EL-YURT TAQDIRIGA DAXLDORLIK

Mamlakatimizda o‘n mingga yaqin fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilalarni mustahkamlash, yoshlarni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish, milliy qadriyatlarni asrash va rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish singari ezgu ishlarga hissa qo‘shib kelmoqda.

 

Masalan, joriy yilning birinchi yarmida ular tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallalarda 91 mingdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlab 72 mingdan ziyod, “Oila — mahalla — ta’lim muassasasi” hamkorligi doirasida 65 mingga yaqin, to‘y-hashamlar va marosimlarni ixcham tarzda o‘tkazish bo‘yicha 70 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari hamda “Ota-onalar universitetlari” tomonidan 55 mingga yaqin mashg‘ulotlar o‘tkazildi. 

Shuningdek, keksalar bilimi va tajribasidan samarali foydalanish, ular ishtirokida oilalar birdamligini ta’minlash, yoshlarga milliy qadriyat va an’analarning o‘rni va ahamiyatini yanada teranroq tushuntirish maqsadida “Ikki avlod uchrashuvlari”, ahil-inoq yashab kelayotgan oilalar ishtirokida “E’zoz”, “Ehtirom” mavzularida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, davra suhbatlari va uchrashuvlar uyushtirildi. 

Fuqarolar yig‘inlarining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirishda va tizim xodimlarining faolligini oshirishda har yili tashkil etib kelinayotgan “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” tanlovining ham salmoqli hissasi bor. Jumladan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan hamda mohiyati va ahamiyati yildan-yilga ortib borayotgan mazkur tanlov fuqarolar yig‘inlari faoliyatini takomillashtirish, tizim faollari bilim va malakasini oshirish, ilg‘or ish tajribalarini keng ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida o‘tkazilayotgan ushbu tanlovning quyi bosqichlari “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida yuqori saviyada tashkil etildi. 

Tanlovning joriy yilgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlari ham o‘zgacha kayfiyat va qizg‘in-bahs munozaralar ruhida bo‘lib o‘tmoqda. Shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Namangan, Samarqand, Andijon, Xorazm, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Ularda tuman (shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari ishtirok etdi. Mazkur bosqichda fuqarolar yig‘inlari tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, xususan, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida erishilgan yutuq va natijalar, ijobiy ish tajribalari adolat tamoyili asosida baholandi. Shu bilan birga, ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha jamoatchilik komissiyalari hamda yig‘inlarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan maslahat markazlari, “Ota-onalar universitetlari” faoliyatini samarali tashkil etish, “Oila — mahalla — ta’lim muassasasi” hamkorligi doirasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha o‘rganildi. 

Ishtirokchi fuqarolar yig‘inlari xodimlarining ish faoliyatida uchraydigan savollarga bergan javoblari, dunyoqarashi va hozirjavobligi ham sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, mahallalarni kompleks rivojlantirish, sohaga oid ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, ayni chog‘da yaratilgan keng imkoniyatlardan nechog‘li to‘g‘ri foydalanilayotgani, faoliyatni tartibga solib turuvchi qonun hujjatlari ijrosi, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi hamda tinchlik va osoyishtalik, ahillik va mehr-oqibat muhitini ta’minlashga oid ishlari sarhisob qilindi. 

Tanlov ishtirokchilari 3 ta shart bo‘yicha bellashdi. Dastlab zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda namoyish etilgan ularning hududda amalga oshirayotgan ezgu ishlari, bu borada qo‘lga kiritgan yutuqlari va namunali ish tajribalari aks etgan taqdimotlar hakamlar hay’ati tomonidan chuqur tahlil qilindi. 

Xususan, joylarda ma’rifiy ishlarni tashkil etish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni barkamol etib tarbiyalash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, to‘y-ma’rakalarni ixcham va tartibli o‘tkazish, keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi. Ikkinchi va uchinchi shartlarda ishtirokchilarning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatiga oid bilimlari, ular faoliyatida uchrayotgan turli masalalarning yechimini topish yuzasidan malakasi, dunyoqarashi sinovdan o‘tkazildi. 

Umuman olganda, “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” tanlovi joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, milliy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, oila institutini yanada mustahkamlash, joylarda aholi, avvalo, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, jamiyatda mahalla institutining o‘rnini kengaytirish, nufuzi va ta’sirini yanada oshirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maktabi sifatida ham ahamiyatli bo‘ldi. Tadbirlar jarayonida yig‘inlar faoliyatiga oid fotoalbomlar, plakat va stendlar, hunarmandchilik ishlari, milliy liboslar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.

o‘oliblar diplomlar va “Mahalla” xayriya jamoat fondining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi. 

3 va 4 avgust kunlari tanlovning Jizzax, Buxoro, Toshkent va Navoiy viloyatlari bosqichlari o‘tkaziladi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi matbuot xizmati materiallari asosida

E.NISHONOV tayyorladi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.