Yulduzlarga talpingan zot

Tariximiz zarvaraqlariga ko‘z tashlasak, o‘tmishda bobokalonlarimiz yaratgan ulkan meros, ilm-fanda, qo‘yingki, barcha sohalarda erishilgan yutuqlar bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. Asosiysi, Movarounnahrda tug‘ilgan va jahon ilm-fani, madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlarimizni bugungi kunda dunyo ahli yaxshi taniyotir. Ular orasida Mirzo Ulug‘bekning nomi alohida hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.

 

 

 Temuriylar sulolasining uchinchi avlodi Mirzo (Sulton) Muhammad Tarag‘ay ibn Shohrux ibn Temur — Ulug‘bek Ko‘ragon 1394 yil 22 mart kuni Sohibqiron Amir Temur tomonidan Eron va Yaqin sharq mamlakatlariga qilingan besh yillik buyuk yurish paytida Ozarboyjonning Sultoniya shahrida tavallud topdi. Ulug‘bekning otasi Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohrux, onasi esa saroy a’yonlaridan bo‘lgan o‘iyosiddin tarxonning qizi Gavharshodbegim edi.

O‘sha davrda Amir Temur qo‘shinlari Iroqda muhoraba olib borardi. 16 aprel kuni Mardin shahri sohibqiron Amir Temurning tasarrufiga o‘tdi. 17 aprelda Sultoniyadan kelgan chopar Amir Temurni nabira ko‘rgani bilan qutlaydi. Bunday xushxabarni eshitgan sohibqiron hazratlari Mardin shahri aholisiga rahm-shafqat ko‘rsatib, ularni soliq to‘lovlaridan ozod etadi.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida Ulug‘bekning tug‘ilishi to‘g‘risida shunday ma’lumotni keltiradi: “Tangri jahon ellarining podshosi Shohruxga o‘g‘il hadya qildi. Yangi chaqaloq buyuk, hosildor va sersuv diyorda dunyoga keldi, yangi mehmon baxtli yulduz ostida tug‘ildi”.

Chaqaloqqa amir Temur o‘z padari buzrukvori ismi bilan Muhammad Tarag‘ay deb nom berdi. Ma’lumki, Amir Temurga ulug‘ amir deb murojaat qilishardi. Arab va forslar iste’molidagi “amir” so‘zi turkiylarning “bek” so‘ziga mos kelardi. Shundan kelib chiqilsa, sohibqiron suyukli nevarasini o‘z taxallusi bilan ulug‘ bek (Ulug‘bek) deb atagan degan taxminlar haqiqatga ancha yaqinroqdir.

Sharafiddin Ali Yazdiy ma’lumotiga ko‘ra, Ulug‘bek murg‘ak yoshligidan momosi Saroymulkxonimning tarbiyasida bo‘lgan. O‘sha yilning avgust oyida Shohruxning boshqa xotini ham o‘g‘il tug‘adi va unga Ibrohim ismi beriladi. Ulug‘bek, Ibrohim va boshqa shahzodalar, Saroymulkxonim va amirni kuzatib chiqqan a’yonlar 1400-1401, 1402-1403 yillarda aksariyat vaqtlarini Sultoniyada o‘tkazadilar. 1403 yilda ular Amir Temurni Arzrumda kutib olishadi.

1404 yilning kuzida Amir Temur 7 yillik yurishi g‘alabasini nishonlab Samarqand yaqinida o‘tkazgan bayram sayllarida Ispaniya va Xitoy elchilarining bobosi tomonidan qabul marosimida Mirzo Ulug‘bek ham ishtirok etadi. Mazkur sayilda sohibqiron 9 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan barcha nevaralarini uylantirganini ham ma’lum qiladi. O‘shanda o‘n yoshli Ulug‘bek Jahongir mirzoning o‘g‘li Muhammad Sultonning qizi Ugay begimga uylantirilgan edi.

