Gazetasiz xonadon

Ellik-oltmish yoshning nari-berisidagi insonlar bilan suhbatlashsangiz, o‘zining bir vaqtlar nihoyatda gazetxon bo‘lganini to‘lqinlanib gapirib beradi. Darhaqiqat, ular o‘sha paytlarda barcha xabar va yangiliklarni, jamiyatdagi o‘zgarishlar, muammolarni ham aynan gazeta orqali olishgan. Xo‘sh, bugun nega unday emas? Nega matbuotga bo‘lgan munosabat, tashnalik kamaygandek?

 

– Bugun hamma narsani internetdan olyapmiz.

– Dunyoning oltmishdan ortiq kanallarini televizor orqali ko‘ryapman, menga shu yetadi.

– Menga yangilik, umuman, olamda nima gap bo‘layotganini bilish shunchalik muhimmi? Shuningsiz ham kunim o‘tadi...

Nazarimizda, bu fikrlarda jon bor.

Masalan, bugun hamma narsa internetda muhayyo. Istasangiz xonadoningizda, kitob javoningizda tom-tom kitoblarni saqlashingizgayam hojat qolmadi. Chunki, xohlang Navoiyni, xohlang Tolstoyni elektron variantda o‘qishingiz mumkin. Xonadoningizda nomiga kitob bo‘lmagan taqdirdayam sizni birov savodsizsan, demaydi. Hatto gazeta-jurnallarning ham elektron varianti ommalashib borayotgani sir emas. Demak, o‘z-o‘zidan internet axborot manbai bo‘la oladi.

Aytaylik, sizning zamonaviy televizoringiz yuzlab davlatlarning turmush tarzi, madaniyati haqida ma’lumot berish qudratiga ega. Ko‘rinib turibdiki, siz jahonda nima gap bo‘layotganidan yaxshi xabardorsiz. 

Nihoyat, inson dunyoda yangiliksiz ham yashashi, kuni o‘tishi mumkin. O‘qimagan, jamiyatga qiziqmagan odam uchun hayot to‘xtab qolmasligi aniq...

Shu o‘rinda bir holat odamni tashvishga soladi. Aytaylik, internet bizga ommaviy tarzda kirib kelganiga endi o‘n yildan oshdi. Axborot berish ahamiyatiga ega bo‘lgan saytlar, ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lganiga undan ham kam vaqt bo‘ldi. Vaholanki, aynan internet dunyoning aksariyat rivojlangan davlatlarida allaqachon ommalashib bo‘lgandi. Televidenie haqida ham xuddi shunday xulosa qilish mumkin. Dunyoda internet va televideniening bugungi taraqqiyoti haqida gapirish umuman ortiqcha. Ammo nega jahon xalqlari gazeta-jurnallardan voz kechishmagan? Nega ular bugun ham tongni kompyuter yoki televizor qarshisida emas, aynan yangi gazetani varaqlash bilan boshlaydi? Nega o‘zini zamonaviy hisoblagan rahbarlar, ishbilarmonu tadbirkorlar stoli ustida gazeta turadi? Nega biz kunimizni ishonchli axborot bilan boshlashga odatlanmayapmiz? Aksincha, ongimiz, dunyoqarashimizga qarshi qaratilgan, ishonarsiz axborotlar sari odimlayapmiz? Afsuski, o‘zimizniyam, farzandlarimizniyam shunga o‘rgatyapmiz...

Mamlakatimizdagi yetakchi nashrlarning adadiga e’tibor qilganmisiz? Ayni kunda, ya’ni to‘rtinchi chorakka kelib markaziy gazeta-jurnallar adadi qariyb ikki-uch barobarga tushib ketdi. Viloyat, tuman-shahar gazetalarining ahvoli esa undan ham og‘ir. Shunday pallada dunyo mamlakatlarida gazetalar millionlab nusxada chop etilayotganiga nima deysiz? Bu bizning mutolaa madaniyatimizning sustligini ko‘rsatmaydimi? Nainki kunda, balki oylab kitob, gazeta kirib bormagan xonadonlarda tarbiyalanayotgan yoshlar taqdiri tashvishlanarli emasmi?

Yumshoq o‘rinda yonboshlab, qo‘lda pultni o‘ynatishdan osoni yo‘q. Internet esa undan ham qulay. Bu – axborot olishning qulay yo‘li. Ammo sizning tasavvuringiz, bilimingiz, ongingiz ichidagi jarayon – u faqat o‘zingizgagina tegishli. Farzandlaringiz, oila a’zolaringiz esa uyingizdagi kitoblar, gazeta-jurnallarning saviyasi, salmog‘i bilan sizning madaniyatingizga, ziyoli ekaningizga baho beradi. Qolaversa, o‘zingizni mutolaaga, ma’rifatga o‘rgata olmagan ekansiz, yaqinlaringiz tarbiyasida ham bunga erisha olmaysiz. Yaxshisi, qo‘lingizga gazeta oling, bolalaringiz esa sizga taqlid qilishsin.

 

Isomiddin PO‘LATOV,

“Jomboy tongi” gazetasi muharriri