SO‘Z — KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARIGA

Farmon TOSHEV, 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri:

– Bugun Prezidentimizning jurnalist oldiga, ommaviy axborot vositalari va umuman ijodkorlar oldiga qo‘yayotgan vazifalari muhokama etildi. Jurnalist mas’uliyatini oshirish haqida so‘z borganda, nafaqat respublikamizda, balki jahonda ro‘y berayotgan voqealarga ham o‘z vaqtida munosabat bildirish lozimligi qayd etildi. Ijod mahsullarimizni, voqeliklarga munosabatimizni avvalambor mamlakatimiz OAVda, iloji bo‘lsa, xorij matbuotida ham chop ettirishga erishishimiz kerak. 

 Tovar-xomashyo birjasi bilan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi o‘rtasida memorandum, do‘stlik klubi tuzilganidan mamnun bo‘ldik. 

Yana e’tibor qaratish kerak bo‘lgan bir qancha masalalar bor: avvalo, Uyushma qoshida jurnalist kadrlarni qayta tayyorlash kursi bo‘lishi zarur. Jurnalistika fakultetlarida sirtqi bo‘limni ochish haqida ham gap bo‘ldi. Masalan, Samarqand davlat universitetida xuddi shunday bo‘limni ochish mumkin, chunki boshqa hududlar kabi bizda ham yosh kadrlarga ehtiyoj bor. Keyin, “O‘zbekiston matbuoti” jurnali xususiy sektor qo‘liga o‘tgan ekan, menimcha, “O‘zbekiston jurnalisti” degan yangi nashrni tashkil qilib, muntazam chiqishini ta’minlash, uni hamma o‘qiy olishi uchun arzon bahoda chop etish kerak. Yana bir taklif: jurnalistlar klublari, kengashlari ishini yaxshi yo‘lga qo‘yib, ularga tajribali kadrlarni jalb qilish lozim. U yoki bu viloyatda har bir masalani operativ hal qiladigan taniqli jurnalistlar ishtirokidagi bunday yig‘ilishlar OAVda muntazam berib borilsa yaxshi bo‘lardi. Bularning hammasidan maqsad – milliy jurnalistikamiz nufuzini, kadrlar salohiyatini oshirishdan iborat.

 

Muhammadjon OBIDOV, 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi:

— Yurtboshimizning ijodkor ziyolilarga, jumladan, jurnalistikaga qaratayotgan e’tibori, soha rivoji yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlari barcha ijod ahlini birdek quvontirdi. Ushbu e’tiborning samarasi o‘laroq, qalam ahlini birlashtirib turuvchi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ayni kunlarda moddiy-texnik bazasini yangilash, qator tashkilotlar bilan hamkorlikda turli loyihalar ustida ish olib borish arafasida. Shuni ta’kidlash kerakki, uyushmaning hududiy bo‘limlari faoliyati ham ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. 

Har bir hududiy uyushmalar jurnalistlarni o‘qitish, qayta tayyorlash va mahorat masalalariga alohida e’tibor qaratishlarini istardim. Ma’lumki, jurnalistika sohasida qabul kvotalari kamligi sababli joylarda ko‘plab nomutaxassis kadrlar faoliyat olib bormoqda. Birgina Farg‘ona viloyatida 80 dan ziyod bosma OAV bo‘lsa, shularda ishlayotgan 56 foiz xodim professional jurnalistik malakaga ega emas. Asosiy vazifamiz ana shunday jurnalistlarni qayta o‘qitish muammosini ijobiy hal qilishdan iborat. 

Shuningdek, yurtimizda va xorijda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarni fikr almashish, tajriba o‘rganish maqsadida o‘zaro hamkorlikka jalb etish ham juda muhim. 

 

Sherjon MASHARIPOV, 

“Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi:

— O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining bugungi yig‘ilishida eng e’tibortalab masala — Uyushmaning istiqboldagi vazifalari belgilab olindi va muhokama mavzusiga aylandi. 

Prezidentimizning joriy yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar bilan o‘tkazgan yig‘ilishidagi nutqini hayajon bilan tinglagan edim. Uchrashuvdan so‘ng esa o‘zim va jamoamga tegishli qator vazifalarni belgilab chiqdim. Avvalo, har bir viloyat va tuman gazetalarida o‘rta hisobda 20-50 nafardan Uyushma a’zosi ishlashini inobatga olib, shahar va tuman gazetalarining jurnalistlar boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini tubdan o‘zgartirish, ya’ni doimiy ishlaydigan tashkilotga aylantirish lozim deb o‘ylayman. Ikkinchidan, viloyat bo‘limlari faoliyatini kuchaytirish, jamoatchilik komissiyalari ishini qayta tashkil etish, tajribali jurnalistlarni respublika bo‘ylab viloyatlarga va xorijiy nashrlarga tajriba almashish uchun xizmat safarlarini davomli yo‘lga qo‘yish ham kelgusida amalga oshiriladigan ishlardir. Bu hamkasblarimiz faoliyatiga o‘z ijobiy samarasini beradi. Uchinchidan, gazetalarimiz ta’sirchanligini, mazmundorligini yanada oshirish har qachongidan ham muhim vazifadir. Shuningdek, nashrlarni o‘qishli qilgan holda ularning tirajini ham oshirishga erishish zarur. Bundan tashqari, gazeta muassislari bilan ham samarali hamkorlikni, jumladan fidoiy jurnalistlar haqida kitoblar tayyorlash, yosh va iqtidorli yoki uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan tajribali jurnalistlarni ham moddiy,  ham ma’naviy rag‘batlantirishni muntazam yo‘lga qo‘ya olsak, aminmanki, ezgu maqsadlarimiz yo‘lida ayni muddao bo‘lardi.

 

“Hurriyat” muxbirlari X.FAYZIEVA, 

G.MALIKOVA yozib oldi.