SAYTINGIZNING OBRO‘SI BORMI?


Yaratilayotgan texnik imkoniyatlar bugungi kunda har bir kishining zamon bilan hamnafas bo‘lishiga imkon tug‘dirmoqda. Fuqarolarimiz bugun o‘tirgan joyida xoh telefon, xoh internet orqali o‘z muammosini osongina hal qilayotir. Zero, so‘nggi yillarda tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga qulaylik yaratish, muammolarni uzoq masofadan turib ham hal qilish, asosiysi, vaqt va mablag‘ni tejash maqsadida har bir davlat organi o‘z rasmiy veb-saytlariga ega bo‘ldi. Interaktiv davlat xizmatlari, jumladan, yagona portal xizmatlari, yagona darcha, virtual qabulxona kabi xizmat turlarining muvaffaqiyatli faoliyati ta’minlandi.

 

Ma’lumki, sohani isloh qilish, aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. Ularda davlat tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari faoliyati ko‘lami aniq ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, veb-saytlarda huquqiy maqomni belgilovchi normativ hujjatlarni, tashkilot faoliyatiga oid Prezident, Hukumat hamda tashkilotning o‘zi tomonidan qabul qilingan dasturlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda kundalik faoliyati to‘g‘risidagi boshqa axborotlarni ham joylashtirish shartligi, bundan tashqari, saytdan rahbarlar to‘g‘risidagi axborotlar (biografik ma’lumotlar, fuqarolarni qabul qilish kunlari va hokazo), hududiy bo‘linmalari ish tartibi haqidagi ma’lumotlar, ularning telefon raqamlari va pochta manzillari (elektron pochta manzillari ham), axborot xizmati va ishonch telefonlari raqamlari, jamoat transportlarining qatnov yo‘llari, to‘xtash joylari nomlari va yo‘nalish raqamlari xususidagi ma’lumotlar ham o‘rin olishi zarurligi belgilangan.

“O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingandan so‘ng barcha davlat organlariga 2014 yilning 1 martiga qadar o‘z rasmiy veb-saytlari faoliyatini qo‘yilayotgan yangi talablar asosida ishlab chiqish, rasmiy veb-saytlarining mobil versiyasini ham taqdim qilish, unda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, onlayn so‘rovlar, blog hamda forumlar yordamida jamoatchilik fikrini o‘rganishning zamonaviy usullaridan foydalanish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan edi.

Xo‘sh, yuqorida yuklatilgan vazifaning amaliy ijrosi bugun mahalliy davlat hokimiyati organlari saytlarida nechog‘li o‘z isbotini topdi? O‘tgan ikki yarim yil muddat muammolarga barham berish uchun yetarli bo‘ldimi? Keling, quyida savollarimizga misollar orqali javob izlaylik.

sovminrk.gov.uz — Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat hukumat portali. Sayt to‘rt til — o‘zbekcha, qoraqalpoqcha, ruscha va inglizchada faoliyat yuritadi. Sayt dizayni oddiy — unda animatsion harakatlar, grafikli ma’lumotlar juda kam. Fotolavha va videolavhalar yetarli. Sayt har kuni yangilanib tursa-da, lekin aksar yangiliklari O‘zAdan olingan xabarlardir. Masalan, “Xo‘jayli tumanida yong‘in xavfsizligi qismi binosi foydalanishga topshirildi” (26.10.2016), “Poytaxtimizda “INFOLIB – 2016” V  Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi” (25.10.2016), “O‘zLiDep vakolatli vakili Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlar topshirdi” (24.10.2016) kabi sarlavhali maqola va yangiliklar. 

Interaktiv davlat xizmatlarida yagona portal orqali murojaatlarni ko‘rib chiqish, davlat organlari qabuliga yozilish, kommunal xizmatlar hisoblagichi, bo‘sh ish o‘rinlari xizmatlari mavjud. Yer munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha axborotlar taqdim etish va yerga egalik qilish huquqini berish yuzasidan hujjatlarni hamda transport xizmatlari bo‘yicha aholidan murojaatlarni elektron qabul qilish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Saytning inglizcha versiyasi 6 oktyabrdan beri yangilanmagan va undagi yangiliklar o‘zbekcha variantidan butkul farq qiladi. Unda sayt xaritasi, obuna, mobil versiya, forum, imkoniyati cheklanganlar uchun (shriftni kattalashtirish, ko‘zi ojizlar, ovozli o‘qish) qo‘shimcha xizmatlar mavjud. 

