Soha jurnali — mahorat maktabi

 

Matbuotimiz tarixiga nazar solsangiz, o‘tmishda Turkistonda tashkil etilgan talaygina bosma nashrlar asr bilan yuzlashayotganiga guvoh bo‘lasiz. Ularning qatorida ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-siyosiy jurnal — “O‘zbekiston matbuoti” ham bor.

 

Jurnal dastlab “Turkiston matbaachisi” (“Turkestanskiy pechatnik” 1918—1924) nomi bilan o‘zbek va rus tillarida ikki oyda bir marta chop etilgan. Keyinchalik uning o‘rnida o‘zbek tilida “Muxbirlar yo‘ldoshi” (1928—1938), “Bolshevistik matbuot” (1939—1941), rus tilida “Nash rabkor” (1924—1925), “Tribuna rabkora” (1927—1928), o‘zbek va rus tillarida “Mahalliy matbuot xodimlariga yordam” (“V pomoщ rabotnikam mestnoy pechati” (1952—1964), “O‘zbekiston matbuoti” (“Pechat Uzbekistana” 1965—1968), “Muxbir” (“Korrespondent” (1969—1990) jurnallari chop etilgan. Jurnal 1990 yildan hozirgi nomda chop etilayapti.

Quyida “O‘zbekiston matbuoti” jurnalinig qariyb bir asrlik faoliyati davomida yaratgan mahorat va tajriba maktabi haqida hikoya qilinadi.

Kechagidek esimda. Bundan roppa-rosa qirq yil oldingi talabalikning qizg‘in, betakror pallalari. Har oyda o‘zbek va rus tillarida chiqadigan “Muxbir” — “Korrespondent” (hozirgi “O‘zbekiston matbuoti”) jurnali sevimli jurnallarimizdan biri edi. Unda jurnalistika bilan bog‘liq qiziqarli maqolalar bosilib chiqar, talaba, o‘qituvchi bo‘lsin, uni birdek qiziqib o‘qir edik. Uchinchi bosqichda o‘qirdim, o‘shanda, Respublika va viloyat gazetalarining bir nechtasida bosilib chiqqan materiallarni tahlil qilib, maqola yozdim va jurnal tahririyatiga olib bordim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan maqola kattagina hajmda “Bayon emas, tahlil kerak” sarlavhasi ostida bosilib chiqdi. Ustoz va kursdoshlarim bu ijodiy yutug‘im bilan samimiy qutlashgandi o‘shanda. 

O‘qishni muvaffaqiyatli tugatgach, universitetda ishga qoldim. O‘sha 80-yillarning boshlarida jurnalda Orif Muhammadjonov, Isoxon Xo‘jaev, Aleksandr Zibin kabi bilimdon, qalami o‘tkir jurnalistlar yelkama-elka turib mehnat qilishar, jurnalning o‘qishli, qiziqarli bo‘lishida o‘z kasbinining fidoyisi bo‘lgan ustoz jurnalistlarning zahmatli mehnati benihoya katta edi. 

Mustaqillikka erishganimizdan keyin matbuotimizda ham  miqdor va sifat borasida o‘zgarishlar yuz berdi. O‘nlab yangi nashrlar chiqa boshladi. Jumladan, “O‘zbekiston matbuoti” jurnali ham o‘z shakl-shamoyiliga ega va o‘zida yangicha mazmun-mundarija kasb etgan obro‘li nashrlardan biriga aylandi. 

“O‘zbekiston matbuoti” mulkchilik shaklidan qat’i nazar, respublika ommaviy axborot vositalari – gazeta, jurnallar, televidenie, radio, axborot agentliklari, nashriyotlar, bosmaxonalar, kitob savdosi, ijodiy uyushmalar faoliyatini keng yoritib bordi. Keyingi yillarda respublika ommaviy axborot vositalaridagi islohotlar va yangilanishlar jarayoni, jumladan, jurnalistlarning kasb mahoratini oshirish, ularning ijodiy va amaliy tajriba almashishiga ko‘maklashish, dunyo mamlakatlaridagi OAV faoliyatiga doir yangilik va tajribalarni O‘zbekiston OAV orasida ommalashtirishga doir mavzular keng qamrab olindi.

