MILLATLARARO TOTUVLIK — yuksak ma’naviyat belgisi

Har birimiz buyuk tariximiz, buyuk ma’naviy merosimiz, ayni chog‘da jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir olimlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ularga munosib bo‘lishni burchimiz, deb bilamiz. Tabiiyki, har qanday daraxtning qanday gullashi va qanday meva berishi uning ildizlari tutashgan tuproqqa bog‘liqdir. Kuchsiz joyda hech narsa unmaydi.

 

Ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyot nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, shukrki, madaniy ildizlarimiz, merosimiz va ma’naviy boyliklarimiz tarixi eramizdan avvalgi eng qadimgi davrlarga, ya’ni V-VI asrlarga borib tutashadi. Bu bebaho boyliklarimiz, jumladan, muqaddas an’analarimiz va qadriyatlarimiz ana shu davrlardan beri katta hayot sinovlaridan omon-eson o‘tib, tobora sayqallanib, takomillashib kelmoqda.

Shuni alohida g‘urur va iftixor bilan ta’kidlash mumkinki, azaldan xalqimizga ziynat bo‘lib kelgan olijanoblik, mehnatsevarlik, insonparvarlik, mehmondo‘stlik, o‘zaro ahillik va hamjihatlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik kabi go‘zal ma’naviy fazilatlar ona Vatanga, elu yurtga nisbatan muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari bugungi kunga kelib, elimizning jahon xalqlari o‘rtasidagi qadr-qimmatini va obro‘-etiborini yanada oshirib, dunyo ahlining mustaqil davlatimizga, bunyodkor xalqimizga va ana shunday buyuk xalqning farzandi bo‘lmish muhtaram Prezidentimizga bo‘lgan ishonch va ehtiromi tobora ortib borishiga asos bo‘lmoqda. 

Ko‘p millatli Respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz hayoti, ularning turmush tarzi, xulq-atvori va dunyoqarashida ham milliy qadriyatlarimiz va xalqimizga xos yuksak ma’naviy fazilatlarning ijobiy ta’siri o‘zining yorqin ifodasini topganki, bu omil Vatanimizning tinchligini, turmushimizning farovonligini va taraqqiyot yo‘limizning sobitligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Zotan, millati, dini, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, bugungi kundagi hayoti va taqdiridan mamnunligi ularning milliy g‘oyamiz atrofida mustahkam birlashib, ya’ni bir yoqadan bosh chiqarib, “O‘zbekiston — umumiy uyimiz”, “Shu aziz Vatan barchamizniki”, “Qudratimiz — birlik va hamjihatlikda”, “Maqsad bir, g‘oya bir, Vatan yagona”, “Vatan yagonadir — Vatan bittadir” g‘oyalarining asl mohiyatini chuqur anglab yetgan holda shu muqaddas Vatanimizning buyuk kelajagini qurish va uning mustaqilligini yanada mustahkamlash yo‘lida fidoyilik bilan sidqidildan qilayotgan mehnat faoliyatlarida, turli sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida yorqin namoyon bo‘lmoqda. Konstitutsiyamiz orqali kafolatlangan teng huquq va keng imkoniyatlar esa ularning kuchiga kuch, quvvatiga quvvat qo‘shib, yangidan-yangi zafarlar sari ilhomlantirmoqda.

O‘zbekiston mustaqilligining, ya’ni, Vatanimizda istiqomat qilib turgan barcha millat vakillariga teng huquqlilikni kafolatlab, ularning tili, madaniyati, urf-odat va an’analarining rivojlanishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yo‘lini ochib bergan sharafli istiqlolimizning muhim belgilaridan, ramzlaridan biri ekanini chuqur anglab yetmoqdalar. Bu esa, avvalo ko‘pmillatli xalqimiz ruhiyatida, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tili, dini, e’tiqodidan qat’i nazar, har qaysi odamning tom ma’nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning aynan ruhiy izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlar shaklidagi ma’naviy taxdidlarga keskin zarba bera oladigan muqaddas tuyg‘ularning ustuvorligidan dalolatdir.

Ayni chog‘da bu omillar yoshlarimizni millatlararo totuvlik va fuqarolar hamjihatligi ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, bu yil jonajon Vatanimiz mustaqilligining shonli 25 yilligi munosabati bilan Respublikamizning qator viloyatlarida va Toshkent shahridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarining talabalari ishtirokida o‘tkazilgan “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” shiori ostidagi do‘stlik va madaniyat festivali va festival doirasida bo‘lib o‘tgan barcha tadbirlarimiz yuqoridagi mulohazalarimizni yana bir bor tasdiqladi. Bu seminarlarda rus, ukrain, yahudiy, gruzin, koreys, nemis va boshqa qator millatlarga mansub bo‘lgan talaba yoshlarimiz so‘zga chiqib, sof o‘zbek tilida fikr va mulohazalarini bayon qildilar. Qalblari Vatanimizga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgan bu yoshlar bugungi kunda davlat tilini o‘rganish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini ta’kidlab o‘tdilar. Ularning deyarli har biri “Tilga e’tibor — elga e’tibor”, degan o‘zbek xalq maqolini keltirib, o‘zbek tilini bilish, biz kabi turli millat vakillarini o‘z bag‘riga olgan bag‘rikeng o‘zbek xalqiga, erkin, demokratik, huquqiy davlat qurilishi yo‘lidan dadil ilgarilab borayotgan mustaqil davlatimiz va jonajon Vatanimizga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasi, deya barcha tengdoshlarini bu tilni sevib o‘rganishga da’vat etdilar.

Yoshlarimiz davlat tilini bilishning ahamiyatini chuqur anglab yetgan holda bu narsa o‘zi yashab turgan yurtning buyuk tarixini, jahonshumul madaniyatini va ayniqsa, uning o‘ziga xos qirralarini o‘rganishda keng imkoniyatlar eshigini ochib beruvchi bebaho omil sifatida baholayotgani biz uchun g‘oyat quvonchlidir.

Xizmat burchimiz taqozosiga ko‘ra joylardagi milliy-madaniy markazlarimiz faoliyati bilan yaqindan tanishishga, shuningdek, turli millatga mansub yurtdoshlarimizning yurak so‘zlarini tinglab, ularning samimiy suhbatlarini olishga harakat qilamiz. Bo‘lib o‘tgan barcha uchrashuvlarda har bitta tadbir qatnashchisining shukronalik to‘la dil so‘zlari, faqatgina ezgulikka yo‘g‘rilgan ulug‘ maqsadlaridan, umumiy xonadonimiz — aziz O‘zbekistonimiz tinchligi, yurtimiz obodligi, turmushimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan xayrli ishlaridan quvonchlarga to‘lib qaytamiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, Sharq xalqlari va yurtimiz ahliga mansub shunday belgi-alomatlar haqida gapirganda, ularning tarixiy-ijtimoiy zaminiga alohida e’tibor qaratish lozim. Markaziy Osiyo hududida aholi azaldan vodiylarda, katta suv manbalari — daryo va anhorlar bo‘yida yashab keladi. Atrofi cho‘l va sahrolar bilan o‘ralgan, tabiati, iqlimi g‘oyat murakkab bo‘lgan mintaqa sharoitining o‘zi ana shu elat va millatlarning ming yillar davomida bir-biriga moslashib, yaqin yelkadosh bo‘lib, bir-birining og‘irini yengil qilib yashashini taqozo etgan.

Shuning uchun xursandchilik kunlarida ham, to‘yu ma’rakalarida ham bir-birlariga hamkoru hamdast bo‘lib yashash, ko‘p millatli xalqimizning tabiiy ravishda kundalik turmush tarziga aylangan. Ularning barchasi qo‘ni-qo‘shnichilik, mahalla-ko‘ychilik udumlariga rioya qilgan holda bir-birlariga o‘z dasturxonlaridan nasiba ulashadilar, betoblar va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar oladilar, birovining boshiga ish tushsa boshqalari unga hamdardlik bilan ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga shoshiladilar.

