Olovli sahifalar

Vaqt hakam deydilar. Sobiq tuzum davrida qasddan amalga oshirilgan mudhish qatag‘onlar, jumladan, kollektivlashtirish, yer-suv islohoti, o‘rtahol dehqonning mol-mulkini tortib olish, o‘zini olis o‘lkalarga surgun qilish kabi jinoiy xatti-harakatlarning asl mohiyati zahmatkash olimlarimizning uzoq yillik mashaqqatli izlanishlari, ilmiy ekspeditsiyalar, arxiv materiallari hamda qonli qatag‘ondan bevosita jabr ko‘rgan kishilarning jonli xotiralarini o‘rganish natijasida oydinlashib bormoqda. Ko‘plab vatandoshlarimizning tabarruk nomlari tiklandi, jang maydonlarida, mehnat frontida ko‘rsatgan jasoratlari haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu borada keyingi yigirma yildan ortiq vaqt ichida samarali izlanish olib borayotgan fidoyi olimlarimizdan biri, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovdir.

 

 O'zbekistonda sovetlarning qatag‘on siyosati va uning mudhish oqibatlari, sobiq tuzumning kollektivlashtirish, quloqlashtirish, yer-suv islohoti kabi qatliomlari, o‘z uyida tinch umrguzaronlik qilayotgan dehqonlarni soxta ayblovlar bilan hibsga olib, o‘zga yurtlarga surgun, mol-mulkini musodara qilish, bolalarini och-nahor qoldirish siyosati, bu azoblarga duchor etilgan vatandoshlarimizning fojeali qismatini o‘rganish, bu boradagi hujjat va ma’lumotlarni qidirib topishga, fakt va raqamlarni aniqlashtirishga bel bog‘lagan olim Rossiya Federatsiyasi, Belorus, Ukraina, Kavkaz, Qozog‘iston va boshqa joylardagi arxiv va muzeylar, qatag‘on qurbonlari xotirasini tiklash bilan shug‘ullanuvchi jamoatchilik tashkilotlari, ko‘ngilli qidiruvchilar, boshqa tegishli tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik qilib, u joylarga bir necha marta ilmiy-qidiruv ekspeditsiyalari uyushtirdi. Natijada besh jildlik “Qatag‘on qurbonlari”, “Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun” (o‘zbek va rus tillarida), “Shimoliy Kavkaz surgunidagi yurtdoshlar qismati”, “Shimoliy Qozog‘iston surgunidagi vatandoshlar qismati”, “Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar”, “Tarixning hasratli sahifalari”, “Andijon tarixidan lavhalar” kabi ko‘plab kitoblar yuzaga keldi. 

Zahmatkash olim izlanishda davom etar ekan, milliy matbuotimiz tarixi bilan bog‘liq, hozirgacha to‘la o‘rganilmagan  muhim bir yo‘nalishga qo‘l urdi. Bu — ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbek tilida chop etilgan front gazetalari edi. Taniqli olimlar T.Ernazarov, A.Akbarovning “O‘zbekiston matbuoti tarixi” kitobida, “O‘zbekistonning yangi tarixi. O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida” to‘plamida, shuningdek, Adham Rahmat va Meli Jo‘ra qalamiga mansub “Mardlik qissalari” kitobida, Xolbek Yodgorov, Lutfulla Hamroev, S.Shodmonovaning maqolalarida bu mavzu bir qadar yoritilgan. Ammo turli frontlarda dahshatli urush sharoitida o‘zbek tilida chop etilgan, jangchilarni bosqinchilarga qarshi ayovsiz kurashga ruhlantirgan jangovar gazetalar hamda ularda qalam tebratgan jasoratli muharrirlar, jangchi-muxbirlarning faoliyati, e’lon qilingan maqolalarning janr xususiyatlari to‘la o‘rganilmagan. Rustambek Shamsutdinov yillar davomida to‘plab uch jildli kitob holida chop ettirgan “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” nomli muhim ilmiy tadqiqot bilan tanishar ekansiz, urushning dahshatli qatliomlari bilan birga, matbuot so‘zining inson ruhiyatiga da’vatkor ta’siri, shoir va yozuvchilarning bosqinchilarga cheksiz nafrati, ona-yurt sog‘inchi  namoyon bo‘ladi. o‘alaba qanday qo‘lga kiritilgani, o‘zbek jangchilari, butun mamlakat, otalar, onalar, suyukli yorlar bunga qanday hissa qo‘shganini his etasiz. Tadqiqotchi “Dushmanga qarshi olg‘a”, “Suvorovchi”, “Vatan uchun”, “Front haqiqati”, “Vatan sharafi uchun”, “Suvorov natiski”, “o‘alaba sari olg‘a”, “Bong” kabi gazetalarning arxivlarda saqlanib qolgan nusxalarini birma-bir o‘rganib, ularda e’lon qilingan materiallarni to‘laligicha keltiradi. Turli frontlardan olingan xabarlar, jang tafsilotlari, o‘zbekistonlik jangchilarning mardligi va jasorati, frontga jalb etilgan Mirzakalon Ismoiliy, Ilyos Muslim, Nazarmat, Adham Rahmat, Nazir Safarov, Shuhrat, Ibrohim Rahim, Zinnat Fatxullin, Adham Hamdam, Meli Jo‘ra, Yong‘in Mirzo, Abdunabi va Abdurahmon Alimuhamedov, Ne’mat Toshpo‘lat, Mahmud Murodov kabi yozuvchi va jurnalistlarning lavha va ocherklari, o‘afur o‘ulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon kabi taniqli adiblarning jangchilarga yo‘llagan she’riy maktublarini, shuningdek, Omon o‘ofurov, Nazrulla Quvvatov, Qosim Ashurmatov, S.Ulug‘zoda, U.Sulaymonov, Savtixon Ro‘ziev, M.Baxshiev, Sh.Mudarris, E.Badalov, P.Dehqonov kabi necha yuzlab oddiy askarlarning xabar va maqolalarini hayajonsiz, entikishsiz o‘qish mumkin emas.

Front gazetalari materiallarida jangovar publitsistik ruh yetakchilik qiladi. “Dushman shahar va qishloqlarimizni vayron etmoqda, uylarni yondirmoqda, hech kimga rahm qilayotgani yo‘q. Shunday ekan, bosqinchilarga o‘lim deya jangga kiring, nafratingiz o‘n chandon, yuz chandon oshsin, gazandalarni bitta qo‘ymay qirib tashlang. Uyda sizni intizorlik bilan kutayotgan ota-onangiz, sevimli yoringiz, aziz farzandlaringiz haqqi mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsating” kabi ta’sirchan da’vatlar askarlarni chindan ham jangga, jasoratga otlantirgan, ularga ruh, kuch va madad bag‘ishlagan.

Front gazetalarida taniqli shoirlar hamda oddiy askarlarning ko‘plab she’rlari e’lon qilingan.“Vatan sharafi uchun” gazetasining 1945 yil, 18 aprel sonida chop etilgan shoira Zulfiyaning “Qo‘limda qurolu ustimda shinel” deb nomlangan she’rini ma’shuqaning Vatan uchun jang qilayotgan suyuklisiga dil izhori deyish mumkin:

 

Men uzoq o‘rtandim, yondim hijronda,

Kundan-kunga bo‘ldi muhabbating zo‘r.

Seni o‘ylaganda jon hayajonda,

Jismim o‘tda yondi, yo‘qoldi huzur.

Lekin sen qaydasan, xabar bermasang,

Qaysi jang cho‘lidan axtaray seni?

Sen tomonga tushgan, aytgil, qaysi yo‘l

Sening huzuringga eltadi meni?

“Olg‘a ketmoqdamiz hujum-la hamon,

Muzaffar jangimiz etmoqda davom.

Nega xat yozmaysan, yengdimi hijron,

Bardosh qila olmay unutding tamom?”

Debsan, qora ko‘zim, xatni ko‘p yozdim,

Mendagi muhabbat sig‘mas maktubga.

Kutdim, o‘ylamaki — sevgidan ozdim,

Bardosh berar ekan sevgi mahbubga...

Birga jang qilamiz, turib yonma-yon,

Tanish bo‘lib qolar o‘qlar ovozi.

Men uzgan o‘qimdan nemis yiqilsa,

Sen mamnun bo‘larsan, Vatan ham rozi.

Ishqing qanotida seni so‘roqlab,

Parvoz qilmoqdaman osmonda yengil.

Tezda yetajakman sening yoningga,

Qo‘limda qurolu ustimda shinel.

 

 Front gazetalarida haroratli she’rlar, hikoyalar, askarlar tomonidan yozilgan muxtasar lavhalar g‘oyat ko‘p chop etilgan. Yanada muhimi, gazetalarning har bir sonida O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangi qurilishlar haqida kichik-kichik axborotlar, jangchilarga yozilgan maktublar, askarlarning javoblari e’lon qilingan. Bunday materiallar qo‘lida qurol bilan tengsiz jangga shaylanayotgan yigitlarimizga dalda bo‘lgan. Ulardan ayrimlarining sarlavhalarini keltirib o‘tamiz: “Ona maktubi”, “Frontchilar oilalariga g‘amxo‘rlik”, “O‘zbekistonda yangi elektr stantsiya”, “Plandan tashqari 1300 tonna paxta”, “15 million so‘mlik qo‘shimcha mahsulot”, “Qizil armiyaga qorabayir otlar”, “Yangi kashfiyotlar”, “Alisher Navoiy pesasi Hamza teatrida”, “Front uchun konservalar”, “O‘rta Osiyoda birinchi gazoprovod ishga solindi”... 

Har bir axborot ixcham va muhimligi bilan e’tiborni tortadi. Frontlardagi vaziyat xususida yozilgan axborotlarning sarlavhalari yanada ta’sirchan: “Pulemyotchi Xolmirzaevning g‘azab kuchi”, “Dushman o‘lim zarbasiga uchradi”, “Josuslar ushlandi”, “Til tutdik”, “O‘lja quroldan otib”, “Yaralangan yirtqichni o‘z uyasida yanchamiz”, “Arslon izidan, yigit so‘zidan qaytmas”.

Front gazetalarining muharrirlari shiddatli janglar borayotgani, fashistlar o‘zlarini qoralab maqola yozayotgan jasur muxbirlarning ustiga snaryadlar yog‘dirayotganiga qaramay, gazetalarning har bir sonini o‘z vaqtida yanada ta’sirchan, shiddatli qilib chiqarishga harakat qilishgan. Bu noyob manbani ilmiy jihatdan o‘rganish mamlakatimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixini, xalqimizning urush yillaridagi hayotini, g‘alabaga qo‘shgan hissasini aniq tasavvur etishga zamin yaratishi, milliy jurnalistikamiz bosib o‘tgan shonli yo‘lni yangi ma’lumotlar bilan boyitishi, urush haqidagi yangi haqiqatlarni oshkor qilishi, nomlari unutilayotgan, xotira kitoblariga kirmay qolgan yangi qahramon vatandoshlarimiz nomlarini aniqlab berishi shubhasiz. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash — odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir”.

Ahmadjon MELIBOYEV