OAV: axborot shaffofligi taraqqiyot garovi

Kecha O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi,  O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashda OAV oldida turgan dolzarb vazifalar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, bunda ommaviy axborot vositalarining mas’uliyatini oshirish masalalari muhokama etildi.

Tadbirni olib borgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov rivoj topib borayotgan jamiyatimizda chuqur islohatlar amalga oshirilayotgani, eng asosiysi har bir soha faoliyatiga tanqidiy-tahliliy nuqtai nazardan qaralayotganini alohida ta’kidlab, xalqning ijtimoiy darajasini oshirish, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini ta’minlash masalasi birlamchi vazifa bo‘lib turgan bir paytda jurnalistlar yanada teranroq fikrlab, faol harakat qilishi kerak. Bu jarayonda esa jurnalistlar erkinligini oshirish, qonun hujjatlarida keltirilgan huquq normalarining amalda to‘laqonli qo‘llanishi nihoyatda zarur dedi u.  

—Keyingi yillarda Davlat Soliq qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi faoliyatining ochiq oshkoraligini ta’minlashda OAV bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ijobiy natijalar ko‘rsatayotganini, o‘z navbatida davlat Arxitektura qurilish qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati, Farg‘ona viloyati hokimliklari bu masalada sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini ta’kidlash joiz. Bundan tashqari 2015 yilda mahalliy davlat organlari faoliyatiga doir qonunga qo‘shimchalar kiritilgan edi. Unga ko‘ra har yili Mahalliy davlat organlari rahbarlari tomonidan faoliyati to‘g‘risida tanqidiy-tahliliy hisoboti berilishi va muassisligidagi nashrlarda, hamda internet saytlarida e’lon qilinishi shart deb belgilangan. Afsuski, amaliyotda qonunning bu talabi ham to‘laqonli bajarilmayapti. Ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, jurnalistlarning erkin faoliyat olib borishida, davlat idoralarining faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etishida ba’zi bir muammolar mavjud. Shunga ko‘ra Harakatlar strategiyasining 51-52 bandiga muvofiq sohaga doir amaliyotga kiritilganiga bir necha yillar bo‘lgan qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, axborot berishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan idoralarni javobgarlikka tortish borasida yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda, — dedi tadbir ishtirokchisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Rasul Kusherboev o‘z ma’ruzasida. 

Tadbirda so‘zga chiqqan “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri Bekzod Shukurov dolzarb mavzudagi tanqidiy-tahliliy materiallarni tahlil qilar ekan, so‘nggi yillarda matbuot sahifalarida bunday materiallarning sezilarli darajada ko‘payganini qayd etdi. Samarqand viloyati Narpay tumanidagi “Paxtakor ovozi” gazetasidagi “Bozor bedarvoza emas-ku”, “Jamiyat” gazetasidagi “Go‘sht suyaksiz, suyak go‘shtsiz bo‘lmaydi”, “Qashqadaryo” gazetasidagi “Nomi bor-u, o‘zi yo‘q” kabi tanqidiy-tahliliy maqolalardan misollar keltirdi. 

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda katta mas’uliyat jurnalistlar zimmasiga tushadi, deya fikrini yakunladi, u.  

Shuningdek, tadbirda markaziy OAV rahbarlari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi “yosh jurnalistlar” klubi a’zolari ishtirok etdi.

Sanjar ESHMURODOV

Suratlar muallifi: Sholaziz SHOXIDOYEV