Jurnalda necha-necha yosh jurnalistlarning qalami charxlandi. Tajribali jurnalistlar esa ular – shogirdlariga namuna bo‘ladigan maqolalari bilan muntazam qatnashib turdilar. “O‘zbekiston matbuoti”da ustoz-shogird an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilib, o‘ziga xos mahorat maktabi shakllangan edi. Bu maktabning boshida kamtar, bilimdon, yoshlarga mehribon, yaqin maslahatchi, katta hayotiy va ijodiy tajribaga ega bo‘lgan ustozlar – Xolbek Yodgorov, Riqsi Saxiboev, Axad Ismoilov, Ismoil Sulaymonov kabi ustozlar turar edi. Keyinchalik jurnalning sermazmun, keng o‘quvchilar ommasiga yanada manzur bo‘lishi yo‘lida sohani nozik tushunadigan jurnalistlardan Islom Usmonov, Abdug‘ani Abdullaev Hamid Sultonov ter to‘kib mehnat qilishganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. 

Iqtidorli jurnalist, adib, olim Xurshid Do‘stmuhamedov “O‘zbekiston matbuoti” jurnali tahririyatini boshqargan yillarida ham jurnal o‘zining dolzarb mavzulardagi sermazmun, muammolar ko‘tarib chiqilgan maqolalar, bahs – munozarali chiqishlarga boy nashr sifatida o‘quvchilari orasida yaxshigina obro‘ qozondi. 

Jurnalda oddiy talaba, tahririyatda endigina ish boshlagan yosh jurnalist, soha olimlari, mutaxassislardan tortib, respublikamizda ijodi bilan nom qozongan jurnalist, yozuvchilarning dolzarb mavzularda tayyorlagan publitsistik maqolalari, asarlaridan parchalar o‘rni-o‘rni bilan berib borilar, shu bois ham jurnal ko‘pchilik sevib mutolaa qiladigan nashrlardan biriga aylanib qolgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasida ishlab yurgan kezlarim edi. Fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ularning dissertatsiyasi asosiy ilmiy natijalari e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ilmiy jurnallar ro‘yxatiga “O‘zbekiston matbuoti” jurnalini ham kiritish maqsadida OAK raisi huzuriga kirdim. Unga bu jurnal 1918 yildan buyon nashr etib kelinayotgani, filolog, jurnalist va ijtimoiy soha mutaxassislari orasida nufuzi ancha baland jurnal ekanligi haqida gapirib berdim. Meni diqqat bilan tinglagan raisimiz akademik Shavkat Ayupov taklifga rozi bo‘ldi. “O‘zbekiston matbuoti”  ham OAK jurnallari ro‘yxatiga kiritildi.

Jurnalist, ziyolilarning sevimli nashri “O‘zbekiston matbuoti”da ilk ilmiy maqolam chop etilganiga ham 40 yil bo‘libdi. 

Uning bir o‘quvchisi, tadqiqotchi olim sifatida mening hayotim va ijodimda ham katta maktab vazifasini o‘taganini aytib o‘tishim adolatdan bo‘ladi. Jurnalni muntazam mutolaa qilib borish natijasida undan juda ko‘p narsalarni o‘rganganman. Jurnal tahririyatida ko‘plab jurnalistlar, taniqli olim, adiblar bilan tanishib, ilm, fan, ijod haqida qizg‘in suhbatlar qurib, bahs-munozaralar olib borganmiz. Ularning har biri men uchun hayotiy tajriba, saboq bo‘lib, ilmiy hamda ijodiy ishlarimga katta yordam bergan. Tom ma’noda, “O‘zbekiston matbuoti” jurnali mening olimlik rutbasiga erishishimga ham katta hissa qo‘shgan desam, hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi.

99 yil... Shu yillar davomida o‘quvchilariga doimo manzur bo‘lib kelgan, ne-ne olimu allomalar, el orasida tanilgan jurnalistu adiblar dolzarb maqola, qiziqarli asarlaridan minglab o‘quvchilarini bahramand etib,  mahorat, tajriba maktabi yaratgan “O‘zbekiston matbuoti” jurnali har doimgidek sevimli nashrimiz bo‘lib qolaveradi.

P.S. Keyingi yillarda “O‘zbekiston matbuoti” jurnalining ilgarigi shashti, shijoati bir muncha pasaygandek, nazarimizda. Iqtisodiy qiyinchiliklar bois, jurnal ikki oyda bir marta chiqadigan bo‘ldi. Boz ustiga, uning adadi ham kamayib ketdi. Yaqinda o‘zining bir asrlik qutlug‘ to‘yini nishonlash arafasida turgan, o‘ziga xos jurnalistika mahorati maktabini yaratgan, ayni vaqtda respublikamiz ziyolilarining, jurnalistlarning yagona jurnali hisoblangan, sevimli nashri  “O‘zbekiston matbuoti”ga har jihatdan ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak berish barcha ijod ahlining burchidir. 

 

Yusufjon HAMDAMOV,

O‘zMU jurnalistika 

fakulteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi