Rivojlanish pillapoyasida

“Bilasizmi, men gazeta o‘qishni yaxshi ko‘raman. O‘g‘lim baraka topkur zap ish qiladi-da, har kuni bir talay gazetalar olib keladi. Oyijon, o‘qing, zerikib o‘tirmang, deydi. Bularning har biri o‘zgacha olam. Bir qarasangiz, siyosatga, bir qarasangiz, ijtimoiy hayotdagi muammolarga, bir qarasangiz, dilingizni yayratib yuboradigan manzillarga yetaklaydi bu gazetalar” (yon qo‘shnim Inobat opaning so‘zidan).

 

OAV ochiq dasturxonni eslatadi. Unda turli ne’matlar bor. Sizni hursand qiladigan, mushohadaga chorlaydigan... Eng qizig‘i, bu dasturxon davrga qarab o‘zgaradi. Kezi kelganda zamondan bir qadam oldinga ham chiqib ketadi. Ulardan bahramand bo‘layotgan yurtdoshlarimizning duosi jurnalistlarga kuch bag‘ishlaydi. Yanada shiddatliroq faoliyat yuritishga undaydi, albatta. 

Jurnalistikada auditoriya bilan ishlash masalasi dolzarb sanaladi. Umuman, har bir sohada shunday. Mahsulot, material auditoriya uchun chiqarilyaptimi, demak, uning xohish-istagi, takliflari inobatga olinishi shart. Soha vakillari ichida jurnalist xalq orasida yurishi kerak, degan gap bor. Uning qalami xalqning dardiga malham, tegishli tashkilotlarga mayoq bo‘lsagina o‘z vazifasini to‘liq bajargan hisoblanadi. Xo‘sh, bu vazifa Farg‘onada qay darajada bajarilyapti?

Bu borada o‘z vaqtida materiallar e’lon qilib, jamoatchilik fikrini uyg‘otish bo‘yicha vodiyda “Mehnat va turmush” gazetasi ancha faol. Gazetaga 2003 yil 4 iyunda asos solingan. “Mehnat va turmush” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida chiqadigan xususiy nashr hisoblanadi. U ayni paytda A3 format, 4 sahifada, 1313 nusxada chop etiladi. Gazeta sahifalarida dolzarb mavzular yuzasidan tanqidiy, tahliliy-mulohazali maqolalarni ko‘p uchratasiz. Buning isbotini nashrning birgina 2016 yil 38-sonini kuzatganda ko‘rishingiz mumkin. Ushbu sonda bir emas to‘rtta chop etilgan maqola yuzasidan qilingan chora-tadbirlar aks etgan xatlar va oltita gazeta tomonidan jo‘natilgan murojaatlar tegishli idoralarga yuborilayotgani haqidagi xabar e’lon qilingan. Ular bilan tanishib, jurnalistikaning haqiqiy kuchini his qilgandek bo‘lasiz. Xuddi shunday murojaatlarga javob xatlari “Adolat yo`li” xususiy gazetasida ham o‘z aksini topgan. Ushbu nashrda “Bizga yozadilar”, “Murojaatlar — “Adolat yo‘li” e’tiborida” ruknlari faol. Gazetada tanqidiy-tahliliy maqolalarga ko‘p o‘rin beriladi. Masalan, gazetaning joriy yil 40-sonida chop etilgan “NYeGA VA NIMA UChUN Farg‘ona tuman fermerlar kengashi faoliyati jonlanib ketmayapti, raislar qo‘nim topmayapti?” sarlavhali maqolada fermerlar kengashidagi muammolar, yuzaga kelayotgan ko‘ngilsiz holatlar yuzasidan batafsil mulohaza yuritilib, takliflar bildirilgan. 

Vodiyning boshqa nashrlarida ham insonni mushohadaga chorlaydigan, tanqidiy, mulohazali materiallar talaygina. Masalan, “Farg‘ona haqiqati” achchiq haqiqatlarni aytishda davom etmoqda. Gazeta 1917 yil 14 oktyabrdan chiqa boshlagan. Farg‘ona viloyati hokimligining bosh nashri hisoblanib, A2 formatdagi 4 sahifadan iborat. Ushbu gazetada siyosiy jarayonlar, shu bilan birga, ijtimoiy hayot nafasi sezilib turadi. Nashrda “Qilmish — qidirmish”, “Qing‘ir ishning qiyig‘i” kabi ruknlar faol. 