Xalqimiz orasidagi o‘zaro ahillik, ayniqsa, bayramlarda, xalq sayllarida o‘zining butun bir jozibasi bilan namoyon bo‘ladi, bunday kunlarda ular turli liboslar, turli tillar va turli ohanglarda o‘zlarining shukronalik tuyg‘ularini, shu muqaddas zaminga, ona O‘zbekistonimizga chuqur mehru muhabbatlarini kuy-qo‘shiqlari bilan ifoda etadilar. Shunday paytlarda yurtdoshlarimiz jannatmonand O‘zbekistonimizning xaqiqiy tinchlik, do‘stlik, bag‘rikenglik, birlik va hamjihatlik mamlakati ekanini yana bir bor namoyish etadilar. Bayram kunlarida shodu xurramlik bilan turli millat vakillari ishtirokida o‘tayotgan shodiyonalar o‘lkamizning barcha hududlarini qamrab oladi. Ana shunday lahzalarda O‘zbekiston haqiqiy do‘stlik chamanzori sifatida har qanday kuzatuvchining hayrati-yu havasini keltiradi. Vatanimizda juda katta tantanalar bilan umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadigan Mustaqillik va Navro‘z bayramlari, 8 dekabr — Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun, 8 mart — Xotin qizlar kuni, 9 may — Xotira va qadrlash kuni shular jumlasidandir.

Tabiiyki, qaysi davrda bo‘lmasin, har qanday yovuz kuchlarga, bosqinchilarga qarshi kurash, bu nainki, bir millat yoki din vakillari manfaatiga, balki millati, irqi va dinidan qat’i nazar, butun insoniyat manfaatlariga xizmat qiladi. Bu fikr hozirgi globallashuv davri uchun ayniqsa muhimdir. Bu jihatdan “Xotira va qadrlash kuni”ning mamlakatimizda barcha millat vakillari tomonidan keng nishonlanishi o‘zining chuqur ma’no va mazmuniga egadir. Mazkur bayram kunida ikkinchi jahon urushida vatanimiz O‘zbekiston uchun, ona xalqimiz, jonajon yurtimiz va aziz tuprog‘imiz uchun jon taslim qilganlarning xotiralari takror-takror yodga olinib, ularning haqlariga duoyu fotihalar qilinadi.

Hozir uylarimizni fayzga to‘ldirib, barcha ishlarimizga bosh-qosh bo‘lib, qatorimizda yurgan urush va mehnat faxriylariga cheksiz ehtiromlar ko‘rsatilib, ularning fidokorona mehnatlari, qahramonona hayotlari biz uchun katta saboq maktabi sifatida hamisha yuksak qadr-qimmatga ega ekani ta’kidlanadi. Shuning uchun ham bu xotira va qadrlash marosimlarida barcha milliy-madaniy markazlar faol ishtirok etadi.

Mazkur fikr-mulohazalar va real hayotiy misollar yana bir bor shuni tasdiqlaydiki respublikamizning barcha hududlarida turfa millat vakillari o‘zaro hamjihatlikda, bir-birlariga faqat va faqat yaxshiliklar tilab, ezgulik va yaratuvchilik ishqi bilan tinch-totuv hayot kechirayotganlari, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, mustaqil davlatimizning bugungi kundagi erishgan eng katta yutug‘i, qo‘lga kiritgan eng katta boyligidir.

Ha, har qanday dushmanni dog‘da qoldirib, har qanday g‘ovlarni bartaraf etishga qodir bo‘lgan qudratli kuch ham aynan mana shu ahillik va hamjihatlikda mujassamlashgandir. Bu esa xalqimizga xos bo‘lgan yuksak ma’naviyatning muhim bir belgisidir.

M.NURMATOVA,

Respublika baynalmilal madaniyat markazi 

direktori o‘rinbosari,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.