“Elektron hukumat”ni kim boshqaradi?

“Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Bilamizki, barcha qonunlar inson manfaatiga qaratilib, uning haq-huquqlarini himoyalash, turmush tarzini farovonlashtirishga xizmat qiladi, tinch-totuv hayot kechirishi uchun zarur jihatlarni qamrab oladi. “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun esa ana shu masalalar hamda mamlakat rivoji bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari bilan munosabatlarini elektron ko‘rinishga ko‘chirish, halqimizning yashash tarzini osonlashtirish, davlat organlari faoliyatining oshkoraligini ta’minlashga qaratilgani bilan ham mavzu jihatidan dolzarbdir. O‘zbekistonda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunni amaliyotga to‘la-to‘kis tatbiq etish uchun fursat kerak. Shunga qaramay, soha xodimlari, qonun ijodkorlari ushbu masalada ancha ilg‘or. Joylarda uning targ‘iboti bilan bog‘liq seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

 

Bugungi davra suhbatimizdan maqsad mazkur qonunni omma orasida targ‘ib etish, shu bilan birga uning turmushimizda tub o‘zgarishlar yasaydigan jihatlari haqida mushohada qilishdir. O‘ylaymizki, bu har jihatdan foydali bo‘libgina qolmay, qonunning yangi qirralarini ochishga ham ko‘mak beradi.

Boshlovchi — 

O‘ktam MIRZAYOROV, jurnalist: 

— Munozaraga kirishishdan avval, gazetxonlarimizga “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunning bugungi kundagi zarurligini aniq fakt va misollar bilan tushuntirib bersak.  Mamlakatimiz xalqaro miqyosda o‘z obro‘-e’tiboriga ega bo‘lib bormoqda. Albatta, bu xalqaro talablar doirasida faoliyat yuritishni talab qiladi. Misol uchun, davlatimiz reytingini belgilashda tegishli ma’lumotlarni axborot vositalari, xususan, internetdan uzatiladigan xabarlar orqali yig‘ish, to‘plash, ishlov berish va xulosalar chiqarish jarayonlari biz ta’rifini keltirayotgan “elektron hukumat”ning bir ko‘rinishi hisoblanadi.  

Shu o‘rinda quyidagi savolni o‘rtaga tashlamoqchiman, xo‘sh, qonun yaratildi. Uni hayotga tatbiq etish jarayoni ildamlashmoqda. Ayting-chi, undan o‘z turmushida foydalanish, ehtiyoj tug‘ilganida qo‘llash uchun omma qay darajada tayyor deb o‘ylaysiz? Yaratilgan bu qulayliklardan foydalanishlari uchun odamlar nima qilishi zarur?

 

Erkin XOLBO‘TAYEV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi     Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari: 

— Avvalo, bosma OAVda ushbu davra suhbatining tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Bilamizki, mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga, iqtisodiyotning barcha sohalarida axborot tizimlarini keng joriy qilishga qaratilgan o‘ndan ortiq qonunlar va 450dan oshiq qonunosti hujjatlar qabul qilinganligini ta’kidlab o‘tish lozim. 

Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi jamiyatimiz hayotiga, davlat organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Buning natijasida telekommunikatsiya infratuzilmasi jadal rivojlandi va tubdan o‘zgardi, xususan, jamiyatimiz hayotiga internet, mobil aloqa, IP-televidenie va raqamli texnologiyalar kirib keldi, shuningdek, davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslari, hamda ularning rasmiy veb-saytlari yaratilib, joriy qilindi, interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Endilikda ushbu davlat organlarining axborot tizimlari va axborot resurslarini hamda ma’lumotlar bazalarini yagona tizimga birlashtirib, o‘zaro integratsiyalash, bir xil standartlar, tartib va qoidalar asosida elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish, sohani yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilish orqali “bir darcha” printsipi asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish, umuman, mamlakatimizda elektron hukumat tizimini joriy qilish uchun huquqiy asos yaratish maqsadida ushbu “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonunning qabul qilinishi bilan davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini elektron tarzda ko‘rsatish uchun huquqiy asos yaratildi.

Qonunning asosiy maqsadlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish asosida:

- elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartiblarini maqbullashtirish;

- elektron davlat xizmatlarining sifati va ulardan foydalanish qulayligini oshirish;

- davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va ularni ko‘rsatish muddatlarini qisqartirish;

- shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va olish bilan bog‘liq ma’muriy xarajatlarni kamaytirish;

- davlat organlarining ma’lumotlar bazalarini shakllantirish;

- davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” printsipini joriy qilish;

- kommunal xizmatlarni hisobga olishning, nazorat qilishning va ular uchun haq to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni kengaytirish;

- tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektron tijorat tizimidan va boshqa bank-moliya xizmatlaridan foydalanishga keng imkoniyatlar yaratish hisoblanadi.

Bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda 72 ta kasb-hunar kollejida ushbu yo‘nalishda ta’lim berilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish Kompleks dasturiga asosan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti negizida, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘z filiallariga ega bo‘lgan, “Elektron hukumat” o‘quv markazi tashkil etilib, davlat organlari xodimlarining, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kompyuter savodxonligi oshirib kelinmoqda. 

Bundan tashqari, aholining kompyuter savodxonligini yanada oshirish maqsadida “Bunyodkor yoshlar” guruhlari tashkil etilib malakali professor o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar tomonidan mahallalar, hokimlik bilan hamkorlikda respublikamizning barcha hududlarida joylashgan 93 ta kollejda bepul o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar natijasida so‘nggi besh yilda 80 mingdan ziyod aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha bilimlari mustahkamlandi.

Shuningdek, joriy yilning 8 iyunida TATU va uning filiallari bilan videokonferentsiya aloqasi orqali talaba yoshlarni  o‘qitishga doir seminar tashkil etildi. Unda maslahatchi-ekspert janob Kim Nam Sok, Li Chul Su va universitet pedagoglari tomonidan ma’ruzalar tashkil etilib, “Bunyodkor yoshlar” kompyuter savodxonligi o‘quv kursining mazmun mohiyati va qo‘yilayotgan talablar yuzasidan tushuntirishlar berildi. 

Bundan tashqari, joriy yilda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanali bilan birgalikda aholini AKT savodxonligini oshirish bo‘yicha 9 ta teleko‘rsatuv tashkil etildi. 

Xususan, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — My.Gov.Uz” mavzusida 45 daqiqalik “Akademik soat” ko‘rsatuvi tashkil etildi. Ushbu ko‘rsatuv joriy yilning o‘zida 4 marta efirga uzatildi.

Bu ham aholini kompyuter va internet texnologiyalaridan foydalanish, AKT sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishtirishda bilvosita o‘qitish tadbirlaridan biri sanaladi. 

Elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha joriy yil 30 iyulda e’lon qilingan “Elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha BMT tahlili”dagi dunyo davlatlari reytingida O‘zbekiston “elektron ishtirok”, fuqarolarning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini ifodalash darajasi, mamlakatni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali demokratik boshqarish xalqaro reytinglarida yuqori natijalarga erishib, ushbu sohada rivojlangan davlatlar qatoridan joy olganligi  hamda 47-o‘rinni egallaganligi ommaning o‘z turmushida elektron davlat xizmatlaridan foydalanishi kundan-kun ortib borayotganligining yaqqol isboti desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP), Ochiq ma’lumotlar portali, davlat organlarining rasmiy veb-saytlari, axborot resurslari va tizimlari, ularning majmualari va boshqa resurslar samarali faoliyat yuritmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 280 dan ziyod davlat xizmatlari joriy qilingani fuqarolarga va tadbirkorlik sub’ektlariga yanada ko‘proq qulayliklar yaratib, mushkulini oson qilishga xizmat qilmoqda. 

Qolaversa, fuqarolarimizning “elektron hukumat”dagi ishtiroki allaqachon boshlangan. Bunga biz o‘z turmushimizdan ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin.

E’tiborli jihati shundaki, yangi qabul qilingan qonunda elektron davlat xizmatlarini o‘z vaqtida va elektron davlat xizmatlarining reglamentlariga muvofiq olish, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida to‘liq va ishonchli axborotlarni olish, elektron davlat xizmati ko‘rsatilishining borishi to‘g‘risida axborotlar olish ariza beruvchilarning elektron davlat xizmatlarini olishdagi huquqlari sifatida belgilab qo‘yildi. 

