DUNYONING HAR BURCHIDAN G’OLIB BO‘LIB QAYTAMIZ!

Sport jamoatchiligi va muxlislar tomonidan to‘rt yil kutilgan XXXI yozgi olimpiya o‘yinlariga ham start berildi. Toshkent vaqti bilan 6 avgust tungi soat 3:00 da ushbu yirik sport musobaqasining ochilish tantanasi bo‘lib o‘tdi.

 

Rio olimpiadasi tantanalari avvalgilaridan deyarli farq qilmadi. Biroq, tashkilotchilar bu galgi olimpiadaning bosh g‘oyasi etib, tabiatni, ekologiyani asrashni tanlaganligi barchaga manzur bo‘ldi. Zero, ekologiya masalasi bugun bitta mamlakatning emas, butun insoniyatning og‘riqli muammosiga aylangan. Tashkilotchilar tantanada ko‘kalamzorlashtirish hamda bog‘lar yaratish orqali ona yerni kelajakka sog‘lom yetkazishni targ‘ib etishdi. 

Shuningdek, tantanalarda Braziliya xalqining milliy kuy-qo‘shiqlari, ayniqsa, karnavallarda ijro etiladigan milliy raqslarga katta urg‘u berildi. Chiroqlar yordamida yaratilgan jonli mozaikalar marosimning yanada jozibali o‘tishini ta’minladi. Shundan so‘ng stadionga olimpiadada qatnashadigan 207 ta davlat terma jamoalari navbat bilan kirib kelishdi. E’tiborlisi, maydonga tashrif buyurgan mamlakatlar a’zolari o‘zlarining milliy an’analarini targ‘ib etishni ham yoddan ko‘targanlari yo‘q. Ayniqsa, atletlar faqat sport kiyimlarida emas, milliy liboslarda ham jozibali ko‘rinishlarini butun dunyoga namoyish qila olishgani tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi .

Mamlakatimiz jamoasi vakillari ham o‘zida zamonaviy va milliy ruhni uyg‘unlashtirgan liboslarda maydonga kirib kelishdi. Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘ini olimpiya tantanalarida ko‘tarib o‘tish sharafi bu safar taniqli bokschi Bahodir Jalolovga nasib qildi. 

Nihoyat, Rio-2016 olimpiya o‘yinlari mash’alasi «Marakano» stadioniga yetib keldi. Mamlakatning deyarli barcha katta shaharlaridan olib o‘tilgan mash’alani yoqish Braziliyaning mashhur sportchilariga nasib etdi. Stadiondagi muhit, muxlislar va sportchilar ko‘zidagi sevinch ko‘z yoshlari, hayajon... buni faqat xis qilish kerak. 

Olimpiadaning dastlabki kunida yurtdoshlarimiz dyuzdo, stol tennisi, suzish, akademik eshkak eshish sport turlari bo‘yicha musobaqalashdi. Quvonarlisi, birinchilar qatori bahslarga kirishgan atletlarimizning natijalari muxlislarni xushnud etdi. Ayniqsa, dyuzdo bo‘yicha 60 kg vaznda tatamiga chiqqan Diyorbek O‘rozboev qo‘lga kiritgan yuksak natija barchamizni xushnud etdi. U mamlakatimiz jamg‘armasi hisobiga birinchi bronza medalini taqdim etdi.

Xorazmlik yosh polvonimiz  ishtirokini saralash musobaqalaridan boshladi. O‘tish bosqichida unga Avstraliya vakili Joshua Kads raqiblik qildi. Ancha murosasiz kurashlar ostida kechgan olishuvda Diyorbekning kuchli ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Yakuniy hisob 10:0 vakilimiz hisobiga. Nimchorak final bahsida polvonimizga tajribali, 31 yoshni qarshilagan shvetsariyalik Lyudovik Chanmartin ro‘baro‘ keldi. Kurashning dastlabki soniyalarida raqib harakatlari Diyorbekni dovdiratgandek taassurot qoldirdi. Biroq, murabbiylarning ko‘rsatmalarini ilg‘ab olgan, kurashchimiz tezda raqibining ojiz tomonlarini topdi. Yosh polvonning tezkorligi oldida raqib hech qanday usul qo‘llay olmadi. Natijada ikkinchi bahs Diyorbekning foydasiga hal bo‘ldi. Chorak final uchun kechgan kurashda vakilimizga qo‘shni qozog‘istonlik dyuzdochi ro‘baro‘ keldi. Kurashchimiz raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatishga intildi. Bellashuvning asosiy vaqtida kuchlar teng keldi. Qo‘shimcha vaqtda esa qozog‘istonlik kurashchining tezkorligi uchun hakamlar bir ochko hadya etishdi va u g‘alabani tantana qildi. Olimpiadaning bronza medali uchun kechgan kurashda hamyurtimiz Gruziya vakiliga hech qanday imkoinyat qoldirmadi. Olishuvda 100 foiz ustunlik bilan g‘alaba qozongan Diyorbek uchinchi o‘rinni egallab, — Olimpiada sovrindori degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Diyorbek O‘rozboev ko‘rsatgan natija mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yuksak samarasi, desak aslo yanglishmaymiz. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda dyuzdo sport turini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Zarur imkoniyat va shart-sharoit yaratildi. Natijada Armen Bagdasarov, Abdulla Tangriev,  Rishod Sobirov, Diyorbek O‘rozboev singari olimpiada sovrindorlari yetishib chiqdi. O‘ylaymizki bu natija boshlanishi, qolgan dyuzdochilar va boshqa sportchilarimiz bundan yanada ruhlanib olimpiadaning eng yuqori probali medallarini qo‘lga kiritib, xalqimizga olam-olam quvonch ulushadi.

