G`OYALARI BARHAYOT, NOMI ABADIY

O‘tgan hafta davomida xalqimiz davrning yana bir qaltis sinovidan o‘tdi. Daf’atan og‘ir judolikka uchradik. Mamlakatimiz mustaqilligining buyuk me’mori, xalqimizni asriy qullikdan yorug‘ kunlarga olib chiqqan millat qahramoni – Islom Abdug‘anievich Karimov vafot etdi.

 

Ochig‘ini aytganda, boshimizga tushgan ana shu musibatdan ham yovuz kuchlar o‘zlarining nopok niyatlari yo‘lida foydalanishga urindilar. Ayrim xorijiy OAVda, xususan, internetning ijtimoiy tarmoqlarida hayot haqiqatiga zid bo‘lgan, turli fitna va ig‘volar tarqatildi. O‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun ommani fikran buzmoqchi bo‘ldi. Eski, po‘stagi chiqqan nog‘oralar yana bir qoqib ko‘rildi. Shukurki, jamoatchilik, ayniqsa, mustaqillik farzandlari – yoshlarimiz bu axborot xurujiga qarshi tura oldi... jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda namuna ko‘rsatdilar. Bu alohida mavzu.

Ayni chog‘da o‘zining tog‘day suyanchi, maslahatgo‘yi, uyining fayzu barakasi bo‘lgan padari buzrukvoridan ayrilish musibatini boshidan o‘tkazgan oilalar bu judolikning naqadar og‘irligini yaxshi anglashadi. Xalqimizda: “Odam baxtliligini baxtsizlikka yo‘liqqanida anglab qoladi”, degan  mushohada bor. Buning naqadar haqiqat ekanligini O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti, Yurtboshimizning vafoti timsolida ko‘rdik va chuqur his etdik. 

Aytish lozimki, mamlakatimizda e’lon qilingan   motam marosimi barchamizni chuqur mushohadaga chorladi.  Bir tomondan katta yo‘qotish bois ko‘nglimiz og‘rigan bo‘lsa, ikkinchi tomondan o‘sha yo‘qotish sababli xalqimizning jipsligini ko‘rib, bir muncha taskin ham topdik. O‘sha kunlari mamlakatimizda va xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonalarida O‘zbekistonning davlat bayroqlari tushirildi.

3 sentyabr. Erta tong. Odamlar Yurtboshimizni so‘nggi yo‘lga kuzatish  marosimida qatnashish uchun, yurak amri bilan poytaxt Toshkent shahrining markaziy ko‘chasi tomon  mahalla-mahalla bo‘lishib, selday oqdi. O‘sha kuni nainki, Toshkentu Samarqand ahli, balki o‘ttiz ikki millionli xalqimiz – o‘zlari istiqomat qilayotgan shaharu qishloqlarlarda, mahallayu ko‘chalarda, xonadonlarda bir tanu bir jon bo‘lib, chuqur qayg‘u va ko‘z yoshlari bilan birinchi Prezidentimizni so‘nggi yo‘lga kuzatdilar.

Vidolashuv marosimida ishtirok etgan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf o‘ani, Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri o‘rinbosari Chjan Gaoli, Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Li Jun Suk, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Andrey Kobyakov, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Karim Masimov, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Oktay Asadov, Gruziya Respublikasi Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sooronboy Jeenbekov, Turkiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tug‘rul Yildirim, Ukraina Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Stepan Kubov, Birlashgan Arab Amirliklari davlat vaziri Rashid bin Ahmad bin Fahad, Armaniston Respublikasi parlamenti vitse-spikeri Ermine Nagdalyan, Yaponiya parlament vaziri Motome Takisava, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif, MDH Ijrochi direktori Sergey Lebedev va boshqalarning Islom Karimov dahosi haqidagi fikrlarini tinglab, o‘zligimizni, O‘zbekistonning dunyo miqyosida orttirgan obro‘-e’tiborini yana bir karra chuqurroq angladik.  

Xalqimiz o‘zining o‘tmishi ulug‘, kelajagi buyukligini yana bir bor his etib, entikdi, shunday dono yo‘lboshchisi bo‘lganligidan g‘ururlandi va undan ayrilib, qolganligidan o‘ksib, ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Haqiqatan ham qalbga buyurib bo‘lmaydi. 

Jon qo‘shnim yetti yashar nevarasining ertalab uyqudan turib: “Doda, men Islom Karimovni sog‘inayapman”, degan so‘zlarini eshitib, ko‘z yoshlarini tiya olmaganida dalda berishga so‘z topa olmadim.  Yurtboshimiz o‘zining mehrli so‘zlari bilan nafaqat biz kattalarning hatto, go‘daklarning qalbidan ham shunday joy olgan edi. Bu Yurtboshimizning: “Yoshlar mening farzandlarim” degan o‘tinchlarining hayot haqiqatiga aylanganiga birgina  misoldir.

