Internet o‘tkir so‘zimizni kutmoqda

Keyingi yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internet kundalik hayotimizga shu qadar singib ketdiki, dunyoning u chetida sodir bo‘layotgan turfa voqea-hodisalardan kishilar bir zumda xabardor bo‘layotir. Biroq ularning orasida ongu shuurga salbiy ta’sir etadigan holatlar kam deysizmi? Bugungi yoshlar dunyoni egallagan sanoqsiz axborotlar ichidan keraklisini keraksizidan, foydalisini zararlisidan, o‘zbekona qilib aytganda, oqni qoradan qay darajada ajrata olayapti?

 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushtirilgan yig‘ilishda mana shu mavzu muhokama qilindi. Xususan, internet imkoniyatlariga tayanib, adabiyotimiz yutuqlarini xalqqa yetkazish, shu orqali kitobxonlik madaniyatini ko‘tarish, yoshlarning estetik didini tarbiyalash, fikrlashga undash, o‘zligini anglatish va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini shakllantirish masalalari xususida jonli muloqot bo‘ldi.

— Yozuvchi va shoirlarimiz faqat tadbirlarda faol qatnashish emas, yuksak badiiy asarlari bilan yoshlarimizning ma’naviy dunyosini boyitishga yordam berishlari lozim, — dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali. — Chunki adabiyot qalbni tarbiyalaydi, didni yuksaltiradi, kishini ezgu ishlarga chorlaydi. Ijodkor xalqi hayotda sodir bo‘layotgan har bir voqea-hodisani yuragidan o‘tkazadi. Ko‘pchilik e’tibor bermaydigan narsalarni ziyrak nigoh bilan ilg‘aydi. Keyingi paytda ijodkorlarimiz jamiyatimizning barcha jabhalarida milliy qadriyatlarimizni targ‘ib-tashviq etish ishlariga jalb etilayotganining boisi ham shunda. Axborot asri deb e’tirof etilayotgan hozirgi davrda adabiyotning o‘rni har qachongidan ham ortib bormoqda. Qaerdadir hayot-mamot masalasi hal bo‘layotgan bir paytda ayrim yoshlarimiz ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan mayllarga berilishi, har xil kompyuter o‘yinlariga berilib qolishayotgani kishini tashvishlantirmay qo‘ymaydi. 

Yoki har xil ijtimoiy saytlarda uyalmay-netmay hayotining miridan-sirigacha yozib, el-yurt oldida hatto yaqinlarini ham xijolatga solayotganiga qanday befarq qarab bo‘ladi? Aslida har xil oqimlar, diniy ekstremistik guruhlar mana shu holatdan unumli foydalanib qoladi. Xo‘sh, biz o‘z farzandlarimizni ularning changaliga tutib bermasligimiz uchun nimalar qilishimiz kerak? Avvalo, ularning miyasini ilm bilan, asl diniy va milliy qadriyatlarimiz bilan to‘yintirishimiz darkor. 

Darhaqiqat, xalqimiz azaldan andishali, birovning ko‘nglini ranjitishni katta gunoh deb biladigan, imon-e’tiqodi mustahkam xalq. Davra suhbatida shoir va yozuvchilar ana shu fazilatlarni o‘z asarlari orqali targ‘ib qilish, internet xurujlariga qarshi kurash, o‘rni kelganda, elektron shaklda tarqatilayotgan har xil saviyadagi video, audio materiallar, varaqalarga o‘zining keskin munosabatini bildirish masalalari ko‘rib chiqildi.

— Adabiyotimizda ijobiy va salbiy obrazlar bor. Ijobiy qahramonning qanday bo‘lishini hamma biladi, lekin salbiy qahramonlar doim insonlarni boshi berk ko‘chaga olib kiradi. Odamlarga zig‘ircha naf keltirmaydi. Bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki obraz faqat badiiy asarlarda emas, endilikda hayotimizda ham bor bo‘y-bastini ko‘rsatayapti, — deydi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Davlatimiz rahbari mutolaa madaniyati va kitobxonlik saviyasini ko‘tarishga alohida e’tibor berayotgani bejiz emas. Adabiyot bu eng avvalo, insonning ruhiy olami, siyratiga nazar tashlash. Qalbidagi g‘ururni uyg‘otib, ezgu maqsadlarni uyg‘otishdir. Ma’naviyat va adabiyot masalalariga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda kitobxonlar o‘rtasida adabiyot obro‘yini ko‘tarish, kitob do‘konlarini yaxshi asarlar bilan to‘ldirish va kitobxonlarning ma’naviy dunyosini boyitish har birimizning vazifamizdir. 

Davra suhbatida ko‘tarilgan mavzu juda dolzarb. Bir tomondan, yoshlarimizni kompyuter, mobil telefonlari va ijtimoiy tarmoqlarga qiziqishining cheki yo‘q. Shunchaki xitobu shiorlar bilan bunday vositalardan foydalanish madaniyatini shakllantirish qiyin. Yoki ularning xohishu irodalariga qarshi chiqqan bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Faqat yaxshi kitoblar orqali maqsadga yetish mumkin. Bu borada Uyushma tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayniqsa, hududlar bilan bog‘lanib, iste’dodli yoshlarning birinchi kitoblarini nashr etish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va adabiy jarayonda faol bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Tadbirda ta’kidlandiki, internetga tobe o‘smirlar soatlab kompyuter oldida o‘tirishini ayrim ota-onalar bilimga chanqoqlik deb bilishadi. Aslida bu aksinchadir. Virtual olamda yashayotgan o‘smirlar dunyodan ajralib qoladi. Ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi munosabatga putur yetmasligi uchun doim bir-biri bilan muloqot qilib turishi kerak. 

Ma’lum bo‘lishicha, faqat internet ma’lumotlariga suyanib qolganlar va tobelar turfa axborotlar girdobiga tushib qolayapti. Janubiy Koreya, Xitoy, Tayvanda internetga tobelik milliy xavf darajasida baholanmoqda. Ko‘plab davlatlarda internetdan foydalanishda cheklovlar o‘rnatilgan. 

Davra suhbatida internetning zararli tomonlari bilan birga, afzalliklari haqida ijodkorlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. 

Bugun internetda tarqatilayotgan, mazmun-mohiyatidan yovuz maqsad ko‘zlangani shundoq sezilib turgan materiallarga qarshi yuksak saviya bilan yozilgan asarlar vositasida kurashish lozim. Buning uchun veb-saytlarimiz shunchaki yengil-elpi xabarlar, oldi-qochdi voqealar bilan emas, professional tarzda bitilgan, milliy manfaatlarimizga xizmat qiladigan axborotlar bilan boyitilishi shart. 

Afsuski, ko‘p saytlarimiz “ko‘cha” axborotlari bilan chegaralanib qolmoqda. Gazeta, jurnallarning internet tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan elektron nashrlari saviyasi haqida ham ko‘ngil to‘lib gapirish qiyin. Bunga tomoshabin bo‘lib o‘tirmasdan, zamondoshlarimizni o‘ylantiradigan muammolarga javob izlashimiz, ma’naviyatini ko‘taradigan asarlar yozishimiz, boshqacha aytganda, internet nashrlarining saviyasini ko‘tarish ziyolilarimiz oldida dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Hech birimiz shiddatli zamondan ortda qolmaylik. 

 

Adiba UMIROVA

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.