AFSHONAGA SAFAR

“Toshkent — Buxoro” tezyurar “Afrosiyob” poezdining shinam, zamonaviy jihozlangan kupesida sheriklar bilan chaqchaqlashib ketdik.

 

Qadim Buxoro shahriga tushib, u yerdan Peshko‘ tumaniga yo‘l oldik. Maqsadimiz ulug‘ alloma Abu Ali ibn Sino tug‘ilib o‘sgan Afshona qishlog‘ini ziyorat etish, shu bahona joylarda olib borilayotgan tub islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish edi.

Biz o‘tirgan mashina tong quyoshi Buxoro zaminiga zarrin nurlarini yoya boshlaganda Peshko‘ tumaniga kirib keldi. “Neksiya” haydovchisi ochiqqina yigit ekan, Ibn Sino hayoti bilan qiziqayotganimizni bilib, darhol Afshona mavzusiga o‘tib oldi.

— Afshonaga ko‘p qatnayman, — dedi u zavqlanib. — Ibn Sino muzeyidan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi. Shifokorlar ham shu yerda qasamyod qabul qiladi. Nikohdan o‘tayotgan kelin-kuyovlar, avvalo, muzey oldidagi Ibn Sino haykali poyiga gul qo‘yishadi. Shunday. Afshonaliklarni-ku, asti qo‘yaverasiz, ular olamga mashhur tabibni o‘zlarining bobokalonlari deb bilishadi. Mahallalariga ham Ibn Sino nomini qo‘yishgan... 

Beruniy, Xorazmiy, ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Navoiy kabi buyuk ajdodlarimiz haqida kim ham bilmaydi deysiz? Sobiq Sho‘ro tuzumi davrida aksariyatining sha’ni, qadr-qimmati yerga urildi, muqaddas qadamjolari oyoqosti qilindi. Bugun butkul boshqacha manzaralarning guvohi bo‘lib turibmiz. Zero, istiqlol tufayli, bu mo‘’tabar zotlarning nomlari tiklandi. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida qatnashib, o‘zbek tilida so‘zlagan sermazmun-sertahlil nutqidagi quyidagi satrlar qaddimizni, qadr-qimatimizni yana bir pog‘ona yuksaltirdi: “...Islom olami jahon fani va tsivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan faxrlanishga to‘la haqlidir. Xususan, Markaziy Osiyo hududi Sharq Renessansining yirik markazlaridan biri sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhur bo‘lgan. Bu haqda gapirganda, avvalo, ulug‘ vatandoshlarimiz — algoritm asoschisi al-Xorazmiy, qomusiy olim al-Farg‘oniy, geodeziya va mineralogiya fanlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy, o‘arbda Avitsenna nomi bilan tanilgan Ibn Sino, davlat arbobi va buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek singari mutafakkir zotlarning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz”. 

Nazarimda, mazkur nufuzli anjuman tag‘in bir yorqin, farahbaxsh haqiqatni dunyo hamjamiyatiga yana bir karra eslatganday bo‘ldi. Jahonda uzoq o‘tmishi, unda yashab o‘tgan ajdodlari va ular qoldirgan ilmiy, madaniy meros bilan g‘ururlana oladigan xalqlar kamdan-kam topiladi. O‘zbek xalqi ana shunday baxtiyor xalqlardan biridir. Ibn Sino esa xalqimizning eng aziz farzandlaridan biri. 

Afshona — tuman markazi bo‘lgan Yangibozor shaharchasi yaqinidagi katta qishloq. Hamma qishloqlar singari ikki tarafi quyuq daraxtzor yo‘ldan kirib boriladi. Biroq qishloqning qoq markazida qadimgi shahristonlardagi singari mahobatli va so‘lim majmuaga duch kelasiz. Bu — yashil xiyobon o‘rtasidagi alloma haykali, to‘g‘ridagi tibbiyot kollejining ulkan binosi va o‘ng tomondagi qirmizi rang marmar zinalardan chiqib boriladigan saroy — Ibn Sino muzeyi. Xiyobonda, dastlab, ozodalik va chaman bo‘lib ochilgan turfa gullar e’tiboringizni tortadi. Yo‘lak, binolarning zinalarida ham gard, chang yo‘q.

Ibn Sino muzeyida bizni bo‘lim mudiri Mansur Nurullaev, katta ilmiy xodim Mustaqim Boboevlar qarshi olishdi. Ularning muzey tarixi haqidagi hikoyalari nihoyatda qiziqarli edi.

1973 yilda afshonalik Safo ota Yo‘ldoshev o‘zining avlodlari tomonidan asrab-avaylab kelinayotgan noyob bir qo‘lyozmani O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga taqdim qiladi. Bu Ibn Sinoning Gurgon amirligida tanishgan sodiq shogirdi Abu Ubayd Juzjoniy yozgan kitob edi. Bu qo‘lyozma ulug‘ allomaning hayoti va faoliyatiga muhim aniqliklar kiritdi. 1980 yilda — Ibn Sino tavalludining 1000 yilligini nishonlash arafasida muzey binosi tiklangan. 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan muzeyning bugungi binosi qayta qurildi hamda bebaho eksponatlar bilan boyitildi.

