JURNALIST “YOZG'UVCHI” EMAS

Afsuski, jurnalistik surishtiruvlarni odamlar  turlicha qabul qiladi... 

Yozgi ta’til. Oqdaryo tumanidagi “Oqdaryo ovozi” gazetasida amaliyot o‘tadim. Ozmi-ko‘pmi har xil mavzularda materiallar tayyorladim.

Bir kuni qo‘shnim “maqolani boplab yozibsan-da” deb qoldi. Avvaliga hayron bo‘ldim. Keyin  esladim. Yaqinda gazetada “Yangiqo‘rg‘on bozorida tartib bo‘ladimi?” sarlavhali tanqidiy maqolam chop etilgandi.

 

–  “Uka, shu qishlog‘imizda anchadan buyon gaz yonmaydi. Gazchilarning ham ustidan bir boplab yozib gazetlaringda bosib chiqarmaysizlarmi? Keyin ularning  oyog‘i kuygan tovuqday u yoqdan-bu yoqqa yugurishini tomosha qilardik-da”, deydi.

U kishini bilardim, nuqul, kim ko‘ziga yomon ko‘rinsa ularning ustidan yumaloq xat bilan tuhmat-bo‘htonlar yog‘dirib tegishli idoralarga jo‘natardi. Shu sabab qishloqdagilar uni xushlamas, iloji bo‘lsa, unga yaqinlashmaslikka harakat qilishardi. Ko‘pchilikning ko‘nglini qoldirgan edi-da, axir.

Negadir, bizning suhbat ham uzoqqa cho‘zilmadi. Uning gaplaridan ta’bim xira bo‘lib, “Aka, bizning ishda birovning ustidan nohaq ayblab kafangado qilinmaydi. Aksincha, biz aniq dalillarga tayanib, haqqoniylik bilan muammolarni ijobiy tomonga o‘zgartirish ustida bosh qotiramiz” dedim.

Bu mavzuda nafaqat u, balki, ko‘plab odamlar so‘z qotgan edi. Axir, bu tuman gaz ta’minoti xodimlarining ishi-ku. Qolaversa, bu borada ariza va shikoyatlarni qabul qiladigan tegishli tashkilotlar ham yo‘q emas. Ammo bunday kimsalarga tahririyat birovlarning ustidan yozib mazza qiladiganlar idorasi emasligini uqtirish kerak chog‘i.

Bunday holatga ko‘p bor duch kelganman. Uyimdan poytaxtga qaytayotganimda haydovchi ham shunga o‘xshash kinoya qilgandi:

– Uka, talabaga o‘xshaysan. Qaysi universitetda o‘qiysan?

– Nasib bo‘lsa, bo‘lajak jurnalistman.

– O-o-o, zo‘rsan-ku, a? “Yozuvchiman”, degin. Seni ko‘rganda “katta-katta” odamlar ham qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib kutib olarkan-da, – dedi.

– Unchalik emas, — deya kamtarlik qilib qo‘ydim.

Hamrohlar ham menga bir-bir ma’noli qarab qo‘yishdi. Bu odamning gaplarini tahlil qilib ko‘rdim. Gap yana o‘sha  mavzu ustida edi. Hoy, aka, “biz unchalik ham qo‘rqinchli emasmiz, biz haqiqat kurashuvchilarimiz” degim keldi-yu... 

Bu ham mayli. Bir tanishim bilan  uchrashib qoldim.

– Uka, 60 mingdan quruq qoldirding-da.

– Bu nima deganingiz? 

– Bozorni ham yoptirding, yurgan edik tirikchilik qilib, – deb kesatib  qolsa bo‘ladimi.

Yuqoridagi maqola katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, shekilli, “qoyillatibsan”,  “nima qilarding yozib” degan past-baland gaplarni ko‘p bora eshitishga majbur bo‘ldim. Angladimki, jurnalist nonini yeyish osonmas ekan. O‘sha maqolani yozishdan maqsad esa tartibsiz, hech qanday sharoitlar bo‘lmagan bozorni zamonaviy ko‘rishni xohlagan edik-da. 

Jurnalistlarni “yozuvchi”ga chiqarayotgan kimsalarga ko‘p va xo‘p gapirishimiz, misollar keltirishimiz mumkin. Ammo “o‘zini oqlashga harakat qilayapti” degan gaplarini eshitmaslik uchun mavzuga shu yerda nuqta qo‘yishga majburmiz.

Aytgancha, so‘zimiz oxirida yana bir masalani aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Jurnalistlar material tayyorlayotganda ko‘p bora odamlarga yuzlanadi. Ularni eshitish, suhbat qurish, jamiyatdagi muammo va kamchiliklarni xalq bilan birga ishlash orqali masalaga yechim topishga harakat qiladi. Lekin ko‘p hollarda odamlar bilan suhbatlashmoqchi, savollarimizga javob olmoqchi bo‘lsak, bizdan o‘zlarini olib qochadilar.

Nega endi xalqimiz obodligi, farovonligi, tinchligi uchun bosh qotirilsa-yu, ular bunga yordam berishdan bosh tortsalar. Axir, birgalikda ish olib bormasak, atrofda bo‘layotgan muammolarga o‘z munosabatimizni bildirmasak, nuqsonlarni fosh qilmasak, ahvol qanday qilib yaxshi tomonga o‘zgaradi?

 

Muhammadjon XO‘JAEV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.