1404 yili Amir Temur nabirasi Ulug‘bekka Toshkent, Sayram, Avliyo ota, Oshpar va Mo‘g‘ulistonni (Xitoygacha), Ibrohimga esa Farg‘ona va Qoshg‘arni suyurg‘ol qilib berdi. Ammo shahzodalar hali yosh bo‘lganliklari sababidan bobolarining huzurida qolishdi. Yoshlik yillarida Ulug‘bekning turli sohalar bo‘yicha bilim olishi, ongi va dunyoqarashi shakllanishida, harbiy qo‘shin bilan uning turli mamlakatlarga safarlari, davrning bilimli va ma’rifatli ulamo va fozil insonlari bilan muloqotda bo‘lishi katta rol o‘ynagan. Ulug‘bek Platon, Aristotel, Gipparx kabi yunon va Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Chag‘miniy kabi Sharq allomalari meroslarini yaxshi o‘rgangani uning ilmiy faoliyati natijalarida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ulug‘bek o‘n besh yoshidan ulkan mamlakatning sultoni sifatida to umrining oxirigacha, ya’ni qirq yil mobaynida davlatni boshqardi. Tarixiy manbalarga suyanib, Ulug‘bek hukmdorligining dastlabki 10-15 yili osoyishta o‘tdi, deyish mumkin. Ammo keyinchalik Temuriyzoda shahzodalar o‘rtasidagi ziddiyatlar, Dasht o‘zbeklarining beto‘xtov xurujlari tufayli mamlakat sarhadlarida notinchlik va xavf-xatar kuchaydi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Sulton Ulug‘bekni harbiy yurishlar, jangu jadallar unchalik qiziqtirmagan. Eng achinarlisi, o‘g‘li Abdullatif bilan chiqqan ixtilof oxir-oqibat uning mahv etilishiga sabab bo‘ldi.

Garchi janglarda u katta g‘alabalar quchmagan bo‘lsa-da, ulug‘ olim va bunyodkor sifatida nomi tarixga zarhal harflar bilan bitildi. Sulton mamlakatda ilm-fan ravnaqiga jiddiy kirishib, Samarqandni Sharqning eng go‘zal va ko‘rkam shahriga, betimsol madaniyat markaziga aylantira oldi.

Mirzo Ulug‘bekning sa’y-harakati bilan 1424 -28 yillar oralig‘ida (ayrim manbalarda 1420-21 yillar yoki 1417-1447 yillarda) Samarqand shimolida Obirahmat arig‘i bo‘yidagi Ko‘hak tepaligida jahonga mashhur rasadxona bunyod etiladi. Mazkur rasadxona to‘g‘risida manbalarda ma’lumotlar uchrasa-da, uning joyi uzoq yillar mobaynida odamlarga ma’lum bo‘lmagan. O‘tgan asr boshlarida rus o‘lkashunosi V.Vyatkin olim Abu Said Mahzum bilan birgalikda “Boburnoma”, “Samariya” kabi tarixiy asarlarlarga tayangan holda xarobalar ostidan rasadxona qoldiqlarini va uning asosiy asbobi — kvadrantini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Rasadxona tsilindr shaklidagi uch qavatli, balandligi 30 metrdan iborat ulkan bino bo‘lib, undan radiusi 41 metrli kvadrant o‘rin olgan. Rasadxonada kvadrantdan tashqari boshqa kuzatish asboblari ham bo‘lgan. Ushbu obidaning ichki qismini tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy quyidagicha tasvirlaydi: “Binoning ichki qismi jahonda tengi yo‘q rang-barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon gradus(daraja)lari, daqiqalari va hatto soniyalarigacha hisoblanib, yetti sayyora hamda harakatsiz(sobita) yulduzlar, shuningdek yer kurrasi, yetti iqlim, tog‘u sahrolar va daryoyu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan”.

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida o‘sha davrning yirik olimlari Qozizoda Rumiy, o‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi davrning peshqadam olimlari ilmiy izlanishlar olib borishadi. Mirzo Ulug‘bek “Ziji jadidiy Ko‘ragoniy” asarida matematik va astronom Qozizoda Rumiyni “ustozim” deya ehtirom bilan ta’kidlaydi. Qozizoda Rumiy Samarqanddagi Shohizinda majmuasiga dafn etilgan.

