JURNALIST AYOLLAR

Oynai jahon pultini bosishingiz bilan yoqimtoy ayol jurnalistning chehrasi namoyon bo‘ladi. Xorij telekanallarida ayol jurnalistlarning “qaynoq nuqta”lardan lavha berishiga tomoshabinlar allaqachon o‘rganib qolishgan. Bugun gazeta va jurnal sahifalarida ayol-jurnalistlarning ko‘plab maqolalarini jon-dilimiz bilan o‘qiyapmiz.

 

“Jurnalistika faqat erkaklarga xos kasb” degan bir vaqtlardagi fikrlar bugungi voqelikka aslo mos kelmaydi. Tahlilchilar fikricha, bugungi kunda “nozik jins” vakillari jahon (ayniqsa AQSh va Yevropa) ommaviy axborot vositalarida yetakchi kuchga aylanib ulgurdi. Rossiya OAVda esa ayollar rahbarlik lavozimlarida ham faoliyat yuritishmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, jurnalist ayollar soni muntazam oshib bormoqda. Ta’kidlanganidek, ularni “qaynoq nuqta”lar ham qo‘rqita olmayapti.

 Ayol jurnalistlarimiz erkaklardan qolishmaslikka harakat qilib, murakkab mavzularga ham qo‘l urishmoqda. Masalan, televideniedagi axborot dasturlari va turli ko‘rsatuvlarda dolzarb mavzularda lavhalar tayyorlayotgan, tok-shoular tashkil qilayotgan ayollarga havas qilmay ilojimiz yo‘q. Konchilar, dehqonlar, ishchilar, o‘qituvchilar, hatto farroshlar xayotiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar tayyorlagan tinib-tinchimas Saodat O‘rmonovaga ko‘pchilik hamkasblarimiz tan beradi. Odamlarga yoqadigan ko‘rsatuv, eshittirish yoki maqola tayyorlash uchun ancha “ter to‘kishga” to‘g‘ri keladi.

Jurnalistlarga oson, deb o‘ylash mutlaqo noto‘g‘ri. Materal to‘plash, uni tahrir qilish va yozish mashaqqatlarini faqat jurnalistlargina yaxshi anglaydi. Shu o‘rinda Qutlibeka, Gulchehra Jamilovalarning dolzarb mavzudagi maqolalarini eslash kerak. Barno Sultonova va Yulduz Hojievalarning odamiylik, mehr-oqibat haqidagi maqolalarini alohida zavq bilan o‘qiymiz. Ular faqat yaxshilik haqida yozishni o‘zlariga maqsad qilib olgandek bo‘ladi, nazarimda. Xuddi shu bahoni Oybuvi Ochilova (“Ma’rifat”)ga nisbatan ham berish mumkin.

Maqola, ko‘rsatuv yoki eshittirish u yoki bu masalaga oydinlik kiritib, odamlar uchun nimadir berishi kerak. Bu ancha mashaqqat chekishni taqozo qiladi. “Ma’rifat”dagi Hulkar To‘ymanova tanlayotgan mavzularga ham alohida e’tibor qaratish lozim deb o‘ylayman. Matbuotimizda Adiba Umirova, Sitora Tojiddinova, Go‘zal Malikova (ularning har uchalasi “Hurriyat”da)larning paydo bo‘lishi ham hodisa sifatida baholanishga loyiqdir. O‘zbekiston Milliy axborot agentligidagi Nodira Manzurova, Iroda Umarova va Madina Umarovalarning Toshkentda o‘tayotgan xalqaro anjumanlarda ingliz tilida savol berib, xorijliklarni shoshirib qo‘yganiga ko‘p marta guvoh bo‘lganman. 

Mening jurnalist bo‘lishimga Umida Abduazimova sababchi bo‘lganlar. Toshkent davlat ikkinchi tibbiyot institutida tarixdan dars berardim. Bir kuni Hojiakbar ismli talaba kelib “televizorda chiqishni xohlaysizmi?”, deb so‘rab qoldi. Keyin yetti-sakkizta savol berib, shularga tayyorlanishimni so‘radi. Savollarga tayyor bo‘lganimdan so‘ng, radioga borib, Umida Abduazimova bilan suhbatlashdik. Bu suhbat efirga berilib, matni esa “Toshkent oqshomi”da maqola bo‘lib bosildi. Shundan so‘ng maqolalarim respublika gazetalarida bosila boshlandi. 1995 yilda O‘zbekiston radiosiga ishga keldim. Zubayda opa, Hulkar opa kabi ustoz jurnalistlardan ko‘p narsa o‘rgandim. “Xalqaro hayot” bosh muharririyatida esa Muyassar Saidxonova tufayli xalqaro jurnalistika sir-asrorlaridan boxabar bo‘ldim. Qo‘rqmasdan xalqaro mavzularda yoza boshladim. Umuman olganda, Muyassar opa shogirdlariga qattiqqo‘llik bilan munosabatda bo‘lardilar. Bu esa kelajakda shogirdlarning yetuk jurnalistlar bo‘lib yetishishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.  

Shu o‘rinda “O‘zbekiston” radiosining chorak asrdan beri efirdan tushmay kelayotgan “Oqshom to‘lqinlarida” axborot-musiqiy eshittirishiga va uni tayyorlayotgan ayol-jurnalistlar haqida alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Eshittirish tinglovchilarga yoqishi uchun Shohida Abduolimova, Zarbibi Chorieva, Sayyora Allaberdieva, Nozima Toshpo‘latova voqealarni qiziqarli tarzda yoritishga harakat qilishmoqda.

“Nima uchun ayol jurnalistlar ilgarilab ketdi”, degan savolga javob izlar ekanman, ayol hamkasblarimizning ijodini yana bir marta ko‘zdan kechirib, o‘zimcha tahlil qilgandek bo‘ldim. Ayollar chekinishni istamagan holda (erkaklardan ortda qolmaslik maqsadida) hamisha olg‘a intiladi. Ayollar o‘z qahramonlari bilan chin qalbdan suhbatlashadi. Ular o‘z asarlariga huddi farzandlariga mehr bergandek kabi munosabatda bo‘lishadi. Shu sababli ham AYoL jurnalistlar mas’uliyatni his qilib asarlar yaratishmoqda. Bir so‘z bilan, aytganda, ayol hamkasblarimizning mehnati natijalari milliy jurnalistikamiz rivojiga hissa bo‘lib qo‘shilayotganini e’tirof etish o‘rinlidir.

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.