishimni aytdi. Fotima aya yoshi katta bo‘lsa ham onam yosh kayvonilardek ichkaridagi xona to‘la ayollar oldiga kirgizdirdi. Men ketayotgandim. Meni to‘xtatib quruq ketmasligimni aytib ichkariga kirib ketdi. Ayvonda turib hamma tomonga sinchiklab nazar tashlardim. Orqamga o‘girilganimni bilaman, bir javon kitob turibdi. Ko‘rib hayratdan orasidan bir qalin kitobni oldim-u, o‘tin olib kelgan etakka o‘rab oldim. Fotima aya bir hovuch konfet olib chiqib menga berdi. Men o‘zimda yo‘q xursand edim. Mana o‘qiydigan kitob. Lekin qanday qilib olganimni o‘zim bilmay qoldim. Kitobni uch kunda o‘qib tugatdim. Endi, yana kitob yo‘q. Fotima ayaning uyidagi kitoblar ko‘z oldimga kelardi. Kitob o‘g‘irlash odatim o‘shanda boshlangandi. Qaerga borsam, biron-bir kitob o‘g‘irlab kelardim. Ularni egalari ko‘rmasligi uchun tomga chiqarib tashlagandim. Kunim tomda o‘tardi. Shu zaylda yillar o‘tdi. Maktabni tugatib Toshkentga tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirdim. Baribir kitob o‘g‘irlaydigan odatim qolmadi. Universitet kutubxonasida yoshgina bir qiz o‘tirardi. Bir-ikki borganimdan so‘ng tanish bo‘lib qoldik. Men unga yo gul, yo shokolad ko‘tarib borardim. Kutubxonaga kirib, mohirlik bilan kitobni kiyimim ichiga yashirib chiqib ketardim. U qiz mendan shubha ham qilmasdi. Shu yo‘l bilan ikki yuzu sakson oltita kitob o‘g‘irlab ketibman. 

Universitetni ham tugatdim. Uylanib uy-joyli bo‘ldim. Yaxshi ishga joylashdim. Uyda bir xonani bo‘shatib jamiki kitoblarni jamladim. Ajoyib kutubxona paydo bo‘ldi. Bu xonani qulflab ishga ketardim. Chunki kimdir kitoblarni o‘g‘irlab ketishidan qo‘rqardim. Yaqin o‘rtoqlarim kitobga o‘chligimni bilardi. Menga kitob sovg‘a qilishardi. Men esa yosh bolaga o‘xshab xursand bo‘lardim. 

Ikki o‘g‘il, bir qizli bo‘ldim. Farzandlarim ham kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. Endi o‘z pulim bor. Kitoblarni sotib olaman. Lekin kitoblarni ko‘rsam qanday o‘g‘irlaganimni o‘zim bilmayman. Yoshim qirq beshdan oshyaptiki, o‘rtog‘im Rasuldan darak yo‘q. Sog‘-omonmikin deb o‘ylardim. 

Bir kuni ishda bemorlarni qabul qilayotgandim. Bir bemor oldimga kirdi. Nuqul yo‘taladi, ahvoli bir ahvol, soqol-mo‘ylovi o‘sgan. Stolga o‘tirdi. Men ism, familiyasini so‘radim: 

– Ismingiz? 

– Rasul, — dedi-da, yo‘talib oldi. 

– Familiyangiz? – deb so‘radim yo‘talganiga parvo qilmay. 

– Abdullaev. 

Nahot, do‘stimni topgan bo‘lsam. O‘zi o‘shami. Umuman boshqacha bo‘lib ketgan. 

– Rasul, Buxoroga ko‘chib ketgan Rasulmisan? – dedim joyimdan turib. U menga qarab hayratlanib, yo‘talib boshini pastga-balandga qilib tasdiqladi. 

– Men Shokir o‘rtog‘ingman, – deb uni quchoqlab salomlashdim. U ham meni ko‘rganidan hayron.

U bilan ancha suhbat qildim. Ular Buxoroga ketgandan keyin u yerda maktabda yaxshi o‘qimasdan bezori bolalarga qo‘shilib, ko‘cha bolasi bo‘lib ketganini aytdi. Oilasi bor ekan. Bir o‘g‘il, bir qiz. Bezori o‘rtoqlari bilan bir boy xonadonga o‘g‘irlikka tushganda qo‘lga tushib ancha yillarga qamalib ketibdi. Qamoqda bir dunyo kasalliklar orttirganini aytdi. Keyin yoshligimizda uchratgan chol haqida esladi. 

– Nega u chol ikkimizni ham o‘g‘ri bo‘lasanlar degandi. Mana, men – o‘g‘ri, sen – shifokorsan. Chol nega unday degandi? – dedi yo‘talib. 

– Men ham ko‘p o‘g‘irlik qildim, o‘rtoq, – dedim unga. 

U taajjublanib: 

– Qanday qilib, mana shikofor bo‘lib o‘tiribsan-ku? – dedi. 

– To‘g‘ri, lekin ko‘p odamlarning kitoblarini o‘g‘irlab ketdim. Vijdonim qiynaladi. U chol adashmabdi ikkimiz ham o‘g‘ri bo‘libmiz, – dedim. 

U biroz o‘ylandi-yu, yo‘talib: 

– Meni kechir, o‘rtoq, dedi. 

– Nega kechirim so‘raysan? – dedim. U shoshilgancha: 

– Hozir kelaman. Mashinani qulflash esdan chiqibdi, – dedi-yu, umuman qaytib kelmadi. Shundan keyin uni biron marta ko‘rmadim. 

 

Muborak O‘SAROVA,

Termiz akademik litseyi o‘quvchisi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.