jizzax.uz — Jizzax viloyat hokimligi sayti. Sayt uchta — o‘zbek (ham lotin, ham kirill alfavitida), rus va ingliz tillarida o‘z faoliyatini yuritmoqda. Dizayn jihatdan chiroyli, animatsion va grafikli materiallarga boy. Ma’lumotlarning joylashuvi ham tartibli bo‘lib, mobil versiya, forum, sayt xaritasi, obuna, imkoniyati cheklanganlar uchun va ovozli hamroh xizmatlari o‘rin olgan. Saytdan o‘rin olgan aksar yangilik va maqolalar viloyat matbuot xizmati, mualliflar tomonidan yozilgan. Misol: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda” (axborot manbasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasining matbuot markazi), “Internet fikrni chalg‘ituvchi vosita, unda qanday manfaat borligini yoddan chiqarmaylik!” (Uzoqboy Risqulov — O‘zbekiston “Adolat” SDP Jizzax viloyati Kengashi matbuot kotibi), “Tovarga aylangan shaxslar yoxud odam savdosining jabrdiydalari” (M.Yakubova) va hokazo.

Saytni kuzata turib, undagi maqola va yangiliklar boshqa mahalliy davlat hokimiyati organlari saytidagidan ko‘ra, ancha tahliliy va tanqidiy ruhda ekanining guvohi bo‘ldik. 

Saytning interaktiv xizmatlar bo‘limidan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, tashqi reklamani joylashtirish huquqi berilgani to‘g‘risida guvohnoma olish (ariza va ruxsatnoma nusxalarini elektron ko‘chirib olish), tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq elektron xizmatlar, turar joylarni noturar joylar toifasiga o‘tkazishga ruxsatnomalar olish kabilar o‘rin olgan. Boshqa mahalliy davlat hokimiyati saytlarida murojaatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yo‘naltirilsa, jizzax.uz saytida, avvalo, hududdagi “yagona darcha” markazlari elektron pochtasiga yo‘naltiriladi. Bu quvonarli hol, albatta. Demak, ushbu viloyat hokimligi o‘z aholisiga bee’tibor emas. Faqatgina bir kamchilik, u ham bo‘lsa, kirill alfavitidagi o‘zbek tili versiyasida interaktiv xizmatlar bo‘limining faoliyat yuritmayotganidir.

Sayt xaritasi ham tushunarli, tartibli. Qarorda aytilganidek, manzilidan tortib avtobus yo‘nalish va raqamlarigacha, hatto manzil xaritasigacha ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, virtual qabulxona, ishonch telefonlari, saytga beriladigan baholar kabi qo‘shimcha xizmatlari ham mavjud.

Buxoro viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti  buxoro.uz ning yangi versiyasida viloyat hayotidagi dolzarb yangiliklar, “Viloyat haqida”, “Viloyat hokimligi” singari axborot sahifalarida shahar va tumanlar hokimliklari, hokimlik tuzilmalari, rahbariyat va bo‘linmalar tarkiblari, choraklik tahliliy ko‘rsatkichlar, o‘tkazilayotgan tenderlar, e’lonlar va boshqa barcha ma’lumotlar joylashtirilgan. Saytdan xalq deputatlari viloyat Kengashi faoliyatidan hikoya qiluvchi “Mahalliy kengashlar” sahifasi, hokimlik tomonidan qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, dasturlarning tasdiqlangan nusxasi “pdf” variantida joylashtirilgan “Asosiy hujjatlar” bo‘limi ham o‘rin olgan. 

Ushbu hokimlikning interaktiv xizmatlaridagi jismoniy shaxslar uchun bandiga qarasak, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq xizmatlar, oilaviy tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun, fermer xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn murojaatlar, aholi punktlarida qurilishni tashkil etish uchun yer maydonlarini taqdim etishga elektron ariza yuborish kabi bir qancha xizmatlarning borligining guvohi bo‘lamiz. Murojaatlar shaxsiy kabinet yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Shaxsiy kabinet murojaat jo‘natish uchun aholiga biroz noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Boisi, hamma ham elektron pochtadan foydalanmaydi. Ammo onlayn xizmatlarining ko‘pligi bilan boshqa hokimlik saytlaridan ustunlik jihati bor.

Biroq o‘zbek va rus tillarida faoliyat yuritayotgan saytni dizayn jihatdan qoniqarli deb bo‘lmaydi. Chunki animatsion harakatlarning yo‘qligi, yangiliklarning betartib joylashuvi, saytning mobil versiyasi ishlab chiqilmagani foydalanuvchini zeriktirib qo‘yishi tayin. Saytdagi deyarli barcha maqola va yangiliklar muallifi ko‘rsatilmagan. Qiziq, ularning mazmuni uchun kim javobgar? Undagi ma’lumotlarni ishonchli deb ayta olamizmi? Imloviy xatolar ham talaygina: sub’ekt (subyekt) iqtisoidy (iqtisodiy) ko‘rsatgichlar (ko‘rsatkichlar) ob’ekt (obyekt) kabi so‘zlar lotinchada aslida qavs ichidagidek yoziladi. Sarlavhalar ham juda oddiy va siyqasi chiqqan: “Dolzarb masalalar muhokamasi”, “Buxoroda Koreya Respublikasi festivali”, “Quyosh energetikasining dolzarb masalalari”, “Okrug saylov komissiyasi yig‘ilishi” “Yoshlarga oid davlat siyosati” kabilar. 