Biz jurnalistlar umuminsoniy muammolar bo‘lmish — odam savdosi, diniy ekstremizm, terrorizm kabilarni bir nafas ham unutib qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Ular haqida, oqibatlari borasida OAVda ko‘p gapirildi, mulohaza yuritildi. Ammo, afsuski, har yili necha-necha minglab insonlar ushbu illatlarning qurboniga aylanmoqda. Demak, bu mavzudagi chiqishlarni izchillashtirish davr talabi. Toki, unib-o‘sayotgan yosh avlod bu muammolarning oqibatlarini qulog‘iga quyib olsin. Bu borada vodiyda “Qo‘qon sadosi” gazetasi peshqadamlik qilmoqda. Nashrning ilk soni 1914 yil 3 aprelda mushtariylar yuzini ko‘rgan. U Qo‘qon shahar hokimligining nashri hisoblanib, A2 formatda 4 sahifada chop etiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan respublikamiz OAVning ibratli loyihalari qo‘llab-quvvatlanib, moliyaviy ko‘mak berilayotganidan xabaringiz bor. Quvonarlisi shuki, joriy yilda “Mustaqillik yillarida respublika hayotining turli sohalarida erishilgan yutuqlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida o‘tkazilgan 6-grantlar tanlovida “Qo‘qon sadosi” va “Znamya truda” gazetalari birlashgan tahririyati ham ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Gazeta tahririyati xodimlari “O‘zbekiston xalqiga milliy davlatchilik va ongni, an’analar va urf-odatlarni tiklash, buyuk siymolarning nomlarini sharaflash, sog‘lom va barkamol yangi avlodni shakllantirish bo‘yicha cheksiz imkoniyatlar taqdim etgan mustaqillikning ahamiyatini ochib beradigan maxsus maqolalarni tayyorlash” mavzusidagi loyiha doirasida bel bog‘lab harakat qilmoqda. Nafaqat ushbu nashr, balki vodiyning boshqa ko‘plab gazetalari ham grant sohibi ekanini ko‘rib hamkasblarimizning shijoatiga qoyil qoldik. “Farg‘ona haqiqati”, “Markaziy Farg‘ona” (Yozyovon tumani hokimligi nashri), “Dang‘ara” (Dang‘ara tumani hokimligi gazetasi), “Beshariq tongi” (Beshariq tumani hokimligining nashri) kabi nashrlar shu jumladandir.

Bola tarbiyasi naqadar nozik va murakkab jarayonligi azaldan ma’lum. Ammo hamma ham buni chuqur his qilavermaydi. Natijada jamiyatda axloqsiz, mustaqil fikriga ega bo‘lmagan, kattaga hurmat, kichikka izzatni bilmaydigan yoshlar soni ko‘payib boraveradi. Atrofdagilar ham bunga loqayd, ko‘pincha “Nima eksang, shuni o‘rasan”, deb qo‘ya qolishadi. Ammo birgina boladagi ma’naviy kemtiklik jamiyatning ham farovon hayotiga soya solishi mumkin. Demak, atrofimizda unib-o‘sayotgan bola tarbiyasi uchun har birimiz mas’ulmiz. Shu boradagi ayrim mulohazalar “Markaziy Farg‘ona”ning joriy yil 23 sentyabr sonida e’lon qilingan “Siyosiy madaniyat va milliy qadriyatlar” sarlavhali maqoladan joy olgan. Unda ota-onalarning farzandlari yonida bee’tibor hayosiz filmlar ko‘rishi, uyatsiz so‘zlar bilan muloqot qilishlari qattiq qoralangan. Ha, afsuski, bolaning ongi buni qora, buni oq, deb ajratishga qodir emas. Shu sababli u voqelikni boricha qabul qiladi, o‘rganadi. 

Jamiyatimizda erta turmush qurish muammosi ham doimiy dolzarb masala. Vodiyning “Hamsuhbat” (2016 yil 9-soni), “Qilich va qalqon” (joriy yil 18-soni) gazetalarida shu mavzuga bag‘ishlangan maqolalar chop etilgan. Bo‘lajak oilaning farovon bo‘lishi ko‘p jihatdan kelin bilan kuyovning yoshiga, hayotiy tajribasiga bog‘liq. OAVda bu muammo yuzasidan bot-bot chop etilgan maqolalarning natijasi o‘laroq, jamiyatimizda qizlarni erta turmushga berish hollari oz bo‘lsa ham kamaygan, nazarimizda.

Viloyatda xususiy, soha nashrlari ham faoliyat yuritadi. Masalan, “Farg‘ona sporti” gazetasi sport olami, vodiyning sportchilari haqida batafsil ma’lumot berib kelmoqda.

