Tabarruk qadamjolar

«Yaqinda Buxoro viloyatida safarda bo‘lganimizda, mashhur Mir Arab madrasasini ko‘rib, to‘g‘risi, ancha xijolat bo‘ldim. Necha zamonlardan buyon xalqimizga, dinimizga xizmat qilib kelayotgan, nafaqat yurtimiz, balki musulmon dunyosida shuhrat qozongan qanchadan-qancha ulamolarni kamolga yetkazgan bu muqaddas dargoh achinarli ahvolga tushib qolgani, albatta, afsuslidir. Bugungi kunda mazkur diniy o‘quv maskanining nufuzi va maqomini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bu yerdagi qadimiy binolarni tubdan ta’mirlash, yon-atrofdagi hududni obodonlashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda».

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoevning shu yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan  «Ijtimoiy barqarorlikni 

ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi» mavzuidagi 

anjumanda so‘zlagan nutqidan

Islom olamida Buxorodagi madrasalarning nufuzi ming yillar davomida katta mavqega ega bo‘lib kelgan. Sharif shahar madrasalarida tahsil olish uchun Iroqu Shomdan talabalar kelishgan. Manaman degan islomshunoslar, fiqh ilmining buyuk Allomalari, shayxulislomlar yurtimizda tahsil olgani bilan faxrlangan.

Musulmon olamida uchta oliy madrasa hozirgi kunga qadar a’lohida ehtirom bilan tilga olinadi. Ularning birinchisi — 972 yili tashkil etilgan Qohiradagi al-Azhar madrasasi, Bag‘doddagi ikkinchisi 1065 yili qurilgan Nizomulmulk madrasasi hisoblanadi. Uchinchisi esa Buxoro shahrida XVI asrda tashkil etilgan Mir Arab madrasasidir.

 

MIR ARAB ASLIDA KIM?

Hazrat Mir Arab naqshbandiya tariqatining ulug‘ piri, sohibkaromat avliyo sifatida el orasida nom qozongan. U kishining asl ismlari Sayyid Abdullohdir. Bu zot ilm izlab Movarounnahrga kelib, shu yerda muqim yashab qolgan. Dastlab, Sayramda, keyinchalik Samarqand va Buxoroda umrguzaronlik qilgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, alloma Yamanning Hadramavt mavzesida taxminan 1461 yilda tug‘ilgan.

Sayyid Abdulloh Yamanning amiri bo‘lgan ekan, lekin 22 yoshga kirganlarida toju taxtdan voz kechib, zohidlikni ixtiyor etgan. XIV—XV asrlarda Movarounnahrda diniy va dunyoviy madaniyat yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan edi. Binobarin, boshqa ellardagi olimu ulamolarning Samarqand va Buxoroga talpinganini ham shu bilan izohlash mumkin. Yosh Abdulloh ham islom arkonlarini mustahkam egallash maqsadida bu yurtga kelib, hazrat Xoja Ahrorga ergashadi.

Hazratning “Mir Arab Yamaniy” deyishlariga sabab esa o‘z-o‘zidan ayon. Taxallus pirning millati, amirligi va tug‘ilgan joyiga ishoradir. Ustozidan keyin Naqshbandiya tariqati rivojiga ulkan hissa qo‘shib, tasavvuf olamida katta muvaffaqqiyatga erishgan. Mir Arab har doim urushlarning oldini olish, musulmonlar tinchligini muhofaza qilishga astoydil intilgan. 

 

POYIKALONDAGI NURLI DARGOH

 Tarixdan ma’lumki, so‘nggi temuriy podshoh Zahiriddin Muhammad Bobur 1512 yilda bobomeros Samarqand taxtini egallash umididan butunlay voz kechib, Hindiston tomonga ketadi. Temuriylar taxtini esa Dashti Qipchoq o‘zbeklaridan chiqqan Shayboniylar egallaydi. Shayboniylar sulolasining uchinchi vakili Ubaydullaxon, poytaxtni Samarqanddan Buxoroga ko‘chirtirganidan xabardorsiz. Albatta, Ubaydullaxon ham tarixda yaxshi nom qoldirishga intilgan. Bu yo‘lda temuriylar tomonidan Samarqandda tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy muhitni Buxoroda ham yaratishga intiladi. Chunonchi, olimu ulamolarni va aziz avliyolarni Buxoro shahriga taklif etadi. Buxoroga intilgan tassavvuf ulamolari orasida Abdulloh Yamaniy ham bo‘lib, u kishiga podshoh katta ehtirom ko‘rsatadi. Ya’ni sohibkaromat avliyoni xon o‘zining piri deb tan oladi. Mir Arabning Buxoroda ilm-fan va ta’limning yuqori darajada ko‘tarilishida katta xizmati singgan. Avliyo taklifiga binoan Buxoro va Samarqandda qator madrasalar tashkil etilgan. Bu o‘z navbatida musulmon olamida Buxoro islom maktabi nufuzining yanada yuksalishiga xizmat qildi. 

