SHAYXNING G‘ALABASI

Tarix Vatan uchun jonini ham ayamagan chinakam jasorat egalari nomini o‘z sahifalariga abadiy muhrlab qo‘yadi. Toki ularning timsoli, boshqalarga ibrat bo‘lsin.

 

Ma’rifatli, tafakkur bobida o‘tkir, karomatguy ana shunday buyuk bobokalonlarimizdan biri Najmiddin Kubrodir.

Shayx 1145 yilda Xiva shahrida dunyoga kelgan. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar Abuljanob Najmiddin al-Kubro al-Xevoqiydir. U Shayx Kubro, Tomat ul-Kubro, Najmiddin, Abuljannob, Valiytarosh sifatlari bilan ulug‘langan. Ularning har biri o‘ziga xos ma’noga ega. Jumladan, Xurshid Davronning “Shahidlar shohi yoxud Najmiddin Kubro tushlari” asarida yozilishicha: “Shogirdlari ichida Shayx Najmuddin Roziy, Shayx Sa’duddin Hamaviy, Shayx Majdiddin Bag‘dodiy, Shayx Bahovuddin Valad, Shayx Sayfiddin Boxarziy, Bobo Kamol Jandiy, Shayx Raziuddin Ali Lolo, Shayx Jamoliddin Geyliylarning shuhrati islom olamida mashhur bo‘ldi. Shunday ulug‘ zotlarga ustozlik qilgani uchun u “Shayxi Valitarosh” – “Avliyolar yaratuvchi shayx” degan muborak nom oldi”. Albatta, ustoz uchun ilm bermoq va shogirdlarining kamolini ko‘rmoqdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

Abdurahmon Jomiy “Nafahot ul-uns” asarida ta’kidlashicha, Najmiddin Kubro yoshligidan ilmu hikmatga qiziqqan, yuksak iqtidor sohibi bo‘lgan. U madrasani tugatgach, o‘n olti yoshlarida ilm istab o‘sha davrda ilm-ma’rifat markaziga aylangan Arab xalifaligi, Misr va Eronda hadis va fiqh bilimdonlari suhbatida bo‘ladi. Bag‘dod, Tabriz, Nishopur, Tus, Dizful shaharlarida o‘z davrining allomalaridan shariat ilmi, hadis va tafsirni chuqur o‘zlashtiradi. (Misrda Ruzbihon Vazzon al-Misriy dargohida ta’lim oladi. Olim uni o‘z o‘g‘lidek yaxshi ko‘rib, qiziga uylantirib qo‘yadi).

U shariat ilmlarini o‘rganish barobarida tariqatdan xabardor bo‘lishga intilib yashaydi va tasavvufga ishtiyoqi balandligidan qator shayx, darveshlar suhbatidan o‘tadi. Zamira Ishoqovaning “Najmiddin Kubro” asarida yozilishicha: “Najmiddin Kubroga ustozlik qilgan uch piri komil — Ruzbehon Misriy, Ammor Yosir va Ismoil Qasriy qalb saxovati bilan birga murid tarbiyasida qattiqqo‘l bo‘lish, botiniy ko‘z bilan muridning xayollari, ruhiyatini o‘qib olish va ruhiy ta’sir o‘tkazishga qobiliyatli ilmi hol egalari bo‘lganlar”. Insonning kamoloti uchun ustozlarning o‘rni beqiyos. Manzilimiz qanchalik nurafshon bo‘lishi yo‘lchi yulduzimizni to‘g‘ri tanlashimizga bog‘liq.

Shayxlar tarbiyasini olgach Najmiddinning iste’dod-ilhom chashmalari bir-bir ko‘z ocha boshladi. U endi kitoblardagi fikrlarni takrorlamas, o‘z so‘ziga ega, islomning botiniy mohiyatini teran idrok etadigan allomaga aylangandi. Shayx Ismoil Najmiddinda valiylik alomatlarini ko‘rgach, Xorazmga qaytishni va u yerda tariqatni joriy etishni buyuradi. Tomat ul-Kubro 1185 yilda oilasi bilan vataniga qaytadi. Bu vaqtda u 40 yoshlarda bo‘lib, 25 yildan ortiq umrini ilm tahsiliga bag‘ishlagan, og‘ir va mashaqqatli yetuklik va komillik yo‘lini bosib o‘tgan edi. U vatanida xonaqoh qurdirdi va tariqatda yangi yo‘nalishga asos soldi. Kishilar qalbidan nafsni quvib chiqarish, ruhiy-ma’naviy kamolotga da’vat etish, ko‘ngilga mardlik, poklik g‘oyalarini singdirish, ilohiy ma’rifat nuridan bahramand etishni maqsad qilgan Kubroviylik tariqatini Xorazm ahli ixlos bilan qabul qildi. Abuljannob endi ahli avom tarbiyasi bilan shug‘ullanib, ko‘plab donishmandu avliyolarni yetishtirdi.

Tomat ul-Kubro o‘ta nozik didli, kayfiyati tez o‘zgaruvchan, har qanday bahsda g‘olib chiqish, har qanday mushkul masalani osonlikcha hal qilish, hodisotlarni oldindan ko‘ra olish qobiliyatiga ega, nazari o‘tkir donishmand bo‘lgan. U aksar kunlar uxlamasdan ibodat qilgan va surunkali ro‘za tutishni odat qilgan. Shayx g‘oyatda kamtarin bo‘lgan va manman insonlarni xush ko‘rmagan. Tariqat ahlining boshqalar oldida toat-ibodatni bezab ko‘rsatishi, o‘z ishiga katta baho berishi, qo‘lini o‘ptirishi, o‘zini tabarruk sanashini keskin qoralagan. 

