QALDIRG‘OCH INI

Ushbu ruknimiz gazetxonlarimizga yaxshi tanish. Ma’lumki, jurnalistika sohasiga endigina qadam qo‘yayotgan talabalarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularda qalam tebratish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida mazkur rukn tashkil etilgandi.

Bugunga qadar ko‘plab yosh jurnalistlar “Qaldirg‘och ini”dan uchirma bo‘ldi. Ularning parvozlari balandlab boryapti. Bugun nomlari ilk bora gazeta sahifasida ko‘rinayotgan yosh hamkasblarimizga ham yuksak parvozlar tilaymiz.

Tahririyat

 

 

 

Madaniyat joy tanlamaydi

Avtobus bekati. Hamma o‘z ulovini kutardi. Universitet yo‘nalishidagi avtobus ham keldi. Ko‘plab qiziq voqealar yo‘lda sodir bo‘ladi. Tirband avtobusning o‘rta qismidagi o‘rindiqda o‘tirgan bir ayolning telefoni jiringlab qoldi. U go‘shakni ko‘tardi. Avtobus yo‘lida davom etmoqda. Ayolning telefondagi muloqoti yo‘lovchilarning diqqatini tortdi. Go‘yo avtobusda undan boshqa hech zot yo‘qdek. Endi ayol telefonda o‘zining bor dardini to‘kib sola boshladi.

U qaerda yashashini, ismini aytib, oila a’zolari haqida so‘zlay ketdi. Telefondagi suhbatdoshiga o‘g‘li Ozodbek 21 yoshga to‘lganini aytdi. Kenja qizi Farzona shahardagi raqs maktabida o‘qir va uni uch oydan buyon ko‘rmagani sababini ta’sirchan so‘zlardi. Qo‘ng‘iroq qilgan haligi kishi ham ayolni qunt bilan eshitib turardi. O‘sha telefondagi suhbatdoshi go‘yo aynan shuni eshitish uchun qo‘ng‘iroq qilgandek.

Ayol esa o‘z dardini to‘kishda davom etdi. Oilasidagi-etishmovchilik sabab turmush o‘rtog‘i chet elga ishlashga ketgani, yaqinda birinchi qiziga sovchilar kelgani va turmush o‘rtog‘ining qanday javob bergani ayolni tashvishga solgandi. 

Ayol dardini aytishda davom etardi. Sovchilar ikki-uch marotaba kelganidan so‘ng, eridan so‘roqsiz rozilik berganini aytib o‘tdi. Nihoyat, bu suhbat yakuniga yetgach, ayol keyingi bekatda tushib qoldi.

Avtobusdagi 60 – 70 yoshdagi onaxonlardan biri: “Bu telefonda baqirib gapirmasa eshitilmaydimi?” deya atrofdagilardan so‘rab qoldi. Ikkinchi yo‘lovchi “Onaxon, telefon yaxshi narsa, faqat undan hamma ham to‘g‘ri foydalana olmaydi-da”, — deb javob berdi.

Balki o‘sha ayolning telefonida texnik nosozlik bo‘lishi yoki qulog‘i yaxshi eshitmasligi ham mumkin. Nima bo‘lganda ham bunday baqir-chaqir qilib barchaning e’tiborini o‘ziga qaratish, buning ustiga oilasidagi bor sir-sinoatni jamoatchilikka oshkor etish o‘sha kishining madaniyatsizligidan dalolatdir. Men esa shunday xulosaga keldimki, atrofdagilarga nisbatan e’tiborsiz har qanday harakatimiz bilan o‘zimizning qanday inson ekanimizni namoyon etib qo‘yarkanmiz.

 

Rustambek JO‘RAYEV, 

O‘zMU talabasi

  


Noyabr attanglari 

Noyabr oyi — xazonrezgi va yog‘ingarchilik mavsumi. Ushbu oyga kelib, yil bo‘yi rejalashtirilgan barcha ishlar deyarli poyoniga yetkaziladi. Bahorda kurtak chiqarib, yoz bo‘yi yashillikka burkanadigan daraxtlar kuz faslining so‘nggi oyiga kelib, zangori tusga kiradi va serjilo tilla rangda tovlanadi.

Sirdaryo viloyatidanman. Viloyatimizning ayrim joylarida noyabr oyini “attang oyi” ham deb atashadi. Nega, deya savol berishingiz mumkin. Sababi oy avvalida cho‘pon qo‘y-echkilarini qo‘raga qamaydi. Dehqon ham do‘ppisini tokchaga qo‘yib, sandalga cho‘g‘ tashlaydi. Bu vaqtga qadar rejalashtirilgan, ammo amalga oshmay qolgan ishlar eslansa, “attang” deyishadi. 

Inson umrining ham bu oyga qiyoslanishi bejiz emas. 

— Umrning ham bahori, yozi, kuzi, qishi bo‘ladi, — deydi bobom. Faqat birgina farqi — umr fasllari takrorlanmaydi. Ba’zan yaxshi ishlarni umrning kuziga qoldiramiz. Go‘yo bu faslda barchasiga ulgurishimiz tayinday. Ammo kuz qanday keladi? Bizga noma’lum. 

Hozirgi kunda hayot tashvishlari bilan o‘ralashib, eng asosiy ishlarimizni unutib qo‘yayotganimiz gohida o‘zimizga ham sezilmaydi. Ba’zi insonlar hayotga yengil-elpi nazar bilan qarashadi. Buning sababi barcha ishlarimizni kishilarning qo‘l mehnati o‘rniga bajarayotgan avtomatlashtirilgan mashinalar-u, har xil turdagi texnologiyalarmikan deya o‘ylab qolaman. Yoki dangasaligimizdan shu ahvolga tushib qolyapmizmi?