Ingliz tilini o‘rganish, xorijiy tillarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir sharoitda viloyatning yana bir nashri o‘ziga xosligi bilan e’tiborimizni tortdi. “Chet tilini o‘rganish yangi bir dunyoga eshik ochishdir!” shiori ostida chop etiladigan “The Globus” xususiy nashri 4 sahifadan iborat. Gazetaning uchdan ikki qismi ingliz tilida chop etiladi. Bolalarni qiziqtiradigan so‘z o‘yinlari, krossvordlar unga o‘zgacha zeb berib turadi. Zero, bugun zamon shu kabi zullisonayn nashrlarni ko‘paytirishni talab qilmoqda. 

Tanqid — kelajak mevasi, degan asosli naql bor. Hamkasblarimizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, takliflarimizni bildirish vazifamiz. Axir, kemamiz bitta. Vodiyning ayrim nashrlari faoliyati bizni u qadar qoniqtirmadi. E’tirozga sabab bo‘ladigan asosiy masalalardan biri doimgidek sahifalar dizaynidir. Tasavvur qiling, siz bozordasiz. Oldingizga turli shirinliklarni qo‘yishdi. Biri chiroyli bezatilgan, biri o‘rtacha, yana biri umuman ko‘rimsiz. Qay birini tanlaysiz? Ha, albatta chiroylisini. Gazetadagi maqolalar ham shunday gap. Mazmunan yetuk bo‘lsa ham, joylashtirilishi, shrifti, rasmlari ta’bni xira qiladigan bo‘lsa, mushtariy uni o‘qimay qo‘ya qoladi. Masalan, “Milliy ta’lim” gazetasining joriy yil 29 sentyabr soni birinchi sahifasida to‘qqiz xil o‘lchamdagi shriftdan foydalanilgan. Gazetada tartib yo‘qligi birinchi sahifadanoq bilinib turadi. Yoki yana bir misol: “Yangi Farg‘ona” (2016 yil 15 iyul) gazetasi o‘zgacha dizaynda chop etiladi. Birinchi sahifasida gazetaning nomi, chiqa boshlagan sanasi, sayti, joriy soni raqami haqida ma’lumotlarning o‘zi odatdagidan katta joyni egallaydi. Vaholanki, joyni tejashning imkoni bor edi. Keyingi sahifalardagi maqolalari o‘rtasidagi masofa ham keng, bo‘sh joy ko‘p. Bu balki o‘ziga xoslikdir. Lekin shu bo‘sh joylar o‘rniga bitilgan satrlar, balki jamiyatning qaysidir og‘riqli nuqtasini davolashi mumkin edi. 

Gazetada chop etilgan har bir maqolaga muallif, muharrir, tahririyat javobgar bo‘ladi. Matbuotda jurnalistning qilgan mehnati gazeta sahifalarida chop etilgan muallifligi ostidagi maqolalariga qarab belgilanadi. Ammo negadir vodiyning ko‘pchilik nashrlarida egasiz maqolalarga duch keldik. Bu nimani anglatar ekan? Qaerdandir ko‘chirib olingan bo‘lsa, manbasi ko‘rsatilishi mumkin-ku! Yoki buni muallifning kamtarligiga yo‘yish kerakmikan? Balki muallif o‘z familiyasini shu “arzimagan” maqolalarga ep ko‘rmayotgandir. Unday bo‘lsa, bu maqolani auditoriyaga taqdim qilib nima qiladi? 

Tuman nashrlarida deyarli tanqidiy maqola uchratmadik. To‘g‘ri, “Qilmish — qidirmish”, “Jinoyat va jazo” ruknlari ostida sudga oshirilgan, hukm chiqarilgan ishlar hikoya qilingan maqolalar chop etib borilgan. Bu ham ma’lum ma’noda ogohlikka undaydi. Ammo jurnalistikaning asosiy vazifasi faqat bor narsani ko‘rsatish emas. Haqiqatga tik boqib, jamiyat rivoji uchun hissa qo‘shish, muammolarni ziyraklik bilan jamoatchilik e’tiboriga havola etishdir. 

Vodiy nashrlari ham imloviy, punktuatsion xatolardan xoli chop etilmaydi. Ba’zan o‘zimizda ham to‘rt-besh marta o‘qilgan holatda ham xato o‘tib ketadi. Ammo har jihatdan mukammal bo‘lishga intilish lozim. Jurnalistika jamiyat ko‘zgusi ekan, xalq shu ko‘zguga qarab, xatolarini to‘g‘rilab oladi. Shu sabab ko‘zgu sof, shaffof bo‘lishi kerak.

Bugun axborot maydoni hamma uchun ochiq. Raqobat ham kuchli. Tabiiyki, bu jurnalistlardan yanada ildamroq bo‘lishni talab qiladi. 

 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri 

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.