Muzeyda biz milodiy 980 — 1037 yillarda yashab o‘tgan tib ilmining mumtoz bilimdoni, qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ijodi bilan tanishdik. Bu yerdagi ulug‘ tabib tomonidan o‘rta asrlarda foydalanilgan tibbiy asboblar nusxalari (Frantsiyada tayyorlab keltirilgan) kishini hayratga soladi, shuningdek, uning muolaja va jarrohlikdagi yuksak mahoratidan darak beradi. Muzeyga qo‘yilgan, taniqli musavvir Chingiz Ahmarov yaratgan sakkizta kartinada Ibn Sinoning tabiblik va jarrohlik (tashrih) faoliyati yuksak mahorat hamda chuqur tarixiy bilimdonlik bilan tasvirlangan. “Avitsenna-Frantsiya” assotsiatsiyasi sovg‘a qilgan “Tib qonunlari” kitobining lotin tilidagi qadimiy nusxasi, tabib asarlarining 1447—1448 yillardagi qo‘lyozmasi muzeyning noyob eksponatlaridandir.

Afshonada bo‘lgan paytimizda Ibn Sino muzeyiga Italiyadan mehmonlar kelib qoldi. Mansur Nurullaev ularni muzey bilan tanishtira boshladi. Biz esa mahobatli marmar koshindan chiqib, Husayn tug‘ilgan va besh yoshigacha istiqomat qilgan, keyinchalik ham bot-bot kelib turgan ona qishlog‘i Afshonani aylandik. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Ibn Sinoning ismi Husayn bo‘lgan, otasining ismi Abdulloh. “Abu Ali” esa uning kunyasidir.

Afshonadagi Ibn Sino mahalla fuqarolar yig‘inida oqsoqol Jamil Safarov, mas’ul kotib Axtam Samadovlarni uchratdik.

Albatta, ular bilan suhbatimiz qizg‘in kechdi. — Afshona tarixini, Ibn Sino haqidagi rivoyatlarni biladigan keksalarimiz ko‘p, — dedi Axtam Samadov.

Biz ana shunday otaxonlardan biri Murtazo Nurullaev bilan fikr almashdik.

— Ota-bobolarim shu qishloqda yashab o‘tgan, — dedilar ota mamnuniyat bilan. — Sakson to‘rt yoshdaman. Shu yerdagi xo‘jalikda ishlaganman. Ibn Sino haqidagi rivoyatlarni mengina emas, har bitta afshonalik biladi. Shulardan birini aytib beray, eshiting: Ibn Sinoning otasi Abdulloh asli Balx shahridan bo‘lgan, deyishadi. Bizning Afshonaga kelib, Qo‘qishtivon arig‘i bo‘yidagi bir kishining uyida yashab yuradi. Shu paytlarda uy egasining Sitorabonu ismli qizini yaxshi ko‘rib qoladi. Abdulloh o‘qimishli, odobli yigit ekan. Otasi Sitorabonuni shu yigitga berib, kuyov qilib oladi. Oradan bir yil o‘tib, ular o‘g‘il farzand ko‘rishadi. Bolaga Husayn deb ism qo‘yadilar.

Husaynning kelgusida ulug‘ alloma Abu Ali ibn Sino bo‘lib yetishishi bolaligidan ma’lum ekan. U nihoyatda zukko, favqulodda zehnli edi. To‘rt yoshga to‘lar-to‘lmas otasidan arab alifbosini o‘rgana boshlaydi. Besh yoshida yigirma sakkiz harfni tanigan savodli bola edi.

Murtazo ota afshonaliklarning aziz qilib, tildan-tilga, dildan-dilga yetkazib kelayotgan afsonalarini maroq bilan so‘zlab beradilar. Xalq o‘zi sevgan, ulug‘lagan farzandlari haqida bu kabi purma’no afsona va rivoyatlar to‘qiydi, ularni asrlar osha boshiga ko‘tarib ulug‘laydi. Abu Ali ibn Sino xalqimizning ana shunday ulug‘ allomalaridandir.

Abu Ali ibn Sino sermashaqqat o‘tgan umri davomida 450 dan ortiq bebaho asarlar bitdi. Shulardan 242 tasi bizgacha yetib kelgan. Ularning 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga oid. Qolganlarida mantiq, ruhshunoslik, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslik masalalari yoritilgan. Uning eng yirik va mashhur asari “Tib qonunlari”dir. Bu asar oradan ming yil o‘tib, bizning davrimizda ham shifokorlar uchun bebaho qo‘llanma bo‘lib xizmat qilayotir.

Biz oqshom qo‘na boshlaganda Afshonadan qaytdik. Safarda hikmat ko‘p deydi xalqimiz. Darhaqiqat, shunday. Butun safar davomida shahru qishloqlarimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, o‘tmishi ulug‘ xalqimizning kelajagi ham buyuk ekaniga chin dildan ishondik.

 

Abdujalol RAHIMOV,

 jurnalist

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.