Islom Karimov biz jurnalistlarni ham doimo “Mening yaqin ko‘makchilarimsiz”, deya olqar edilar. Joriy yil, iyun oyida kasb bayramimiz munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida “...hayotimizni tubdan o‘zgartirgan, xalqimizni qaramlik kishanlaridan ozod qilib, toptalgan qadriyatlarimiz, dinu diyonatimiz, oru nomusimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, farovon turmush va yorug‘ kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan qurishdek beqiyos imkoniyat yaratib bergan mustaqilligimizning qanday noyob, oliy va bebaho ne’mat ekanini el-yurtimizning ongu tafakkuriga singdirishda, istiqlolimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlashda milliy matbuotimizning munosib hissasi borligini barchamiz yaxshi bilamiz va sizlarning bu olijanob xizmatingizni yuksak qadrlaymiz” degan so‘zlari kasbimizga bo‘lgan katta hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir.

Faqat bugina emas. Yurtboshimiz qisqa vaqt ichida sohani rivojlantirish, avvalo, qalam ahlining o‘zligini anglashi yo‘lida katta  islohotlarni amalga oshirishga ulgurdilar. 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati OAV xodimlarini rag‘batlantirish, faollikka chorlash maqsadida tashkil etilgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro, 27 iyun – matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan “Yilning eng faol jurnalisti” an’anaviy, mamlakatimiz mustaqilligi kuni munosabati bilan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovlarining tashkil etilishi, jamiyatda so‘z erkinligi, jurnalist kasbini e’tibor topishiga yo‘naltirilgan o‘nlab qonunlar va qonunosti hujjatlarining qabul qilingani bunga misoldir.

Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi tarixiga nazar tashlar ekanmiz, davlatimiz taraqqiyotiga daxldor sohalarning barchasi u kishining muborak nazarlaridan chetda qolmaganiga guvoh bo‘lamiz.

Xalqaro maydonda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish muammosi davlatimiz rahbarining bosh mavzularidan biri edi. Prezidentimizning “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” deb nomlangan risolasida bu mavzu o‘zining keng ifodasini topgan. 

Vidolashuv marosimida ishtirok etgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf o‘ani ham Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqlari azaldan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida yashab kelayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildirar ekan, Islom Karimov Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shganini, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Prezidentimiz bilan uchrashuvi g‘oyat mazmunli bo‘lganini alohida ta’kidlagani bu masalaning qo‘shni mamlakat taqdirida ham naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Islom Karimovning oila a’zolari va O‘zbekiston xalqiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin nomidan ta’ziya bildirar ekan,  Islom Karimov buyuk davlat arbobi bo‘lganini, o‘z xalqiga, Vataniga xizmat qilishni yuqori darajaga ko‘targanini alohida ta’kidladi. Islom Karimov Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning yuksak darajaga ko‘tarilishiga katta hissa qo‘shganini qayd etdi. 

Shuningdek, mazkur tadbirda qatnashgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Chjan Gaoli Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston Respublikasining asoschisi ekanini, o‘tgan yillarda O‘zbekiston har tomonlama rivojlanganini ta’kidladi. Islom Karimov boshlagan buyuk ishlar davom etishi va mamlakat yanada ravnaq topishiga ishonch bildirdi. Islom Karimovning ulkan xizmatlari bilan joriy yilning iyun oyida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini, Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyor ekanini qayd etdi. 

Matbuotda e’lon qilingan, bu e’tiroflardan iqtiboslar bekorga keltirilmayapti. Mamlakatimizda yaqin bir ikki yilda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari ko‘lami misqollab o‘lchansa, asrlarga tatigulikdir. Qamchiq dovonida asrlar davomida o‘z bag‘rini ochmagan tog‘ bag‘rini o‘yib, Angren — Pop temir yo‘lining barpo etilishi, Qoraqalpog‘istondagi Surg‘il gaz koni asosida Aqsho‘loq gaz-kimyo majmuasining qurilishi chinakamiga zamondoshlarimizning buyuk bunyodkorlik salohiyatidan yana bir dalolatdir. Islom Karimovning sa’y-harakati, tashabbuskorligi bilan yurtimiz obod, turmushimiz farovonlashdi. Inson qadri yuksaldi. Ma’naviyatimiz kamol topdi. Qadriyatlarimiz borlig‘imizga aylandi.

