PUBLISISTIKADA DAVR MANZARALARI 2016 yilda chop etilgan kitob va jurnallar faoliyatiga bir nazar

Dehqonlar ko‘p hosil bergan mevali daraxtlarga boqib, “O‘rikning yili keldi” yo “Olmaning yili keldi” deb ta’riflashadi. 2016 yilda chop etilgan qator jurnallarni varaqlab, ijod maydonida publitsistikaning yili kelibdi, degingiz keladi. Bunda barcha qalamkashlarni faol ijod qilishga ilhomlantiradigan voqeliklar, alalxusus, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining hisobiga yeta olmaysan.

 

Respublikamizda nashr etilayotgan jurnallar mundarijasiga qarab fikrimizga qo‘shilasiz, albatta. Ularda yoritilgan ibratli, sermazmun publitsistik materiallarni tahlil qilar ekansiz, ayniqsa yosh qalamkashlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi deb e’tirof etishga arzigulik ijod namunalari e’tiboringizni tortadi. Misollarga murojaat qilaylik.  

 

Xabaringiz bor, “SHARQ YULDUZI” jurnalining dastlabki sahifalari “Publitsistika” rukni bilan ochiladi. 

Jurnalning 2016 yil sonlarini ko‘zdan kechirgan o‘quvchi dolzarb mavzularda publitsistik asarlar yoritilganini va bu nashr mazmundorligini yanada oshirishga xizmat qilayotganini e’tirof etadi. Jurnalning 1-sonida yozuvchi o‘ozi Rahmonning “Zumrad diyor” sarlavhali maqolasida qadimiy va tabarruk maskan Shahrisabz haqida hikoya qilinadi. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 fevraldagi “Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida ob’ektlarni qurish va rekonstruktsiya qilishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami o‘ziga xos mahorat bilan tasvirlangan. Ayniqsa, XV asrda bunyod etilgan tarixiy obidalarning qayta chiroy ochgani haqidagi lavhalar o‘quvchida katta qiziqish uyg‘otadi. 

Jurnalning shu yil 2-sonida yozuvchi va shoir O‘ktam Mirzayorning “Vatan manzaralari” sarlavhali maqolasi “Kim edigu...” degan kichik sarlavha bilan boshlanib “...Kim bo‘ldik” deya davom etadi. E’tiborlisi, hajman kichik hikoyalarda butun bir davrda xalqimiz ko‘z o‘ngida amalga oshirilgan beqiyos bunyodkorlik ishlari haqida keng qamrovli fikrlar bayon etiladi. 

Muallif “Kim edigu...” degan savolga javobini shunday satrlar orqali bayon etadi: 

“Bu o‘lkaning mehnati 

     zo‘r, azobijon, 

Ayollarin tomirida ividi qon. 

O‘nta tug‘sa, o‘novidan 

beshi omon, 

Inson bo‘lsang, shular haqqi 

keltir imon, 

Do‘st bo‘lsang gar, 

 “Boqimanda” demas eding!” 

Bu satrlarda ifoda etilgan fikrlarni izohlar ekan, muallif shunday yozadi: 

“Yo‘qchilik, chorasizlik, adolatsizlikdan o‘z-o‘ziga o‘t qo‘ygan ayollarning mudhish qismati odamlarning shusiz ham singan ruhini chil-chil etardi”. 

Endi, “...Kim bo‘ldik” mavzusida keltirilgan ma’lumotlar, voqeliklar ham xalqimiz ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan. FIFA referisi Ravshan Ermatovning “Jahonning eng yaxshi hakami” deb e’tirof etilishidan tortib “Afrosiyob” poezdimizu osmono‘par havo kemalarigacha hayotimizda qanchalik mo‘’jizaga aylanishigacha yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan. 

Jurnalning 3-sonida taniqli ijodkor Sharifa Salimovaning “Sharqdan chiqaverar oftob hamisha” sarlavhali maqolasi Vatan manzaralari ajib badiiy bo‘yoqlarda o‘ziga xos mahorat bilan tasvirlangan. Unda “Buyuk ajdodlarimiz To‘maris, Saroymulkxonim, Gulbadanbegim, Zebunisobegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Qurbonjon dodholar va qator boshqa ulug‘ ayollar shaxsi misolida qadimiy Sharq zakosiga hamisha tan bergani” haqida so‘z yuritilar ekan, yurtimiz istiqloli yillarida ayollarga davlat siyosati darajasida ehtirom ko‘rsatilayotgani keng tahlil etiladi. 

Jurnalning 4-sonida farg‘onalik ijodkor Hamid Burhonning “Dilni yorug‘ qilgan tadbirlar”, 5-sonida adiba Risolat Haydarovaning “Jahon bilan bo‘ylashish bugunning vazifasi”, 6-sonida Ziyoviddin Mansurning “Odamlardan tinglab hikoya...” sarlavhali materiallarida ham Vatan tarixi va istiqlol yillaridagi shonli yo‘li haqida atroflicha hikoyalar qilingan. 

Jurnalning 7-sonida Baxtiyor Haydarovning “O‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ko‘prik” sarlavhali publitsistikasida   Qarshi shahridagi Qashqadaryo uzra qurilgan tarixiy ko‘prik va uning yonidagi bog‘lar haqida so‘z borar ekan, quyidagi satrlar o‘quvchini mushohada qilishga undaydi: “Mana, ulug‘ bobolarimiz qurgan ko‘prik hanuz xizmat qilyapti. Faxr va g‘urur bo‘lib qad rostlab turibdi. Bu ko‘prik me’morchilik, tarix, falsafa va boshqa shu kabi mavzularda “ochiq dars” vazifasini o‘tyapti. Men-chi, Vatanga nima berdim, avlodlar eslaydigan qanday ezgu amallar qildim?” degan savollar qalbingiz tubida, albatta, uyg‘onadi. O‘zingizni yaxshiliklarga chog‘laysiz”. 