Najmiddin o‘z qarashlarini arab tilida yozgan bir necha risolalarida bayon etgan. Jumladan, “Favoih al-jamol va favotih al-jalol” (“Jamol xushbo‘yliklari va jalolning kashfi”), “Al-usul al-ashara” (“O‘nta usul”), “Risolat al-xoif al-hoim min lavm alloim” (“Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola”), fors tilida yozgan “Fi odobus solikin” (“Soliklar odobi haqida”) kabi risolasi ham bor. Taqdir taqozosi bilan u Qur’onni mutasavvuflar nuqtai nazaridan tafsir qilishni oxiriga yetkaza olmagan. Shayxning fors tilidagi ruboiylarida juvonmardlik, pok axloq g‘oyalari o‘z aksini topgan.

Kubroning asarlarini o‘qisangiz, uning pok qalb qurini ko‘rishingiz mumkin. Bu adabiy meros sizga dunyoning mohiyatini anglashni o‘rgatadi. Jumladan, Shayx “Ko‘ngil ko‘zim bilan ko‘rganlarim” asarida shunday yozadi: “Dunyoning bir qismini kezib, ishlarni sinovdan o‘tkazdim, turli amallar bilan shug‘ullanib, ma’lum kishilar bilan muloqotda bo‘ldim. Buyuk ishlarni amalga oshirib, barcha narsalarning achchiq-chuchugini tatib ko‘rdim. Kitoblarni tekshirib chiqib, olimlar xizmatida bo‘ldim. Dunyo istab umrimni bekorga o‘tkazdim. Ko‘p ajoyib narsalarni ko‘zdan kechirib bildimki, eng tez o‘tib, eng tez zavol topadigan narsa umr va dunyo ekan. Hech bir narsani o‘lim va oxiratdan yaqinroq,  hech bir narsani umid-istakdan uzoqroq va hech bir narsani ta’anniy (og‘irlik va matonat)dan yaxshiroq ko‘rmadim”. 

Najmiddin Kubro insonning nafsini tarbiyalash yo‘li bilan uni ma’rifatga olib chiqish va komil inson darajasiga yetkazishni maqsad qilib, o‘z tarbiya usuli jamlangan “Odob uz-zokirin” (“Zikr etuvchilar odobi”) asarini yozadi va unda shunday fikrlarni bayon qiladi: “Kamtarlik eng yaxshi bezak va baxillik eng yomon narsa deb ishondim. Barcha yaxshiliklarni qamrab olgan sifatlar ichida eng yaxshisi xulq go‘zalligi va barcha yomonliklarni qamrab olgan sifatlar ichida yomoni hasad ekan”. 

Kindik qoning to‘kilgan zamin, tug‘ilib o‘sgan elingni sevish, uni himoya qilishdan ortiq saodat bo‘lmasa kerak. Har birimizning qalbimizga vatanparvarlik hislari jo bo‘lsa, yurtimizga hech qanday yog‘iy qadam bosa olmaydi. “Ona Vatan yo‘lida, Vatanni himoya qilayotib shahobat jomini no‘sh aylash — Alloh visoliga yetishmoq bilan barobardir” — bu Najmiddin Kubroning o‘limi oldidan aytgan so‘zlari edi. Mo‘g‘ullar Xorazmga chang solish arafasida Najmiddin Kubro 75 yoshda edi. Xorazm shohi mo‘g‘ullar vajohatidan cho‘chib shaharni tashlab ketdi. Biroq, alloma butun xalqni dushmanga qarshi turishga da’vat eta oldi. Yog‘iy unga besh yuz muridi bilan shaharni tark etish imkoniyatini berdi. Ammo u qo‘shinga bosh bo‘lib, mo‘g‘ul bosqiniga tik boqdi.  Mo‘g‘ullar Xorazmni bosib olgan bo‘lsa-da, xorazmliklar qalbiga Kubro ekib ketgan ilmu urfon urug‘ini yo‘q qila olgani yo‘q. Najmiddin sochib ketgan bu nur mo‘g‘ullarning qalbida ham islom diniga muhabbat uyg‘otdi. Jangda Chingizxon emas, buyuk alloma g‘alaba qozondi. Mo‘g‘ullar Shayxni jismonan tilka-pora qilib tashlagan bo‘lsa-da, u kishi asos solgan tariqat insonlar qalbida abadiy muhrlandi.

Alloma ta’limotini shogirdlari davom ettirib, Markaziy Osiyoda Kubroviylik maktabini yaratishdi va u butun Islom dunyosiga mashhur bo‘ldi. 

Sobiq ittifoq davrida Shayx Kubro hayoti va faoliyati, merosini o‘rganishga e’tibor berilmadi. U kishi dafn etilgan makon qarovsiz holga kelib qolgan edi. Mustaqillik nasimlari esishi bilan Najmiddin Kubro ta’limotiga e’tibor  qaratildi. Ko‘hna Urganchdagi xilxonalari va u yerda qurilgan xonaqoh butunlay qayta qurilib obod go‘shaga aylantirildi. Ayni paytda ushbu maskandan sayyohlar va ziyoratchilarning qadami uzilmaydi. Alloma asarlari, tariqat yo‘li, tasavvufiy qarashlari olimlar tomonidan o‘rganilmoqda. Ko‘chalar, maydonlarga u zotning tabarruk nomi qo‘yildi. 1995 yilda yurtimizda alloma tavalludining 850 yilligi nishonlandi. Hamon keksa donishmand ko‘rsatgan jasorat, u ekkan ilm-ma’rifatga muhabbat urug‘i qalblarda yashamoqda. 

 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri