Mustaqil yurtning Muzaffar o‘g‘lonlari

Sport ixlosmandlari va jamoatchilikni birdek hayajonda ushlab turgan XXXI Olimpiada o‘yinlari ham tarix sahifalaridan o‘rin oldi. Cayyoramizning 207 ta mamlakatidan kelgan eng kuchli va omadli atletlar Rio-de-Janeyroda medallar uchun bahslarda qatnashishdi. Quvonarlisi, eng nufuzli bu sport anjumanida O‘zbekiston vakillari munosib ishtirok etishdi. Atletlarimizning ushbu olimpiadada qayd etgan natijalari yurtimiz sporti tarixi zarvaraqlariga oltin harflar bilan yozib qo‘yiladi, albatta.

 

Mamlakatimiz sportchilari Rio—2016 olimpiadasida  4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza, jami 13 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, O‘zbekiston sport delegatsiyasi birinchi marotaba umumjamoa hisobida jahonda 21-o‘rinni egalladi. Qo‘lga kiritilgan yuksak g‘alaba Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi orasida Rossiyadan so‘ng ikkinchi, Osiyo qit’asida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlaridan keyin  to‘rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi natija bo‘ldi. 

Kuzatganimizdek, Rio-de-Janeyroda biron-bir g‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilgani yo‘q. Vatan sha’ni va obro‘si uchun maydonga tushgan har qanday raqib jon-jahdi bilan kurashdi. Ortingda ona Vatan, xalqing g‘alabangga mushtoq bo‘lib turgan paytda  yutuqdan boshqa narsa ko‘z oldingga kelmaydi. Har holda o‘zbekistonlik sportchilarning shahdida shunday harorat sezilib turdi. Olimpiada faqat sportchilarning bellashuvi emas. Olimpiada juda katta kurash maydoni. Ayniqsa, bugungi kunda u davlatlarning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini ham belgilaydi. Aytish mumkinki, or uchun kurashda bu gal O‘zbekiston munosib o‘rin  egalladi. Olimpiadadagi g‘alaba O‘zbekiston tanlagan yo‘lning to‘g‘riligini, uning farzandlari hech kimdan hech qachon kam emasligini yana bir karra isbotladi. 

Atletlarimizning Braziliyada  katta g‘alabalarga erishishi albatta o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Mazkur yuksak natija ortida yurtimizda sportga, ayniqsa, bolalar sportiga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘z samarasini berdi.  O‘zbekiston istiqlolga erishgan ilk yillardan asosiy e’tiborni sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga qaratdi. E’tiborlisi, bu boradagi asosiy vazifa aholi o‘rtasida ommaviy sport targ‘ibotini shakllantirishdan boshlangan edi. Yaqindagina poyoniga yetgan olimpiadada barchamizga olam-olam quvonch ulashgan yigitlar endigina 20-25 yoshni qarshilamoqda. Ular mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng tug‘ilib voyaga yetgan, tom ma’noda ko‘zlari yonib turgan Istiqlol farzandlaridir. Ular o‘zlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ota-onasining, vatanining orzularini ro‘yobga chiqarmoqda. 

Ayniqsa, boks bo‘yicha  qo‘lga kiritilgan g‘alaba, mustaqil O‘zbekiston farzandlari katta salohiyatga ega ekanini yana bir bor namoyish qildi. Charm qo‘lqop ustalarimiz Rio ringlarida mardlik va jasorat ko‘rsatdi. Ular jahonda boks bo‘yicha eng kuchli deya e’tirof etiladigan Kuba, Rossiya, AQSh, Qozog‘iston vakillaridan ustunligini amalda ko‘rsata oldi. Bokschilarimiz olimpiada musobaqalarida 3 oltin, 2 kumush, 2 bronza, jami 7 ta medalni O‘zbekiston delegatsiyasi jamg‘armasiga taqdim etishdi. 

Hasanboy Do‘smatov, Fazliddin o‘oibnazarov, Shahobiddin Zoirov nomlari olimpiada chempioni sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, Bektemir Meliqo‘ziev va Murodjon Ahmadaliev kumush medal bilan taqdirlanishdi. Ular olimpiadada ilk bor ishtirok etgan bo‘lsalar-da, oltin  medallarni mardonavor qo‘lga kiritib, vatan madhiyasi ostida hur bayrog‘imizni baland ko‘tara oldilar. Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar musobaqalarida ishtirok etgan hamyurtimiz Hasanboy Do‘smatov birinchi oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Uning mahorati, xatti-harakatlari boks mutaxassislarini e’tiborsiz qoldirmadi. Do‘smatov Braziliyada nafaqat oltin medal bilan, balki eng yaxshi bokschiga beriladigan kubok bilan ham taqdirlandi. 

Olimpiadaning so‘nggi kunida ham ikki nafar yurtdoshimiz olimpiya chempioni degan sharafli nomni qo‘lga kiritdi. Dastlab, 52 kilogrammgacha vazn toifasida Shahobiddin Zoirov finalda rossiyalik Misha Aloyan bilan jang o‘tkazdi. Murosasiz va keskin kurashlarga boy bo‘lgan jangda hakamlar bir ovozdan Shahobiddinning g‘alabasini e’tirof etishdi. 

64 klogramm vazndagi hamyurtimiz Fazliddin o‘oibnazarov olimpiya toji uchun kechgan kurashda ozarbayjonlik Lorentso Sotomayorga ro‘baro‘ bo‘ldi. Asli kubalik bo‘lgan Ozarbayjon sportchisi ham ringga faqat g‘alaba uchun chiqqani aniq. Har uchala raund bokschilar uchun juda og‘ir kechdi. Yakunda Fazliddin o‘oibnazarov kichik ustunlik bilan g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinni egalladi. O‘zbek charm qo‘lqop ustalari tomonidan namoyish etilgan jasorat, matonat barchamiz uchun o‘rnak bo‘la oldi.   Bokschilarimizning bu yutug‘i mustaqilligimizning 25 yillik bayramiga haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.

Erkin kurashchilarimiz ham musobaqalarda muxlisu mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirdi. Polvonlarimizdan ikki nafari Magomed Ibragimov va Ixtiyor Navro‘zov yozgi olimpiya o‘yinlarining bronza medallari bilan taqdirlandilar. Ayniqsa, erkin kurashchi Ixtiyor Navro‘zovning uchunchi o‘rin uchun kechgan bahsi anchagacha yodda qoladigan bo‘ldi. Kurashchimiz  yutug‘i halol baholandi. 

Sportchilarimizning ulkan zafarlar bilan yurtimizga qaytib kelishi muxlislar uchun haqiqiy bayramga aylandi. Olimpiyachilarimizni Toshkent xalqaro aeroportida otaxonlar, onaxonlar, talaba yoshlaru turli kasb va soha vakillaridan iborat  keng jamoatchilik katta tantana bilan kutib oldi.

 

Jobir XO‘JAQULOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.