POYTAXT KO‘KSIDAGI YOQUT

Har bir inson tinch va obod yurtda yashashni istaydi. Tinch elda bunyodkorlik, yaratuvchilikka imkon, inson qadri yuksalishiga ishonch bor. Bu jihatdan bizga havas qiladigan davlatlar, xalqlar bisyor.

 

Mustabid tuzum davrida yurtimizdagi qancha-qancha tarixiy-madaniy yodgorliklar, qadamjolar xarobaga aylantirilmagan, toptalmagan, deysiz. Shukrki, istiqlolni qo‘lga kiritgach, ulardan ko‘ra ancha ko‘prog‘iga erishdik. Yurtimizning har go‘shasida o‘nlab muhtasham binolar qurildi, osori-atiqalar, obidalar qayta tiklandi. Ushbu xayrli ish bir on bo‘lsin to‘xtagani yo‘q, davom etmoqda. Bularning bari xalqimiz ma’naviy taraqqiyotini yuksaltirishga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning g‘oya va takliflari asosida bunyod etilgan poytaxtimizdagi “Minor” masjidi shunday ko‘rkam obidalardan biridir. Mazkur muhtasham inshoot loyihasida milliy me’morchiligimizning, dunyoga mashhur masjid va madrasalarning azaliy an’ana va uslublaridan foydalanilgani bois har jihatdan betakror, muazzam majmua bo‘lib qad ko‘tardi.

“Minor” arabcha “manor” so‘zidan olingan bo‘lib, “mayoq”, “balandlik” ma’nolarini anglatadi (masjidga “Minor” nomining berilishiga uning shu nomli mahallada joylashgani sabab bo‘lgan). Mazkur mahalla oqsoqollarining aytishicha, qadimda ushbu hudud shaharning boshqa qismlariga nisbatan baland-roqda joylashgan ekan.

– 2014 yilning 4 oktyabrida, muborak Qurbon hayiti arafasida, masjidning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi, – deydi Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Rahimberdi Rahmonov. – Marosimda ishtirok etgan davlatimizning birinchi rahbari shunday fikrlarni bildirgan edilar: “Nima uchun O‘zbekistonimizning madaniyati bu qadar qadimiy degan savol berilsa, avvalo dinimiz tufayli, muqaddas islom dinimiz bo‘lmaganida, biz bu qadar madaniyatga ega bo‘lmas edik, deya javob bergan bo‘lar edim”. Darhaqiqat, muqaddas dinimiz obodlikka buyuradi, hamjihatlik, ahillikka da’vat etadi. Mana shu fazilatlar bo‘lgan joyda madaniyat, taraqqiyot yuksaladi. Masjidning ichki va tashqi ko‘rinishi, bahavo ayvonlari, milliy o‘ymakorlik san’ati asosida ishlangan ustunlar, bino qubbasidagi oltin suvi bilan ziynatlangan naqshu nigorlarni ko‘zdan kechirgan kishi borki, qo‘li gul ustalarimiz ijodiga yuksak baho beradi.

Masjid barcha zamonaviy sharoitlar, qulayliklarga ega. Pastki qavatdagi xonaqoh, imom va noiblar hamda boshqa barcha xodimlar xonalari ham zamonaviy isitish va sovutish tizimlari bilan jihozlangan. Masjidning to‘laligicha oq marmar bilan qoplangani unga o‘zgacha go‘zallik, ulug‘vorlik va salobat baxsh etib turadi. U jami besh mingdan ortiq namozxonga mo‘ljallangan. Umumiy maydoni 4,5 gektarni tashkil etadi. Masjid hovlisida ekilgan 1326 tup manzarali daraxtlar Belgiya qirolligidan olib keltirilgan.

Masjid minorasining balandligi 45 metrni tashkil etsa, moviy gumbaz 34 metr balandlikda joylashgan. Bino to‘liq betondan ko‘tarilgan. Devorlarning ikki tomoni maxsus qoplamalar, Xitoydan keltirilgan sun’iy oq marmar bilan qoplangan. O‘ng va chap ayvonlaridagi to‘qqiztadan (o‘n sakkizta) ustun, turli o‘lchamdagi o‘ttiz bitta eshik Ukraina davlatidan keltirilgan “Ukrainskiy Buk” daraxtidan yasalgan bo‘lib, ularda Toshkent shahridagi “Ijod – ijod” hunarmandlar uyushmasi a’zolari yordamida yog‘och o‘ymakorlik ishlari amalga oshirilgan.

Masjid honaqohining umumiy maydoni 1326 kvadrat metr bo‘lib, mehrobi Samarqanddagi Registon majmuasi “Tillakori” jom’e masjidining mehrobidan olingan nusxadir. Uning o‘ng tomonida “Alloh”, chap tomonida esa “Muhammad” so‘zlari mohirlik bilan yozilgan. Mehrobning yon tomonlarida “Baqara” surasining 285, 286-oyatlari bitilgan.

Ushbu diniy-madaniy muassasaning atrofi maysazorga aylantirilgan kvadrat maydonchalar bilan bezalgan bo‘lib, ularning ichiga turfa xil manzarali daraxtlar o‘tqazilgan. Yo‘laklar chetiga o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Istirohat bog‘iga aylangan masjidning tashqi hovlisi inshoot rangiga monand oq chiroqlar bilan bezatilgan. Binoning old tarafidagi favvora ham uning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Ushbu inshoot qurilishiga respublikamizning barcha viloyatidan mohir ustalar jalb etilgan va ular milliy hunarmandchiligimizning go‘zal namunasini unda namoyon etishgan.

Qadimiy va zamonaviy me’morchilik san’atini o‘zida mujassam etgan ushbu ko‘rkam majmua o‘zining maftunkorligi bilan ziyoratchilarni ham rom etmoqda. 

Frantsiyalik sayyoh Sebastian Ying “O‘zbekistonga bir hafta muddatga sayohatga keldik. Bu yerda ushbu masjid kabi jahonda kamyob sanaladigan binolar bizda katta taassurot uyg‘otdi”, desa, pokistonlik mehmon Nosuriddin “Ushbu masjid meni chindan ham hayratga soldi. Mazkur bino arxitekturasi qadimda Amir Temur qurdirgan masjidlar kabi ko‘rinadi. Ana shunday buyuk inshootlar yurtingizda yana ko‘payaverishini tilayman” deya lutf qiladi.

Yurtimizning mohir va qo‘ligul ustalari tomonidan ishlangan eshik-romlar, o‘ymakorlik san’ati qo‘llangan naqshinkor ustun va toqilar ziyoratchilar ko‘zida masjidni tom ma’noda san’at asariga aylantirishi tabiiy.

Savoblarning eng ulug‘i masjidlar barpo etishdir, deyiladi muqaddas kitoblarimizda. Insonlarning qay biri afzalroqdir, deyilganda esa, elu yurt, ko‘pchilik manfaati uchun xizmat qiladigani, mazmunidagi hikmatlar ham bitilgan. Mazkur muborak maskanning bunyod etilishiga o‘z ulushini qo‘shganlar ana shunday ajr-mukofotga noil bo‘lgan bo‘lishsa, ajabmas. Zero, bugun ushbu majmua “Minor” mahallasi, qolaversa, poytaxt ahli uchun eng ulug‘ maskanlardan biri bo‘lib, shahar ko‘ksidagi yoqut misol nur taratib turibdi.

 

Xolida FAYZIYEVA