QASRLAR SHAHRI

Keyingi yillarda Qarshi shahrida olib borilgan bunyodkorlik ishlari, yuksalishlarni batafsil bayoni jild-jild kitoblarga ham sig‘maydi. Shu bois‚ bu yerdagi birgina ko‘chada amalga oshirilgan xalqimizning yaratuvchanlik qudrati haqida ko‘ngildagi gaplarni qalamga oldik, xolos.

 

 

O‘zbekiston ko‘chasi shaharning markazida joylashgan. Quyosh ko‘tarilar ekan, ko‘chaning ikki chetidagi yo‘laklar gavjum, yangi va ravon yo‘lda esa mashinalar to‘lib oqa boshlaydi. Ikki tarafdagi ulkan binolar rang-barang, turli loyihalar asosida bunyod etilganki, har birini tomosha qilish uchun alohida e’tibor kerak. Anvoyi gullar, manzarali nihollarga qarab yana ikki-uch yildan so‘ng ko‘cha qanchalar so‘lim, tarovatli bo‘lishini tasavvur qilavering. 

Keyingi yillarda mamlakatimizda muhtasham ko‘chalar, ertaknamo shaharlar bunyod etilyapti. Bir muddat o‘tgandan so‘ng istalgan viloyat markaziga borsangiz, adashib qolishingiz, avvalgi pastqam uylar o‘rnida ko‘pqavatli zamonaviy ko‘rkam imoratlarni ko‘rib hayratlanishingiz, manzillarda yanglishib, ko‘chalarda adashib qolishingiz hech gap emas.

Albatta, katta binolarni tiklab qo‘yish bilan ish nihoyasiga yetib qolmaydi. Endi uni obod qilish, atrofida gulzor va bog‘lar yaratish, yangi ochilgan do‘kon va xizmat ko‘rsatish binolarining zamonaviy darajada faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi. 

Odatda, qaysi shaharga borsam, albatta, ma’rifat maskanidan chetlab o‘tolmayman. O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan kattagina “Kitoblar” savdo majmuasini ko‘rib xursand bo‘ldim. Majmua tashqaridan katta ko‘rinadi, ammo ichiga kirganingizda javonlar zich qo‘yilganligi sizga biroz noqulaylik tug‘diradi. Shunday bo‘lsa-da, tartib bilan terib qo‘yilgan kitoblarga ko‘zingiz tushishi bilan bu o‘ng‘aysizlikni unutib, kitoblarni varaqlay boshlaysiz. 

Kuni-kecha Toshkentda, Alisher Navoiy nomidagi davlat milliy kutubxonasisida taqdimoti o‘tkazilgan “Alisher Navoiy qomusi” ikki jildligi bu maskanga o‘zgacha salobat baxsh etib turibdi. Oradan bir hafta o‘tmay, hatto poytaxtdagi ayrim kitob do‘konlarida hali savdoga chiqarilmagan bu qimmatbaho kitob poytaxtdan yuzlab chaqirim olisdagi kitobsevarlarga bebaho tuhfa sifatida taqdim etilibdi. 

Majmuaga kirib, yangi kitoblarni o‘z vaqtida sotib olgan xaridorlar ham boy bo‘lishi tabiiy. “Xamsa”, “Boburnoma”, “Urush va tinchlik” singari o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini shu yerdan topaolasiz. “Kamolot kutubxonasi”, “Jahon adabiyoti” turkumida chop etilgan kitoblarning barchasi bor. Keyingi besh yil davomida faoliyat ko‘rsatayotgan kitob do‘koniga, ayniqsa, bu shaharda yashayotgan adabiyot ixlosmandlariga, kitobsevarlarga havasim keldi. Hozirgacha poytaxtdan tashqarida men ko‘rgan shunday kitob do‘konlarning eng boyi edi bu maskan. Maktab darsliklari, o‘quv qurollari, ayniqsa, bolalar uchun nashr etilgan adabiyotlarga ham katta o‘rin ajratilibdi. 

Yo‘lning narigi tarafida esa zamonaviy ta’mirlangan 5-maktab binosi ko‘zga tashlanadi. Maktab yonidan qarasangiz, yangi qurilgan ulkan, oynavand San’at kollejining go‘zal binosi quyosh nurlarida yaraqlaydi. Albatta, ta’lim muassasasi yonida, shahar markazida shunday kitob do‘konining bo‘lishi maqsadga muvofiq. Yonma-yon bank, o‘ziga xos loyihalarda tiklangan zamonaviy turar-joy binolari qasrlarday tovlanib ko‘zlarni yashnatadi.     

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Qarshi shahriga shunday ta’rif beriladi: “...Qarshi aning uchun derlarkim, Kepakxon Nasafdan ikki yig‘och yo‘l yiroq bir qasri yasab erdi va mo‘g‘ul tilida “qasr”ni “qarshi” derlar. Ul jihatdin “Qarshi” bilan mashhur bo‘ldi. Hazrat sohibqiron ul qish (1365-1366) anda qishladi va Qarshining qal’a imoratiga mashg‘ul etdi. O‘shul qishda qal’a imoratini tugattilar”.

Bugun bu zaminda bitta emas, yuzlab qasrlar bunyod etilmoqda. O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab Qashqadaryo daryosi tomon piyoda borish uchun qanchalik uzoq bo‘lmasin, atrofdagi bunyodkorlik manzaralarini ko‘rib, charchamaysiz, balki hayrat bilan yana bir oz tomosha qilsam deb, piyoda yurishda davom etasiz. 

“O‘zbekiston” ko‘chasi kengligi, yo‘l bo‘yidagi manzarali daraxtlari, obodligi va yashil maysazorlari, qulay piyodalar yo‘li va purkagichlardan otilib turgan zarrin suv quyosh nurlarida kamalakday tovlanib, atrofga salqin ufurgani bilan sizni hayratga soladi. Yo‘lning ikki tomoniga g‘isht va metall panjaralar o‘rnatilib, minglab manzarali daraxtlar ekilgan. Chiroyli, ixcham avtobekatlar va yer osti piyodalar o‘tish yo‘laklari ham barchaga qulay. Albatta, bunyodkorliklar haqida so‘zlash yoki chiroyli maqolalar yozish osondir, ta’rifini keltirish, e’tirof etish mumkindir. Ammo bitta oddiygina daraxt ekish uchun qanchalik mehnat, qunt, e’tibor, tajriba lozim. Keyingi yillarda shaharda yuzdan ziyod ko‘p qavatli zamonaviy uy qurilishi loyihalashtirilib, yuzdan ortig‘i bunyod etilganligini, ularning atrofi ko‘kalamzorlashtirilganligini, birinchi qavatida oziq-ovqat do‘konlari, har xil turdagi buyumlar savdosi va ovqatlanish shoxobchalari, go‘zallik saloni, fotostudiya singari qulayliklar yaratilganligini bor bo‘yicha ifodalab berish qiyindir. 

Muhtasham binolarni tomosha qilib borarkansiz, Odina masjidi va “Nasaf” futbol stadionidan o‘tib, Qashqadaryo sohiliga yetib kelasiz. Registonning o‘ng tomonida, ya’ni g‘arbida, oldi peshtoqli, baland moviy gumbazli ulug‘vor bino aholining e’tiqod maskani – Odina jome’ masjidi oldidagi so‘lim xiyobon orasta va yam-yashil maysazor, daraxtlarga burkangan. Sohibqiron bu jome’ masjidini Qarshida ikkinchi bor qishlaganda 1385-1386 yillarda bunyod etganligi, Registon majmuasida Odina jome’ masjidi singari ko‘hna Ark, Sardoba, Chorsu va ko‘plab madrasalar joylashganligi haqida tarixiy manbalarda ma’lumot berilgan.

Nasaf Chingizxon istilosigacha yuksak taraqqiy etgan, Markaziy Osiyoda ilm-fan, madaniyat va san’at rivoji, mavqei jihatidan peshqadam shaharlardan biriga aylangan. Buyuk sohibqiron Amir Temur davrida shahar atrofi g‘isht va paxsa devor bilan o‘ralgan, shaharda Odina masjidi qurilgan. Qo‘rg‘on hududi 40 gektarni tashkil etgan. 

Sovet davrida bu obidaning peshtoqlari va gumbazlari buzib tashlanib, xonaqolari hibsxonaga aylantirilgan edi. Qarshi shahrining  2700 yilligi munosabati bilan masjid qayta tiklandi.

 Qashqadaryo sohili esa, sizni hayratga soladi. Qadimiy pishiq g‘ishtdan qurilgan ko‘prik ostida daryo mavjlanib oqadi. Ikki sohilda ramziy qorovulxonalar tiklangan. Uzunligi 122 metr, eni sakkiz, balandligi besh metrdan ziyod ko‘prik ixcham, pishiq ko‘rinadi. 

Bu yerda katta hududda muhtasham dam olish maskani barpo etilgan. Sohil atrofida turar-joy binolari, bolalar bog‘i, sport maydonchalari, daryoda esa to‘rtta pristan yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘nlab katamaran, ikkita katta kema daryo to‘lqinlarini bezatib turibdi. Minglab manzarali daraxt va butalar, bundan tashqari, chetdan keltirilgan to‘rt mingdan ortiq nodir manzarali daraxtlar atrofga yashillik baxsh etadi. Qayta ta’mirlangan qadimiy ko‘prikning tarixi ham barchaga qiziqarlidir, ammo dorilomon shu kunlarimizda u yana qaytadan tug‘ilganligi rost.

“Qarshining bugungi jamoli nafaqat yurtdoshlarimizning, balki xorijlik sayyohlarning ham diqqat-e’tiborini tortmoqda. Endilikda Oqsaroy kabi ko‘hna Nasaf manzaralarini ham sayyohlarga taklif etish maqsadida turoperatorlar uchun tanishtirish tadbirlarini o‘tkazyapmiz. Sayyohlar uchun zamonaviy, xalqaro darajada xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarimiz ko‘payib bormoqda, — deydi bizga hamrohlik qilayotgan “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Qashqadaryo viloyat vakili O‘ktam Xo‘jayorov. – Ko‘plab yangi mehmonxonalar qurilyapti, zamonaviy binolar bunyod etilishi qatorida qadimiy obidalarimiz ham tiklanib, sayyohlar tarix va bugun uyg‘unligida shahar haqida batafsil ma’lumot olishlari mumkin”.

Bu qadimiy zaminda yangi loyihalar asosida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida shaharning hududi qariyb ikki barobarga – 9 ming gektardan 17 ming gektarga kengayganligi sizga yorqinroq tasavvur bera oladi. 

Qarshi shahrining yangi qiyofasidan hayratda O‘zbekiston va Amir Temur ko‘chalarini tutashtirgan chorrahadan o‘tib, mehmonxona tomon borar ekanman, Sohibqiron nomidagi ko‘chada boshlangan qizg‘in bunyodkorlik ishlari ko‘hna nasafliklarning maqsadlari naqadar ezguligini, o‘z oldilariga qanchalar ulug‘ maqsadlar qo‘yganliklarining guvohi bo‘ldim. Shuningdek, shahardagi “Mustaqillik”, Alisher Navoiy, “Nasaf”, “Xonobod” nomli ko‘chalaridagi o‘zgarishlar haqida alohida-alohida maqolalar yozish maqsadga muvofiqdir.

Humoyun AKBAROV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.