surxondaryo.uz — Surxondaryo viloyati hokimligi sayti. Saytning o‘zbekcha variantidan tashqari ruscha versiyasi ham bor. Sayt dizayni juda oddiy, animatsion harakatlar, fotolavha va videolavhalar yo‘q. Saytning bosh sahifasidanoq imlo xatolariga duch kelasiz. So’ngi yangiliklar, ?O?zbekiston mustaqillik yillarida. Biz kim edik va kim bo?ldik? , Ma?naviyatni asraylik!

Saytdan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, Haj va Umra ziyoratini tashkil etish bo‘yicha murojaatlar, bo‘lajak pensionerlarga nafaqa tayinlash yuzasidan axborot va murojaatlar, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda ochiq tanlovlar asosida davlat xaridlarini amalga oshirish kabi interaktiv xizmatlar joy olgan. Murojaatlar esa ism-familiya, pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari va uy manzili yozilgan tartibda bevosita viloyat hokimligiga yuboriladi.

Hokimiyat manzili, u yerga qatnaydigan jamoat transportlari raqamlari va to‘xtash joylari berilgani saytning yutug‘i bo‘lsa, forum xizmatida foydalanuvchilar tomonidan biror mavzuning muhokama qilinmagani hali sayt ma’muriyati o‘quvchilarni o‘ziga jalb qilish uchun yangi usullardan foydalanishlari lozimligini ko‘rsatadi.

Guvohi bo‘lganimiz aksariyat saytlar, jumladan, yuqoridagi hokimlik saytlarining savol-javob bo‘limidagi manzilsiz savollar foydalanuvchi tomonidan emas, sayt ma’muriyati tomonidan atayin joylashtirilgan degan fikrni uyg‘otadi. Shu boisdan saytga yo‘llanuvchi savollar savol beruvchining ismi-sharifi, lozim bo‘lsa, manzili bilan berilishi kerak, degan taklifni kiritardik. Saytlarga qo‘yilayotgan axborot ham o‘z manbasidan (masalan, matbuot xizmati, o‘z nashrlari) olib berilgani maqsadga muvofiq. Hadeganda tayyor O‘zA axborotlarini olib, o‘z sahifasida joylashtirish, boshqalaridagi mazmunni takrorlash foydalanuvchini bezdirishi bilan bir qatorda barcha saytlarda bir xil qolip shakllanishiga sabab bo‘lyapti. 

Ko‘z yumib bo‘lmas yana bir muammo tuman hokimliklari veb-saytlarining bir-ikki yildan beri yangilanmaganidir. Nahot, oradagi shu vaqt ichida tumanlarda aytishga arzigulik o‘zgarishlar bo‘lmasa?! Ba’zi hokimliklarning umuman veb-saytlari yo‘q. Sayt har doim, juda bo‘lmaganda qonunda aytilganidek, kamida haftada bir marotaba yangilanib turishi kerak. Bo‘sh vaqt topib bir kunda haftalik yo oylik yangiliklarni joylashtirish, afsuski, ko‘pgina mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilot saytlarida kuzatilayotgani ayni haqiqat. 

Davlat organlari saytlari ham o‘z axborotlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali iste’molchilarga yetkazish vaqti kelgan bo‘lsa-da, ular hanuz “jim”.

Yuqoridagi muammolarni inobatga olsak, mahalliy davlat hokimiyati organlari rasmiy veb-saytlari qaror va qonunlarda aytilganidek hali mukammal, talabga to‘la javob beradigan holatda emas. Bugun og‘riqli nuqtalarga barham berish, onlayn murojaatlarni ham hadeganda yagona davlat interaktiv xizmatlari portaliga yuklayvermay, mahalliy hokimliklarning o‘zida, ayniqsa, saytlarida ijrosini ta’minlash ustuvor vazifaga aylanishi kerak. Ana o‘shanda O‘zbekiston saytlari reytingini baholab boruvchi  reyting.uz  ro‘yxatining yuqori pog‘onalari o‘qiganda ko‘ngil behuzur bo‘ladigan yengil-elpi saytlar nomi bilan emas, xalqqa xizmat qiladigan davlat organlari va ijtimoiy-siyosiy saytlar nomi bilan band bo‘lib turadi.

 

Go‘zal MALIKOVA, 

“Hurriyat” muxbiri