Shuning uchun bo‘lsa kerakki, ota-bobolarimiz dangasalarga “ninachi” deya ta’rif beradi. Uning yoz bo‘yi guldan-gulga qo‘nib, yayrab o‘ynashi, mehnatkash chumolini mazax qilishi, qishga kelib esa o‘zi och qolishi barchamizga ayon. Bu kishiga vaqtdan unumli foydalanib qolish hikmatini beradi.

Xulosa qilib aytganda, ninachining ahvoliga tushib qolmay, attang demasdan o‘qish, mehnat qilish bilan birgalikda ezgu amallarni ko‘paytirishga shoshilishimiz lozim. Imkoniyatlarimiz esa keragicha berilgan. Undan to‘g‘ri foydalana olsak bo‘lgani.

Sitora ALIQULOVA,

O‘zMU 1-kurs  talabasi

 


“Dengizdagi tuyg‘ular”

Dengiz... Shu so‘zni eshitganda xayolimizda sokin, ko‘m-ko‘k, quyosh nurida jilolanib, ko‘zni billur kabi qamashtirguvchi suv, oxiri ko‘rinmas bepoyon kenglik namoyon bo‘ladi.

Odatda biz uning shunchaki tashqi ko‘rinishiga e’tibor beramiz — xolos. Uning tubida nima yashiringaniga hech qiziqib ko‘rganmizmi? Nima uchun dengiz suvi sho‘r bo‘ladi? Nima uchun dengiz suvini iste’mol qila olmaymizu, lekin undan ortiqcha bir narsadek yuz burib keta olmaymiz? Chunki, bu olamda hech bir narsa shunchaki yaralmagan, shuningdek biz ham. Dengiz suvi insonning ko‘z yoshlari kabi sho‘r, ammo keraklidir. Biz qalbimizda jo‘sh urib turgan tuyg‘ularimizni, quvonchlarimizni, dard-alamlarimizni ko‘z yoshlarimiz bilan chiqarib yuboramiz. Balki Ona sayyoramiz ham o‘z qayg‘u-dardlarini yoki quvonch ko‘z yoshlarini to‘kishi natijasida bag‘ridagi ummon sho‘rdir. Balki shuning uchun ham iste’mol qila olmasak-da, unga tomon talpinamiz, hayajondan ko‘zimizda quvonch hissi paydo bo‘lar. Insonning tashqi ko‘rinishi dengizga o‘xshaydi. Chiroyli, sokin va sirli. Uning ichki olamini suhbatdan so‘ng anglaymiz, o‘zingiz uchun u insonni qaytadan kashf etasiz. 

Chaqaloq dunyo yuzini ko‘rar ekan, uni oppoq yo‘rgakka o‘rab, darhol onasining yoniga yotqizishadi. Buning boisi, go‘dak onasining hidini sezgach, unga nisbatan muhabbat uyg‘onadi. Inson ulg‘aygan sari uning qalbida mehr, sog‘inch, muhabbat singari go‘zal tuyg‘ular mavj ura boshlaydi. Bu tuyg‘ular barchani yashashga, nimanidir bajarishga, turli g‘ov-to‘siqlarni yengishga, hayotga bo‘lgan qiziqishni oshirishga undaydi. 

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, tuyg‘ularning soni bormi? Bor bo‘lsa, qancha? Sizda tuyg‘ularning nechtasi mavjud? Shu o‘rinda bir rivoyat. Shogird ustozidan so‘radi: “Ustoz men nimani butun umr unutmasligimiz keragu, nimani o‘sha zahoti unutishim kerak?” Shunda ustoz: “Mehr berishni butun umr unutmaslik kerak, mehr berib ta’na qilmaslik uchun uni o‘sha zahoti unutish kerak”.

Har birimizning qalbimizda turli tuyg‘ular dengiz to‘lqinlari kabi harakatlanib, mavjlanib turadi. Bu tuyg‘ular dengizdagi marjon qoyalar singari go‘zal va betakrordir. Bizning atrofga bo‘lgan munosabatimiz tuyg‘ularimiz orqali namoyon bo‘ladi. Gollandiyalik faylasuf Barux Spinoza aytmoqchi, “Qalblarni qurol bilan emas, mehr-muhabbat va olijanoblik vositasida zabt etish mumkin.” 

Tuyg‘ular faqat insonda emas, balki hayvonlarda ham mavjud ekan. Masalan, pingvinlar o‘z bolasini sovuqdan himoya qilish uchun aylana hosil qilib, o‘rab olishadi. Ularning qornini to‘ydirish uchun bir necha kilometr yo‘l bosib, ozuqa olib kelishadi. Bu pingvinlarda ham mehr tuyg‘usining mavjudligidan darak. 

Agar sizga barcha tuyg‘ularni bir ipga marjon kabi tiz desalar, uning uzunligi qancha bo‘lar edi? Unda qanday tuyg‘ular mavjud bo‘lardi? Har qanday tuyg‘u ham yaxshilikka xizmat qilmog‘i lozim. Xoh u mehr bo‘lsin, xoh nafrat bo‘lsin, O‘zingizga savol berib ko‘ring! Siz kun davomida qanday tuyg‘ulardan foydalanyapsiz? Oxirgi bor kimga mehr ulashdingiz? Bu haqida bir o‘ylab ko‘rsak, yomon bo‘lmasdi.

 

Madinaxon XASANOVA, 

O‘zMU talabasi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.