 

BOSHLOVCHI: — O‘quvchilarda “Elektron hukumat”ni kim boshqaradi, yoki uning uchun mas’uliyat kimning zimmasida bo‘ladi, degan savollar ham tug‘ilishi mumkin. Ayting-chi, “Elektron hukumat” tizimida axborotlar qay tarzda yig‘iladi va ishlov beriladi? Yanada soddaroq ifodalaydigan bo‘lsak, omma o‘zini qiziqtirgan savollarga javobni qanday qilib oladi? Mabodo, javobdan qoniqmasa, “boshini qaysi toshga urishi” kerak? Bunday deyishga asos bor. Respondentlarimizdan biri quyidagi holatga duch kelgan va hech kimdan aniq javob ololmagan. Gap soliqqa tortish tizimi haqida ketyapti. Bilamizki, bugungi kunda aholi har yili o‘z daromadlari haqida yilning birinchi apreliga qadar deklaratsiya to‘ldiradi va hozir buni elektron xizmatlar yordamida bajarish uchun ham imkoniyatlar mavjud. Ammo o‘sha respondentlarimiz o‘z daromadlarini hisob-kitob qilish jarayonida o‘zidan 150000 so‘m miqdorida pul ortiqcha ushlab qolinganini aniqlaydi va o‘sha mablag‘ni mol-mulk solig‘iga yo‘naltirishlarini iltimos qilib, tegishli arizani yozadi va hujjatlarga imzo chekadi. Oradan ikki oy o‘tib, xonadoniga soliq xizmati xodimi kelib, mol-mulkdan qarzdor ekanini aytadi va yana to‘lov talab qiladi. Tabiiyki, respondent yana to‘lovni amalga oshiradi. Bir muddat o‘tib, avvalgi to‘lovlar yodiga tushib, to‘lovnomalarni jamlab hisob-kitob qiladi va o‘zidan kattagina miqdorda oshiqcha pul ushlab qolinganini aniqlaydi. Mas’ul xodimga qo‘ng‘iroq qilib, muammoni aytgach, soliq xodimi to‘lovnomalarni olib kelib, qayta hisob-kitob qilishni maslahat beradi. Ko‘rinib turibdiki, ovoragarchilik ustiga ovoragarchilik yuzaga kelayapti. Soliq tizimidagi elektron hukumatga asoslangan ichki hisob-kitoblar inson omili tufayli izchil yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida shunday muammo kelib chiqayapti. Savol quyidagicha: agar elektron hukumat xizmatlari faoliyatga (amalga) kiritilgach, shunday muammolar kelib chiqsa, aholi qanday yo‘l tutishi kerak?

 

Marhabo G‘OFUROVA, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi: 

— Bu jiddiy savol. “Elektron hukumat” tizimi davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan bo‘lib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek davlat xizmatlari ko‘rsatish vakolati berilgan boshqa tashkilotlar o‘zlarining zimmasiga yuklatilgan funktsiya va vazifalardan kelib chiqib elektron hukumat doirasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etishadi. Ular elektron hukumat sohasida axborot tizimlari va axborot resurslarining, shuningdek, elektron davlat xizmatlarining joriy etilishini, rivojlantirilishini hamda integratsiyalashuvini ta’minlaydi. Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati uchun ma’suliyat ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi davlat organlari zimmasiga yuklatiladi. 

Xorijiy tajribani o‘rganishda shu narsa ayon bo‘ldiki, turli davlatlarda elektron hukumat sohasida vakolatli organ etib har xil organlar belgilangan. Misol uchun, Janubiy Koreyada hukumat sohasida vakolatli organ davlat boshqaruvi va Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi. Mamlakatimizda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilangan bo‘lib, elektron hukumat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Elektron hukumat sohasidagi vakolatli organ o‘z vakolatlari doirasida elektron hukumat infratuzilmasining markaziy ma’lumotlar bazalari, idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, ma’lumotlarga ishlov berish markazi va idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining uzluksiz ishlab turishini ta’minlaydi.

Qonunning 23-moddasida ariza beruvchilarga elektron davlat xizmatlarini olishda elektron davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish xuquqi berilgan. Siz misol tariqasida keltirgan holat yuzasidan ham soliq tizimidagi o‘sha ishga mas’ul xodim javobgardir. Bu borada targ‘ibot va tushuntirish ishlarini muntazam oshirib borish kerak. Hamma gap mas’uliyatda.

 

BOSHLOVCHI: — Suhbatimiz maromidan shu narsa aniq bo‘lyaptiki, aholi allaqachon, tabiiy ravishda “Elektron hukumat” jarayonlarida qatnashayapti. Masalan, qo‘l telefoni orqali bir qator kommunal, bank va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish, do‘konlarga, oziq ovqat muassasalariga va boshqa iste’mol ehtiyojlari uchun buyurtma berishlar oddiy holga aylanmoqda. Ayting-chi, elektron hukumat yana qaysi ko‘lamlarni o‘z ichiga oladi? Imkoniyati cheklanganmi?

