«Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali...»

Bugun yurtimiz bo‘ylab safar qilsangiz, shaharu qishloqlarimiz chiroyiga-chiroy qo‘shib turgan bir-biridan fusunkor madaniyat va istirohat bog‘lariga ko‘zingiz tushadi. Salqin shabada ufurib turgan favvoralar, gurkirab o‘sib yotgan maysazorlar, daraxtzorlar va musaffo havodan yengil nafas olasiz. Bahoriy nafosatga burkangan bu gulu gulzorlarda faqat kelin-kuyovlar emas, ayni chog‘da oilaviy sayr qilib yurgan hamyurtlarimizni ham uchratasiz. Serquyosh Vatanimizda shunday jannatmonand bog‘larning borligi faxrimizdir.

 

Darhaqiqat, Vatanimizda aholining madaniy hordiq chiqarishi va yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida madaniyat va istirohat bog‘lariga alohida e’tibor berilayapti. Zero, yaxshi kayfiyat bor joyda ishning unumi bo‘ladi. Bu so‘lim go‘shalar odamlarga xizmat qilib, sog‘lomlashtirish ishlarida ham foydasi tegayotgani ayni haqiqat. 2010 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2011–2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani tabiat bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga mustahkam zamin yaratdi. 

Mazkur dasturga 225 ta madaniyat va istirohat bog‘i kiritilgan bo‘lib, ularning 77 tasi yangidan tashkil etilishi, 105 tasi kapital rekonstruktsiya qilinishi, 29 tasi kapital, 14 tasi joriy ta’mirlanishi nazarda tutilgandi. Bugungi kunda dasturda belgilangan vazifalar 120 tadan ortiq madaniyat va istirohat bog‘larida amalga oshirilgani diqqatga sazovordir. 

Mustaqilligimizning yigirma besh yillik bayramiga tuhfa sifatida yana bir necha viloyatlarimizda yangi madaniyat va istirohat bog‘lari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Foydalanishga topshirilgan madaniyat va istirohat bog‘lariga mingdan ortiq zamonaviy attraktsionlar o‘rnatilgani ko‘ngillarga zavq bag‘ishlamoqda. Eng muhimi, ushbu maskanlar qanchadan-qancha xalq sayillari, ommaviy-madaniy tadbiru anjumanlarga zamin bo‘lmoqda. 

Ayniqsa, shavkatli bobolarimiz haykallari qad rostlagan xiyobonlarga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet eldan tashrif buyurgan mehmonlar ham yana kelishga o‘zida ishtiyoq sezayotgani bejiz emas. Bu yerda tabiat go‘zalliklaridan bahra olish bilan birga, diydor ko‘rishish, mushohada yuritish, fikr almashish va  yangi g‘oyalarni targ‘ib etish mumkin. Qolaversa, yurtimiz ekoturizm va sayyohlik borasida ham katta imkoniyatlarga ega. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va vodiydagi noyob tarixiy yodgorliklarni shunchaki tomosha qilish kamlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyunda qabul qilingan “2013–2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan ishlarning davomi bo‘ldi. Unga 894 ta madaniyat va dam olish markazlari kiritilgan bo‘lib, ayni paytda bularning ko‘pchiligi foydalanishga topshirilgan. Taqqoslash uchun: 2013 yilda 37 ta madaniyat va dam olish markazi ta’mirlangan bo‘lsa, 2015 yilda ular soni 85 taga yetdi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Azaldan xalqimiz bog‘ yaratishni yaxshi ko‘radi. Uy-joylardan tortib, bog‘cha, maktab hovlisigacha daraxt ekadi. Bunday urf-odatlar bizga buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan. Masalan, Sohibqiron Amir Temur Samarqand va Shahrisabz yo‘li ustida Bog‘i Dilkusho bilan bog‘i Jahonnamo oralig‘ida bog‘ barpo ettirgan. Janglardan g‘alaba qozonib qaytgan Sohibqiron shu bog‘da tantanali marosim o‘tkazgan. Chet el elchilarini qabul qilgan. Bu haqida Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida “Amir Temur 1399 yili Hindiston yurishidan qaytayotib, Bog‘i Jahonnamoda orom olganidan keyin 19 sha’bon (22 aprel) yakshanba kuni Davlatobod bog‘ida bo‘lib, 20 sha’bonda Bog‘i Dilkushoga kelganini yozgan. Bog‘da oltita hovuz va ariqlar bo‘lgan. Atrofiga qalin devor olingan. Bog‘dagi o‘rdaga ikkita darvozadan kirilib, uning shimol va janubida uchta salobatli minora qad ko‘tarib turgan. 

O‘rda devorining atrofiga chuqur xandaq qazilib, ustiga ikkita ko‘chma ko‘prik qurilgan. Bog‘da tovus, qirg‘ovul kabi turli parranda va hayvonlar boqilgan. Ulug‘bek bobomiz davrida bu bog‘lar yanada go‘zallashgan. Mirzo Bobur tomonidan ham Bog‘i Kalon, Bog‘i Vafo, Zarafshon bog‘, Dilorom bog‘, Orom bog‘ va boshqa ko‘plab sayrgohlar bunyod etilgan. Bu yerlarda ariqlar tekis va to‘g‘ri olinib, daraxtlar tartib bilan o‘tqazilgan. Gullar ekilib, atrofiga mayda rangdor toshlar terilgan. Hindistonda bo‘lmagan o‘simlik va daraxtlar o‘zimizdan olib borilgan. Bu ma’lumotlar ummondan bir tomchi, xolos. Hozir ham obi hayotning har bir qatrasi avaylab ishlatiladigan viloyatlarda qadimiy me’morchiligimiz, milliy qadriyatlarimiz asosida yangi bog‘u xiyobonlar qad rostlayotgani ko‘ngillarda ajoyib tuyg‘ularni uyg‘otmoqda. Zamonaviy cho‘milish havzalari, bir qultum suvni ham isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan favvoralarni aytmaysizmi? Mo‘’jiza! Har birining loyihasi mukammal yaratilgan. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasiyu Buxoro, Jizzax, Navoiy va Namangandagi madaniyat va istirohat bog‘larigacha o‘ziga xos madaniyati, ma’naviy ehtiyojlari va iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda mutlaq yangicha ko‘rinishda bunyod etilmoqda. Masalan, andijonda ham 83 ta madaniyat va dam olish markazlarini ta’mirlash va rekonstruktsiya qilish ishlari rejalashtirilgan.

Yurtimizning har bir go‘shasida o‘zimizning majnuntol, terak va manzarali o‘simliklar barq urib, olmaxonlar daraxtdan-daraxtga sakrab yurgani – qanday yaxshi! Insonning yashashdan maqsadi ham qilgan mehnatidan zavqlanib, o‘g‘il-qizlarining baxt-iqbolini ko‘rib yashash emasmi?! Bu bog‘lar ham, Vatan ham, kelajak ham o‘zimizniki. O‘z mulkimizga egalik qiladigan vaqt keldi. Bunga  har birimiz  mas’ul bo‘lsak, Zulfiyaxonim aytganlariday: «Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali...». 

 

Adiba UMIROVA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.