Podshoh 1530—1536 yillarda shayx Abdulloh Yamaniy sharafiga Buxoroning eng qadimiy va mashhur mavzesi — Poyikalonda katta madrasa bunyod etadi. Poyikalonda qurilgan madrasa va jome’ masjid  yagona ansamblni tashkil qildi. Movarounnahr diniy maktablari qurilishida qo‘llanilgan an’anaviy usullar bu madrasa arxitekturasida ham o‘z ifodasini topgan. Chorsi hovlining atrofida ikki qavatli hujralar qatori, har qator o‘rtasida peshtoqli ayvonlar joylashgan. Madrasaning oldingi qismi ancha murakkab. Miyon saroyning ikki yonida ikki xonaqoh-darsxona va masjid bor. Sharq tomondagisi maqbaraga aylantirilgan. Xonaning o‘rtasida Ubaydullaxonning yog‘ochdan yasalgan sag‘anasi joylashgan. Janub tomonidagi xona masjid uchun mo‘ljallangan. Madrasaning bosh fasadi markazda yarim sakkiz qirrali ravoqdan iborat baland peshtoq bo‘lib, uning ichkarisida katta darvoza, peshtoqning ikki yonida esa ikki qavatli hujralar qurilgan. Gumbazning o‘rtasi esa fonusdek mayda darchalar orqali tushgan yorug‘lik xonaga ulug‘vor ko‘rinish baxsh etadi. 

Mir Arabda to XX asr boshlarigacha islomiy ta’lim bilan birga dunyoviy ilmlar ham talabalarga chuqur o‘rgatilgan. Ya’ni ta’lim ikki qismga bo‘lingan. Islomiy ta’limotda Qur’oni Karim, hadisi sharif, fiqh ilmlari, ularga yozilgan sharhlar o‘rgatilgan bo‘lsa, dunyoviy darslarda falakiyot, riyoziyot, matematika, kimyo, geografiya, tarix, falsafa, adabiyot, musiqa fanlari o‘tilgan. 

 

SOBIQ SHO‘RO TUZUMIGA HAM XIZMAT QILDI, BIROQ...

Sobiq sho‘ro davrida ham Mir Arab madrasasi butkul yopib qo‘yilmadi. Mamlakatdagi nomdor diniy ta’lim maskani sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Biroq bilim yurti rejalari asosan markazdan tasdiqlab berilgani sir emas. Ana shunday og‘ir davrlarda ham ushbu ta’lim dargohidan mashhur olimlar yetishib chiqqan. Ayni paytda MDH davlatlarining yirik diniy ulamolarining aksariyati Mir Arabda tahsil olgan. Bir so‘z bilan aytganda, tuzum tomonidan islom dini jiddiy qarshilikka uchraganiga qaramasdan, Mir Arabda yangi davr musulmon olamida katta mavqega erishgan mingdan ziyod mutaxassislar yetishib chiqdi. 

 Ta’kidlash kerakki, madrasa sobiq tuzum paytida ham faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ta’lim dargohining qariyb yuz yildan ortiq vaqt mobaynida ta’mirlanmagan hujra va ravoqlari nuray boshladi. Afsuski, e’tiborsizlik natijasida madrasa asl qiyofasini yo‘qotayozdi. Zero, rivoyatlarda aytilishicha, shayx Mir Arab hazratlari, madrasa qiyomatgacha ilm va ta’lim maskani bo‘lib qolishini so‘rab duo qilgan ekan. 

 

MIR ARABGA OLIY MAQOMI BERILDI

Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi bilan yurtimizda diniy bag‘rikenglikka katta yo‘l ochildi. Ayniqsa, e’tiborsiz qoldirilgan madrasayu masjidlar va aziz avliyolar yotgan qadamjolar obod go‘shaga aylantirildi.

 Albatta bunday e’tibordan ushbu madrasa ham chetda qolgani yo‘q. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu qadamjoning bugungi holati bilan tanishib, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Yaqinda Adliya vazirligi berilgan ko‘rsatmalarga asosan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Mir Arab oliy madrasasi tashkil qilinib, 2017 yil 7 iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ushbu diniy ta’lim muassasasining tashkil qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan fuqarolarning vijdon erkinligi hamda diniy ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi. Shuningdek, mazkur quvonarli voqea 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasidagi amaliy harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

 

Jobir XO‘JAQULOV