 

Ulug‘bek SAMATOV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi: 

— Darhaqiqat, bugun internetdan foydalanuvchilar soni 12 million 100 mingdan oshib ketdi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning sifatini oshirishga qaratilgan 318dan ortiq davlat axborot resurslari va 485dan ziyod davlat axborot tizimlari ishlab turibdi. 2016 yilning 6 oylik yakunlari bo‘yicha 10 ming 800 ta veb-saytlar milliy domenimizda (WWW.UZ) ro‘yxatga olingan. Yaratilgan bunday imkoniyatlar aholimizning turmush tarzini yuksaltirish bilan bir qatorda, ularning qimmatli vaqtlarini tejash va ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish imkonini ham bermoqda. 

2013 yil 1 iyuldan o‘z faoliyatini boshlagan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bugungi kunga kelib 280 dan ortiq interaktiv davlat xizmatlarini taqdim etmoqda, unga 2000dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ulangan. O‘tgan davr mobaynida ushbu portal orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 577,2 mingdan ortiq murojaat va so‘rovlar kelib tushib, interaktiv usulda o‘zlarining turli masalalarini hal etib kelayotganligi, fuqarolarimizning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish borasidagi harakatlari nechog‘lik faol ekanligidan dalolatdir. 

Kelgusida elektron huqumat doirasida Yagona interaktiv portal orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlar ko‘lami bosqichma-bosqich oshirib borilib 2020 yilgacha 410 tadan oshirish rejalashtirilgan. 

Qonunning asosiy tamoyillaridan biri Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borishdir. Bu tamoyilga ko‘ra Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari o‘zlarining ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarini bartaraf etish, ariza beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini va xizmatlarni ko‘rsatish muddatlarini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshirib borishlari belgilab qo‘yildi.   

Imkoniyati cheklanganmi, degan savolga javob beradigan bo‘lsak, albatta, yo‘q deb javob bergan bo‘lardim. Sababi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi boshqa sohalarga nisbatan juda tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Kompyuter, internet, mobil aloqa kabi zamonaviy axborot texnologiyalarining paydo bo‘lish tarixini olib qarasak, qisqa muddat ichida,  ya’ni so‘nggi 30 yil ichida olamshumul o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Yangi muomalaga kiritilgan axborot texnologiyalari yoki dasturiy ta’minot, bir yilda umrini yashab bo‘lib, o‘rniga yangilari paydo bo‘lmoqda. Shulardan kelib chiqib qarasak, vaqt o‘tishi bilan aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib elektron hukumat sohasidagi xizmatlar muntazam ravishda yangilanib, rivojlanib boraveradi. Misol uchun, “elektron hukumat”ni joriy qilish va rivojlantirish borasida yetakchi bo‘lgan Janubiy Koreya davlatida “elektron hukumat”ning ikkinchi bosqichiga o‘tganligini kuzatishimiz mumkin. Ikkinchi bosqich deganda shartli ravishda Ochiq ma’lumotlar portalining rivojlanishini tushunishimiz mumkin.

Boshlovchi: — Shu o‘rinda yana bir savol tug‘ilyapti. Deylik, elektron tizim orqali do‘konga qaymoq buyurtma berdik. Ammo ijrochi xodim u yerdan bizga qatiq bilan smetana aralashmasini olib keldi (ko‘p hollarda shunday bo‘lyapti ham). Xaridor kimning “yoqasidan olishi” kerak? Sifatsiz mahsulotni qaytarib bera oladimi? U jarayon qanday kechadi? “Korzinka.uz” xodimi: “Bilmayman, menga berishgani shu”, deb tursa nima qilamiz?

 

Rasul KUSHYERBOYEV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi: 

— Ushbu masala elektron tijorat sohasiga taalluqli bo‘lib, bunday masalalardagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solinadi. E’tiborli jihati, ushbu sohani jadal rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish, yanada kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida 2004 yilda qabul qilingan ushbu qonun o‘rniga 2015 yilda qonunchilik palatasi tomonidan qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Yangi tahrirdagi qonun qoidalari bilan jismoniy shaxslar-elektron tijorat sub’ektlari uchun elektron hujjatlarda elektron raqamli imzodan foydalanish bo‘yicha qat’iy talab bekor qilindi, jismoniy shaxslar — elektron tijorat sub’ektlariga elektron raqamli imzoning bir martalik identifikatoridan yoki shaxsiy imzoning analogidan foydalanishga ruxsat etildi. Bu esa elektron bitimlarni rasmiylashtirishni soddalashtirish va internet tarmog‘i orqali bank kartalaridan foydalangan holda to‘lov mexanizmini joriy etish imkonini berdi. Qonunning 11-moddasiga asosan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi elektron tijoratda tovarlarni realizatsiya qilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etishi belgilab qo‘yildi. 

