“Chegara bilmas muxbirlar”

Jurnalistika — kasblar chorrahasidagi soha, degan edi ustozlarimizdan biri. Omadi gap. Taassufki, jamiyat qoidalari yo‘l qoidalari singari sodda emas. Jamiyatda kesishadigan chorrahalar ham, kesishmaydigan yo‘llar ham ko‘p. Bularning hech biri jurnalist nigohidan chetda qolmasligi kerak, aslida. Bunday sermashaqqat yo‘lda intizomli yo‘lovchi ham, qoidabuzar ham uchraydi, jurnalist biri orqali hurmat topsa, ikkinchisi unga qimmatga tushishi mumkin.

 

Hamkasblarimiz hayot yo‘lini o‘rganar ekanmiz, ana shu haqiqatga guvoh bo‘lamiz. Bunga xorijiy OAVdan yuzlab, minglab misollar keltirish mumkin. Jahon jurnalistikasi tarixi talato‘pu qasirg‘alar, shovqin-suronu alg‘ov-dalg‘ovlarga to‘la. Manfaatlar to‘qnashuvi bor ekan, u hamisha o‘z asoratini qoldirib kelgan. Goh hokimiyat, yer-mulk uchun kurash borsa, goh milliy nizolar bosimi xalqning sillasini quritgan. 

Murakkab davr, tahlikali vaziyatlarda ham vatan taqdiri, millat sha’ni uchun kurashgan hamkasblarimiz o‘z burchlariga sodiq qolib, jamiyatning yetakchi kuchiga aylanishgan. Shu barobarida yangi-yangi nashrlarga asos solinib, elni ma’rifatga, ezgulikka chorlovchi chiqishlar qilingan, asrlarga tatigulik asarlar yaratilgan. Qolaversa, har bir sohaning tarixi va unga yog‘du sochib turgan yulduzlari bo‘ladi. Turli davrlarda yashagan Ernest Xeminguey, Lorens Van der Post, Grant Dink, Olimpia de Guj, Zofka Kveder, Ageya, Axmed Xamrush, Ehson Abdu al-Quddus, Xusen Andruxaev, Saodat Hasan Manto va boshqa yuzlab vatanparvarlar urush dahshatlariga guvoh bo‘lgan, milliy nizolar, tabaqalanish asoratlariga qarshi kurashgan bo‘lsa, Jozef Pulittser, Alber Kamyu, Emil de Jirarden, Vladislav Listev, Pol Xlebnikov kabi dovyurak va uddaburon hamkasblarimiz jamiyatdagi illatlarni fosh etib, adolat, haqiqat uchun hayotlarini garovga qo‘yganlar. Ular nafaqat o‘z yurtida, balki jahon miqyosidagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning qoq markazida turib, o‘z vazifalarini ado etishgan. Ko‘pincha ularning pozitsiyalari yoqlanmagan, hayotlari ham himoya ostida bo‘lmagan. 

1985 yilga kelib, “Chegara bilmas muxbirlar”, degan tushuncha paydo bo‘ldi va shu nom bilan nufuzli xalqaro nodavlat tashkilotiga asos solindi. Ayni paytda tashkilotning markaziy ofisi Parijda. Uning vazifasi butun dunyo OAVning erkinligini himoyalashdan iborat. Shiori esa “Erkin matbuotsiz biror bir to‘qnashuv, kurash haqida hech qachon bilib bo‘lmaydi”. Tashkilot tsenzuraga qarshi va professional kasbini bajarayotib, qamoqqa olingan jurnalistlar ozodligi uchun kurashadi. Bu masalada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-bobiga tayanadi. 

2002 yildan buyon ushbu tashkilot jahon ommaviy axborot vositalarining reytingini e’lon qiladi va uni nufuzli nashrlar chop etadi. Reyting OAVning erkinlik darajasini baholaydi. Natijalar 43 ta muhim ko‘rsatkichga tayanib chiqariladi. O‘sha yili uning tamoyillari 139 mamlakatga ma’lum qilingan. BMT, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar aynan ushbu reyting asosida yo‘nalish oladi, uni davlat rahbarlari va ijtimoiy institutlar tahlil qiladi. 26 aprel kuni tashkilot 2017 yilgi reytingini e’lon qildi. Ekspertlar tashkilotning mazkur so‘nggi reyting ko‘rsatkichlari tashvishlanarli ahvolda ekanini qayd etishmoqda. Tahlillarga qaraganda, o‘tgan yillar davomida matbuot erkinligiga bu qadar tahdid bo‘lmagan. Hatto demokratiya borasida namuna va OAVni himoya qilish bo‘yicha lider bo‘lgan davlatlarda ham matbuot erkinligiga birmuncha putur yetgan. Erkinlik tamoyillariga ko‘ra, AQSh, Buyuk Britaniya va Chili ikki band bo‘yicha tushib ketgan bo‘lsa, Yangi Zelandiya sakkiz ko‘rsatkichda ortda qolmoqda. Polsha yetti, Vengriya va Turkiya to‘rt band bo‘yicha pastlashgan. Bunga ba’zan nufuzli OAVlar oligarxlar qo‘liga o‘tib ketgani sabab bo‘lsa, ayrimlari manfaatlar to‘qnashuvi bilan izohlanmoqda. 

Elchiga o‘lim yo‘q, degan maqol ko‘p xalqlarda uchraydi. Elchilarga ziyon yetkazish azaldan urush qonun-qoidalariga zid bo‘lgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, jurnalistni jamiyat va davlat, mamlakatlar o‘rtasidagi elchi, deyish mumkin. Ammo bugun urush qonun-qoidalari o‘zgargan va qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib turgan qator davlatlarda jurnalistlar qurbon bo‘lmoqda, jamiyatdagi illatlarni fosh etganda, hayotiga tahdid qilinib, suiqasd uyushtirilayotir. Qay bir davlatda bo‘lsa-da, axborot xavfsizligi milliy xavfsizlik qatorida ko‘rilmas ekan, bunday tahdidlardan himoyalanib bo‘lmasligi ayon. 

Alhol, yurtimizda bu kabi jiddiy kurashlarga hojat yo‘q. Yaratuvchan, bunyodkor xalqimizning hayoti, ishbilarmon tadbirkoru bilimdon, intiluvchan yoshlar yutuqlarini bor bo‘y-basti bilan yoritib bersak bo‘lgani. To‘g‘ri, yurt taraqqiyoti, jamiyat rivojiga g‘ov bo‘ladigan ba’zi muammolar hamisha bo‘lgan, bugun ham bor. Ularning yechimiga ulush qo‘shish uchun o‘sha chorrahadagi o‘z o‘rnimizda sobit bo‘lishimiz kifoya. Barobariga jahon ommaviy axborot vositalari, chegara bilmas jurnalistlar maktabini o‘rganmay turib, axborot asrining talablarini to‘la qondirish mushkul. Buning uchun jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha dunyo tajribasini o‘rganish, bugun OAVda xizmat qilayotgan hamkasblarimizning malakasini oshirish uchun nufuzli xorijiy nashrlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish darkor...

 

Xolida FAYZIYEVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.