Ulug‘bek “Ziji Ko‘ragoniy” asari bilan falakiyotchi olim sifatida butun jahonga tanildi. Jami to‘rtta bobdan iborat ushbu asarning birinchi bobi eralar va taqvif masalalarini qamrab oladi. Asarning ikkinchi bobi riyoziyot va fazoviy qatlam, uchinchi bobi astronomiya masalalariga bag‘ishlangan. To‘rtinchi bobda muallif astrologiyaga oid jadvallarni keltiradi. Asarning yulduzlar katalogidan 1018 ta yulduz o‘rin olgan.

Ta’kidlash kerakki, ulug‘ bobokalonimizning hayoti va faoliyati XVII  asrdayoq Yevropada o‘rganila boshlangan. Xususan, ingliz astronomi, Oksford universiteti professori Jon Grivs o‘z zamonasida (1602-1652) Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan asar yozib, nashr ettirgan. 1665 yilda ingliz olimi Tomas Xayd ham “Zij”dagi yulduzlar jadvalining lotincha tarjimasini e’lon qilgan.

Alohida aytish kerakki, Mirzo Ulug‘bek davrida mamlakatda katta bunyodkorlik ishlari avj oldi. Shoh tomonidan Registon maydonida ulkan madrasa, xonaqoh, muqatta’ masjidi va hammom qurilgan. 1417 yilda Buxoroda va 1433 yilda o‘ijduvonda ham hashamatli madrasalar bunyod etildiki, bular ham Mirzo Ulug‘bekning ilm-fanning chinakam jonkuyari ekanini tasdiqlab turibdi. O‘sha davrda qurilgan ko‘pgina karvonsaroylar, timlar, chorsular va hammomlar ham Ulug‘bekka daxldor hisoblanadi. Hukmdor Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda obidasida ham katta qurilish ishlarini davom ettirib, nihoyasiga yetkazdi.

Buyuk bobomiz aniq fanlardan tashqari tarix va musiqa ilmi bilan jiddiy shug‘ullangan. Jumladan, “Tarixiy Rashidiy” muallifi Muhammad Haydar Mirzo uning tarix sohasida ham yetuk olim bo‘lganini ta’riflab, “Mirzo Ulug‘bek tarixnavis donishmand edi va “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asarini yozib qoldirgan edi”, deya ta’kidlaydi.

Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand shahri ilmu fan va madaniyat markaziga aylanib, bu yerda ko‘plab yetuk olimlar, shoir va adiblar ijod bilan shug‘ullanishganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Chunonchi, atoqli matematik va astronom Qozizoda Rumiy, o‘iyosiddin Jamshid, Mavlono Mui’niddin Koshoniy, Ali Qushchi, Sayid Imomiddin, Mavlono Muhammad Xavofiy, shoirlardan Mavlono Lutfiy, Mavlono Xayoliy, Ismatulla Buxoriy, Kamol Badaxshoniy, yirik adabiyotshunos olim Xoja Fazlulloh Abullaysiylar shular jumlasidandir.

Xulosa qilib aytganda, o‘z davrida Mirzo Ulug‘bek jahon ilm-faniga, xususan, astronomiya rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Aynan u tomonidan Samarqandda ulkan rasadxonaning bunyod etilishi va u koinot sirlarining o‘rganilishi keyinchalik Yevropada ham ko‘plab rasadxonalar qurilishiga va osmon ilmida yangidan-yangi kashfiyotlar qilinishiga jiddiy turtki berdi.

Shu ma’noda bugungi kunda biz ulug‘ bobomiz bilan faxrlangan holda, uning ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganishimiz,  yoshlarga o‘rgatishimiz maqsadga muvofiqdir. Mustaqil yurtimizning bugungi yoshlari kelgusida turli sohalarda ilm-fan cho‘qqilarini zabt etib, Mirzo Ulug‘bekka munosib voris bo‘lib yetishishlariga shak-shubha yo‘q.

 

Abdumajid AZIMOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.