Dunyo matbuotida nima gap?

Barcha zamonlarda kishilar ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, matubotga qarab o‘z nuqtai nazarini, dunyoda, atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabatini bildirgan. Bugun ham shunday, faqat, matbuot turlari singari fikrlar xilma-xilligi ham borgan sari kuchaymoqda. Jahon matbuotini kuzatar ekanmiz, shunday xulosaga kelamiz.

 

Ayni kunlarda Frantsiya ommaviy axborot vositalarining asosiy e’tibori 2017 yilda mamlakatda bo‘ladigan prezident saylovlariga qaratilgan. Tahlilchilar Fransua Fiyon va Marin Le Pen nomzodlarining qay birida imkoniyat ko‘pligini izohlashmoqda va jarayonda Rossiyaning ta’sir doirasiga urg‘u berilayotir.

“Xiffington Post” internet nashri Fiyonning Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini hisobga olib, bu yutqizilmaydigan “stavka” ekanini ta’kidlaydi. Fiyon Rossiyaga bo‘lgan ishonchini hech qachon o‘zgartirmagan, u Frantsiya va Yevropa uchun Moskva manfaatlariga e’tibor qaratish kerakligini aytgan, deb yozadi nashr. Ayni paytda Fiyon Rossiyaning Suriyadagi vaziyatga aralashuvini ma’qullab, o‘arbning Rossiyaga qarshi sanktsiyasining tezda bekor qilinishini talab etmoqda. 

“Figaro” esa “Frantsiya AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi kerakmikin?” deya savol qo‘yadi va nashrda Fiyonga yutqizgan Alen Jyuppe hamda Fransua Fiyonning fikrlari beriladi: Alen Jyuppe frantsuz ideologlaridan biri Sharl de Gol qarashlariga ko‘ra mulohaza yuritib, Frantsiya Vashington yoki Moskvaga qaram bo‘lmasligi, o‘zi mustaqil bo‘lishi kerakligini aytsa, Fiyon “Biz ba’zi bir muhim masalalarni hal qilishda AQSh bilan ittifoqchimiz va buni Rossiya bilan bo‘lishmaymiz. Bundan tashqari, AQSh bilan mudofaa borasida hamkorligimiz bor va buni shubha ostiga qo‘yib bo‘lmaydi” deydi. U nima bo‘lmasin Rossiya bilan aloqani tiklash va buni Yevropaga singdirish kerakligini ham eslatib o‘tadi.

“Liberasion”, “Opinion” nashrlarida ham shu mavzuda fikr yuritilgan.  

Rossiya OAV Fransua Fiyon g‘alabasini ko‘tarinki ruhda qabul qilgan bo‘lsa, Amerika matbuoti ushbu masalaga ehtiyotkorlik bilan izoh bergan. Rossiya matbuotida “Fiyon – Tramp effekti” termini paydo bo‘ldi. Bu shunday izohlanadi: Frantsiyada 2017 yil mayda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida Fiyon yutib chiqsa, g‘arbiy lagerda Donald Trampdan tashqari Moskva uchun yana bir ittifoqchi paydo bo‘ladi. “Les Echos” nashri ushbu jarayonga quyidagicha izoh beradi: “Leninning shiori “bir qadam olg‘a, ikki qadam orqaga” bo‘lsa, Putin uchun bu “bir qadam orqaga, ikki qadam olg‘a” bo‘lmoqda.

Ko‘pgina nashrlardan o‘rin olgan yana bir dolzarb mavzu jahon zaxira “yuk”iga aylangan  valyutalar haqida bo‘lib, so‘nggi 15 yil ichida AQSh dollari va yevro bir xil darajaga tushib qolishi kutilayotgani ma’lum qilinmoqda. Bu Yevropaning zaiflashishi va Qo‘shma Shtatlarning kuchayishi bilan bog‘liq, deya baho berilayotir. Yangi yilning birinchi choragidanoq valyutalar qiymati uyg‘unlashadi, bunday hol 2002 yilda sodir bo‘lgan edi, deya qayd etiladi nashrlarda. 