Shuningdek, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunida ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra sifatsiz bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) tufayli iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, ma’naviy zarar, shuningdek, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik tufayli iste’molchilarga zarar yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Iste’molchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi ushbu Qonunning 20, 22, 27, 29-moddalariga muvofiq javobgar bo‘ladi. 

Qonun yangi tahrirda qabul qilingandan so‘ng uni amaliyotga samarali tatbiq etish maqsadida qator qonunosti hujjatlar ham  qabul qilindi. 

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 iyundagi 185-qaroriga 1-ilovasi bilan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari” tasdiqlandi. Ushbu qoida bilan shartnoma shartlarini bajarishni rad etish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra xaridor qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sifatsiz mahsulotni qaytarib berish huquqiga ega.  

 

BOSHLOVCHI: — Bugungi suhbatimizni xulosalashdan avval quyidagi savollar atrofida ham fikr almashsak, deylik, elektron hukumat imkoniyatlari qo‘l telefonlari bilan chegaralanib qolmasa kerak. Uning boshqa, muhimroq jihatlari haqida ham gaplashsak, masalan, bu sohada xorij tajribalari qanday, muammolar nimadan iborat? Yolg‘on ma’lumotlar uchun kim javob beradi? Eng muhimi, “Elektron hukumat” xizmatlaridan foydalanish cho‘ntagimizga qanchalik foyda yoki zarar keltiradi? 

 

Erkin XOLBO‘TAEV: — Ayrim davlatlarning rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishiga “elektron hukumat” tizimini keng joriy qilish va rivojlantirish muhim omil bo‘lgan deyishga to‘liq asoslarimiz bor. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 15 yanvardagi “Mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasidan iqtibos keltirish o‘rinli deb o‘ylayman. Islom Karimov: “Bugungi sharoitda, internet va elektronika davrida iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, “Elektron hukumat” tizimi faoliyatini yanada rivojlantirish ustuvor ahamiyatga egadir.

Jahon tajribasi shundan dalolat beradiki, ayni paytda global iqtisodiyotda kompyuter va telekommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqarish va ular asosida keng turdagi interfaol xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Shuni ta’kidlash lozimki, bugungi kunda jahon miqyosida yaratilayotgan yalpi ichki mahsulotning taxminan 5,5 foizi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Nufuzli xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 9 foizdan oshadi. Masalan, Koreya Respublikasining yalpi ichki mahsulotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ulushi 11,8 foizdan ziyodni, Shvetsiyada 7 foizni, Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa 6,8 foizni tashkil etadi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizning mazkur tarmog‘i jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotganiga qaramasdan, hozirgi vaqtda biz bu borada dastlabki bosqichda turganimizni tan olishimiz darkor. Ya’ni  mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining atigi 2 foizga yaqini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.”, — deb ta’kidlagan edilar. 

Muammolarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, bugungi kunda fuqarolar  eskicha qarashlardan voz kechib, “shaxsan o‘zim bormasam ishim bitmaydi” yoki “axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yaxshi bilmayman” qabilidagi bahonalarni o‘ylab topmasdan, davlatimiz tomonidan elektron hukumat sohasida yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini izchil oshirib borish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimi doirasida axborot resurslari, tizimlari va tarmoqlarining yaratilishi hamda idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimining ishga tushirilishi natijasida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soni va sifati oshadi, shuningdek, davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlash orqali xalqning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshiradi.  

R.S: Bugungi suhbat jarayonida mehmonlarimiz mavzuni atroflicha qamrab olishga harakat qilishdi. Tabiiyki, bu hali hammasi emas. Ushbu suhbatdan so‘ng o‘quvchilarimizda ham qiziqarli savollar tug‘ilishi, fikrlar paydo bo‘lishi mumkin. Har narsaning boshlanishi bo‘lgani kabi, intihosi ham bor. Shu jabhada suhbatga nuqta qo‘yib, ishtirokchilarga katta minnatdorlik bildiramiz. Mushtariylarimizdan esa bu boradagi fikr-mulohazalarni kutib qolamiz.

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Al-Xorazmiy izdoshlari

2018-02-21 07:37:40

Ulug‘larni ulug'lagan yurt

2018-02-21 07:43:01

Jurnalistika sohasida “OLTIN QALAM” ...

2018-02-21 07:51:56

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

February 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28

.