Ma’naviy talqin

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi muassisligida nashr etilayotgan «Ma’naviy hayot» jurnalining 2017-yildagi 3-soni nashrdan chiqdi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma olti yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida aytilgan «Jamiyatimizda sog‘lom fikr, sog‘lom kuch ustuvor bo‘lishi uchun biz ma’naviy hayotimizni yuksaltirish, aholi, avvalo yoshlarimizni turli zararli ta’sirlardan asrash, ularni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash haqida muntazam o‘ylashimiz, faol ish olib borishimiz zarur», degan fikrlari jurnal mundarijasining bosh mezoni qilib olingan. 

Jurnalning «Jarayon», «Ehtirom», «Karvon qo‘ng‘irog‘i», «Ona zamin va odamlar», «El odamlari», «Mutolaa vaqti», «Hayotni o‘zgartirgan nutqlar» kabi ruknlari ostida tayyorlangan maqolalarda, xususan, madaniyat xodimlari, taniqli jurnalistlar, olimlar, ijodkorlar, yosh qalamkashlarning fikr-mulohazalari berilgan.

“Jarayon” ruknida bosh muharrir Eshqobil Shukurning «Dunyoni ma’naviyat qutqaradi» nomli maqolasida XXI asr dunyo tarixida buyuk kashfiyotlar asri bo‘lish bilan birga, buyuk yo‘qotishlar davri ham bo‘layotgani afsus bilan qayd etiladi. Jumladan, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, XXI asrda 600 ta til yo‘q bo‘lib ketishi mumkin ekan. Bu — jahon ma’naviyatida juda katta o‘pirilish! Qolaversa, inson tabiatidagi aynishlar o‘ta qaltis, xatarli vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Xudbinlik, mahdudlik, mutaassiblik, befarqlik, loqaydlik, mehrsizlik kabi illatlar kundalik «faoliyat»ga aylanib qolayotgani bor gap. Shu paytgacha «Dunyoni halokatdan nima qutqaradi?» degan savolga go‘zallik yo mehr, deb javob berildi. Bugun ikkilanmay aytish kerakki, dunyoni halokatdan ma’naviyat qutqaradi. Mamlakatimizda madaniyat va san’at, ma’naviyat sohasidagi ezgu ishlar umummilliy harakatga aylanishi uchun avval ongimizda ezguliklar g‘olib kelishi kerak, degan fikr bilan maqolaga yakun yasaladi. 

Shuningdek, jurnalda Bobomurod Eralining “Karvon qo‘ng‘irog‘i” ruknida chop etilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan uyushtirgan «Uyingizda kimlar bor: dajjolmi yo farishta?..» sarlavhadagi  suhbati jurnalxonlarda katta qiziqish uyg‘otadi. Suhbatda Prezidentimizning har bir qaror va farmonida mamlakatimizning ma’naviy va ijtimoiy hayotida erishilgan yutuqlar qatorida, kamchiliklar ham ochiq aytilayotgani  va ularga tuzatishda barham berish uchun butun ommani e’tibori jalb etilayotgani qayd qilingan. Islohotlar oqimida eng muhim ishlardan biri yoshlar ma’naviyati, odob-axloqi va tarbiyasi masalasidir. Yanayam aniqroq aytsak, bu hayot-mamot masalasidir. Ma’naviy sog‘lom va kamolotga erishgan xalqlar qadimdan ulug‘lik shohsupasini egallagan, ularni yengish yoki ular bilan tenglashish oson bo‘lmagan. Ma’naviy inqirozga uchragan xalqning obro‘-e’tibori bo‘lmaydi, uning qadriyat va urf-odatlariga past nazar bilan qaraladi. 

Ushbu suhbatda ertangi kun yoshlar qo‘lida ekanligi hisobga olinib, barkamol avlodni voyaga yetkazish, farzand tarbiyasidagi ijobiy va salbiy holatlar xususida atroflicha fikr yuritiladi. 

Adabiyotshunos olim Musulmon Namozning «O‘zimizni qanday o‘rganamiz?» nomli maqolasida  Abdulla Qahhorning «O‘tmishdan ertaklar» xotira qissasi haqida tafakkur qilinadi. Musulmon Namoz «O‘tmishdan ertaklar» haqida mulohaza yuritar ekan, uning bugungi ahamiyati, kitobxonlar ongiga ta’siri haqida asosli mushohadalar qiladi. 

Bir so‘z bilan aytganda, jurnal hech qachon o‘z o‘quvchilarini yo‘qotmaydi. Fan, ta’lim, madaniyat va boshqa bir qator sohalarni o‘z ichiga qamrab olgan. Nashr kelajakda xalq va millat uchun muhim masalalarni olib chiqishiga ishonamiz.

 

Sabohat SULTONOVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.