Talabdan kelib chiqqan taklif

Har yangi o‘quv yili oldidan yurtimizda maktab yarmarkalarini uyushtirish yaxshi an’anaga aylanib qoldi. Ilgarigidek ota-onalar farzandlariga kiyim-bosh, o‘quv qurollari izlab bozorma-bozor yurmaydi, shaharu qishloqlarimizda tashkil etilayotgan 1978 ta maktab yarmarkasi ularning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qiladi.

 

Respublika Bolalar kutubxonasida navbatdagi maktab yarmarkalari o‘tkazilishi oldidan tashkil etilgan o‘quv qurollari, darsliklar, adabiyotlar, bolalar kiyim-kechaklari ko‘rgazmasida bo‘lib, bunga yana bir bora ishonch hosil qildik. Ko‘rgazma bahonasida uning tashkilotchilari — O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Matbuot va axborot agentligi, «O‘zbekengilsanoat» kompaniyasi va «O‘zbekcharmpoyabzal» uyushmasi vakillari, tadbirkorlar ishtirok etib, ota-onalar, o‘quvchilar hamda jurnalistlar bilan muloqot qilishdi, ularni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. 

– Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta’lim matablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta’minlash hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10 avgustidan 10 sentyabrigacha maktab yarmarkalari tashkil etiladi, – deydi Xalq ta’limi vazirligi ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Ahmedov – Ularning 967 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilayotgani o‘quvchi yoshlarimiz hamda ularning ota-onalariga yanada yengillik yaratadi deb umid qilamiz.

Fayzulla akadan viloyat yoki tuman markazlaridan ancha uzoq hududlarda yashovchi yurtdoshlarimiz uchun, yuzlab chaqirim yo‘l yurib, kiyim-kechak, o‘quv jihozlarini sotib olib qaytish og‘irlik qilmaydimi yoki o‘sha yerlarda ham yarmarkalar tashkil etiladimi, deb so‘radik. Bunga mutasaddi: “Olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hamda cho‘l hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz manfaatlari inobatga olinib, ular uchun 98 ta ko‘chma avtodo‘kon xizmat ko‘rsatishi belgilangan”, deya javob berdi. Fayzulla Ahmedovning aytishicha, shuningdek, akademik litseylarda 211 ta, gavjum bozorlarda 307 ta, yirik savdo majmualarida 493 ta yarmarka tashkil etiladi. Ularda o‘quvchilar va ularning ota-onalari 26 turdagi zarur o‘quv qurollari va jihozlarini sotib olishlari mumkin.

Oddiy qalam, chizg‘ich yoki daftarjild. Bir paytlar shular ham xorijdan keltirilar edi. Istiqlol sharofati bilan tadbirkorlikka ochilgan keng imkoniyatlar tufayli bugun O‘zbekiston dunyoning sanoati eng rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirib borayotir. Bir misol. Ma’lumotlarga qaraganda, dunyoning kamdan-kam mamlakatlari o‘z davlat tillarida o‘quv globuslari ishlab chiqaradi. Ana shunday kamsonli davlatlardan biri — O‘zbekistondir. Bu yilgi maktab yarmarkalarida savdoga chiqarilayotgan mahsulotlarning aksariyati mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Yarmarkalarga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, “O‘zbekengilsanoat” kompaniyasi, “O‘zcharmpoyabzal” uyushmasi, “Sharq” kompaniyasi yetkazib beradi. Respublika Bolalar kutubxonasida uyushtirilgan ko‘rgazmadan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoatchilikni maktab yarmarkalariga yetkazib beriladigan mahsulotlar sifati va narxlari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Xo‘sh, taklif etilayotgan mahsulotlar, yaratilajak sharoitlar xaridorlarga ma’qulmi? 

– Maktab bozorlari yil sayin yangicha ko‘rinish olayotgani bizni quvontirmoqda, — deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 112-maktab direktori o‘rinbosari Gulnora Inog‘omova. – Bu yil maktab yarmarkasi maktabimizning o‘zida tashkil etilayotgani biz uchun ham, ota-onalar uchun ham yangilik bo‘ldi. Endilikda maktab formasi ham shu yerning o‘zida tadbirkor Gulshoda Bekmirzaeva rahbarligidagi korxona tomonidan tayyorlanmoqda. Bunda olti xil namuna ota-onalarga namoyish etiladi va ularga ma’qul kelgani maktab formasi etib tanlandi. O‘quvchilarning barchasiga sifatli matodan tikilgan kiyimlar maktab emblemasi bilan birga tayyorlab berilmoqda. To‘lov xohlagan turda amalga oshirilib, istaganlar bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatidan ham foydalanishlari mumkin. Shuningdek, kam ta’minlangan oila farzandlariga va yetim bolalar uchun formalarni tekin berish ham nazarda tutilgan. 

«O‘zbekengilsanoat» aktsiyadorlik jamiyati ham maktab yarmarkalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Shu kunlarda uning tarkibidagi 180 dan ortiq korxona maktab formalarini ishlab chiqaradi. Yosh avlod uchun o‘quv formalarini yaratishda dizaynerlar, modelerlar, liboslar texnologi bilan birga shifokorlar, ota-onalar fikrlari ham hisobga olinadi. Maktab kiyimlarini ishlab chiqarishda tabiiy matolarni qo‘llashga, modellarning ixcham, qulay, iqlim hamda sanitariya-gigiena talablariga mosligiga asosiy e’tibor qaratilayotir. Bu haqda ko‘rgazma ishtirokchisi, “Cotton Road” qo‘shma korxonasi bosh direktor o‘rinbosari To‘lqinjon Ahmadaliev shunday deydi: 

– Korxonamiz paxtani qayta ishlab, undan mato, so‘ng tayyor mahsulot ishlab chiqaradi. Shu kunlarda oltinchi sinfgacha bo‘lgan bolajonlarimiz uchun ko‘ylaklar yetkazib berayapmiz. Sport liboslari va qishki kiyimlar ham yetkazib bermoqchimiz. 

Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narxining sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularda to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan. Agar savdo jarayonlarida biror muammo tug‘ilsa, ishonch telefonlari xalqimiz xizmatida. 

 

Bobur MUHAMMADIYEV,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.