Biz, qalam ahli shu kungacha xalqimizning buyuk bunyodkorlik ishlari haqida ko‘p yozdik. Ammo uning ijodkori, tashabbuskori, da’vatkori bo‘lgan Islom Karimovning faoliyati haqida, tunlarni tongga ulab, tayyorlangan loyihalar uchun sarf bo‘lgan jismoniy quvvati, salohiyati, shaxsi haqida ommaga aytiladigan gaplar hali juda ko‘p. Uning ikkinchi – abadiy umri haqida tom-tom asarlar bitilajak, albatta. Chunki, elim deb, yurtim deb yonib yashash  qanday bo‘lishini Yurtboshimiz bizga o‘z hayoti va faoliyati misolida ko‘rsatib berdi. Kamtarlik, samimiylik, turish-turmushdagi soddalik, diniy e’tiqodda sobitlik borasida u kishidan katta saboq oldik. Hatto, u kishining ta’ziya marosimlari o‘tgan ota uyi, uning kamtarona, o‘ziga yarashiqligi, fayzi bilan barchamizga ibrat bo‘ldi.

3 sentyabr kuni Islom Karamovga musulmonchilik urf-odatlariga binoan Registon majmuasidagi Tillakori madrasasida janoza namozi o‘qildi. Shu kuni o‘zining vasiyatiga binoan ota-onasi mangu qo‘nim topgan Shohi Zinda qabristonida dafn etildi.

Mamlakatimizdagi hamma ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining ilk darsi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangani u kishining barhayotligiga dalildir. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar va tumanlardagi barcha ta’lim muassasalarida shu kuni o‘quvchilar mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov portreti poyiga gullar qo‘yib, xotirasiga ta’zim bajo keltirdilar.

– O‘qitish jarayoni ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida, interfaol usullarda olib borilmoqda, – deydi Nukus shahridagi 37-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Oysuluv Tajimuratova. – O‘tgan o‘quv yilida o‘tkazilgan fanlar olimpiadasi va bilimlar bellashuvi reyting natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3-o‘rinni egallab, mamlakat bo‘yicha kuchli yigirmatalikka kirdik. Fanlar olimpiadasida 4, bilimlar bellashuvida 9 o‘quvchimiz Qoraqalpog‘iston va mamlakat bosqichida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egalladi. Bularning barchasi Yurtboshimizning ta’lim sohasiga qaratgan yuksak e’tibori, yosh avlod tarbiyasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi samarasidir. Bunday fikr mamlakatimizdagi barcha o‘quv muassasalariga ham xosdir.

Mana bir necha kunki, barcha hududlarda – viloyatlar markazidagi Xotira xiyobonlari tomon erta tongdanoq keksayu yosh qo‘lida guldasta, qalbida chuqur iztirob, yuz-ko‘zida cheksiz qayg‘u bilan oqib kelayotgan  davlat idoralari, tashkilot va korxonalar, jamoat tashkilotlarining jamoalari keti uzilmayapti. Xorijiy mamlakatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralardan xalqimizga hamdardlik nomalari kelishi davom etmoqda.

Xalqimiz, millatidan, diniy e’tiqodidan qarashlaridan qat’i nazar Islom Karimovning davlatimiz mustaqilligining asoschisi va rahnamosi sifatida amalga oshirgan buyuk xizmatlari, ibratli a’mollari haqida so‘zlab, uning  ruhini shod etmoqdalar. Mustaqilligimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk jamoat arbobi Islom Karimovning nomi abadiydir. U ulug‘ zotning muborak nomlari qalbimizda, mamlakatimizning har bir viloyati ko‘chalarida, mahallalarida, shaharlarida abadiy yangrab turadi.

Islom Karimovning xalq manfaaatiga qaratilgan, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, mamlakat taraqqiyoti bilan bog‘liq demokratik tamoyillarini, ezgu g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda, abadiylik kasb etishida o‘tgan davr mobaynida  u kishining yaqin tayanchi va ko‘makchisi bo‘lgan biz ijod ahlining oldida turgan vazifalar ha li juda ko‘pdir.

Bir so‘z bilan aytganda, yillar o‘tgan sari 

Islom Karimov yaratgan “o‘zbek modeli”, uning ezgu g‘oyalari inson manfaati, yurt farovonligi, xalqimiz tinchlik va osoyishtaligiga qaratilgani bilan yanada  qudratlanib boraveradi. Bu qudratning o‘q ildizlari  bobo qadriyatlarimizga borib tutashadi. Islom Karimov qalban, vujudan xalqimiz tarixiga, uning bir bo‘lagi bo‘lgan muqaddas makon – Shohi Zindaga abadiy payvand etildi. 

Oxiratlari obod bo‘lsin!

 

O‘ktam MIRZAYOROV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.