Sayyid Amir Kulol haqida haqiqatlar

Movarounnahr, xususan, Buxoroda Islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shgan allomalar ko‘p. Uning ilm nuri hamon butun musulmon olamini charog‘on etayotir. Ko‘hna va muborak bu  zaminda bir bora bo‘lishni orzu qiladiganlar dunyoning turli burchida topiladi. Ayniqsa, islom olamida mashhur buyuk avliyolar yetti pir nomini olgan tariqat va tasavvuf olamining yirik namoyandalari mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat etishni ko‘pchilik orzu qiladi.

 

Albatta, ayrim o‘quvchilarda yetti pir haqida to‘liq ma’lumot bo‘lmasligi mumkin. Kimlar ushbu yettilikka kirgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Tarixdan ma’lumki, VIII asrning boshlarida zaminimizda Islomning kirib kelishi bilan aholi o‘rtasida uni chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan talab ham o‘z-o‘zidan oshdi. Yillar o‘tgani sayin nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun musulmon olamida Buxoro ilm-fan va Islom dini markazlaridan biriga aylandi. Islom dini arkonlarini mukammal o‘rganaman degan ulamolar Buxoro madrasalari va mudarrislaridan saboq olishni o‘zlariga yuksak martaba sanadilar. Ana shu davrdan boshlab, Turkiston o‘lkasidan buyuk allomalar yetishib chiqa boshlagan. Yuqorida ta’kidlaganimiz, yetti pirning kamol topishi ham ilmga va dinga bo‘lgan yuksak ehtirom  mahsuli bo‘ldi. 

Bu zamindan voyaga yetgan Naqshbandiya tariqati namoyandalari sifatida nom qozongan, ulug‘ tasavvuf ilmi bilimdonlari — Xoja Abdulxoliq o‘ijduvoniy, Xoja Muhammad Orif  ar-Revgariy, Xoja  Mahmud  Anjir  Fag‘naviy, Xoja  Ali  Romitaniy, Xoja  Muhammad  Boboyi Samosiy, Sayyid  Amir  Kulol va hazrat  Bahoudddin Naqshbandga yetti pir maqomi berilgan. Quyida «Yetti pir» maqomi qatoriga qo‘shilgan Sayyid Amir Kulol hazratlarining bizga qoldirgan ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganish, kelajak avlodga yetkazish bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar bilan tanishsak.

Sayyid Amir Kulol — asl ismlari Sayyid Amir Kalon as-Suxoriy bo‘lib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ida (hozirgi Kogon tuman, Yangi hayot qishlog‘ida) 1281 yilda dunyoga kelganlar. Kulolchilik hunarida mashhur bo‘lganliklari bois Amir Kulol deb atalganlar. U kishining ajdodlari — payg‘ambar alayhissalom nasablariga borib taqalgani uchun sayyidlardan hisoblanadi.

15 yoshlaridan Muhammad Boboyi Samosiyga shogird tushib, Qur’on, hadis, tasavvuf ilmlarini o‘rganib o‘z zamonlarida «Sultonut tariqat» — tariqat sultoni, «Murshidus solikin» — haq yo‘lga kirganlarning piri va «Sayyidul orifin» — avliyolarning sayyidi unvonlariga ega bo‘ldi. Hazrat Sayyid Amir Kulol silsila omonatini xoja Muhammad Boboyi Samosiydan olib, hazrat Abdulxoliq o‘ijduvoniy asos solgan «Xojagon» tariqatining davomchisi sanalgan. Alloma tasavvufda mo‘’tadillik g‘oyalarning tarafdori bo‘lgan. Aksariyat bitiklarida bilim olishda aqlli, dono kishilar bilan suhbatning ahamiyatini uqtirib, nodonlardan uzoq bo‘lishga chaqiradi. Nodonlar bilan bo‘lish ularning ta’siriga tushishga olib kelishi mumkin, — deydi olim.

Ilm olish juda murakkab jarayon ekanligini uqtirib, shunday deydi: 

— Qaerda bo‘lmasangiz, ilm talabida bo‘ling. Bu yo‘lda olovli yoki suvli daryodan o‘tish lozim bo‘lib qolsa, albatta, o‘ting va ilmni egallang.

Hazrat Sayyid Amir Kulolning bundan yetti asr muqaddam bilim olish, ilmli bo‘lish va unga amal qilish xususidagi da’vatlari o‘tmish, hozirgi va kelajak hayotimiz yuksalishi talablari bilan hamohangdir.

