Temurbek izdoshlari

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida mamlakatimiz yoshlari yana bir karra jahon maydonlarini zabt etishgani kechagiday yodimizda turibdi. Ularning mardlar maydonida ko‘rsatgan zo‘r shijoati, erishgan zafarlari sabab milliy g‘ururimiz — Vatanimiz bayrog‘i ko‘klarda mag‘rur hilpirab, madhiyamiz baralla yangradi.

 

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan “Yosh avlodni mardlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash” mavzusidagi matbuot anjumani ayni shu ishlarning amaliy davomi bo‘ldi. Matbuot anjumanida “Zamonamiz qahramonlari” rukni ostida chop etilgan “Hasanboy Do‘smatov” va “Ruslan Nurudinov” nomli kitoblarning taqdimoti o‘tkazildi va mamlakatimizdagi harbiy akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berilishi munosabati bilan maktab tinglovchilari yuzma-yuz suhbatga tortildi. 

Xalq shoiri, senator, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo, ushbu kitob-albom mualliflari — Nodir Jonuzoq, Orif Toliblarning bu haqdagi fikr-mulohazalari tinglandi. Mazkur kitoblar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi homiyligida chop etildi. Ushbu kitoblar Vatanimiz bayrog‘ini yuksakka ko‘tarib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yanada keng yoyayotgan sportchilarimiz, jumladan, Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan mamlakatimiz vakillari orasida birinchi oltin medalni qo‘lga kiritib, “Yilning eng yaxshi bokschisi” bo‘lgan Hasanboy Do‘smatov va og‘ir atletika bo‘yicha jahon rekordini yangilagan Ruslan Nurudinovlar hayoti va faoliyatidan xabardor qiladi. Shubhasiz, ularni o‘qigan har bir yosh qalbida Vatanga muhabbat hissi kuchayadi. Sportga qiziquvchilarda esa havas ishtiyoqini yanada orttiradi. 

— Haqiqatdan, zamonamiz qahramonlariga, xalqimiz ishonchiga aylana olgan chempionlarimiz haqidagi kitoblarning chop etilishi barchamiz uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi, — deydi sevimli shoirimiz — Iqbol Mirzo. — Maqsadimiz mamlakatimiz himoyasiga shay turgan vatanparvar yoshlarni yanada ma’nan va jismonan yuksaltirishga xizmat qiladigan kitoblar safini kengaytirish, O‘zbekiston dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarib, butun millat sha’nini himoya qilayotgan asl farzandlarimiz nomini tarixga muhrlashdir.

Kitoblarni varaqlar ekanmiz, unda shohsupaga eltuvchi yo‘lda bo‘lg‘usi chempionlardan sabr-matonat bilan birga tinimsiz mehnat va harakat talab qilinishiga yana bir karra amin bo‘lamiz.

— Ko‘pchilikda shakllanib ulgurgan shunday fikr bor: muvaffaqiyatlarning bosh kaliti — boylik. Yo‘q, men bu fikrga qo‘shilmayman. Shu ikki o‘g‘lonimiz misolida ham ko‘rish mumkinki, mehr-oqibati kuchli oila farzandlari ham qahramon bo‘la oladi, — deya o‘z fikrlarini bayon etdi “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nodir Jonuzoq. — Chempionlarimizning nafaqat bilagi, balki yuragi, ma’naviyati ham kuchli. Ular boshqa sohalarda ham bemalol fikr almasha olishadi. 

Mamlakatimizdagi harbiy litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berilishini esa Toshkent Temurbeklar maktabi direktori Alisher Nazarov shunday izohladi:

— Tarixdan ma’lumki, bobokalonimiz Amir Temur o‘zining aql-zakovati, kuch-qudrati va adolati bilan dunyoni zabt etgan. Bugun esa shijoatli yoshlarimiz yurtimiz nomini jahonga mashhur qilyapti. Ularni Temurbek izdoshlari, deya bemalol ayta olamiz. Vatan himoyasiga shay o‘g‘lonlarimizni ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishga undash maqsadida ham harbiy litseylarimizni shunday nom bilan atashni joiz topdik.

Mard, fidoyi, vatanparvar va marrani yuksak olayotgan yoshlarni kamol toptirish chindan bugunning muhim vazifalaridan biri. Yuqoridagi kabi ezgu amallar bu yo‘lda xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Tadbir ishtirokchilari ushbu taqdimotdan olam-olam zavq va quvonch bilan qaytdilar.

Sahrogul 

OQBO‘TAYEVA,

O‘g‘iloy 

MAQSUDOVA

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.