HAQ YO‘LNING FIDOYILARI

O‘tgan asrning 30-, 40-, 50-yillarida sobiq sovet hukumati o‘z mavqeni mustahkamlash, O‘zbekistonda barcha sohalarda o‘z bilganicha ish olib borish, ayniqsa, davlat idoralariga mahalliy kadrlarni qo‘yish masalasida qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Bu masalada markaz bilan kelisha olmagan millat ziyolilarini turli bahonalar bilan qatag‘on qildi. Hokimiyat o‘z maqsadini amalga oshirish uchun oddiy xalq ko‘z o‘ngida sinfiy dushman qiyofasini shakllantirish maqsadida “Qosimovchilar sudi”, “Munavvar qori Abdurashidxonov va Salimxon Tillaxonovlar ishi”, “Narkompros ishi” degan sud jarayonlarini tashkil etib, xalqimizning asl farzandlarini asossiz ravishda, yuridik jihatdan ruxsat etilmagan turli-tuman qiynoq usullari bilan jabrlab “ayblariga iqror” qildirmoqchi bo‘ldilar. Hokimiyat xalqimizni qo‘rqitish va siyosiy bosim ostida ushlash uchun otish, surgun qilish, ko‘chirib yuborish, surgunda muddatni o‘zgartiraverish kabi usullardan foydalandi. Sho‘rolar so‘nggi hamlasi — “Paxta ishi” bilan asfalasofilinga ravona bo‘ldi, ya’nikim, yitib bitdi.

 Sevimli “Hurriyat” gazetasi tahririyati bisotida bir guruh qatag‘on qurbonlari surati uzoq yillardan beri saqlab kelinadi. Ular mahbuslik qiyofasida. Suratlarning birinchisida madaniyat xodimi Abdulla Qamchinbek (Gaynullin) Habibullayevich

(1898—1937) siymosi aks etgan. U Qo‘qonda tug‘ilib, dastlab havaskorlar teatrida aktyor sifatida nom qozongan. Yangi usuldagi maktabda xat-savod chiqargandan keyin 1914 yil iyul-avgust oylarida Tver manufakturasida shogird bo‘lgan. 1916 yilda Buxoroda gumashta bo‘lib ishlagan, 1916 yilning ikkinchi yarmida mardikorlikka olingan. Piskov-Riga temir yo‘l qurilishida ishlagan. 1918 yilda Turkiston Muxtoriyati harbiy nozirligi devonida kotib bo‘lib ishladi. Muxtoriyat yiqilgach, Toshkentga kelib, ma’lumotini oshirishga intilgan. 1924 yilda Moskvada ishchi fakultetining uch kursini bitirgan. 1928 yil 15 avgustda Bokuda faoliyat olib borayotgan Butunittifoq yangi turk alifbosi markaziy qo‘mitasida kotib etib tayinlangan. Shu yerda atoqli o‘zbek tilshunos olimi Xolid Said bilan tanishib, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini ozarboyjon tiliga tarjima qilgan. 1937 yil 18 dekabrda qamoqqa olingan va 1941 yil 8 yanvarda besh yil muddatga hukm qilingan. 

Abdulla Qamchinbek 20-yillardan boshlab matbuotda turli mavzudagi maqolalari bilan qatnasha boshlagan. Uning talaygina maqolalari “Yangi Farg‘ona”, “Ishtirokiyun”, “Yer yuzi” nashrlarida bosilgan. 

Fotosuratdagi ikkinchi kishi Said Ahmad Nazirov

(1904—1937) ham maorif xodimlaridan biri bo‘lgan. 1918, 1919—1921 yillarda Vatan maktabida o‘qigan, “Izchilar” to‘dasining a’zosi bo‘lgan. 1920—1921 yillarda ishchilar fakultetida o‘qigan va maktablarda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1922—1924 yillarda Leningraddagi Zinovev universitetini bitirgan. 1924—1927 yillarda Maorif komissarligi qoshidagi O‘zbek Ilmiy kengashida kotib vazifasida ishlagan. Davlat Ilmiy kengashi hay’ati a’zosi va raisi. 1927—1929 yillarda O‘zbekiston davlat nashriyotiga rahbarlik qilgan. 1930—1937 yillarda Moskvadagi Plexanov nomidagi institutda tahsil ola boshlagan. 1937 yilda qamoqqa olingan. NKVD uchligi tomonidan 1938 yil 31 martda aksilinqilobchi – trotskiychilikda ayblanadi. 1938 yil 14 aprelda oliy jazoga hukm qilindi.

Suratlarning ikkinchi qismida shoir Oltoy, o‘qituvchi Nosir Saidning mahbuslik holatlari aks etgan. 

O‘tgan asrning 30 yillarida Oltoy nomi bilan shuhrat qozongan Bois Qoriyev

(1903—1977) ham Maorif komissarligi xodimlaridan biridir. U Toshkent shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. O‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qidi. 1918, 1920—1921 yillarda Toshkent va Xiva shaharlaridagi maktablarda o‘qituvchilik qilgan. 1921 yil mart oyidan boshlab Toshkent eski shahar maorif bo‘limida nazoratchi, 1922—1925 yillarda pedagogika institutida o‘qigan. 1923 yilda Turkiston fronti tomonidan Andijonda nashr etilgan “Darxon” gazetasida adabiy xodim bo‘lib ishlagan. 1925—1927 yillarda pedagogiga instituti rektori, 1928—1929 yillarda Moskvada kompartiya akademiyasida tahsil olgan. 1929—1930 yillarda Davlat Ilmiy kengashi boshlig‘i, “Qizil qalam” uyushmasi raisi, “Yosh leninchi” gazetasi mas’ul muharriri lavozimlarida ishladi. 1930 yilda “Narkompros ishi” bo‘yicha hibsga olingan va 10 yilga qamaldi. U jazo muddatini o‘tab kelganiga qaramay 1941—1948 yillarda qayta-qayta yangi muddatlarga qamaladi. 1955 yilda ozodlikka chiqadi. 1957 yilda “Turon” kutubxonasida, 1959 yildan to umrining oxirigacha Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot institutida ishlagan. Uning “Armug‘on” she’rlar to‘plami bosilgan.

Said Nosir Xo‘jayev

(1903—1930) ham maorif xodimlaridan biridir. Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Kommunistik tarbiya akademiyasini bitirgan. O‘qituvchilar tayyorlash kursini bitirib, dastlab o‘rta maktablarda ishlagan, 1924—1927 yillarda Maorif komissarligida turli vazifalarni bajargan va 1927 yilda Andijon okrug xalq maorif bo‘limining mudiri etib tayinlangan. 1930 yilda Samarqandda o‘tgan maorif komissarligi majlisida ishtirok etgan va Toshkentga ota-onasini ko‘rish uchun kelgan. O‘zbekiston Oliy Sudining sobiq raisi Sa’dulla Qosimov sudida guvoh sifatida ishtirok etayotgan akasi Obid Saidovning o‘limida ayblanib qamoqqa olingan. 1931 yilda o‘n yilga hukm qilingan. 1941 yilda qayta qamoqqa olinib, 8 yanvarda  besh yilga mehnat tuzatish lageriga surgun qilindi.

Uchinchi taxta fotolarda mashhur shoir Botu — Mahmud Hodiev, Maorif komissarligi hodimlari Hosil Vosilov, Qayumxo‘ja Aliev va Fathiddin Alimovning mahbuslik holatlari muhrlangan.

Botu — Mahmud Hodiyev

(1904—1938) 1917 yilga qadar boshlang‘ich maktablarda ta’lim olgan. 1919 yilda kommunistik yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lgan. Shu yili Abdurauf Fitrat bilan tanishib, “Chig‘atoy gurungi” uyushmasiga a’zo bo‘ladi va Botu taxallusini oladi. 1920 yilda Buxoroda nashr etilgan “Uchqun” va 1921 yildan boshlab “Farg‘ona” nashrlari tahririyatida adabiy xodim va muharrir vazifasida ishlagan. 1922 yilda Moskvadagi ishchi fakultetida va 1923—1926 yillarda 1-Moskva davlat universiteti iqtisod fakultetida o‘qigan. 1927 yilda Samarqandda Markazqo‘m matbuot bo‘limida, Samarqand viloyat firqa qo‘mitasida targ‘ibot va tashviqot bo‘limi mudiri, O‘zbekiston xalq maorif komissari o‘rinbosari lavozimida ishladi. 1930 yilda aksilinqilobchilikda ayblanib, Solovetsk oroliga surgun qilinadi va 1938 yilda oliy jazoga hukm qilingan.  

Vosilov Hosil

(1902—1930) ham Maorif komissarligi xodimlaridan biridir. U o‘rta maktablarda o‘qituvchilik qilish bilan birga komissarlikda ishlagan. Safdoshlari kabi u ham “Narkompros ishi” jarayonida sudga tortilgan. Millatchilik va aksilinqilobchilik degan ayb bilan 1930 yilda 10 yilga surgun qilingan. 1938 yil 31 martda otishga hukm qilindi. Hukm 1938 yil 13 aprelda ijro etilgan.

Aliyev Qayumxo‘ja

(1904—1941) maorif xodimi. 1917 yilgacha boshlang‘ich maktablarda o‘qigan. 1917—1927 yillarda turli maktablarda o‘qituvchi, 1928—1930 yillarda xalq maorif bo‘limida maslahatchi va mudir, 1-pedagogika texnikumida mudir bo‘lib ishlagan. U 1930 yil 30 iyulda “Munavvar qori Abdurashidxonov va Salim Tillaxonovlar ishi” bo‘yicha qamoqqa olingan va 1930 yil 2 avgustda Moskvadagi Butirka qamog‘iga o‘tkazilgan. Ammo aybi to‘la isbotlanmagach, 1931 yilda shartli ravishda uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 1941 yilda qayta qamoqqa olinib 1941 yil 9 yanvarda 5 yilga mehnat tuzatish lageriga jo‘natilgan. 

Suratda nihoyatda yosh ko‘ringan Fathiddin Alimov

(1904—1936) Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ibtidoiy maktabni tugatgach, 1920 yilda rassomlik texnikumida o‘qigan, militsiyada xat tashuvchi vazifasida ishlagan. 1924—1927 yillarda Leningraddagi Rassomlik akademiyasida tahsil olib qaytib kelgach Samarqandda siyosiy oqartuv bo‘limida ishlaydi. Maorif komissarligida inspektor-nazoratchi vazifasini bajargan. Komissarlikning hibsga olingan barcha xodimlari kabi aksilinqilobchilikda ayblanib, 1930 yil 2 avgustda qamoqqa olindi. Tergovlarda aybini tan olmasa-da, uch yilga Novosibrsk shahriga surgun qilingan. Garchi muddati 1933 yilda tugagan bo‘lsada, 1934 yil qoidasiga muvofiq 1936 yilda yangi muddatga qoldirilgan. Taqdiri noma’lum.

 

Sirojiddin AHMAD

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.