Aytishlaricha, Amir Kulol 15 yoshga to‘lguniga qadar kurash bilan shug‘ullangan. Kurash inson salomatligi va kamolotida muhim o‘rin egallashini alohida ta’kidlagan. Ayniqsa, otalar o‘g‘illariga ilm o‘rgatish bilan birga kurash bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratib berishi shart deb bilgan. Olimning farzand tarbiyasi xususidagi pand-nasihatlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bundan tashqari, olim so‘fiylikni tanlagan bo‘lsa-da, hech kimdan iltifot kutmagan. Kulolchilik sirlarini mukammal egallab, shu ishdan topgan daromad evaziga  oila tebratgan. Qolgan muridlariga ham halol luqma orqali umrguzaronlik qilishni tavsiya etadi. Agar hazrat oltinu javohirlarga to‘la hayotni tanlaganlarida ham bunday imkoniyatga ega bo‘lgan bo‘lardi.  

XIV asr Turkiston, ayniqsa, Movarounnahrda buyuk sarkarda va davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur tarix sahnasida gavdalandi. Amir Temur yuz yildan ortiq vaqt davomida mo‘g‘ullar changalida qolgan Turon zaminni dushmandan xalos etib,  Movarounnahr davlatiga asos soldi. Amir Temur hayoti va yurishlari aks etgan tarixiy asarlarda bu ikki shaxsning uchrashuvlari bo‘yicha aniq dalillar keltirilgan. Amir Temur, tasavvuf va islom olamida katta muvaffaqiyat qozongan zamondoshlariga hurmat bilan qaragan. Ularning oq fotihalarini olishni joiz deb bilgan. 

Tarixiy manbalarga qaraganda, olimning o‘zi Temur saroyiga borib xizmat qilmagan bo‘lsa-da, u kishining to‘rtinchi o‘g‘illari Sayyid Umar uzoq yillar Amir Temur saltanatida yuqori lavozimda ishlagan. Jumladan, allomaning farzandlari Movarounnahr davlatining moliya vaziri darajasigacha ko‘tarilgan. U kishi 1400 (01) yilda vafot etganlari va xoklari Samarqand shahrida Go‘ri Amir maqbarasida ekani tarixiy kitoblarda qayd etilgan.

— Uzoq yillar yuksak dunyoviy va diniy ilm sohibining ma’naviy-ma’rifiy dunyosi va merosi o‘rganilmadi. Shu bois bo‘lsa kerak, u kishi haqida aksariyat hamyurtlarimizda yetarlicha ma’lumot yo‘q, — deydi Vazirlar mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Buxoro viloyat bo‘limi vakili Mansur Nurillaev. — Borlari ham juda kam. Hazrat haqlaridagi mukammal ma’lumotlar u kishining nevaralari Shaxobiddin tomonidan yozilgan «Maqomoti Amir Kulol» kitobida mavjud. Mazkur kitobning toshbosma va qo‘lyozma nusxalari ayni paytda Toshkent sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Bundan tashqari, 2010 yilda «Hazrat Sayyid Amir Kulol» tarixiy risolasini kitobxonlar e’tiboriga havola etdik. Ushbu risolada ham o‘quvchilar hazratning karomatlari va yuksak salohiyatlari haqida aniq dalillar bilan tanishishlari mumkin. Zero, vatandoshimizning merosini o‘rganish  va bugungi o‘quvchilarga yetkazish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimiz istiqlolga erishganidan so‘ng nomlari qayta tiklanib, faoliyati o‘rganilgan, maqbaralari obod maskanlarga aylantirilgan ulug‘ ajdodlarimiz qatoridan Sayyid Amir Kulol hazratlari ham joy egalladi. Hazratning muborak qabrlari Buxoro viloyati Kogon tumani Yangi hayot qishlog‘ida joylashgan. 1997 yilda Qiziltepa — Kogon avtomagistrali yoqasida joylashgan Yangi hayot qishlog‘ida go‘zal va purviqor majmua qad rostladi. 2007—2008 yilda qayta rekonstruktsiya ishlari olib borilganidan so‘ng ziyoratgoh  yanada obod go‘shaga aylantirilib, yangi maqbara barpo etildi. Har kuni bu maskanga mamlakatimiz va xorijdan yuzlab ziyoratchilar tashrif buyuradi.  Bu o‘z navbatida Hazrat Amir Kulolga islom olamida bo‘lgan yuksak e’tirof nishonasidir. 

Xulosa o‘rnida  ta’kidlab o‘tish kerakki, ulug‘ bobokalonimiz butun umrini o‘z qishlog‘ida o‘tkazgan. Biror marotaba uzoq safarlarga  yoki haj ziyoratiga borgan emas. Lekin u kishining islom diniga oid fikrlari va qarashlari butun musulmon olamida keng tarqalgan. Ular hanuz o‘z mavqeini yo‘qotgan emas. Chunonchi, diniy ta’limotni uzoqdan emas, oldimizda oqayotgan «ummon» tubidan izlash maqsadga muvofiqdir.

 

Jobir XO‘JAQULOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASLNI SOXTADAN AJRATISH FURSATI KELDI

2017-12-14 12:02:58

FAXRIYLAR E’TIBORDA

2017-12-14 11:54:51

“MUSTAQIL JURNALIST” KIM O‘ZI?

2017-12-14 11:56:37

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.