Musobaqalarning ikkinchi kuni ham dyuzdochilarrimizga omadli bo‘ldi. Ikki karra olimpiada sovrindori Rishod Sobirov Rio-de-Janeyroda 66 kg vazn toifasida Vatanimiz sharafini himoya qilib, dunyoning yetakchi polvonlaridan biri ekanligini amalda yana bir bora isbotladi.  Saralash bahslarida Belorus va Arubalik dzyudo ustalarini yenggan Rishod chorak finalda Janubiy  Koreyalik polvonga mag‘lub bo‘ldi. Shundan so‘ng, bronza medali uchun kurashni davom ettirgan hamyurtimiz dastlab Dominikan Respublikasi vakili Uonder Mateoni ippon bahosi, ya’ni sof g‘alaba bilan mag‘lub etdi. Bronza medali uchun kechgan bahsda esa ikki karra jahon chempioni slovakiyalik Adrian Gombokni ham yengib uchinchi marotaba olimpioda sovrindori degan nomga erishdi.  

Stol tennisi musobaqalarida ilk marotaba olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan, Zohid Kenjaevning starti ham ancha shov-shuvli tarzda yakunlandi. U dastlab, kimsan Yevropa chempioni, London olimpiadasi sovrindori Chexiyalik Yan Karik bilan bellashdi.  Ancha tajribali sportchi oldida 20 yoshli atletning imkoniyatlari  past baholangani bor gap. Biroq, Zohid barcha masalani stol tennisi ustida hal etdi. Uchrashuvning birinchi seti, 9:11 hisobida chexiyalik sportchi foydasiga hal bo‘ldi. Qolgan to‘rt partiyada Zoxid Kenjaev yevropalik stol tennisi ustasiga hech qanday imkoniyat qoldirmay navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Chorak final bellashuvi bundan ham murosasiz kechishi aniq edi. Ushbu raundda yurtdoshimizga Buyuk  Britaniya vakili to‘qnash keldi. Afsuski, mazkur bosqich  vatandoshimiz uchun oxirgi bekat bo‘ldi.  Suzish musobaqalarida ishtirok etgan Ra’noxon Omonova Riodagi ishtirokini ancha barvaqt yakunlashga majbur bo‘ldi. Dastlab, u 400 metrda bras usulda suzish musobaqalarining  saralash, keyin esa 200 metr masofaga suzish bahslarida ishtirok etdi.

Rioga to‘liq tarkib bilan kelgan boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi muvofaqqiyatli odimlamoqda. Jumladan, 8 avgustda o‘tkazilgan janglarda Hasanboy Do‘smatov (-49 kg) meksikalik Xoselito Velaskes ustidan g‘alaba qozondi.  Hasanboy bugun chorak finalda qozog‘istonlik Birjan Jakipovga qarshi ringga ko‘tariladi. 91 kg vaznli bokschilar bahsida vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Rustam To‘laganov ham ekvadorlik Xulio Sezar Kastiloni 3:0 hisobida taslim qildi. Endi  bokschimiz yarim final yo‘llanmasi uchun kechadigan jangda ozarbayjonlik Abduqodir Abdullaev bilan kuch sinashadi. 

Dastlabki bosqichda Katar vakilini yenggan Xurshid Tojiboev (-60 kg) kecha tunda chorak final yo‘llanmasi uchun britaniyalik Jozef Kordina bilan orani ochiq qildi. 

Boks bo‘yicha O‘zbekiston sharafini olimpiadada himoya qilayotgan barcha yigitlarimiz jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan sportchilar sanalishadi. Ularning sharafiga ham mamlakatimiz bayrog‘i Rio-de-Janeyro arenalarida baland ko‘tarilishiga ishonamiz. 

 

Jobir XO‘JAQULOV,

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.