“Blomberg Nevs” mutaxassislarga murojaat qilib, shu haqda so‘raganda, buning ehtimoli 43 foiz deb baholangan. “Trampning g‘alabasi vaziyatni o‘zgartirib yubordi, – deydi iqtisodchi-tahlilchi Jorj Saravelos. –  Valyuta bozorida dollar va yevro kursining o‘zgarishi Yevropa va Qo‘shma Shtatlarning kelgusidagi munosabatlari natijasiga bog‘liq”.

Valyutalar kursidagi bunday o‘zgarish sodir bo‘lganda, ikki qit’ada nimalar ro‘y berishi mumkinligi taxmin qilinarkan, davlat rahbarlari zimmasiga tushadigan yuk ham shunga yarasha bo‘lishi qayd etiladi.

Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi Janubiy Kuril hududi doirasidagi munozaralar kunchiqar mamlakat nashrlari diqqat markazida turibdi. Sharhlovchilar avval Rossiya mazkur orolni Yaponiyaga qaytarishi, so‘ngra iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida o‘ylashi lozimligini uqtirmoqda. “Agar kunchiqar davlat korxonalari Rossiya qonunchiligiga asosan savdo ishlarini yuritsa, bu Putinning nazoratini tan olgan bilan barobar. Aksini aytganda, Rossiya yapon qonunchiligiga rozi bo‘lishi qiyin. Xullas, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yashirin kuzir bo‘lib qolmoqda”, deb yozadi “Mayniti” nashri. Shuningdek, ushbu davlat matbuotida Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz haqida so‘z yuritilib, bunda ikki gegemon mamlakat orasidagi munosabatlar katta rol o‘ynayotgani ta’kidlanadi.

“Ertalab orol, kechqurun hamkorlik”. Rossiya – Yaponiya orasidagi ushbu munozarali masalani “Sankey” gazetasi ana shunday izohlaydi. Prezident Putin bosh vazir Sindzo Abe bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, – deb yozadi gazeta, – shimoliy hududlar bo‘yicha iqtisodiy hamkorlik o‘rnatishni taklif etish bilan birga, to‘rtta orol Rossiya tasarrufida qolishini ta’kidladi. Bu xudbinona bayonot, u orollarni qaytarmay turib, iqtisodiy foyda ko‘rmoqchi, deya mulohaza yuritadi nashr muxbiri.

Joriy yil 4 dekabrda Avstriyada prezidentlik uchun qayta saylov o‘tkazildi. O‘tgan hafta bu haqida ushbu davlat nashrlari bong urdi. May oyida o‘tgan saylovda ovoz berish jarayonidagi xatoliklar shunga olib keldi. Mazkur saylov bugungi Yevropa va “buyuk konservativ revolyutsiya” g‘alayoni davridagi butun g‘arb uchun muhimligi qayta-qayta ta’kidlanmoqda.

Nashrlarda qayd etilishicha, Avstriya Ozodlik partiyasidan qo‘yilgan nomzod Norbert Xofer may oyida bo‘lib o‘tgan saylovda raqibi Van der Bellen ustidan g‘olib chiqdi, ammo yetarlicha ovoz to‘play olmadi. Ikkinchi turda esa Van der Bellen biroz o‘zib ketdi. Natija esa qator kamchiliklar bilan Konstitutsiyaviy sudgacha borib, saylov qonuniy kuchga ega emas, deb topildi. Ayni paytda jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, Xofer birmuncha peshqadamlik qilmoqda. Garchi u g‘alaba qilsa-da, bu tantanali marosim, xolos, ijro etuvchi hokimiyat esa kantslerga tegishli.

Britaniyaning “Fayninshil Tayms” nashri ham ushbu mavzuga e’tibor qaratib, Xoferning saylovda g‘olib chiqishi butun Yevroittifoq uchun yaxshigina aks-sado berishini yozadi. Milliy o‘ziga xoslikka qaramay, Avstriyaning muammolari o‘sha-o‘sha – AQSh, Frantsiya va ko‘pgina g‘arb davlatlaridagi kabi: eski siyosiy elita va partiya saylovchilardan uzilib qolgan, davlat safsatabozlik, poraxo‘rlik va byurokratizm botqog‘iga botgan, deyiladi unda. 

Muxtasar aytganda, ayni vaqtda yetakchi davlatlar va ular bilan bog‘liq jarayonlar jahon matbuotining diqqat markazida turibdi. 

 

Xolida FAYZIYEVA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.