Tarixga teran nazar bilan yondashgan muallif nasafiylar, keshiylar, termiziylar, buxoriylar, xorazmiylar, farg‘oniylar, shoshiylar kabi ulug‘ zotlarning boy ma’naviy meroslarini ham o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ulug‘ ma’naviy ko‘prik sifatida tasvirlashi o‘quvchini mushohadaga chorlaydi. Mazkur publitsistikada kichik sarlavhalar ostida yoritilgan “Tarixga bir nazar”, “Qadim ko‘prikning zamonaviy qiyofasi”, “Bu suvlar qaerdan kelyapti?”, “Bardavom an’analar” mavzulari mantiqan zanjirdek bog‘lanib ketgan. 

Jurnalning shu yil 8-sonida shoira Qutlibeka Rahimboevaning “Gul vodiylar yashnar qoshida” sarlavhali asarida zamonamizning bir guruh qahramonlari siymosiga ajib chizgilarni ko‘rish mumkin. “O‘tayotgan har bir kunimiz, har lahzamiz sinov kunlari, sinov lahzalariga o‘xshaydi. “Men senga ozod mamlakat, insoniy qadr, “o‘zingning yering, o‘zingning tilingga o‘zing egasan”, degan imkoniyat berdim. Sen men uchun nima qilding?” deya savol berayotgandek”, deb yozadi muallif. Publitsistika davomida “Lolaxonning uch yuz donli bug‘doy boshog‘i” kichik sarlavhasi ostidagi hikoyasida oltiariqlik mashhur dehqon Lolaxon Murodova siymosi ortiqcha balandparvoz gaplarsiz, soddagina tasvirlangan. Fermer opaning mehnati qanchalik qadr topgani, shu tufayli “Damas” va “Neksiya” mingani istiqlol bergan imkoniyat va ne’mat ekanini muallif mahorat bilan ko‘rsatgan. 

Jurnalning 9-sonida Abdumajid Azimning “Vatanning fayziyob tonglari” sarlavhali publitsistikasida ham bugungi dorilamon kunlarimiz sobiq mustabid tuzum davridagi noxush holatlar bilan qiyosiy tahlil qilinadi. “Bu kunlarga yetish oson bo‘lmagan”, “Bundan buyon eskicha yasholmaymiz”, “Otam ko‘zidagi yoshlar”, “Orzular ijobati” mavzular sarlavhasidanoq o‘quvchilar kechagi o‘tmishdagi og‘riqli dardlar va bugungi dorilamon kunlarga shukronalik hissini tuyadilar. 

Jurnalning 10-sonida yoritilgan Gulchehra Asronovaning “Dilda doim Vatan mehri bor”, 11-sonida yoritilgan Bahrom Ro‘zimuhammadning “Qadimiy o‘lkaning yangi erasi” sarlavhali publitsistikalarida ham Vatan manzaralari, boy tarixi va umidli kelajagi haqida mushohadali fikrlar o‘z ifodasini topgandir. Bu publitsistikalarning tili va uslubi haqida ijobiy fikrlar aytish mumkin. Mualliflar qalamga olgan mavzularini yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlanganini ilmiy tadqiq qilish maqsadga muvofiqdir. 

“YOSHLIK” jurnalida ham zamonamiz qiyofasini, muhim ijtimoiy voqeliklarga aylanib borayotgan ulkan bunyodkorlik va boshqa ishlarimizni tasvirlashga qaratilgan bir qator maqolalar haqida ijobiy fikr aytish mumkin. Buni jurnalning 2016 yilgi sonlarida yoritilgan qator esse va boshqa publitsistikalar misolida ko‘rishimiz mumkin. 

Jurnalning 3-sonida chop etilgan Abdusaid Ko‘chimovning “Bu dunyoda shunday yashasang” sarlavhali essesida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida yuz berayotgan voqeliklar yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlanadi. 

Jurnalning 4-sonida yoritilgan Luqmon Bo‘rixonning “Satrlarga sig‘magan siyrat” sarlavhali portret ocherki (afsuski, janri aniq ko‘rsatilmagan) O‘zbekiston Qahramoni, senator Xolidjon Komilov siymosi mahorat bilan tasvirlangan. 

6-sonida Bahodir Rahmonning “Yo‘l iztiroblari” sarlavhali maqolasini ham aslida portret ocherki deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Unda atoqli shoir Erkin Vohidov siymosi yorqin bo‘yoqlarda mahorat bilan tasvirlangan. 

O‘tgan yili “Guliston”, “Saodat”, “Tafakkur”, “Sog‘lom avlod uchun” kabi ommabop jurnallarda ham rang-barang mavzularda publitsistikalar yoritilgani mushtariylar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. 

Publitsistika — hayot bilan hamnafas janrdir. Yurtimiz mustaqilligi yillarida betakror badiiy asarlarini yozgan atoqli adiblar o‘z davrida hayot manzaralarini publitsistika janri orqali mahorat bilan yoritishda ham ibrat ko‘rsatganlari baayni haqiqat. Ustoz adiblarning ana shu o‘ziga xos an’analarini izchil davom ettirish bugungi ijodkorlar uchun ham farz, ham qarzdir. 

To‘lqin ESHBEK, 

filologiya fanlari nomzodi, dotsent 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.